Markaziy nerv sistemasi
Orqa va bosh miya markaziy nerv sistemasiga kiradi. Orqa miya umurtqa kanalida, bosh miya esa miya qutisida joylashadi. Ular oq v akul rang moddalardan tuzilgan. Bosh miyaning kul rang moddasi tashqi tomonda, oq moddasi esa ichki qismda bo‘ladi. Katta miyaning kul rang moddasi (po‘stlog‘i) butun nerv sistemasining eng yaxshi rivojlangan qismi, unga butun organizm bo‘ysunadi, u hamma organlar ishini boshqaradi. Miya po‘stlog‘ida organlarning son-sanoqsiz markazi joylashgan. Miyaning oq moddasida ta’sir o‘tkazuvchi bir qancha nerv o‘simtasi bor. Bosh miyaning po‘stloq qismi xilma-xil shakldagi bir nechta hujayradan tuzilgan, odamlarda 6 qavat hosil qiladi. Orqa miyaning kul rang moddasi g‘uj joylashgan hujayralar shaklida bo‘ladi.
Orqa miya
Orqa miya – medulla spinalis uchta: qattiq, to‘rsimon va yumshoq parda bilan o‘ralgan.
Orqa miyaning qattiq pardasi - dura mater spinalis tashqi parda bo‘lib, zich biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan. Uning tashqi yuzasi endoteliy bilan qoplangan. Qattiq parda orqa miya, chiquvchi nervlar va qon tomirlari bilan bog‘langan bo‘ladi. Umurtqalarning ichki yuzasi va miyaning qattiq pardasi orasida epidural bo‘shliq - cavum epidurale bor. U biriktiruvchi g‘ovak va yog‘ to‘qimalar bilan to‘lgan bo‘ladi.
Orqa miyaning to‘rsimon pardasi - arachnoidea spinalis juda yupqa, shaffof bo‘lib, har ikkala yuzasi ham endoteliy hujayralari bilan qoplangan. Qattiq parda bilan to‘rsimon parda orasida subdural bo‘shliq - cavum subdurale, to‘rsimon parda bilan yumshoq parda orasida esa subaraxnoidal bo‘shliq - cavum subarachnoidale bor, bular bosh miya bo‘shlig‘i bilan tutashadi, bo‘shliqlar ichida orqa miya suyuqligi - liquor cerebrespinalis bo‘lib, u miya hujayralari uchun oziq hisoblanadi. Bu parda qon tomirlari va nervlar hamda tishsimon paylar orqali qattiq parda bilan birlashadi.
Orqa miyaning pardasi - pia mater spinalis – anchagina zich bo‘lib, orqa miya bilan tutashib ketgan. YUmshoq pardaning o‘ng va chap yon yuzalaridan pay o‘sib chiqib, tishsimon pay - lig. Denticulati ga aylanadi. Limfa tomirlari va nerv tolalari shu pay orqali o‘tadi.
Orqa miya nerv hujayralarining oziqlantiruvchi bir qancha arteriyasi bo‘ladi. Masalan, umurtqa arteriyasi - a.vertebralis dan qovurg‘alararo arteriya, bel va dumg‘aza arteriyalari chiqadi. Bu qon tomirlari nerv chiqadigan umurtqalararo teshiklardan kirib, umurtqa pog‘ona kanalida: orqa miyaning pastki tomon arteriyasi - a. spinalis ventralis va orqa miyaning yuqori tomon juft arteriyasi - a. spinalis dorsalis ni hosil qiladi. Bular yonida vena tomirlari ham bo‘ladi. Ulardagi venoz qon umurtqa pog‘onasining pastki sinusi - sinus commune ventralis ga quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |