Yo’l – transport hodisasi oqibatida halok bo’lganlar uchun haydovchi, tibbiyot xodimi, qutqaruv va boshqa xizmat xodimlarining javobgarligi
Yo’l – transport hodisalari (YTH) ko’p hollarda yaqinroqda tibbiyot muassasalari bo’lmagan, jarohatlanganlarga malakali yordam bera oladigan shifokorlar yo’q joylarda yuz beradi. SHuning uchun har bir fuqaro bunday holatlarda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko’rsatishni bilishi shart.
To’g’ri ko’rsatilgan birinchi tibbiy yordam jarohatlangan odamning hayotini saqlab qolishda, davolash vaqtini qisqartirishda, jarohatning tezroq bitishida asosiy hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Yo’l – transport hodisalarida jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko’rsatish Nizomi bo’yicha tizimli tibbiy yordam ko’rsatishning 3 asosiy bosqichi ko’zda tutilgan.
Birinchi bosqich – YTH ro’y bergan voqea joyida yordam ko’rsatish. YTH oqibatida jarohatlanganlarga malakali tibbiy yordam ko’rsatilishigacha beriladigan yordam, zarur hollarda, o’z – o’ziga yoki bir – biroviga, ya’ni o’zaro tibbiy yordam ko’rsatish, shu bilan birga, bu bosqichda voqea sodir bo’lgan joyga chaqirilgan shoshilinch tibbiy yordam va qutqaruv xizmati ning xodimlari ham malakali yordam ko’rsatadilar.
Ikkinchi bosqich – jarohatlanganlarni tibbiyot muassasalariga transportirovka qilish jarayoni. Bu bosqich, asosan, shoshilinch tibbiy yordam va qutqaruv xizmatining brigadalari tomonidan amalga oshiriladi. Lekin ba’zi hollarda, jarohatlanganlarni shu yo’nalishda harakatlanayotgan transport vositalari haydovchilari ham davolash muassasasiga olib borishi mumkin. Zaruriyat tug’ilganda, tashish jarayonida jarohatlanganlarga kerakli yordam ko’rsatilishi mumkin.
Uchinchi bosqich – tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladigan malakali tibbiy yordam.
YTH oqibatida jarohatlanganlarni maxsus jihozlangan tez yordam yoki qutqaruv xizmati avtomobillarida, ba’zi hollarda esa tibbiy vertolyotlarda transportirovka qilish maqsadga muvofiqdir.
Yo’l – transport hodisasi oqibatida jarohatlanganlar bo’lsa, quyidagicha harakat qilinadi:
1. YTH sodir bo’lgan joyning xavfsizligini ta’minlash kerak. Birinchi tibbiy yordamni berishga kirishishdan avval haydovchi hodisa sodir bo’lgan joyda falokat signalini yoqib, so’ng falokat sababli to’xtash belgisini o’rnatishi shart. So’ng zudlik bilan jabrlangan yo’lovchiga birinchi tibbiy yordamni berishga kirishish kerak. Tibbiy yordam beruvchining harakatlari tez, aniq bo’lishi zarur. Bunday holatlarda haydovchining o’z xavfsizligini ta’minlashi ham juda muhimdir. CHunki yordam ko’rsatish vaqtida haydovchi
o’z hayotini xavf ostiga qo’ymasligi zarur.
2. Keyingi xavfning oldini olish maqsadida, darhol dvigatelni o’chirish va mabodo, benzin oqayotgan bo’lsa, akkumulyator batareyasining simlarini uzish kerak. Agar yonilg’i baki teshilib, undan yonilg’i oqayotgan bo’lsa, ochiq olovdan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
3. "Tez yordam" yoki qutqaruv xizmatiga telefon qilinganda, tez va aniq gapirish hamda quyidagi ma’lumotlarni berish kerak:
- YTH sodir bo’lgan manzil va manzil qaerdaligini bildiruvchi mo’ljallar aniq aytiladi;
- jarohatlanganlarning soni va jinsi, agar yoshi aniqlay olinmasa, taxminan aytiladi;
- nima voqea sodir bo’lganligi, bunda jarohatlanganlarning umumiy holati, ya’ni qon oqishi, hushidan ketganligi, tanadagi jarohati v.h.ga aytiladi;
- tez yordamni chaqiruvchining telefon raqami, ism – sharifi aniq aytiladi.
Agar jarohatlanganlarni avtomobildan chiqarib olish imkoniyati mumkin bo’lmay qolgan bo’lsa, bir vaqtning o’zida qutqaruv xizmatiga, ya’ni 050 ga qo’ng’iroq qilinadi va yuqoridagi ma’lumotlar beriladi.
4. Tez yordam kelguncha ko’rsatiladigan birinchi tibbiy yordam, ushbu xavfni bartaraf etishda juda katta ahamiyatga egadir.
Demak, quyidagi hollarda birinchi shoshilinch tibbiy yordamni berish kerak:
- shaxsning hayotiga xavf soladigan qon oqayotganda;
- nafas olish to’xtaganda;
- tomir urishi sezilmasa;
- suyak singanda.
SHu bilan birga, avtomobilь yo’llarining ma’lum bir qismlariga davolash profilaktika muassasalarini ajratish va biriktirish, birinchi tibbiy yordam berish punkti va kasalxona qaerda joylashganligini ko’rsatuvchi yo’l belgilarini o’rnatishga ham alohida e’tibor beriladi. Bu borada, 6.1. Servis yo’l belgisi bilan "Tibbiy yordam ko’rsatish punkti", 6.2. Servis yo’l belgisi bilan esa "Kasalxona" ya’ni jarohatlanganlarga malakali tibbiy yordam ko’rsatish mumkin bo’lgan tibbiyot muassasasi va unga qancha maso-
fa qolganligini ko’rsatuvchi belgilar o’rnatiladi.
Qizil xoch taniqlik belgisi YTHda jarohatlanganlarga malakali tibbiy yordam bera oladigan shifokor – haydovchi mashinalariga o’rnatilishi mumkinligi haqida Nizomda qayd qilingan.
Yo’l harakati qoidalarining 3 – bo’limida haydovchilarning umumiy majburiyatlari va 4 – bo’limida yo’l-transport hodisasi sodir etgan haydovchilarning vazifalari ko’rsatib o’tilgan. SHu qoidaning 4 – bandiga binoan, yo’l-transport hodisasini sodir etgan haydovchi "shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam berish uchun zarur bo’lgan barcha choralarni ko’rishi, "Tez tibbiy yordam" ni chaqirishi, shoshilinch hollarda esa, shikastlanganlarni yaqin oradagi davolash muassasasiga shu yo’nalishda ketayotgan transportda jo’natishi, buning iloji bo’lmagan hollarda, o’z transport vositasida olib borishi" kerakligi majburiyati yuklatilgan.
Bulardan tashqari, haydovchilar quyidagi hollarda o’zlariga tegishli bo’lgan transport vositasidan foydalanishga imkon berishlari shart:
– zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj bo’lgan fuqarolarni davolash muassasasiga olib borish uchun tibbiyot va militsiya xodimlariga, militsiyaning shtatdan tashqari xodimlariga va jamoatchi avtonazoratchilarga;
– yo’nalishi bo’yicha tibbiy yordam ko’rsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga;
– tabiiy ofatlar sodir bo’lgan joylarga yetib borish, shuningdek, kechiktirib bo’lmaydigan xizmat vazifalarini bajarish zarurati tug’ilgan hollarda militsiya xodimlariga;
– yo’l - transport hodisalari tufayli shikastlangan transport vositasini shatakka olishga faqat yuk avtomobilidan foydalaniladi.
Bu qoidani buzgan transport vositalari haydovchilari jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu javobgarlik amaldagi qonunchilikda, ya’ni O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining ikki moddasida o’z aksini topgan.