Tayanch so`z va iboralar: e`tiqod, diniy e`tiqod, din, davlat,vijdon erkinligi,diniy tashkilotlar, diniy qadriyatlar.
1.1 E’tiqod tushunchasi ayrim shaxs yoki jamoa, guruh va jamiyat a'zolarini ma'lum bir g'oya, ta'limot, shu jumladan biror dinga qat’iy ishonish asosida shakllangan tasavvur, qarash va ilmlardan tashkil topadi. Boshqacha aytganda ma'lum bir qadriyatlar, diniy yoki dunyoviy maslaklar, munosabatlarning inson qalbida yashash falsafasi yoki faoliyat dasturi sifatida qabul qilinishidir.
E’tiqodning mazmunini ilm tashkil qiladi. Bunda inson nimaga e’tiqod yoki ixlos qilayotganini, nimaga ishonayotganini o’zi bilishi lozim. Bu bilim diniy yoki dunyoviy bo’lishi mumkin. Umuman ilmsiz e’tiqod bo’lishi mumkin emas. Odamda diniy yoki dunyoviy maslak yoki ishonch kabi munosabatlar shakllangan bo’lsa, u e’tiqodli odam deb hisoblanadi. Insonning jamiyatdagi o’rni oldiga qo’ygan maqsadini amalga oshirishda qat’iyligi, nufuzi ham ma'lum ma'noda uning e’tiqodi bilan belgilanadi.
E’tikodli odam, avvalo, foydali ish bilan shug’ullanadi, boshqalarga ziyon keltiruvchi amallar qilmaydi, yolg'on gapirmaydi va har doim lafziga amal qiladi. Boshqacha aytganda bir ishni qilaman deb axd etsa, uni butun kuchi bilan bajarishga erishadi. Haqiqiy e’tiqod sohibi oilasiga, farzandlariga, vataniga, umuman insoniyatga yaratuvchilik qobiliyati, ezgu amallari bilan ijobiy iz qoldiradi. SHuning uchun ham e’tiqod, kishida mardlik, fidoyilik, iroda, vijdon qat’iyat, insonparvarlik, halollik, vatanparvarlik fazilatlarini shakllantiradi.
E’tiqodsiz kishi hech narsaga ishonmaydi, maqsadi noaniq bo’lib, o’zligini yo’qotadi. U o’zining hatti-xarakati bilan nafakat o’ziga, balki atrofdagilariga va butun jamiyatga ham ziyon keltirishi mumkin. E’tiqodsizlik natijasida inson qalbidagi nur o’rnini zulmat qoplab, inson ongi, ruhiyati xiralashadi. Oqibatda ichkilikka berilish, loqaydlik, ma'naviy-ma'rifiy an'analarga bepisandlik, o’zi va o’zgalar qadriga etmaslik kabi illatlar yuzaga keladi. SHuning uchun kishilarni e’tiqod, ezgulik sari boshqarishga yordam berish har bir insonning vazifasi bo’lishi lozim.
E’tiqod shakllanishida ishonch muhim ahamiyat kasb etadi va asosiy mazmunni tashkil etadi. Ishonch oilada, jamoada, tashkilotda targ’ibotda, umuman insonning yashash amaliy hayotiy tajriba jarayonida namoyon bo’ladi. SHaxs yoki butun bir jamiyat a'zolariga ishonadigan me’yor va g'oyalar tarixiy taraqqiyotining ma'lum bir bosqichida, shu davr talab qilayotgan zaruriyatiga mos kelsa, ishonch jamiyat yoki shaxs uchun yaxshi samara beradi. Demak, ma'naviyatning yuksalishi uchun e’tiqod chuqur ishonchga asoslanishi lozim. CHuqur e’tiqodga ega bo’lgan dunyoqarash butun inson ma'naviyatining o’zagini tashkil qilib, u yoki bu voqelik, (hodisaga) munosabatni belgilab beradi.
E’tiqodni ishonch va ixlos, ishq qo’yish va sadoqatlilik bilan boyitilishi zarur. Ixlos bilan boyigan e’tiqod ijobiy ahloqiylik kasb etib, insoniy qiyofani belgilovchi vositalardan biri sifatida nomoyon bo’ladi. SHunday qilib ishonch, ixlos, ishq, ko’ngil qo’yish, sadoqat kabi ijtimoiy tushunchalar e’tiqodning tarkibiy qismi bo’lib, uning mustahkam bo’lishiga xizmat qiladi.
Din e’tiqodning o’ziga xos ko’rinishidir. Islom dinida ahloq-odob, imon - e’tiqod mazmunan bir-biriga yaqin bo’lgan tushunchalar, eng muhimi qadriyat hisoblanadi. Imon tushunchasi islom ta'limotida ishonish, e’tiqod qilish, ma'nosida bo’lib, Ollohdan boshqa iloh yo’qligiga va bu ilohiylikda, yaratuvchilikda, boshqarish va biluvchilikda, abadiy rizq va hayot berishida, shuningdek, o’lgandan keyin qiyomat kuni qayta tiriltirishlikda yakkayu-yagonaligini hamda Muhammad Mustafo Sallolohu Alayhissalom Ollohning elchisi ekanligini bilish, ishonish, uni til bilan aytish, dil bilan tasdiqlash imon-e’tiqoddandir deb hisoblaydi. SHu ma'noda Muhammad payg’ambar ham hadislarida «imon- bu Ollohga, uning farishtalariga, muqaddas kitoblariga va qiyomat kuniga ishonmoqdir», deb o’qtiradi. Demak, islomda imon Olloh va uning elchisi Payg'ambarga ishonish, ixlos bilan e’tiqod qilmoqlikdir.
Imon faqatgina diniy tushuncha bo’lmay, balki dunyoviy va hayotdagi amaliy tushuncha hamdir. Imonli kishi tushunchasini hayotiy, amaliy va dunyoviy mazmunida, ilm-ma'rifat egasi bo’lish, o’zaro yordam, saxiy bo’lish, to’g’rilik, halollik, yaxshilik qilish, ezgulikni ulug’lash, ahdga vafo, Vatanni sevish kabi yuksak ma'naviy fazilatlar egasi sifatida tushunmoq kerak. Qisqaroq qilib aytganda, imon bevosita ma'lum dunyoqarashiga ega bo’lgan shaxsning, ichki, ruhiy olamini anglatadi. Demak, ilohiylik bilan birga hayotda, amalda ham imon inson uchun eng oliy qadriyat bo’lishi kerak. Imonli odam boshqalarning diliga ozor bermaydi, balki odamlar ziyo va nur ulashib, yaxshi, ezgu amallarga o’rgatib, yaratuvchilik va taraqqiyotga undaydigan, ma'naviyatni qaror toptirishga hissa qo’shadigan irodasi, ruhiyati mustahkam bo’ladi.
1.2. Din qadimiy va murakkab ijtimoiy hodisa bo’lib, insoniyat ma'naviy hayotining ajralmas tarkibiy qismidir. SHu sababli har qanday davlatdan dinga nisbatan aniq bir munosabat belgilash talab qiladi. SHu nuqtai nazardan dunyoviy davlat o’z siyosatini dinga munosabatini aniqlash orqali ham nomoyon qiladi. Boshqacha aytganda, dunyoviy davlat bilan dinlar o’rtasidagi munosabat mazkur davlat tizimi mafkurasining ma'lum darajadagi qismi mohiyatini ham belgilaydi. Agarda dunyoviy davlatda diniy e’tiqod, marosim va an'analarga sharoit yaratilsa, shu mamlakatning ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotiga ijobiy ta'sir ko’rsatadi.
Aks holda sho’rolar davrida bo’lganidek, din va davlat o’rtasida ziddiyat vujudga kelib, ular bir-birini rivojiga to’sqinlik qiladi. Masalan, o’sha davrda dinsizlik targ’ib qilinib, Qur'oni Karim, hadisi SHariflar singari islomning muqaddas kitoblari ta'qib ostiga olinib masjid, madrasalar yo’q qilindi. 1911 yilda Toshkentning o’zida 349 masjid va 26 madrasa mavjud bo’lsa, 1990 yilga kelib 10 masjid qolgan edi holos. Respublika bo’yicha jami 80 ta masjid nomigagina ro’yxatda turar, ularning ham to’liq ishlashlariga imkon berilmas edi.
Qashqadaryo viloyatida 2 tagina masjidga ruxsat berilgan, Buxorodagi Mir Arab madrasasida sanoqli talabalar o’qitilardi.
O’sha davrda diniy bayram (hayit) lar ta'qiqlanganidan milliy ma'naviyat va madaniyatimiz zarar ko’rdi, turli noroziliklarga olib keldi. Bunday diniy e’tiqodlarning cheklanishi asta-sekin boshqa ijtimoiy illatlar bilan qo’shilib, o’sha jamiyatning o’zini ham emirilishiga sabab bo’ldi.
Din va dunyoviy davlat munosabatlari to’g’risida fikr yuritilganda dunyoda 3 xil davlat turi borligini ko’rishimiz mumkin:
Din asosiy g'oyasi va mafkurasi deb e’tirof etadigan davlatlar. Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni kabilar.
Ayrim dinlarga ustuvor mavqe beradigan davlatlar, masalan, islom dinini ustuvor deb biluvchi arab yoki musulmon davlatlar Misr, Indoneziya va boshqalar. YOki Germaniyada ham xristian dinining protestantizim yo’nalishi ustuvor deb hisoblanadi.
3. Davlat tizimi sekulyaristik bo’lib, unda biron bir dinga ustuvorlik huquqi
bermaydigan davlatlar kiradi. Masalan: AQSH, Fransiya, O’zbekiston . O’zbekiston davlati dunyoviylik asosida shakllangan va barcha dinlar teng hisoblanib, diniy bag’rikenglik rivojlangan. Hamma dinlarga hurmat bilan qaraladi. SHunga qaramasdan, aholisini 92 % i musulmonligi sababli islom diniga alohida e’tibor beriladi.
O’zbekiston mustaqillikka erishgach, dunyoviy davlat sifatida, din davlatdan ajratilgan bo’lsa-da, lekin dindor jamiyatdan ajratilmaganligi bois barcha dinlar, shu jumladan, islom diniga bo’lgan munosabat tubdan o’zgardi, Davlat va diniy tashkilotlar o’rtasidagi munosabat to’g’ri yo’lga qo’yildi. YA’ni vijdon erkinligiga e’tibor qaratildi. Dinga ishonuvchilar va ishonmaydiganlar o’rtasidagi munosabatlar to’g’ri yo’lga qo’yildi. Bu BMT ustavi hamda 1948 yilda qabul qilingan inson huquqlari umumiy deklarasiyasiga mos tushadi. Qisqasi, din dunyoviy davlat tizimi bilan nafaqat murosa qilish, balki umummilliy taraqqiyot yo’lida, u bilan samarali hamkor bo’lishi mumkin.
1.3. Ma'lumki dunyodagi har bir xalq yoki millat biron-bir dinga ishonadi va e’tiqod qiladi. Xususan o’zbek xalqi islom diniga e’tiqod qiladi. CHunki Islom dinining mohiyati biron-bir millat yoki davlatga mansub bo’lmay, mazmuni eng avvalo, insonning o’ziga aziz va mukarram zot sifatida qarab, uning ma'naviy kamolotiga xizmat qiladi va insonparvarlik ruhi ustuvorligi, mehr-oqibat, diyonat, adolat, halollik va poklikka da'vat etishi bilan xarakterlanadi.
O’zbekiston dunyoviy rivojlanish yo’lida dindorlar manfaatini himoya qiladi. Masalan, 1990 yildayoq O’zbekiston Prezidentini «Hajga borayotganlarga yordam ko’rsatish haqida» gi Farmoni e’lon qilinishi, shu yili Imom at-Termiziy yubileyining o’tkazilishi, 1991 yilda Iydi-Ramazon, Iydi-Qurbon hayitlarining umumxalq bayrami sifatida dam olish kuniga aylantirish haqidagi Prezident Farmoni, 1991 yilda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlatlar to’g’risida» gi Qonuni, 1998 yilga kelib bu qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi kabi huquqiy hujjatlarda dindorlar manfaati ko’zda tutilib, O’zbekiston fuqarolari uchun torn ma'nodagi vijdon erkinligi ta'minlandi.
1.4. Dinning qo’rilayotgan jamiyatdagi o’rni eng avvalo, uning konstitusion maqomi bilan belgilanadi. SHu asosda O’zbekiston vijdon erkinligining qonuniy asoslari yaratildi. 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18-moddasida «O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar», - deb qayd etiladi.
Konstitusiyaning 29 - moddasida: «Har kim fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o’zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshka cheklashlar bundan mustasno»,- deb yozib qo’yilgan.
Konstitusiyaning 31-moddasida «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson hohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishiga yo’l qo’yilmaydi» deyilgan bo’lsa, Konstitusiyaning 57-moddasida esa «Konstitusiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgatirishni maqsad qilib qo’yuvchi, Respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va havfsizligiga, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’ligi va ma'naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi»,- deb ta'kidlanadi.
Bundan tashqari diniy tashkilotlarga berilgan erkinliklarni yanada oydinlashtirib, 61-moddada «Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi», deyilgan.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’grisida» gi Qonunning yangi tahrirdagi nusxasi har bir shaxsning vijdon erkinligi va diniy e’tiqod huquqida, qaysi dinga munosabatidan qat’iy nazar fuqarolarning tengligini ta'minlash, shuningdek, diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solib turish kabi masalalar qonunda yanada konkretlashtirildi. Bu qonunda diniy faoliyatning hamma sohalari qamrab olinib, to’liq 23 ta moddada bayon qilingan.
YAngi tahrirdagi qonun oldingisidan nima bilan farq qiladi va qanday o’zgarishlar kiritilgan edi?
Ushbu qonunga kiritilgan o’zgarishlardan biri qonunning 8 moddasida diniy tashkilot ochilishi uchun oldingisida 10 nafar dindorning imzosi talab qilingan bo’lsa, yangi qonunda diniy tashkilot ochilishi uchun 100 nafar dindorlar imzosi, kerakligi qayd etiladi. Bunday o’zgartirish kiritilishga sabab oz sonli dindorlar ham masjid va cherkovlar ochib olib, kishilarni islomga, e’tiqodga chaqirish emas edi, balki u joylarda asli maqsadi esa buzgunchi g'oyalarni olib kirib kelishi, cherkovlarda esa chetdan kelgan fuqarolar boshqara boshlaganligi, bu jarayonda esa fuqarolarimizning bizga begona g'oyalar ta'siri ostiga olinishi edi.
YAngi qonundagi ikkinchi muhim tamoyil diniy tashkilotlarning rahbarlari diniy ma'lumotga ega bo’lishi shart deb ko’rsatildi. Agarda diniy ma'lumotga ega bo’lmagan kishilar yo’qligi holatida esa davlatning diniy qo’mitasini ruxsati bo’lishi shart deb ta'kidlandi. Qonunning 9 moddasida markazlashtirilgan holatda diniy ta'lim berilishi va faqat davlat lisenziyasi berilgan, adliya vazirligida ro’yhatdan o’tgan diniy o’quv yurtlari faoliyat ko’rsatishi belgilab qo`yildi.
YAngi qonunning 14 moddasida jamoat tashkilotlarida diniy ibodat kiyimida (Hijob) yurish taqiqlanishi, qayd etilgan. Bunga ayrim erkaklarning ayol kiyimini kiyib, hijobga kirib, jinoyat ko’chasiga kirishlari sabab bo’ldi.
Qonunning 5-moddasidagi yana bir muhim tamoyillardan biri, bir dindan boshqa dinga o’tishga targ’ib qiluvchi hatti-harakat bo’lgan missionerlik (prozelitizim) faoliyati ta'qiqlanadi. Bunga sabab, har-xil dinga da'vat etuvchilarning ko’payib ketishi, dinlararo nizolarni kelib chiqish havfini oldini olishdir.
SHuningdek, Qonunning 5-moddasida yana ta'kidlanadiki, «O’zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilashga yo’l qo’yilmaydi: diniy va o’zga mutaassiblikka hamda ekstremizmga, munosabatlarini qarama-qarshi qo’yish va keskinlashtirishga, turli diniy konfessiyalar o’rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan hatti-harakatlarga yo’l qo’yilmaydi», deb qat’iy belgilab qo’yildi.
Konstitusiya va yangi tahrirdagi qonun qabul qilingandan keyin O’zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi va jinoyat kodekslarining ham tegishli moddalariga o’zgartirishlar kiritildi. «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida» gi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslarni ma'muriy va jinoiy javobgarliklari belgilab qo’yildi.
1992 yil 7 martda Prezident Farmoni bilan O’zbekiston Respublikasida din ishlari bo’yicha qo’mita tashkil qilindi. Bu qo’mita 4 yo’nalishda ish olib boradi.
Birinchisi, din ishlari bo’yicha qo’mitaning muvofiqlashtiruvchi faoliyat yo’nalishi bo’lib, davlat va diniy tashkilotlarning manfaatlarini himoya qilib, ularga yordam berishni ko’zda tutadi.
Qo’mitaning ikkinchi ish yo’nalishi dinlar haqida ma'lumot olish va tarqatish bilan shug’ullanib, O’zbekistondagi diniy tashkilotlar haqida hisobot olib boradi.
Uchinchi yo’nalish, diniy masalalar haqida konsulbtativ maslahatlar berib, dinga bo’lgan munosabatlarni tartibga solib turish bilan shug’ullanadi.
To’rtinchi yo’nalishga O’zbekistondagi diniy vaziyatni nazorat qilish huquqi berilgan.
Umuman aytganda, O’zbekistonda tashkil qilingan diniy qo’mita amalda ijobiy ahamiyat kasb etmoqda. Mustaqillik davrida O’zbekistonda birinchi bo’lib, diniy ishlar bilan shug’ullanadigan qo’mitani tashkil qilinganligi boshqa MDH mamlakatlari uchun namuna va tajriba bo’lib hizmat qilib, ular bizdan o’rganib ketmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, Respublikamiz Konstitusiyasi va tegishli qonunlarida hamda diniy ishlari qo’mitasi faoliyatida din va diniy e’tiqodga berilgan huquq va erkinliklar qurilayotgan huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida vijdon erkinligi, din va diniy tashkilotlarning o’rni, funksiyalariga konstitusion maqom va huquqlarning to’liq berilganligini ifodalaydi.
SHunday qilib, O’zbekistonda diniy to’yg’ularni hurmat qilishi;
-diniy e’tiqodni fuqarolarning xususiy ishi deb tan olinishi;
-dindor fuqaro va dinga ishonmaydigan fuqarolar huquqlari teng kafolatlanganligi, ularni ta'qib qilishga yo’l qo’ymasligi;
-ma'naviy tiklanish va rivojlanish, umuminsoniy ahloqiy qadriyatlarni qaror toptirishda diniy uyushmalardan foydalanib, ular bilan muloqat qilish;
-dindan buzg’unchilik maqsadida foydalanishga yo’l qo’yib bo’lmaslikni e’tirof etish kabi tamoyillar asosida dunyoviy davlat va din o’rtasida munosabatlar belgilab qo’yilgan.
O’zbekistonning mustaqillikka erishishi tufayli dinga bo’lgan munosabatdagi ijobiy o’zgarishlarni qo’yidagi faktlarda ko’rish mumkin. 1990 yilda Respublikada 119 ta diniy tashkilot mavjud bo’lgan bo’lsa, 2004 yilga kelib esa, 2169 ta diniy tashkilot faoliyat ko’rsatdi. Ular O’zbekiston musulmonlari, xristian dinining provaslaviya, protestantizm, iudaizm va boshqa tashkilotlardir. Respublikamizda 92 % musulmonlarga mansub aholi, 7 % provaslavlar, qolgan 1 % turli xil dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi yashaydi. Umuman mamlakatimizda 16 ta diniy konfensiyalar fikrlar xilma xilligida asosida ish olib boradi.
Mustaqilikkacha hammasi bo’lib 2 ta diniy o’quv yurti nomigagina ishlagan bo’lsa, hozir ularning soni 13 taga etdi va bu bilan imomlarning diniy ma'lumotini oshirishga erishildi. Aniqroq aytsak, 1990 yilda diniy ma'lumotga ega bo’lgan imomlar 4 % ni tashkil qilgan bo’lsa, 2004 yilga kelib bu ko’rsatkich 82,2 foizni tashkil etdi.
O’zbekistonda islom dininnig 1984 masjidi, 10 diniy kollej (madrasa), 1 ta Toshkent Islom oliy ma'lumot beruvchi instituti va Qoraqalpog’iston qoziyati hamda Toshkent Islom Davlat universitetlari faoliyat ko’rsatmoqda.
Qolgan 185 diniy tashkilotlar boshqa dinlarga mansubdir.
Movaraunnahr nomidagi musulmonlar markazi idorasini boshlig’i (muftisi) Abdurashid qori Bahromov, Qoraqalpog’iston qoziyati rahbari Murat Abdievlar rahbarligida islom diniy ishlari olib borilmoqda.
SHuningdek, Toshkent shahrida o’g’il va qizlar o’qiydigan 2 ta madrasa, Buxoroda ham o’g’il va qiz bolalar o’qiydigan 2 ta madrasa ishlaydi. Qashqadaryo viloyatida 1 madrasa Kitob shahrida, 176 diniy tashkilot faoliyat ko’rsatmoqda. SHundan 173 tasi islom dini masjidi, 3 tasi xristianlik cherkovidir.
1.5. Diniy qadriyatlar tiklanishining jamiyat ma'naviy hayoti rivojidagi o’rni va ahamiyati haqida fikr yuritilsa, mamlakatimiz mustaqilikka erishgan dastlabki yillardayoq mamlakat aholisining ruhiy - ma'naviy poklanishiga imkon yaratilib, tinchlik, osoyishtalikka o’ziga xos zamin yuzaga keldi. SHu asosda xalqimizning muqaddas e’tiqodi bo’lib kelgan islom dini qadriyatlari tiklanib, alohida hurmat e’tiborga sazovor bo’ldi.
Birinchi Prezidentimizning ko’pgina asarlarida islom diniga bugungi kun talablari yuzasidan yondoshishga, asrlar davomida xalqimiz ma'naviy madaniyatiga muhim hissa qo’shib kelayotgan, kishilarimiz ongida o’zining o’chmas muhrini bosgan dinimizga hurmat bilan qarash va uni har qanday radikal ekstremistik oqimlardan himoya qilishga da'vat qilingan.
Istiqlol tufayli xalqimiz o’zining o’tmishini o’rganishga, muqaddas islom dini qadriyatlarini bilishga erishdi. Islom dini insonni xushyorlikka, yaratuvchilik mehnati bilan yaxshi iz qoldirishga da'vat etadi. Mehr-shafqatga, odob-ahloqqa, sabot-matonatga, qiyinchiliklarga chidashga, shukronalikka, millatlar o’rtasidagi do’stlikka chaqiradi. Bir so’z bilan aytganda islom dini ma'naviy va milliy madaniyatimizga o’lkan hissa qo’shib kelayotgan ta'limot sifatida ilm-fan, ma'rifat va madaniyatning rivojlanishida islomning muhim rolini e’tirof etish lozim. Qadimdan diniy ulamolar, maktablar, madrasalar, diniy dorilfununlar qurdirib, savodxonlik uchun yo’l ochganlar. Ulardan dunyoga mashhur mutafakkir, olim bobolarimiz etishib chiqqan.
O’zbekiston mustaqilligi mamlakatimiz milliy-ma'naviy tiklanish, shu jumladan diniy taraqqiyotda ham yangi bosqichni boshlab berdi va dinga bo’lgan munosabat o’zgartirilib, sobiq sovet davridagi dinga ateistik hujumkorlik bilan yondashuvga barham berildi hamda torn ma'nodagi vijdon erkinligi ta'minlandi. Bu esa diniy bag’rikenglik, dinlararo o’zaro hurmat, bir-birini tushunish asosiy hayotiy tamoyilga aylandi.
Diniy qadriyat bo’lgan Ramazon va Qurbon hayitlari umumxalq bayramiga aylantirilishi, yurtimizdan etishib chiqqan buyuk diniy mutafakkirlarning yubileylari o’tkazilishi, musulmonlar haj safariga borib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoniyatiga ega bo’lish kabi ma'naviy-ma'rifiy ishlar diniy-ma'naviy qadriyatlar tiklanishining mevasidir.
Prezident Farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Toshkent Islom Universiteti tashkil qilindi. Bu esa ma'naviy boyligimiz bo’lgan noyob manbalarni ilmiy o’rganishga imkoniyatlar yaratdi.
2003 yil 23 avgustda «Din sohasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarni va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko’mak va imtiyozlar berish to’g’risida» gi Vazirlar Mahkamasining 364 soni qarori qabul qilindi.
1998 yilda Toshkent Provaslav cherkovining 125 yilligi hamda diniy arboblar bilan uchrashuvlar va boshqa ko’plab diniy qadriyatlar tiklanishiga bag’ishlangan tadbirlar jamiyatimiz ma'naviy hayoti rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2017-2021 qillarga mo`ljallangan O`zbekston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasining 300-bandida diniy tashkilotlarning va birlashmalarning davlat bilan o`zaro munosabatlari, ular faoliyatining huquqiy tartibga solinishi hamda yanada takomillashtirilishi haqida so`z boradi. Strategiyada beshinchi yo`nalish sifatida “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash hamda chuqur o`ylangan o`zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo`nalishlar” belgilandi.
Mavzuga oid nazorat savollari:
E’tiqod tushunchasini mazmunini nima tashkil etadi?
Iymon tushunchasi nimani anglatadi?
Diniy e’tiqod deganda nimani tushunasiz?
Din va davlat munosabatlari nima asosida quriladi?
Dinga bulgan munosabatda dunyoda necha xil davlat turi bor va ularning munosabatini mazmuni nimaga asoslanadi?
O’zbekistonning dunyoviy rivojlanishida diniy tashkilotlar va dindorlar manfaatini himoya qilish deganda nimani tushunasiz?
O’zbekiston Respublikasida vijdon erkinligi konstitusiyaviy asoslari deganda tushunchaning mazmunini yoritib bering.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida» gi qonun nechta moddadan iborat?
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida» gi qonunning yangi tahririda oldingisidan nimalar bilan farq qiladi?
10. O’zbekistonda din ishlari bo’yicha kumita kanday yo’nalishlarda ish olib boradi?
O’zbekistonda qanday diniy tashkilotlar va diniy o’quv yurtlari faoliyat olib boradi?
O’zbekistonda diniy qadriyatlar tiklanishi jamiyat ma'naviy-ma'rifiy rivojida qanday ahamiyat kasb etdi?
Do'stlaringiz bilan baham: |