1.3 Ogahiy tarixiy asarlarining o‘rganilish tadriji
Yorqin iste’dodlarga boy mumtoz adabiyotimiz, madaniyatimiz tarixida Ogahiyning o‘rni o‘ta salmoqlidir. U talantli lirik shoir, iste’dodli tarjimon, zabardast tarixchi sifatida juda boy meros qoldirgn. Shu sababli Ogahiy zamondoshlaridan Muhammadrahim Feruz, Ahmad Tabibiy, Muhammadyusuf Bayoniy, Komil Xorazmiyning quyidagi misralarida Ogahiy shaxsi va shuhratiga xos jihaltlar haqqoniy ifodalangan:
Ulki ogahlarning ogahidir
Fahmu donish sipehrining mahidur.
So‘zi ortiqdurur guhardin ham,
Fazlu donishda olam ichra olam
Ogahiy zamonidan boshlab uning ko‘pqirrali ijodiga, tarjima va tarixiy asarlariga qiziqish so‘nmay yetib keldi. Mashhur sharqshunos olimlardan Bartold, Samoylovich, Yakubovskiy, Yahyo G‘ulomv, Q.Munirov kabilarning tarixshunoslikda; V.Zohidov, V.Abdullayev, G‘. Karimov, S.Dolimov, R.Majidiy, F.G‘anixo‘jayev, B. Valixo‘jayev, N. Jumaxo‘ja kabilarning adabiyot tarixiga; G‘aybulla as-Salom, J.Sharipov, N.Komilovning tarjimashunoslikka oid asarlarida Ogahiy ilmiy-badiiy faoliyatining muhim jihatlariga fikrlar bayon qilingan.
1960-yili uning “Ta ‘viz ul-oshiqin” devoni nashr etildi. 1971-1980-yillar ichida “Ta’viz ul-oshiqin” devoni, tarjima va tarixiy asarlaridan namunalarni o‘z ichiga olgan 6 jildlik asarlari chop etildi.
1989-yili bu ulug‘ shoir va manadinayat arbobining 180 yilligi, 1999-yili esa, 190 yilligi, 2019-yili 210 yilligi keng nishonlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining maxsus qarori asosida shoir nomini abadiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi. Xorazm viloyati, Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabi tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2019-yil 20-martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yillini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida” gi 238-sonli qarorida 2019-2021 yillarda Ogahiy asarlar to‘plamini nashr etish vazifasi belgilandi.
Unga ko‘ra, shu kunga qadar Muhammad rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy “Asarlar” ining 7 kitobdan iborat 6 jildi nashr qilindi. Ushbu keng ko‘lamli va murakkab ilmiy-tashkiliy jarayonni Xorazm Ma’mun akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi loyiha rahbari A.O‘rozboyev muvofiqlashtirib bormoqda.
Bugungi kungacha “Firdavs ul-iqbol” (2-jild), “Gulshani davlat” (6-jild), “Shohid ul- iqbol”(7-jild), “Axloqiy Muhsiniy” (8-jild), Sa’diyning “Guliston” tarjimasi va “Haft paykar” tarjimasi (9-jild) hamda “Miftoh ut-tolibin” (10-jild) nashr etildi.
Aytish mumkinki, Xorazmda tarjimonlik san’atini XIV asrda Sayfi Saroyi, Qutb Xorazmiy, Haydar Xorazmiylar boshlab bergan bo‘lsa, XIX asr boshlarida uni Munis Xorazmiy davom qildirgan va Ogahiy yuksak pog‘onaga ko‘targan.
G‘.Karimov, S.Dolimovlarning ta’kidlashlaricha, “Muhammad Rizo Ogahiy o‘zining zo‘r badiiy iste’dodi orqasida orginaldan hech bir jihatdan qolishmaydigan o‘zbekcha nusxalarni yaratishga muvaffaq” bo‘lgan.
Ming afsuski, sho‘rolar davrida ularni o‘rganish va to‘plash, kitob etib nashr qilish imkoni bo‘lmadi. Chunki ulardagi gumanistik g‘oyalar, xalqimiz hayoti va ma’naviyatiga oid fikrlar, qarashlar kommustik mafkura talablariga mos kelmas edi.
O‘tgan asrning 60-yillarida “Ta’viz ul-oshiqin” devonining nashr qilinishini ogahiyshunoslikda jiddiy siljish sifatida baholash mumkin. Ogahiyshunoslik rivojida R.Majidiyning ximzatlarini alohida ta’kidlash lozim. R.Majidiy Ogahiy lirikasini ilmiy tahlil qilar ekan, Xorazm adabiy muhiti va undagi adabiy ta’sir masalalariga ham alohida e’tibor qaratadi. Ogahiyshunoslikning bugungi darajadagi rivojida S.Dolimov olib borgan ilmiy tadqiqotlarning ahamiyati katta. Ogahiy asarlarining qo‘lyozmalarini o‘rganishda F.G‘anixo‘jayev tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarni alohida e’tirof etish kerak. Shu bilan birga F.G‘anixo‘jayev Ogahiy asarlarini rus tiliga tarjima qilishda ham faollik ko‘rsatadi. Olim 1998-yilda “Ogahiyning “Ta’viz-ul-oshiqin” devoni va uning ilmiy- tanqidiy matni” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini adabiy manbashunoslik va matnshunoslik yo‘nalishida himoya qildi. Bundan tashqari F.G‘anixo‘jayev o‘zining “Ogahiy Xorazmiyning forsiy she’rlariga bir nazar” maqolasi bilan Ogahiyning forsiy merosiga jahon eronshunoslari e’tiborini tortishiga ham hissa qo‘shdi. Ogahiyning hayoti va ijodiga oid monografik tadqiqotlar Q.Sultonov, A.Primqulov, M.Matyoqubova, G.Xolliyeva, T.Matyoqubova tomonidan amalga oshirildi.Shuningdek, Ogahiy forsiy merosining bir qismi A.Ahmedov tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa, ularning aksari shoir M.Abdulhakim tomonidan badiiy tarjima qilindi. Ogahiy asarlarining G‘.Karimov, S.Dolimov, Xurshid va keyinchalik A.Abdug‘afurov rahbarligida nashr qilinishi madaniy hayotimizda katta voqea bo‘ldi. Ogahiy tavalludining 190 yilligi munosabati bilan “Ogahiy abadiyati” nomli maqola va esselar to‘plamining hamda “Atoqli shoir, tarixnavis va tarjimon” kitobining nashr qilinishi ogahiyshunoslikda muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |