OQSILLAR VA PEPTIDLAR
Oqsillar va peptidlarning tuzilishi
Kimyoviy sintez va kimyoviy modifikatsiya
Oqsillar va peptidlarning biologiyadagi roli
Oqsillar, yoki proteinlar – biologik faol moddalarning eng muhim sinfi. Ular hujayrada o`ta muhim rol o`ynaydi, mikroorganizm, hayvon yoki o`simlik bo`ladimi, tirik materiyaning har qanday shakllarida asosiy komponent ko`rinishida mavjuddir. Oqsillarsiz hayotiy faoliyatni, hayotni tasavvur qilish mumkin emas; va aynan shu ma’noda F. Englesning ta’rifi bugun ham o`z ahamiyatini saqlab qolgan: “Hayot oqsil tanachalarining mavjud bo`lish (yashah) usulidir”. Oqsillar tuzilish jihatdan o`ta xilma-xildir va ular ko`p sonli biologik vazifalarni bajaradi (1-sxema).
1-sxema. Oqsillarning biologik vazifalari.
Sxemaga ko`ra, oqsillar quyidagi vazifalarni bajaradi va shunga ko`ra sinflarga bo`linadi: 1) Fermentlar (ribonukleaza, tripsin, DNK- va RNK-polimeraza va h.k.); 2) Himoya oqsillari (immunoglobulinlar, komplement, interferon va h.k.); 3) Harakat oqsillari (aktin, miozin, spektrin, dinein va h.k.); 4) Tuzilish (struktur) oqsillar (kollagen, fibroin, keratin va h.k.); 5) Zaxira oqsillari (kazein, tuxum albumini, gliadin, zein va h.k.); 6) Antibiotiklar (neokarsinostatin, aktinoksantin va h.k.); 7) Toksinlar (botulinik, ichburug` toksinlari, ritsin va h.k.); 8) Transport oqsillari (gemoglobin, mioglobin, sitoxrom S, membrana ATFazasi va h.k.); 9) Boshqaruv yoki muvofiqlashtiruv (reguyator) oqsillari (gistonlar, repressorlar, initsiatsia omillari va h.k.); 10) Retseptor oqsillari (rodopsin, xolinoretseptor va h.k.); 11) Gormonlar (insulin, o`sish gormoni, lipotropin va h.k.).
Xozirgi vaqtda tirik tabiatdagi oqsillarning umumiy sonini aniqlab bo`lmaydi, lekin, organizmlarning katta xilma-xilligini hisobga olib, eng kamida milliardlab kimyoviy individual oqsillar bor degan faktni tan olish kerak. Escherichia coli hujayrasining o`zida 3000 dan ortiq turli oqsillar bor.
Oqsillarning molekulyar massasi 5-10 mingdan 1 mln. gacha va undan yuqori bo`lishi mumkin. Oqsil tabiatli nisbatan kichik molekulalar (shartli ravishda molekulyar massasi 5000 gacha) peptidlar deyiladi. Peptidlarga muhim biologik vazifalarga ega ko`plab tabiiy birikmalar (2-sxema), ularning sintetik analoglari, hamda oqsillar parchalanishining mahsulotlari kiradi.
2-sxema. Peptidlarning biologik vazifalari. Sxemaga ko`ra, peptidlar quyidagi vazifalarni bajaradi va shunga ko`ra sinflarga bo`linadi: 1) Gormonlar (oksitotsin, vazopressin, bradikinin, gastrin va h.k.); 2) Miya neyropeptidlari (endorfin, enkefalin, skotofobin va h.k.); 3) Alkaloidlar (ergotamin, pandamin va h.k.); 4) Antibiotiklar (gramitsidinlar A, B, C va S aktinomitsin D, nizin va h.k.) 5) Toksinlar va antitoksinlar (falloidin, amanitin, antamanid, melittin va h.k.); 6) Boshqaruv yoki muvofiqlashtiruv (regulyator) peptidlari (rilizing-omillar, yoxud liberonlar, karnozin, anserin va h.k.).
Oqsil-peptidli moddalarning biologik vazifalari. Oqsil-fermentlarning asosiy vazifasi – biokimyoviy reaksiyalarning katalizi, va shuning o`zi oqsillarni eng muhim sinf deb hisoblash uchun yetarli bo`lgan bo`lardi. Biologik katalizatorlar sifatida fermentlar tirik hujayra va uning metabolizmini tashkil qiluvchilarda sodir bo`ladigan minglab jarayonlarda ishtirok etadi. DNK- va RNK-polimerazalar, turli adenozintrifosfatazalar (ATFazalar), adenilatsiklazalar kabi universal ferment tizimlari (sistemalari) o`ziga xos ahamiyatga ega. Umuman, oqsil-fermentlar guruhi nisbatan yaxshi o`rganilgan, shuning uchun ham ularning o`rganilish jarayonida umumiy prinsiplar shakllantirilgan va oqsil moddalarning struktur-funksional tahlil (analiz) usullari ishlab chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |