Nutq texnikasi: nafas olish, tovush, diktsiya, ritmika
Pedagogik texnikaning tarkibiy qismlaridan biri o‘qituvchining nutq
malakalarini, ya’ni savodli gapirish, o‘z nutqini chiroyli va tushunarli, ta’sirchan
qilib bayon etish, o‘z fikr va his-tuyg`ularini so‘zda aniq ifodalash malakalarini
egallashdan iborat.
O‘qituvchining nutq madaniyatiga ega bo‘lishi, to‘g`ri nafas olishni ishlab
chiqishi eng katta – eng asosiy qiymatdir. Og`zaki nutq mahoratini yuksaltirish,
nafaqat hikoya va tushuntirish, balki urg`u berilgan so‘z ham pedagogik ta’sir
usullaridan yaxshiroq foydalanishga imkon yaratadi.
Pedagog o‘zining ovozi va ko‘rinishini boshqarishni bilishi, tashqi qiyofani,
mimikani ushlab turishni bilishi zarur.
Men faqat “buyoqqa kel” so’zini 15-20 xilda gapira olganimdan, yuz, tashqi
qiyofa va ovozni 20 xil ko‘rinishda bera olganimdan so‘nggina haqiqiy mahorat
egasiga aylandim,- degan A.S. Makarenko.
O‘qituvchining takomillashgan nutqqa ega bo‘lishi - o‘quv materiallarining
o‘quvchilar tomonidan puxta o‘zlashtirilishini ta’minlash garovidir. O‘quvchilar
o‘qituvchi nutqiga alohida e’tibor beradilar. Biror harf yoki tovush noto‘g`ri aytilishi
kulgiga sababchi bo‘ladi. Bir xil ohangdagi nutq o‘quvchilarni tez charchatadi.
Ayrim mutaxassislar tovush va uning tembri tug`ma xususiyat, deydilar, lekin
hozirgi eksperimental fiziologiya tovush sifatining o‘zgarishi mumkinligini
tasdiqlaydi. Nutqning ifodali, sof bo‘lishi ustida ishlash fikrlarning ravon bo‘lishiga
ta’sir qiladi. Nutq imo-ishora, mimika, harakat bilan birga sodir bo‘ladi, uzluksiz
o‘zini tuta bilish ta’sirchan vositalarini tanlashga muvaffaqiyatli ravishda tuzatish
kiritib borish imkonini beradi.
Bugungi kunda nutq texnikasi bo‘yicha bir necha mashq komplekslari ishlab
chiqilgan. Ular, asosan teatr pedagogikasi tajribasiga asoslangan bo‘lib, so‘zlashish
paytida nafas olish, tovush hosil qilish va uni ma’noli ifodalash malakalarini
takomillashtiradi, bu esa o‘qituvchiga o‘z so‘zi mazmunini o‘quvchilarga yanadi
to‘laqonli qilib yetkazishga imkon beradi.
Nafas olish organizmga hayot bag`ishlovchi fiziologik funktsiyani bajaradi.
Shu bilan birga u nutq energiya bazasi bo‘lib ham hisoblanadi. Nutq so‘zlayotganda
nafas olish – fonatsion nafas olish deyiladi (rengo-tovush). Kundalik hayotdagi nutq
asosan dialog shaklida bo‘ladi. SHuning uchun ham nafas olish ortiqcha qiyinchilik
tug`dirmaydi. Dars davomida o‘qituvchi juda ko‘p gapiradi, yangi mavzuni
tushuntiradi, ma’ruza o‘qiydi. Nutq so‘zlashda qaysi mushaklarning ishtirok etishiga
qarab nafas olish 4 turga bo‘linadi.
Yuqori nafas – yelkalarning ko‘tarilib tushishi va ko‘krak qafasining yuqori
qismi ishtirokida hosil qilinadi. Bu bo‘sh yuzaki nafas bo‘lib, unda o‘pkaning faqat
yuqori qismi ishtirok etadi.
Ko‘krak nafas - qovurg`alar o‘rtasidagi mushaklar yordamida hosil bo‘ladi.
Bunda ko‘proq nafasning ko‘ndalang hajmi o‘zgaradi. Diafragma ishtirokidagi nafas
- ko‘krak nafasning bo‘ylama hajmini oshishi hisobiga vujudga keladi. Diafragma -
qovurg`ali nafas, diafragmaning qisqarishi qovurg`alar oralig`idagi nafas
mushaklari ishtirokida vujudga keladi.
Tovush – chiqarilayotgan havo hiqqildoqdan o‘tishi paytida ovoz
pardalarining tebranishi natijasida vujudga keladi. Tovush o‘zining qo‘yidagi
xususiyatlari bilan xarakterlanadi:
Tovush kuchi - tovush apparati organlarining faol ishlashiga bog`liq.
Chiqarilayotgan havo oqimining tovush tarqalishiga bo‘lgan bosimi qancha katta
bo‘lsa, tovush ham shuncha kuchli bo‘ladi.
Ammo, oddiy nafas olgandagi havo nutq uchun kamlik qiladi. Nutq
so‘zlayotganda nafas chiqarish, nafas olishga qaraganda ancha cho‘ziqroq
davom etadi. Ovoz nafas chiqarganda yuzaga keladi. Diafragmani, qorin
muskullarini va qovurg`alararo muskullarni mustahkam qiluvchi maxsus
mashqlar mavjud. Bularga yetgan joyda burun orqali chuqur nafas olish
kiradi. Siz o‘pkaning kichik bo‘lakchalari nafasga to‘lib kelayotganini, qorin
muskullarining
taranglashayotganini
va
pastki
qovurg`alarning
kengayayotganligini sezasiz. Xuddi shunday mashqni tik turgan holda bajarishga
urinib ko‘rish kerak. Ammo, iloji boricha havo o‘pkaning pastki
qismlarida bo‘lishi zarur.
Ovoz – tomoqdan (o‘pkadan) kelayotgan havoning ovoz paylari orqali
o‘tishida hosil bo‘ladi va og`iz bo‘shlig`i yordamida kuchayadi. Ovoz maxsus
mashq qilinib turilmasa, ba’zan yo‘qolib ketadi.
Ovoz apparati uch qismdan iborat:
1. Generator – ovoz generatsiyasi ovoz paylarida hosil bo‘ladi, bunda
og`iz bo‘shlig`ining roli kam. Ovoz paylari shovqin va tonlarni farqlaydi.
2. Rezonator tizimi – bunda tomoq, halqum, burun bo‘shlig`i, og`iz
bo‘shlig`i qatnashadi va ular ovozning kuchini (statikasini) va dinamikasini
ta’minlaydi.
3. Energetika tizimi - o‘pkadan kelayotgan kuchli nafasning miqdori va
tezligini ta’minlaydi.
Pedagogning nutqi uchun avvalambor tovushning kuchi zarur. Bu
o‘pkadan kelayotgan nafasning kuchiga va tezligiga bog`liq.
Tovushning yuqoriligi – bu tovushni uzoqqa yetkaza olish va yuqori-
pastligini boshqara olishdir.
Tovushning
harakatchanligi
va
o‘zgaruvchanligini
tovushning
mazmuniga, sharoitiga, tinglovchilarning kayfiyatiga qarab oson o‘zgartira
olish mumkin. Harakatchanligi esa past, o‘rta, yuqori tiplarga bo‘linadi.
Tovush parvozi – tovushning uzoq masofaga uzatilishi va qattiqligini sozlab
olish.
Tovush ixchamligi va harakatchanligi uni mazmunga tinglovchi moslab
o‘zgartira olish imkoniyatini bildiradi.
Diapazon – tovush hajmi bo‘lib, uning chegarasi eng yuqori va quyi ohang
bilan belgilanadi. Diapazon qisqarishi nutqning bir ohanli bo‘lib qolishiga sabab
bo‘ladi. Bir ohangda gapirish axborotni idrok qilishni susaytiradi, uyquni keltiradi.
Tembr – tovush rangdorligi, yorqinligi hamda uning yoqimliligi va
alohidaligidir.
Diktsiya – aniq talaffuz qilish. Talaffuzning aniqligi o‘qituvchi nutqining
o‘quvchilar tomonidan to‘g`ri tushunilishini ta’minlaydi.
Ritm – bu ayrim so‘z va bo‘g`inlarning aytilishi muddati va to‘xtash, nutq va
ifodalarning navbat bilan o‘z o‘rnida ishlatilishini bildiradi. Ritm nutqning eng
asosiy qismidir, chunki, nutq ohangi va to‘xtamlar ham tinglovchilarga beixtiyor
o‘zgacha hissiy ta’sir ko‘rsatadi. So‘zlayotganda obrazga kirish, ovozni kerakli
joyda pastlatish, ohista gapirish o‘qituvchi mahoratiga bog`liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |