Kitob holatida jamlanishi
Birinchi xalifa Abu Bakr davrida ridda (dindan qaytish)ga qarshi olib borilgan qattiq janglarda Qurʼonni toʻliq yod olgan koʻplab qorilar halok boʻlib, Qurʼonning kelajak avlodga saqlanmay yoʻqolib ketish xavfi tugʻilgan paytda Umar ibn Xattob Abu Bakrga Qurʼonni kitob holiga keltirib, jamlab qoʻyish zarurligini maslahat beradi. Abu Bakr bu ishni amalga oshirishni Paygʻambar bilan koʻp vaqt birga yurgan sahoba, Qurʼonni eng yaxshi yod olgan Zayd ibn Sobitga topshirdi. Zayd ibn Sobit, Umar ibn Xattob va boshqalar Qurʼoni karimni puxta yod bilishlariga qaramay, bu ishning ishonchli boʻlishiga harakat qilib, masjidda: „Kimning qoʻlida yozilgan Qurʼon boʻlsa va uni Paygʻambardan tinglaganiga ikkita guvohi boʻlsa, bizga olib kelsin, Qurʼonni jam qilishga xalifaning buyrugʻi boʻldi“, deb eʼlon qildilar. Ular masjidda oʻtirib, guvohlarni tekshirib, nihoyatda aniqlik bilan 1 yildan ortiq vaqtda Qurʼon sahifalarini jamladilar. Soʻng koʻpchilikka koʻrsatdilar, hamma rozi boʻldi. Shunday qilib, Zayd va Umar mashaqqatli urinishlardan keyin Qurʼonni kiyik terisidan ishlangan sahifalarga yozib, Abu Bakrning uyiga qoʻydilar. U olamdan oʻtgandan keyin sahifalar Umarning uyida, u kishidan soʻng esa, qizi — Paygʻambarning xotini Hafsa binti Umar huzurida qoldi.
Usmon musʼhafi
Qur’on, IX asr
Vaqt oʻtishi bilan islom dini tarqalgan davlatning chegarasi kengayib bordi. Koʻplab xalqlar islomni qabul qilib, musulmonlar soni koʻpaygandan soʻng Qurʼonni oʻqishda turli kelishmovchiliklar chiqa boshladi. Bunga Qurʼonning „yetti harf“ (lahja)da nozil boʻlgani ham sabab boʻldi. Hadisda taʼkidlanishicha, Jabroil Qurʼon oyatlarini turli arab qabilalariga tushunarli boʻlishi uchun yetti xil lahjada keltirgan. Bunda ayrim soʻzlar boshqacha shaklda yozilishi va oʻqilishiga toʻgʻri kelgan. Bu holatni koʻrgan xalifa Usmon ibn Affon Hafsadan Abu Bakr davridagi sahifalarni soʻrab olib, undan bir necha nusxa koʻchirishga buyruq berdi. Qurʼon qiroatida farqli boʻlgan soʻzlarda quraysh lahjasiga rioya qilindi.
Nusxalar tayyor boʻlgandan soʻng musulmonlar yashaydigan diyorlardagi markaziy shaharlarga bittadan nusxaga qori qoʻshib joʻnatildi, hammaga faqat shu nusxadan Qurʼonni koʻchirish va shu qoridan qiroat oʻrganishga buyruq berildi. Usmon ibn Affon Makkaga Abdulloh ibn Soibni, Shomga Mugʻiyra ibn Shihobni, Kufaga Abdurahmon Sulamiyni, Basraga Omir ibn Abul Qaysni yubordi va har biriga bir nusxadan musʼhaf berdi. Madinada qolgan musʼhafdan odamlarga qiroat taʼlimi berishni Zayd ibn Sobitga topshirdi. Usmon ibn Affonda bir nusxa musʼhaf qoldi. Keyinchalik nusxa koʻchirish yoʻlga qoʻyilishi jarayonida faqatgina Usmon davrida yozilgan nusxalarga suyanish joriy boʻldi. Pirovardida har bir nusxaning ishonchli ekanini tasdiqlash maqsadida „bu nusxa Usmon musʼhafiga muvofiqdir“, deb yozib qoʻyiladigan boʻldi. Qurʼon harflarini yozish uslubi bir xilligi ham saqlab qolindi. Qurʼon harflariga biror nuqtachalik ham oʻzgarish kirmasin, degan maqsadda ulamolar musʼhaf ichiga hatto gul, daraxt bargi va shunga oʻxshash boshqa narsalarni mutlaqo qoʻyib boʻlmaydi, aks holda, oʻsha narsalar sahifaga yopishib qolsa, shubha paydo boʻlishi mumkin, deb fatvo chiqardilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |