MAVZU: ASOSIY BOʻLMAGAN FAOLIYATGA DOIR XARAJATLAR VA DAROMADLARNI HISOBGA OLISH
TARQATMA MATERIAL
“OPTIMUM SMART” masʻuliyati cheklangan jamiyat (MChJ) oʻz faoliyatini 2017-yil dekabr oyida boshlagan boʻlib, u mahsulot ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi. “OPTIMUM SMART” MChJning 2022-yil 01-yanvar holatiga quyidagi aktivlari va passivlari mavjud:
Asosiy vositalar:
bino: boshlangʻich qiymati 510 000 000 soʻm, jamgʻarilgan eskirish summasi 102 000 000 soʻm. MChJning hisob siyosatiga koʻra bino uchun amortizatsiya hisoblashda toʻgʻri chiziq usulidan foydalaniladi. Binoning umumiy hajmi 800 kv mni tashkil etadi. Binoning 2/10 qismidan ofis sifatida, qolgan qismi ishlab chiqarish faoliyati maqsadida foydalaniladi. Bino 2017-yil 22-dekabrda sotib olingan.
ishlab chiqarish uskunalari: MChJda umumiy boshlangʻich qiymati 500 000 000 soʻm, jamgʻarilgan eskirish summasi 379 950 000 soʻm boʻlgan ishlab chiqarish uskunalari mavjud. Ularga amortizatsiya hisoblashda jadallashtirilgan usullardan, yaʻni qoldiqli kamayish usulidan foydalanish koʻzda tutilgan. Soliq Kodeksining 306-moddasiga koʻra tikuv dastgohi uchun amortizatsiya normasi 15 foiz belgilangan. Uskunalar barchasi bir vaqtda yaʻni 2017-yil 25-dekabrda xarid qilingan.
mebel va ofis jihozlari: Boshlangʻich qiymati 52 500 000 soʻm, jamgʻarilgan eskirish summasi 21 000 000 soʻm. Foydali xizmat muddati 10 yil. Hisob siyosatida toʻgʻri chiziq usulida amortizatsiya hisoblash belgilangan. Mebel va ofis jihozlari 2017-yil 22-dekabrda sotib olingan. Mebel va ofis jihozlarining 8/10 qismidan ofis sifatida, qolgan qismi ishlab chiqarish faoliyati maqsadida foydalaniladi.
transport vositalari: Boshlangʻich qiymati 135 500 000 soʻm, jamgʻarilgan eskirish summasi 39 000 000 soʻm. Transport vositasining foydali xizmat muddati 10 yil va tugatish qiymati 5 500 000 soʻm sifatida belgilangan. Hisob siyosatida toʻgʻri chiziq usulida amortizatsiya hisoblash belgilangan. Transport vositasi 2018-yil 12-dekabrda sotib olingan. MCHJ transport vositasidan maʼmuriy maqsadlarda foydalaniladi.
Boshqa aktiv va passivlari quyidagicha: Ustav kapitali – 583 950 000 soʻm, Taqsimlanmagan foyda – 12 850 000 soʻm, Materiallar – 50 000 000 soʻm, Budjetga soliqlar boʻyicha qarzlar – 14 800 000 soʻm, Davlatning maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha qarz – 22 500 000 soʻm, Qisqa muddatli bank krediti – 350 000 000 soʻm, Xaridor va buyurtmachilarning qarzi – 78 080 000 soʻm, Mehnat haqi boʻyicha qarz – 73 180 000 soʻm, Hisob-kitob schyoti – 280 150 000 soʻm, Toʻlanadigan foizlar – 7 000 000 soʻm.
“OPTIMUM SMART” MChJda 2022-yil yanvar oyida quyidagi xoʻjalik operatsiyalari sodir boʻlgan (shartli):
2022-yil 2-yanvarda MCHJ “Yulduz” aksiyadorlik jamiyati (AJ)ga tegishli yillik 10 foizli nominal qiymati 50 000 000 soʻm boʻlgan obligatsiyalar paketini 40 000 000 soʻmga, yaʼni chegirma bilan sotib oldi. Obligatsiyalar paketining qoplanish muddati 24 oyni tashkil qiladi.
MChJni budjetga soliqlar boʻyicha qarzlari 14 800 000 soʻm va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha qarzi 22 500 000 soʻm 2022-yil
5-yanvarda hisob-kitob schyotidan toʻlab berildi.
MChJning qisqa muddatli bank kreditlarining bir qismi 50 000 000 soʻm va toʻlanadigan foizlar 7 000 000 soʻm 2022-yil 10-yanvarda hisob-kitob schyotidan toʻlandi. Shuningdek, MChJ tomonidan qisqa muddatli bank krediti boʻyicha yanvar oyi uchun foiz hisoblandi. Qisqa muddatli bank krediti boʻyicha yillik stavka 24 foiz.
2022-yil 2-yanvarda mol yetkazib beruvchilardan 70 000 000 soʻmlik materiallar olindi. 2022-yil 20-yanvarda mazkur materiallar qiymati toʻlab berildi. 2022-yil yanvar oyida ishlab chiqarishga jami 120 000 000 soʻmlik materiallar berildi.
Hisob-kitob schyotidan 2022-yil 10-yanvarda ish haqi uchun 73 180 000 soʻm naqd pul olindi. 2022-yil 11-yanvarda kassadan toʻlov vedomostiga asosan ish haqi tarqatildi.
Xaridor va buyurtmachilardan sotilgan tayyor mahsulotlar uchun toʻlov 78 080 000 soʻm 2022-yil 15-yanvarda hisob-kitob schyotiga kelib tushdi. Shuningdek, xaridor va buyurtmachilardan 2022-yil 25-yanvarda 96 000 000 soʻm boʻnak olindi.
Ish haqi hisoblandi (31.01.20xx yil): asosiy ishlab chiqarish xodimlariga – 60 115 000 soʻm; maʻmuriy boshqaruv xodimlariga – 24 000 000 soʻm. Hisoblangan ish haqiga nisbatan ijtimoiy soliq (12%), daromad soligʻi, kasaba uyushmasiga aʼzolik badali va shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob raqamiga ajratma hisoblandi (mustaqil hisoblang va hisobga oling).
Tuman elektr taʻminoti korxonasidan schyot-faktura taqdim etildi. Unga koʻra, 2022-yil yanvar oyi davomida isʻtemol qilingan energiya miqdori 500 000 soʻmni tashkil etadi. Elektr energiya xarajatlari 80 foizi ishlab chiqarish va 20 foizi maʻmuriy xarajatlar sifatida tan olindi.
MChJning asosiy vositalariga amortizatsiya hisoblanmaganligi bois, 2022-yil 31-yanvarda asosiy vositalarga amortizatsiya hisoblang.
MChJ hisobot davrida ishlab chiqarish faoliyatidan olingan tayyor mahsulotlarni haqiqiy tannarxida omborga qabul qildi (20xx yil 30-yanvar).
MChJ hisobot davrida ishlab chiqarilgan mahsulotlari haqiqiy tannarxida sotishga chiqarildi va xaridorlarga shartnoma asosida tayyor mahsulotlar 320 000 000 soʻmga sotildi. Shundan soʻng, xaridorlardan olingan boʻnak summasi hisobga olindi.
MChJ aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchisi hisoblanadi. Belgilangan soliq stavkasi – 4 %.
Talab qilinadi:
1. “OPTIMUM SMART” MChJning aktivlari va passivlarini turkumlang va hisobot davri boshiga buxgalteriya balansini tuzing.
2. Hisobot oyida sodir boʻlgan xoʻjalik operatsiyalariga buxgalteriya provodkalarini tuzing va guruhlashtiring.
3. Hisobot davri uchun oborot vedomostini tuzing
4. “OPTIMUM SMART” MChJning hisobot davri oxiriga buxgalteriya balansini tuzing.
Do'stlaringiz bilan baham: |