O’ngin bitiktoshi matnidagi leksik qatlamni belgilash
O‘ngin bitigi. Bitiktosh Mo‘g‘ulistondagi O‘ngin vodiysidan topilgan. Hozir ham o‘rnatilgan joyida turibdi. Yodgorlik VIII asrning birincni yarmida, taxminan,
732-yilda tiklangan. J.Klosonning yozishicha, bitig sarkarda Alp Eletmish xotirasiga tiklangan . Leksikologiyada tilda mavjud bo‘lgan barcha so‘zlar, ya’ni o‘sha tilning lug‘at boyligi haqida so‘z yuritiladi. Til lug‘at tarkibini tarixiy-etimologik jihat, ya'ni so‘zlarni genetik manbalariga ko‘ra tadqiq etish o‘zbek tilining qardosh va qardosh bo‘lmagan tillar bilan aloqasini, mazkur tilda qaysi tillarning ta'siri mavjudligini aniqlashga ko‘maklashadi. Pirovard - natijada, bunday izlanishlar o‘zbek tili so‘z boyligi, grammatik qurilishining tarixiy yo‘llarini anglashda nihoyatda muhimdir. Binobarin, tilning leksik tarkibini genealogik manbalariga muvofiq guruhlash, ilmiy jihatdan tahlil qilish katta ahamiyatga ega. Tildagi leksik (o‘z va o‘zlashma) qatlamlarni lingvistik tadqiq etish leksik-semantik taraqqiyot qonuniyatlarini belgilashda oʻta muhimdir. Zotan, leksika tarix, madaniyat, fan va xalqning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ilmiy tahlilda ularni hisobga olmasdan turib, so‘z ma'nolarining o‘zgarish manbalari va sabablarini aniqlash mushkul. Koʻhna yodgorliklarda qo‘llanilgan leksik birliklarning ko‘pchiligi monosemantik so‘zlar hisoblananadi: qan – xon, yoğčï – azachi, söŋük – suyak, tanuq – guvoh, tamğa – tamğa, alpağu – qahramon. Ayni paytda, polisemantik birliklarning ham o‘z o‘rniga ega ekanligini guvohi bo‘ldik 32 So‘zning ko‘p ma'no anglatishi tilda mustaqil tizim bo‘lib, u umumiy tilshunoslikda polisemiya termini bilan nomlanadi. So‘z dastlab bir ma'noni ifodalash uchun qo‘llanilib, davrlar o‘tishi, turli lingvistik ta'sirlar vositasida bir necha ma'noni bildiradi. Polisemiya bir turkum doirasida leksik ma'nolardan tarkib topishi, ularning o‘zaro bog‘liq bo‘lishi, ma'nolarning ayni so‘zning o‘ziga oidligi bilan boshqa hodisalardan ajralib turadi. Arïğ so‘zi qadimgi turkiy tilda, ya’ni “Oltun yorugʻ”, Toʻnyuquq, Turfon matnlarida «toza», «olijanob», «haqiqiy» ma'nolarini ifodalagan: biz arïğ dindar biz - biz haqiqiy dindormiz (TT). Törü leksemasi Turfon matnlari va «Oltun yoruq»da «urf-odat», “tartib-qoida”, «to‘y bazmi» ma'nolarida kelgan: Türgäs qağanïŋ qïzïn ärtäŋü uluğ törün oğlïma alïp bärtim – Turgash xoqonning qizini kata toʻy qilib ogʻlima olib berdim (BX). Bul- leksemasi Turfon matnlari va «Oltun yoruq» yodgorligida “topmoq” “qidirmoq”, “etishmoq, erishmoq” ma'nolarida ishlatilgan: anï üčün täŋri yärin bulğay biz –shuning uchun tangri yeriga etishgaymiz (ДТС,121). Qayd etish kerakki, qadimgi turkiy til lug‘at tarkibida mavjud bo‘lgan so‘zlarni biror urug‘ yoki qabilaga mansub deb bo‘lmaydi. Chunki qadimgi turkiy til leksik qatlamida mavjud so‘zlar o‘sha davrda yashagan urug‘ va qabilalarning barchasiga tegishli bo‘lgan deb qarash zarur.
Bundan, albatta, qadimgi turkiy til lug‘at tarkibida turkiy bo‘lmagan leksemalar yo‘q ekan, degan xulosaga kelmaslik kerak. Ana shu nuqtai nazardan qadimgi turkiy til leksikasini o‘z qatlam va o‘zlashgan qatlam bo‘lish lozim. I. O‘z qatlam. Qadimgi turkiy tilning asosiy soʻz boyligini, shubhasiz, turkiy tilga xos bo‘lgan qatlam tashkil qiladi. Bu qatlam hozirgi turkiy tillarning barchasiga tegishli bo‘lgan leksemalardir. Qadimgi turkiy tilda toponimlar, etnonimlar, zoonimlar, tabiat hodisalari, mansab, qarindoshlikni bildiruvchi leksemalar, harbiy terminlar, astroponimlar, kiyim-kechak nomlari kabi mavzui guruhga oid so‘zlar qo‘llangan. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |