8-MA`RUZA: “LEKSIKA” BO`LIMINI O`QITISH METODIKASI
(2 soat)
Reja:
O`quvchilarga so`zning tashqi-moddiy va ichki-ma`noviy tomoni haqida ma`lumot berish.
Maktabda “So`zshunoslik” bo`limini o`qitishning maqsad va vazifalari.
Mazkur bo`limda o`quvchilarga beriladigan zaruriy bilim, malaka va ko`nikmalar tizimi:
so`zning o`z va ko`chma ma`nolari ustida ishlash;
ma`nodosh so`zlar ustida ishlash;
uyadosh so`zlar ustida ishlash;
zid ma`noli so`zlar ustida ishlash;
shakldosh so`zlar ustida ishlash;
iste`mol doirasi chegaralangan so`zlar ustida ishlash;
ibora va tasviriy so`zlar ustida ishlash;
olinma so`zlar ustida ishlash.
4. “So`zshunoslik” bo`limini o`qitishda nutq uslublari ustida ishlash.
Maktab ona tili kursida “Leksika” bo`limining tutgan o`rni va uning vazifalari. O`quvchilar “Leksika” bo`limi orqali tilning lug`at boyligi bilan tanishadilar. Mazkur bo`lim “So`zning o`z va ko`chma ma`nolari”, “Ma`nodosh (sinonim) so`zlar”, “Uyadosh so`zlar”, “Shakldosh so`zlar”, “Talaffuzi yaqin, ma`nosi farq qiluvchi (paronim) so`zlar” “Tarixiy so`zlar”, “eskirgan so`zlar”, “Yangi paydo bo`lgan so`zlar”, “Kasb-hunarga oid so`zlar”, “Shevaga oid so`zlar”, “Atamalar”, “Olinma so`zlar”, “Ibora va tasviriy ifodalar” singari mavzularni o`z ichiga oladi.
Maktabda “So`zshunoslik” bo`limini izchil kurs sifatida o`qitish juda katta ta`limiy ahamiyatga ega. Mazkur bo`limni o`qitishning ta`limiy ahamiyati shundaki, o`quvchilar tilning asosiy birligi-so`z haqidagi ta`limot bilan tanishadilar va ularning tilni bir butun tizim sifatida tushunarli hamda o`zlashtirishlariga imkon tug`iladi. Zero, leksika tilning barcha bo`limlari bilan uzviy bog`liq bo`lib, shu bo`limlarni o`qitishda izchillik bilan amalga oshiriladi.
Maktabda “Leksika” bo`limini o`qitishdan ko`zlanadigan asosiy maqsad o`quvchilarni o`zbek adabiy tilining so`z xazinasiga olib kirish, ularning so`z zaxirasini oshirish va so`zdan to`g`ri hamda o`rinli foydalanish malakalarini rivojlantirishdan iboratdir.
“Leksika” bo`limini o`rganishda quyidagi vazifalar hal qilinadi:
so`zning shakl va ma`no qirralari tushunish;
o`qituvchilar nutqidagi kam iste`mol so`zlarni seriste`mol so`zlarga aylantirish; ularning lug`at zaxirasini yangi so`zlar bilan boyitish;
o`quvchilarda amaliy-stilistik malakalarni takomillashtirish;
nutq uslublarini farqlashga, ayni bir narsa, voqea-hodisani oddiy, baddiy va ilmiy uslublarda bayon qilishga o`rgatish;
nutq sharoitiga mos ravishda so`z tanlash malakalarini kengaytirish;
turli izohli lug`atlar bilan ishlash malakalarini hosil qildirish.
“So`zshunoslik” bo`limini o`qitishda o`quvchilarning so`z boyligini oshirish va nutqini rivojlantirish imkoniyatlari. Ona tili kursining barcha sathlari qatori “So`zshunoslik” bo`limini o`qitishda ham o`quvchilarning so`z zaxirasini oshirish va nutqi ustida ishlash ustuvor yo`nalishlardan biri sanaladi.
Mazkur bo`limda o`quvchilar duch keladigan dastlabki muammo so`zining o`z va ko`chma ma`nolaridir. Berilgan so`z birikmalarini (mas., oltin haykal-oltin bosh-oltin boshoq; temir-yo`l – temir odam-temir xotira v.h.) o`z va ko`chma ma`nosigako`ra guruhlarga ajratish, ularni o`zaro qiyoslash asosida so`zning o`z va ko`chma ma`nolariga ta`rif berish, berilgan so`zlarni o`z va ko`chma ma`nolarida qo`llab gaplar tuzish, badiiy matnlarni tahlil qilish, so`zlarni ko`chma ma`noda qo`llab matn yaratish singari ijodiy –amaliy ishlar o`quvchilarning so`z zaxirasini oshirish va nutqini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
“Ma`nodosh so`zlar” mavzusini o`rganishda berilgan gaplar yoki matnda ajratilgan so`zlarni ularning ma`nodoshi bilan almashtirish, gapdagi so`zlarni birin-ketin ma`nodoshlari bilan almashtirib, ma`no farqlarini izohlash, berilgan ma`nodosh so`zlarni ijobiy va salbiy bo`yoqli so`zlarga ajratish, murojaat so`z birikmalari hosil qilish (mas., mo``tabar murabbiyim, muhtaram ustozim, mehribon tarbiyachim, hurmatli muallimim v.h), qarindosh-urug`chilikka oid so`zlarni (mas., akajon, opajon, otajon v.h.) qarindosh bo`lmagan kishilarga nisbatan qo`llab matn yaratish, oddiy va ko`tarinki ma`noli so`zlardan foydalanib matn tuzish singari ijodiy-amaliy ishlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |