III. 3. Omon-Qo’ton g’ori yodgorligining O’rta Osiyo paleoliti oykumenasida tutgan o’rni
Movius nazariyasiga ko’ra XX asrning o’rtalarida boshlangan munozoralar35, hozirgacha to’xtaganicha yo’q va ilk paleolitning barcha oykumenasi madaniy jihatdan ikkita g’arbiy hamda sharqiy zonalarga ajratiladi. G’arbiy zonada qo’l cho’qmorlari va levallua texnikasi hukmron hamda unga Afrika, Yevropa (sharqiy Yevropadan tashqari) va Old Osiyo kiradi. Ikkinchi zonada esa chopperlar, klekton tipidagi uchirindilar va ko’pincha galkalardan ishlangan oddiy nukleuslar hukmronlik qiladi hamda unga Sharqiy Osiyo, O’rta Hindiston va butun Hindoxitoy kiradi36. “Qo’l cho’qmorlari madaniyati” hamda “chopperlar madaniyati” yodgorliklarining tarqalishi xaritasiga qarasak37[Movshs, 1944, r. 103], u holda Kaspiydan Hindikushgacha bo’lgan hududlar ushbu ikkala madaniyatlarning chegarasi ekanligini ko’ramiz. Shuning uchun ham O’rta Osiyo hududlarining Movius nazariyasi tarafdorlari va muxoliflari o’rtasidagi so’nmaydigan tortishuvlardagi roli qandayligini tasavvur qilish mumkin.
O’rta Osiyodan topilgan ko’plab turli davrlarga va turli xarakterdagi paleolit davri paleolit davri yodgorliklarining topilishi munosobati bilan o’tgan asrning 50 yillarida Movius nazariyasini ushbu hududlarda tekshirib ko’rish imkoni tug’ildi38(Ranov, 1966). Shuningdek, bor materiallarni boshqa hududlarning paleolit davri yodgorliklari fonida keng qiyosiy tahlil qilish imkoniyati paydo bo’ldi. 1956 yilda A.P. Okladnikov O’rta Osiyo hududlarida paleolit davri insoniyatining ikkita yirik madaniy viloyatlari tutashgan joy deb yozgan edi. "Ulardan biri Qirg’izistondan sharqqa va shimolga, ikkinchisi — undan janubga va g’arbga qarab cho’zilgan39 hamda ulardan birinchisida galkalardan tosh qurollar yasash kabi qadimgi sharq uslublaridan keng foydalanilgan" . To’g’ri, zikr etilgan parchalarda gap so’nggi paleolit to’g’risida boradi, biroq, unda O’rta Osiyoni Sharqidagi quyi paleolit davri ayrim topilmalarining janubi sharqiy Osiyodagi mashhur galkali industriyalar bilan ko’p jihatdan o’xshashligi haqida ham hikoya qilinadi.
1966 yilda A.P. Okladnikov O’rta Osiyoning paleoliti haqidagi yirik umumlashtiruvchi maqolasini yozadi40. Uning ilk paleolitga bag’ishlangan bobini muallif “ikki xil madaniy an’ana va ularning qo’shni hududlar bilan aloqalari”, masalalari bilan tugalladi41. A.P. Okladnikov ta’kidladi, "ana shu davrdanoq O’rta Osiyoning g’arbi va sharqida madaniy taraqqiyot yo’llarining ayro tushishi kuzatiladi" va bu hududning g’arbiy chekkasidan topilgan qo’l cho’qmorlari kabi qurollarda aks etadi, garchi, bu paytda sharqda qo’l cho’qmorlari butunlay uchramaydi, ammo, ancha qadimgi davrlardan bu yerlarda o’ziga xos boshqa bir qurollar — chopperlar paydo bo’ladi". Ushbu kuzatishdan kelib chiqadigan xulosa Moviusniki bilan bir xil. "ilk paleolitning qo’l cho’qmorli madaniyatining ta’siri - yozadi A.P. Okladnikov, - shunday qilib, O’rta Osiyoning g’arbiy chekkasida, ya’ni Turkmanistonda kuzatiladi. O’rta Osiyoning sharqida va shimolida esa, ma’lum chopperli madaniyatning ta’siri kuzatiladi. Juda ehtimol, O’rta Osiyoning sharqiy tumanlarini egallagan aholi Yevropa, Afrika va Old Osiyoning shel yoki ashel davri aholisi bilan emas, balki sinantroplar — Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyoning ibtidoiy aholisi bilan qardoshlik jihatidan yaqinroq bo’lgan"42.
Shunga yaqin qarashlarni V.A. Ranov ko’tarib chiqdi, ammo, u konsepsiyaga quyi paleolitdan keyingi davrlarga oid materiallarni ham kiritdi43. S.N. Zamyatninning so’nggi paleolit davrida uchta yirik madaniy viloyat hukm surganligi haqidagi fikrlari bilan qurollanib, V.A. Ranov, ularning izlarini o’rta va quyi paleolit davri materiallarida ham kuzatish mumkinligi haqidagi fikrni aytdi. Shuningdek, V.A. Ranov, O’rta Osiyo ushbu madaniy viloyatlar tutashgan joyda joylashadi va ushbu hududlarda paleolit davri yodgorliklari ikkita guruhga ajraladi (Shunday qilib, Moviusning muxolifi bo’lgan S.N. Zamyatninning g’oyalaridan biri O’rta Osiyo paleolitiga ushbu qarashlarning tarqalishiga sabab bo’ldi). "Birinchi guruh (A) O’rta Osiyodan g’arbroqda va asosan, Old Osiyoda joylashgan yodgorliklar bilan, ikkinchi guruh esa (B), sharqda joylashgan yodgorliklar bilan bog’lanadi (Sharqiy Osiyo tipidagi madaniyatlar)"44 . A va B guruhlarining parallel rivojlanishi V.A. Ranovning fikriga ko’ra "ilk paleolitdan boshlanib ilk metall davriga o’tish bilan tugaydi"45. Birinchi (A) guruh uchun eng qadimgi bosqichlarda qo’l cho’qmorlari (taxminan), so’ngra, madaniyatning levallua mustye ko’rinishi xarakterlidir. Ikkinchi guruhni avvalombor, galkali qurollar “qo’pol chopquvchi qurollar”, ya’ni chopperlar birlashtiradi.
Ushbu konsepsiyani ilgari surar ekan, uning muallifi Movius nazariyasini bevosita manba sifatida esga ham olmadi, garchi, amerikalik olimning g’oyalari V.A. Ranov fikrlarining asosini tashkil qilsada (V.A. Ranov konsepsiyasining Movius g’oyalari bilan aloqadorligi haqida P.I. Boriskovskiy46 va R.X. Suleymanovlar47 yozgan edi). Moviusning g’oyalari A.P. Okladnikovga ham ta’sir ko’rsatgan48. Shunday qilib, O’rta Osiyo paleoliti madaniyatlarining xarakteri masalalari bilan shug’ullangan dastlabki mualliflar shubhasiz, Moviusning yo’lidan borganlar. Katta hududlarning paleoliti bir xil emas va bir xil bo’lishi ham mumkin emasligi aniq edi. Ular o’rtasidagi tafovutlar yo’nalishlarini axtarish esa hammaga ma’lum sxemaga aylandi. U katta harakatlarsiz materialda o’z aksini topgan va bunda materialning turliligi tushuntirilgan. Ushbu g’oya sxema sifatida A.P. Okladnikov va V.A. Ranovlarni qoniqtirgan hamda buni ularning hamkorlikdagi49 yoki alohida ilmiy ishlarida50 kuzatiladi.
Ammo, tez orada, bu konsepsiya tanqidga uchraydi va qisman yoki to’liq qayta ko’rib chiqiladi. V.A. Ranovning bu boradagi qarashlari opponetlarning asosiy nishoniga aylandi. Tanqidchilarning fikrlari asosan Movius nazariyasi va uning O’rta Osiyo paleoliti haqidagi fikrlariga qaratilgan bo’lib, ikki xil ko’rinish kasb etdi: birinchidan, dunyoning turli qismlaridagi amalga oshirilgan yangi topilmalar Moviusning nazariyasiga hamma vaqt ham mos kelavermaydi; ikkinchidan esa, O’rta Osiyo paleolitining eng muhim muammolari O’rta Osiyoning o’zining materiallari asosida yechilgan emas. Bir so’z bilan aytganda, argumentlar Movius nazariyasiga qarshi, xulosa esa, Okladnikov-Ranovning konsepsiyasiga qarshi qilindi.
Ushbu masalaga R.X. Sulaymanov o’zining nomzodlik dissertasiyasida katta e’tibor qaratdi51. Biroq, u mustye davri bilangina cheklandi. Dastlab paleolit oykumenasining g’arbidagi galkali qurollar va sharqidagi qo’l cho’qmorlari haqidagi dalillarni keltirar ekan52, ushbu muallif so’ngra yozadi53, "O’rta Osiyoning mustye davridagi etnomadaniy manzarasi G’arbga va Sharqqa tortuvchi ikki tipdagi makonlarning elektik turli tumanligidan ko’ra murakkabroq bo’lgan". Ammo, bu ikki turlilikka dalillar keltirish O’rta Osiyoga nisbatan hech narsani isbotlamaydi. Ushbu ta’kidni 1965 yilda V.A. Ranov maqullagan bo’lardi, negaki, uning A va B guruhlari ularni yana mayda qismlarga ajratishni istisno etmaydi (ushbu muallifning keyingi ishlarida bu aks ettirilgan) hamda elektiklik majburiyatini yuklamaydi.
R.X. Sulaymonov ko’tarib chiqqan tanqid P.I. Boriskovskiy tomonidan quvvatlandi va to’ldirildi54. P.I. Boriskovskiy mustye davri bilangina cheklanmadi va o’z qarashlarini mustyegacha bo’lgan yodgorliklarga ham qaratdi. Ammo, uning dalillari O’rta Osiyo materiallari asosida emas edi va shuning uchun ham u ko’proq Moviusning g’oyasiga o’xshab qoldi55.
X.A. Alpisbayevning56 [1979] katta hajmli materiallarni tahlil qilish natijasida yozgan kitobida Qozoqiston paleolitida ikkita bir biridan keskin farq qiladigan madaniyatlar zonalari hukm surganligi haqida yozadi. Bular Janubiy-Qozoqiston hamda Shimoliy-Qozoqiston zonalaridir. Janubiy-Qozoqiston uchun galkali texnika, choppinglar xarakterlidir, bifaslar yoki uchramaydi yoki juda kam sonli. Shimoliy-Qozoqiston zonasi uchun esa, "haqiqiy bifaslarning" hamda levallua texnikasining mavjudligi xarakterlidir57. Shunisi qiziqki, Alpisbayevning ushbu kitobida ushbu fikrga qarama qarshi fikr ham aytilgan: "O’rta Osiyoning quyi paleolit davri madaniyatlarida sharqiy va g’arbiy an’analarning birgalikda kelishi uchramaydi"58. Yana ushbu kitobda Movius nazariyasiga qarshi fikrlar aytiladi59 va ehtimol, ular X.A. Alpisbayevning o’z materiallariga munosobatini belgilab bergan. Qizig’i shundaki, X.A. Alpisbayevning kitobidagi dalillardan V.A. Ranov o’z qarashlarini mustahkamlashda ustalik bilan foydalangan60 va bu qarashlarini o’zining keyingi ishlarida ham o’zgartirmasdan kelgan. Bu ishlarda mustaqil va bir biri bilan kesishmagan Old Osiyoning A hamda sharqiy osiyoning V guruhlari haqida so’z boradi61.
Ranov va Okladnikovlar konsepsiyasini tanqidi haqidagi dalillarni umumlashtirib, ular ikkita asosiy holatga olib kelishini ta’kidlash mumkin: (1) Moviusning nazariyasi boshqa hududlar uchun to’g’ri kelmaydi va shuning uchun ham uning O’rta Osiyo haqidagi albomi ham noto’g’ri, (2) O’rta Osiyo paleolit davri madaniyatlarining xaritasi ikkiyoqlama taraqqiyot konsepsiyasidan ko’ra ko’proq, turli tumandir va shuning uchun ham uning xaritasidan bosh tortish kerak. Yuqorida tilga olingan har ikkala holatlar nafaqat mantiqiy jihatdan, balki empirik asoslanmaganligi jihatidan ham shubhalidir.
Haqiqatda, 50 60 yillarda Sharqiy va Janubi Sharqiy Osiyodagi arxeologik tadqiqotlar hamda Yevropa va Afrikaning ilk paleoliti haqidagi yangi ma’lumotlarning paydo bo’dishi bilan, qo’l cho’qmorli yoki chopperli va dag’al uchirindili industriyalar nafaqat Moviusning xaritasida ajratib qo’yilgan joylarda, balki boshqa joylarda ham uchrashi aniq bo’lib qoldi62. Bundan ayrim tanqidchilar aytganidek63, Moviusning nazariyasi butunlay ishdan chiqdi, deb bo’lmaydi. Aksincha, garchi chegaralari biroz o’zgargan bo’lsada, ilk paleolit uchun Moviusning nazariyasi realligicha qolmoqda.
Moviusning opponentlariga asosiy dalil sharqiy zonaning ayrim yodgorliklarida qo’l cho’qmorlarining mavjudligi edi (buni Moviusning o’zi ham ta’kidlagan edi64:. Ammo, istixoda qilinayotgan buyumlar o’ta kamyob va ko’p jihatdan munozoralidir. Mashhur Xitoy topilmalariga kelsak, (Dinsun, Lantyan va h.k.), ular yoki yig’ma materiallar yoki qo’l cho’qmorlari emas, balki galkadan ishlangan qirg’ichlardir (Chjoukoudyan 15), ya’ni ryuk tipidagi buyumlardir65. Koreyadagi mashhur ashel davri yodgorligi Chongoknining yoshi 45 ming yildan oshmas ekan66. Ushbu yodgorlikning materiallari orasida ko’plab chopperlar, choppinglar, qirg’ichlar va boshqa galkali qurollar bilan birga to’rtta qo’pol bifas borligi aniqlandi67. Do tog’idan topilgan qo’l cho’qmori va Vetnamning boshqa hududlaridan topilgan buyumlar68 tipologik va xronologik jihatdan Xitoy hamda Koreyanikidan ham ko’proq shubha uyg’otadi.
Shunday qilib, birinchidan, Sharqiy va Janubi Sharqiy Osiyo quyi paleolitida mavjud bo’lgan qo’l cho’qmorlari kam sonli yoki yakkam dukkam. Ikkinchidan, morfologik jihatdan bu yerdagi qo’l cho’qmorlari amorf ko’rinishga ega va g’arbiy zonaning bifaslari bilan taqqoslanishi mumkin emas. Uchinchidan, ularning geologik holati hamisha noma’lum va ushbu qo’l cho’qmorlarining ilk paleolitga aloqadorligi shubha uyg’otadi. Va nihoyat, to’rtinchidan, (eng muhimi), sharqiy zonani g’arbiy zonadan nafaqat bifaslarning bor yoki yo’qligigina va kamligi emas, balki ko’zga tashlanib turadigan texnologik jihatlarning nisbatan oddiyligi hamda tosh buyumlarning zaif tipologik differensasiyalashganligidir. V.A. Ranov shunday yozgan edi:, “gap qo’l cho’qmorlarining bor yoki yo’qligida emas — bu masalani soddalashtiradi, sharqiy va g’arbiy zonalar madaniyatlarining o’ziga xosliklarini tushinishga xalaqit beradi, paleolitda madaniyatlarning "umumiy foni" "asosiy ahamiyat kasb etadi" va o’zaro o’xshamaydi69.
Endi yana O’rta Osiyo hududlariga e’tibor bersak, bu yerda bir tomondan, qo’l cho’qmorli komplekslarning va ikkinchi tomondan galkali industriyalarning tarqalishi sharq g’arb g’oyasiga qarshi ekanligini tan olish lozim. Morfologik jihatdan ancha takomillashgan qo’l cho’qmorlari hozirda O’rta Osiyoning quyi va o’rta paleolitida ko’plab uchraydi (Yangadja-Karatengir, Yesen 2, Shaxbagata), shuningdek, ular Markaziy va Shimoliy Qozoqistonda (Jaman-Aybat, Vishnevka, Semizbugu) ham uchraydi va Sharqda bo’lgani kabi O’rta Osiyoning tog’li qismidagi ilk paleolit davri yodgorliklarida qo’l cho’qmorlari uchramaydi (jumladan, Ko’lbuloqda ham, negaki, bu yerdagi qo’l cho’qmorlari o’rta paleolitga oiddir). Galkali industriyalar esa, aksincha, janubi sharqda konsentrasiyalashgan (Kuldara, Sel-Ungur, Karatau, Laxuti) va Qoratov tizmasida uchraydi (Bo’rikazgan, Tanirkazgan, Kemer, Tokali va hakozo) hamda ular Markaziy Qozoqistonning janubiy yarmigacha kirib borgan (Muzbel, aftidan, Obilisan). Hududdagi qadimgi paleolit davri yodgorliklarini bir birining tarqalish areallarini qoplamaydigan ikkita texnik tipologik guruhga ajralishini nima bilan tushuntirish mumkin — xom ashyoning xarakteri, madaniy an’analar, tog’li va tekislik hududlaridagi ekologik tafovutlar, sharq va g’arb yodgorliklari yoshining turlichaligi bilanmi, nima bo’lganda ham bu fakt.
Quyi paleolitga oid va undan ham qadimgi bifaslarga eag yodgorliklar haqida keng xulosalar chiqarish uchun yaxshi o’rganilmagan. Ammo, bir narsa aniqki, masalan Qozoqistonning katta qismida agar bifasli industriyalar mavjud bo’lsa, bu an’ana so’nggi paleolit davrigacha davom etadi70, O’rta Osiyo hududlarida esa mustye davrida bifasli industriyalar juda kam uchraydi. Faqat Qizilnura 1 va Ko’lbuloqning qatlamlaridan birida ikkita bifas topilgan. O’rta Osiyoning boshqa mustye davri yodgorliklarida ular uchramaydit. Bu yodgorliklarda ikki taraflama ishlov berilgan tig’lar ham uchramaydi (Ko’lbuloq va Omon-Qo’tondagina bittadan bunday buyumlar uchragan).
Xulosa
Shunday qilib, 1947 yillarda D.N. Lev rahbarligida O’zbekiston Davlat Universiteti, Tarix fakulteti tomonidan topib o’rganilgan Omon Qo’ton g’or makoni yurtimiz hududlaridan aniqlangan paleolit davriga oid ikkinchi yodgorlik edi. O’sha paytlarda O’zbekiston paleolitshunosligini ilmiy va keyinchalik sistematik tadqiq qilish ishlari endigina boshlangan va Boysuntog’dagi Teshik Tosh g’ori topilmalarining shov shuvi hali bosilmagan edi.
Qizig’i shundaki, O’zbekiston paleolitini o’rganishdagi dastlabki urinishdayoq olamshumul ahamiyatga ega bo’lgan qazilma odam neandertal bolaning suyak qoldiqlari aniqlangan bo’lsa, paleolit davriga oid ikkinchi makon Omon Qo’tondan ham paleoantropologik qoldiqlar aniqlandi. Ammo, ushbu son suyagining stalagmitlar orasida mustahkam tosh qotib qolganligi uni o’rganish ishlarini birmuncha qiyinlashtirdi. Oxir oqibatda bu suyak qoldiqlarining qaysi gominidlar tipiga mansub ekanligi noma’lum bo’lib qoldi. Omon Qo’ton paleoantropologik topilmasining keyingi taqdiri ham fanga ma’lum emas. Bunday noyob topilmalarni bergan paleolit davri yodgorliklari yurtimizda hozir ham barmoq bilan sanarli darajada kam sonlidir. Bular qatoriga Teshik Tosh, Omon Qo’ton, Samarqand makoni, Obiraxmat, Ko’lbuloq va Selungur makonlarini kiritish mumkin, xolos.
Omon Qo’ton g’oridan bir qator qazilma hayvon suyaklari qoldiqlari ham topildikim, tadqiqotlarda ularning Teshik Tosh makoni faunasi bilan o’xshashligi va shundan kelib chiqib, pleystosenning o’rtalarida O’zbekiston hududlaridagi tog’li o’lkalarda deyarli bir xil iqlim sharoitlari hukm surganligi haqida xulosa qilinadi. Bu davrning paleoiqlimi hozirgi davrdagiga yaqin bo’lganligi ham isbotlandi.
Omon Qo’tonning yoshi masalasida turli fikrlar mavjud. yodgorlikni bevosita qazib o’rgangan D.N. Lev uni ilk paleolit, ya’ni ashel davri bilan sanalagan. Bunda u yodgorlik tosh industriyasining nisbatan sifati pastroq tosh jinslaridan ishlanganligini va bu hol ularga amorflik, qo’pollik va dag’al ko’rinish berganligini alohida ta’kidlab o’tadi. Shuning bilan, D.N. Lev nafaqat O’zbekiston, balki butun O’rta Osiyo paleolitshunosligida xom ashyoning toshga ishlov berish texnikasiga hamda indukstriyalarning umumiy ko’rinishiga bevosita ta’sir ko’rsatishi to’g’risidagi tadqiqot usullarini boshlab bergan edi. Omon Qo’ton makonini sanalashda D.N Lev aynan, ana shu industriyadagi qo’pollik va haqiqiy nukleuslarning yo’qligini alohida ta’kidlagan edi. D.N. Levning xulosalari o’sha davrda har tomonlama qo’llab quvvatlandi.
D.N. Lev o’zining qator ilmiy maqolalarida hamda “Древний палеолит в Аман-Кутане (предварительные сообщение)” nomli kitobida Omon Qo’tondagi ibtidoiy hayot tarzini mohirona tasvirlarb bergan. Uning yozishicha, Omon Qo’ton g’ori maydonining kichikligi, g’ordan mavsumiy suv chiqib turishi va bu yerdan ko’plab hayvon suyaklari qoldiqlarining topilishiga ko’ra, u ibtidoiy ovchilarning masumiy ovchilik qo’nalgohi bo’lgan.
Garchi, Omon Qo’ton g’or makoni to’liq qazib o’rganilgan bo’lsada, unga qiziqish yurtimiz va xorijiy ilmiy jamoatchilik orasida so’nmadi ham kun sayin ortib bordi. Bugungi kunda o’zining ilmiy ishlarida Omon Qo’ton g’ori materiallariga istexoda qilmagan ibtidioy davr mutaxassisini uchratish qiyin. Keyingi yillarda hatto, olimlar orasida Omon Qo’ton g’ori materialari bilan bevosita shug’ullanganlari ham talaygina. Ular qatoriga M.J. Jo’raqulov, N.X. Toshkenboyev, R.X. Sulaymonov, L.B. Vishnyaskiy, D.M. Jo’raqulova, G. Gabori va h.k.larni kiritish mumkin.
Omon Qo’ton g’ori ochilgan paytda uning madaniy xosligi masalasida gapirish mushkul edi. Keyinchalik O’zbekiston hududlarida qator yangi mustye davri yodgorliklarining topilishi bilan, endilikda yodgorliklarni madaniy guruhlarga birlashtirish imkoniyati tug’ildi. Omon Qo’ton g’ori materiallari Teshik Tosh, Qo’tirbuloq, Zirabuloq va Obiraxmat makonlari bilan birgalikda yagona obiraxmat madaniyatiga birlashtirildi.
Yuqorida tahkidlanganidek, Omon Qo’ton materiallari orasida bir dona bifasial ishlov berilgan tosh qurolning bo’lagi topilgan. Buni G. Gabori, Omon Qo’ton industriyasi O’rta Osiyo uchun begona va u g’arb yodgorliklari materiallariga o’xshashdir, deb talqin qildi. Ammo, tez orada bir qator mutaxassislar ushbu topilmaning tasodifiy xarakterga egaligi va Omon Qo’tonning industriyasi mahalliy ildio’larga egaligini yoqlab chiqdilar.
Omon Qo’ton g’or makoni xorijlik soha mutaxassislari nazaridan ham chetda qolmadi. Dastlab bu yerga Polshalik geologlar (Majevskaya) tashrif buyurdilar va qator yangiliklar kashf qildilar. Ma’lumki, oxirigacha qazib tugatilgan makonlar “o’lik yodgorliklar” hisoblanadi. Omon Qo’ton, Teshik Tosh va boshqa bir nechta tosh davri yodgorliklarimiz shunday yodgorliklar sirasiga kirar edi. Polshalik mutaxassislarning ma’lum qilishicha, g’orda hali qazilmagan, ya’ni teginilmagan yotqiziqlar ham saqlanib qolgan va bu ularni aniq fanlar yordamida sanalash uchun na’munalar olish imkonini beradi. Polshalik mutaxassislar ushbu qatlamlardan na’munalar olishdi, biroq hali olingan natijalar e’lon qilinganicha yo’q. Agar, bunday natijalar qo’lga kiritilsa, juda muhim yangilik bo’lardi va biz Omon Qo’tonning aniq yoki absolyut yoshini bilib olgan bo’lar edik.
Omon Qo’ton g’ori va Zarafshon vohasining bir qator paleolit davri yodgorliklarini o’rganishga Amerikalik mutaxassislar ham katta qiziqish bildirishdi. Ular g’orga tashrif buyurishib, bu yerdagi chiqitlardan bir nechta tosh buyumlar va hayvon suyaklari qoldiqlarini topishdi. Ular orasida qo’ng’ir ayiqning tishlarini topilishi katta qiziqish uyg’otadi.
Hozirda Omon Qo’ton g’ori bir ovozdan o’rta paleolit davriga oid yodgorlik deb tan olingan. Aytish mumkinki, u Samarqand botig’i hududlaridagi eng qadimgi arxeologik yodgorlikdir.
Shunday qilib, Omon Qo’ton g’or makoni nafaqat O’zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo paleolitida muhim o’rin tutadi va u davrni o’rganishda tayanch yodgorliklardan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |