Omborlarda portlovchi materiallarni joylashtirish tartibi Portlovchi materiallar omborda quyidagi tartibda joylashtiriladi: I va IV guruh portlovchi materiallari yashiklari porox bilan birgalikda faqat tokcha (stellaj) larda saqlanadi, bunda tokchalar yoki shtabel (stend)lar orasida 1,3 m kenglikda o‘tish yo‘lagi qoldiriladi. I, III va IV guruh portlovchi materiallari birgalikda saqlanganda yashiklarni bir-birining ustiga qo‘yish ta’qiqlanadi. II guruh portlovchi materiallari yashiklarini stellajda bir-birining ustiga joylashtirishga ruxsat etiladi.
Bunda stellajdagi javon (polka)lar balandligi shunday tanlanishi kerakki yashik (qop) va yuqoridagi polka orasida kamida 4 sm balandlikdagi bo‘sh joy qolishi kerak.Polka kengligi bo‘yicha yashiklarni faqat bir qatorga taxlash kerak. Stellaj va shtabellar devordan 20 sm uzoqlikda, poldan 10 sm balandlikda joylashtirilishi kerak. Bitta shtabelda faqat bir xil vazndagi yashiklar yoki qoplarni saqlashga ruxsat etiladi.
I, III va IV guruh portlovchi materiallari uchun yuqori javon balandligi polga nisbatan 1,7 m dan, boshqa portlovchi materiallar uchun 2 m dan oshmasligi lozim. Tarkibida suyuq nitroefirlar 15% dan ko‘p bo‘lgan portlovchi moddalar saqlanadigan ombor binosi mahalliy havo harorati -20 oC dan pasayganda suv yoki elektr toki yordamida isitish moslamasi bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Omborlarning jihozlanish tartibi Elektr isitish pechlari portlovchi materiallar saqlanadigan xonadan yonmaydigan devor bilan ajratilgan alohida xonada joylashtirilib bunda isitish xonasi va portlovchi materiallar saqlanadigan xona devorida havo aylanishi uchun tuynukcha qoldiriladi va ushbu tuynukcha metall to‘r bilan qoplangan bo‘ladi. Suv yordamida isitishda portlovchi material yashiklari va qoplari isitish radiatoridan kamida 1 m uzoqlikda joylashtirilishi lozim.
Barcha turdagi doimiy omborlar ikki xil yoritish tizimiga ega bo‘lishi kerak: ishchi va avariya vaqtidagi yoritish tizimlari. Ishchi yoritish tizimida 220 V gacha kuchlanishda ishlaydigan cho‘g‘lanma yoki lyuminesentli lampalardan foydalaniladi, bunda yoyli (dugali) lampalardan foydalanish ta’qiqlanadi.
Avariya holatida ombor binolarini yoritish uchun rudniklarda ishlatiladigan akkumulyatorli yoritgichlar yoki quruq batareyali fonarlardan foydalanishga ruxsat etiladi (bunda agar fonar korpusi metall bo‘lsa rezina g‘ilof kiydiriladi). Omborning barcha binolarida elektr tarmog‘i orqali yonadigan ko‘chma lampalardan foydalanish ta’qiqlanadi.
Yer yuzasida joylashgan PM omborlarida (qisqa muddatli omborlardan tashqari) qorovulxona va qorovul posti orasida ikki tomonlama telefon aloqasi, yorug‘lik orqali yoki ovozli signalizatsiya bo‘lishi lozim. Qorovulxona telefoni yong‘in muhofazasi, korxona ma’muriyati va militsiya bilan aloqada bo‘lib turishi uchun yaqinda joylashgan kommutatorga ulangan bo‘lishi lozim.
Barcha PM omborlari yong‘inga qarshi suv uzatish qurilmalari va isitgichli suv havzasi hamda yetarli miqdorda yong‘inga qarshi vositalar (nasoslar, o‘t o‘chirgichlar, suvli bochkalar, qum to‘ldirilgan yashiklar, narvon, chelak va h.k.) bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Shuningdek, ombor har bir binosi chaqmoqdan himoyalangan bo‘lishi lozim.
Doimiy ishlab turuvchi omborlar uchun portlovchi materiallarni saqlash huquqini beruvchi hujjat 3 yil muddatga beriladi va omborda saqlanadi. Portlovchi materiallarni sotib olish va tashish uchun sertifikat va ruxsatnomalar 6 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.