Sulfat kislotaning xossalari
(2 a), v), g) va d) tajribalarni mo‘rili shkafda o‘tkazing)
1-tajriba. Konsentrlangan sulfat kislotasini metallmaslar bilan reaksiyasi.
Chinni idishda ehtiyotlik bilan qizdirib kons. sulfat kislota va metallmaslar orasida reaksiya o‘tkazing: birinchisida oltingugurt, ikkinchisida ko‘mir bilan. Ehtiyotlik bilan qanday gaz chiqayotganini hididan aniqlang. Reaksiya tenglamalarini yozing. Bu reaksiyalarda kons. sulfat kislotasi qanday xossalarni namoyon qiladi.
2-tajriba. Suyultirilgan sulfat kislotani metallarga ta’siri. O‘qituvchidan metall namunalaridan (mis, rux, temir, alyuminiy va b.) oling. Ularni metallarning aktivlik qatoridagi o‘rniga ko‘ra suyultirilgan H2SO4 bilan reaksiyaga kirishishi haqida mulohaza qiling. Tajriba yo‘li bilan suyul. 2n H2SO4 hamma olgan metallaringiz bilan reaksiyaga kirishishi yoki kirishmasligini isbotlang.
Reaksiya turli tezliklarda sodir bo‘lishiga e’tibor bering va standart elektrod potensiallar qiymatidan foydalanib olingan natijalarni izohlang. Reaksiya natijasida qanday gaz chiqishini tajribada isbotlang. Reaksiya tenglamasini molekulyar va ionli ko‘rinishlarda yozing. Bu reaksiyalarda qaysi ion oksidlovchi vazifasini o‘taydi?
3-tajriba. Konsentrlangan sulfat kislotasini metallarga ta’siri
1) Probirkada kuchsiz qizdirib mis bilan kons. sulfat kislotasi orasida reaksiya o‘tkazing. Ehtiyotlik bilan hididan qanday gaz ajralayotganini aniqlang.
Tajribadan so‘ng probirkani sovitib eritmadan 2-3 ml boshqa probirkaga quying, 5-6 ml suv solib chayqating. Eritma rangini aniqlang va eritmada qanday ion borligiga e’tibor bering. Mis bilan kons. sulfat kislotasi orasidagi reaksiya tenglamasini yozing.
2) Konsentrlangan sulfat kislotani ruxga ta’sir ettiring. Probirkani bir oz qizdiring. Qanday gaz chiqayotganini ehtiyotlik bilan hididan aniqlang. Qizdirishni davom ettiring. Eritmani loyqalanishini kuzating va sababini tushuntiring. Qo‘rg‘oshin tuzi bilan namlangan filtr qog‘oz yordamida yoki ehtiyotlik bilan hididan vodorod sulfid ajralayotganini aniqlang.
Rux bilan konsentrlangan sulfat kislotasi orasidagi reaksiyani sulfat kislotasining qaytarilishi mahsulotlarini turlichaligiga e’tibor berib yozing. Elektronlarning o‘tish sxemasini keltiring va koeffitsientlar tanlaganingizni tushuntiring.
Rux bilan misning kons. sulfat kislotasi bilan reatsiyasidagi farqni standart elektrod potensiallari qiymatlarini o‘zaro solishtirib tushuntiring.
Bu reaksiyalarni metallarni suyultirilgan sulfat kislotasi bilan reaksiyasidan prinsipial farqi nimadan iborat?
4-tajriba. Sulfat kislotasini degidratlash xossasi.
Sulfat kislotasining kletchatkaga ta’siri.
Sulfat kislotasining (1:1) eritmasi bilan shisha tayoqchani namlang va filtr qog‘ozga nimanidir yozing va gaz alangasida quriting. Kletchatkaning umumiy formulasi (C6H10O5)x ekanligiga e’tibor berib, kuzatganinigizni izohlang.
Sulfat kislotasini shakarga ta’siri.
Hajmi 100-150 ml bo‘lgan kimyoviy stakanga 10 g maydalangan shakar joylashtiring, 1 ml suv va 4-5 ml kons. H2SO4 quying. Bir xil massa hosil bo‘lgunga qadar shisha tayoqcha bilan aralashtiring va tayoqchani olmang. So‘ngra sodir bo‘layotgan xodisani kuzating. Shakarning formulasi C12H22O11 ekanligini e’tiborga olib reaksiya tenglamasini yozing. Chiqayotgan gazlardan qaysi birini hididan bilsa bo‘ladi? Ehtiyot bo‘ling.
5-tajriba. Sulfat kislotasini boshqa kislotalarning tuzlari bilan ta’sirlashishi. Laboratoriyada bor tuzlardan foydalanib, ularning qaysilari konsentrlangan sulfat kislotasi bilan reaksiyaga kirishishi mumkinligini aniqlang. Probirkaga ozroq qattiq tuzdan joylashtiring. Konsentrlangan sulfat kislotasidan qo‘shib, suv hammomida qizdiring. Ajralib chiqayotgan uchuvchan moddalarning rangiga va ehtiyotlik bilan hidiga e’tibor bering. Ho‘llangan indikator qog‘ozi bilan hosil bo‘lgan moddalarning xarakterini aniqlang. Reaksiya tenglamalarini yozing va izohlang.
Do'stlaringiz bilan baham: |