KICHIK BIZNES VA TADBIRKORLIK KORXONALARINI TASHKIL ETISH VA DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISH TARTIBI
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (onlayn tarzda va shaxsan kelgan holda).
Aynan tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini qonuniy amalga oshirish uchun dastlabki qadamni davlat ro‘yxatidan o‘tishdan boshlaydi. Chunki har qanday tadbirkorlik subyekti vujudga kelish jarayonida to‘qnashadigan, uni amalga oshirishi shart bo‘lgan taomil bu tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish hisoblanadi.
Umuman olganda, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning ahamiyati keng ko‘lamli va keng qamrovli hisoblanadi. Ushbu taomil davlat uchun ham, tadbirkorlik subyektlarining o‘zlari uchun ham, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning yollanma xodimlari uchun ham va, nihoyat, iste’molchilar uchun ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Davlat va davlat organlari uchun tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, eng avvalo, davlat soliq xizmati uchun, statistik xizmat uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, soliq siyosatini oqilona ravishda amalga oshirish, ular faoliyati ustidan monitoring yuritish tadbirkorlik subyektlari reestri asosida operativ, maqsadli va tartibli amalga oshirilishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tish orqali o‘z faoliyatini huquqiy maydonda amalga oshiradi, tegishli moliya, buxgalteriya hujjatlarini yuritadi.
Faoliyatining samaradorligini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayni paytda tadbirkorlik subyektlari uchun qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquqiy himoya tizimidan, imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.
2017-yil 1-aprelgacha mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2 xil usulda: xabardor qilish tartibi va ruxsat berish tartibida amalga oshirilardi. Xabardor qilish tartibida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-maydagi “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida” PQ–357-son Qarori bilan tasdiqlangan Nizom, ruxsat berish tartibi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish esa Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-avgustdagi “Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish tartibotlari tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” gi 357-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom bilan amalga oshirilar edi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra ikki usul birlashtirildi.
Shuningdek, 2017-yilning aprel oyidan boshlab, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmini batafsil yoritib beruvchi yagona hujjatni tasdiqlash yo‘li bilan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tartibotini tartibga soluvchi 62ta normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.
2017-yil fevral oyidan boshlab “yagona darcha” markazlari barcha tadbirkorlik subyektlari uchun yagona ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ etib belgilandi, banklar va kredit byurolari bundan mustasno. Davlat statistika qo‘mitasining firma nomini zaxira qilib qo‘yishga doir, Davlat soliq qo‘mitasining tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib kiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir, shuningdek Adliya vazirligining chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlari, auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari, birjalar, lombardlar, investitsiya fondlari, bozorlar hamda boshqa tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir funktsiyalari 194ta “yagona darcha” markazlariga topshirildi.
Bundan tashqari, bugungi kunda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etiladigan hujjatlar soni 6tadan amalda 1tagacha qisqartirildi, ya’ni faqat ariza talab qilinadi va unda ko‘rsatilgan ma’lumotlardan ta’sis hujjatlari generatsiya qilinadi (topshirish-qabul qilish dalolatnomasi va taqsimlash balansi taqdim etilishi lozim bo‘lgan qo‘shib yuborish, birlashtirish, ajratib chiqarish hamda bo‘lish holatlari bundan mustasno). Yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 7tadan 1tagacha qisqartirildi, ya’ni faqatgina ariza taqdim etish lozim bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash joizki, ariza bilan, albatta, ta’sischining o‘zi murojaat etishi shart emas, balki Internet jahon axborot tarmog‘i orqali Tizim vositasida Yagona portal orqali ham murojaat qilishi mumkin. (Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi VMQ –66-son Qarori)
Jahon banki uslubiyatiga muvofiq, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish yangi tartibga ko‘ra ikkita jarayonda (birinchisi – barcha ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tartibotlarini avtomatlashtirish bilan real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish, ikkinchisi – taqdim etiladigan qog‘oz hujjatlarni kamaytirish bilan bank hisob raqamini ochish) amalga oshiriladi. Biznes yuritishni boshlash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha rasmiyatchiliklarni inobatga olgan holda korxonani ochish jarayoni (ushbu vaqtga firma nomini zaxiraga olib qo‘yish, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini to‘lash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’sis hujjatlarini olish, muhrni tayyorlash, soliq organlarida, statistika organlarida hamda bankda hisobga qo‘yish va hisob raqamini ochish kiradi) bir kundan kam vaqtni talab qiladi.
Tadbirkorlik subyektlarini Internet orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish shaxsan kelgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishga nisbatan bir qator quyidagi ustunliklarga ega:
• ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qoladi, natijada arizachilarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazishga davlat bojini to‘lash uchun bank kassasiga shaxsan tashrif buyurish zaruriyatidan xalos etadi, bu esa arizachilarning bilvosita sarf-xarajatlarini kamaytiradi;
• hujjatlar Internet orqali onlayn topshirilganda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, shu jumladan, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari stavkalari shaxsan tashrif buyurgan holatga nisbatan ikki barobar kam qilib belgilangan;
• biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va topshirishni arizachi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda boshlash, to‘xtatib turish yoki qaytadan boshlash mumkin bo‘ladi;
• ro‘yxatdan o‘tkazishga so‘rovnoma tanlanayotgan firma nomini avtomatik tarzda tekshirishni inobatga olgan holda arizachi tomonidan ma’lumotlarni asosan ochiladigan menyudan tanlash yo‘li bilan onlayn to‘ldiriladi, bu esa noaniqliklarni bartaraf etadi, taqdim etilayotgan ma’lumotlarni standartlashtiradi va ularni qayta ishlashni soddalashtiradi;
• biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan imzolash talab etilmaydi, bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Yagona portalda unda ko‘rsatilgan usullardan biri orqali masofadan ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi;
• arizachilarning xohishiga ko‘ra, avtomatlashtirilgan tizim arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan kelib chiqib shakllantiradigan, ta’sis hujjatlarining namunaviy shakllaridan foydalanish yoki arizaga skaner qilingan ta’sis hujjatlarini ilova qilish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |