Avvalambor tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish nima uchun kerak degan savol ko‘pchiligimizni qiziqtirishi tabiiy, albatta. Bunga esa quyidagicha javob topish mum
Avvalambor tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish nima uchun kerak degan savol ko‘pchiligimizni qiziqtirishi tabiiy, albatta. Bunga esa quyidagicha javob topish mumkin.
Ya’ni har bir davlat iqtisodiy islohotlar jarayonida uning maqsad va vazifalarini belgilaydi, yo‘naltiradi, boshqacha aytganda, bosh islohotchi vazifasini bajaradi. Ushbu vazifani amalga oshirishning asosiy qudratli vositasi iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish hisoblanadi. Davlat tegishli qonunlari, qonun hujjatlari orqali tadbirkorlik subyektlarini huquqiy maqomini, ular o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarni, soliq, bojxona siyosatini, imtiyozlar, preferensiyalar va kafolatlarni belgilaydi. Tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslari qay darajada ilmiy asoslangan, adolatli, oqilona, bozor iqtisodiyoti qonunlariga muvofiq bo‘lsa, u shunchalik samarali huquqiy tartibga soladi. Bu esa iqtisodiyot rivojlanishiga, aholi turmush darajasini va bandligini ta’minlashga olib keladi.
Davlat iqtisodiyot sohasida aniq maqsadli boshqaruvni amalga oshirish uchun iqtisodiy huquqiy maydonni yaratib, bu maydonda davlat tuzulmalari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida doimiy, muntazam o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘ymog‘i lozim. Buning uchun tadbirkorlik subyektlari muayyan tashkiliy-huquqiy shakllarga, huquqiy maqomga ega bo‘lishi va u tegishli shaklda va tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lishi talab etiladi. Bunday rasmiylashtirish tartibi esa tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi orqali ta’minlanadi. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta tashkil etish, tugatish jarayonlarini yuridik jihatdan qayd etish orqali davlat nafaqat tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risida, balki iqtisodiyotdagi real voqelik bo‘yicha aniq ravshan axborotlarga ega bo‘ladi va ushbu axborotlar orqali mamlakat iqtisodiy rivojlanishga samarali, oqilona ta’sir etish imkoniga ega bo‘ladi. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkzishning mohiyati aynan shunday holatlarda namoyon bo‘ladi.
Qonunchilikda belgilab qo‘yilgan umumiy qoidalarga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilishning quyidagi shakllari mavjud: Tadbirkorlik huquqi subyektlarining tashkil qilinishi kimning xohish irodasiga va qanday tartibda amalga oshirilayotganligiga qarab ta’sis-farmoyish, ta’sis, shartnomaviy-ta’sis usullariga bo‘linadi.
Ta’sis-farmoyish usul bilan asosan davlat mulkiga asoslangan korxonalar tashkil qilinadi. Bu usulning xarakterli tomoni shundaki, bunda tadbirkorlik subyekti davlat vakil qilgan shaxs tomonidan tashkil etiladi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2008 yil 7 avgust 224-son qarori bilan MCHJ “JV MAN Auto – Uzbekistan” korxonasi tashkil topganligini keltirish mumkin.
Ta’sis etish usuli bilan bitta shaxs ishtirokidagi tashkilotlar ham tuzilishi mumkin.
Ularning faoliyati xususiy mulkka asoslangan bo‘ladi. Misol uchun, bitta shaxs tomonidan xususiy korxonani tashkil etish.
Shartnomaviy-ta’sis usuli bilan ikki va undan ortiq ta’sischilar tomonidan o‘zlarining mulkiy ulushlarini birlashtirish asosida ta’sis shartnomasi tuzish yo‘li bilan xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatining faoliyat yo‘nalishlari belgilanadi va tuziladi.
Misol uchun, bir yoki bir necha shaxslar tomonidan aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va shu kabilarni tashkil etish va tuzish.
Shu bilan birgalikda, yuridik shaxslarni, jumladan tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish usullari to‘g‘risida ilmiy adabiyotlarda turli yondashuvlar mavjud bo‘lib, sivilistik yondashuv bo‘yicha ular quyidagi usullarni o‘z ichiga oladi:
a) farmoyish berish orqali vujudga kelish. Bunda yuridik shaxs muayyan davlat organining farmoyishi orqali vujudga keladi.
b) murojaat qilish usuli. Bunda tadbirkorlik subyektini tashkil qiluvchi muassisning erki-irodasi asosiy rol` o‘ynaydi.
d) ruxsat berish usuli. Bunda vakolatli davlat idorasining ruxsati asosida vujudga keladi.
e) normativ murojaat qilish usuli. Bunda muayyan turdagi tadbirkorlik subyektlarining vujudga kelish imkoniyatlari qonun hujjatlarida oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘ladi va unga muvofiq ravishda tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
f) xabardor qilish usuli. Bunga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti o‘zini vujudga kelganligi to‘g‘risida vakolatli davlat idorasini xabardor qiladi va ushbu organ tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdirishga majbur.
Bunda ro‘yxatdan o‘tkazdiruvchi idorani ro‘yxatdan o‘tkazdirishni rad etish bo‘yicha vakolati mavjud emas. Biroq ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq barcha oqibatlar (agar bunda qonun hujjatlarining birorta talabi buzilgan bo‘lsa) tadbirkorlik subyektining zimmasiga tushadi.