Eng yomon ayb
Luqmoni hakim:
- Inson uchun eng yomon ayb kishining o‘z aybini ko‘ra bilmasligidir! –
degan ekan.
Nafs
Bir boy davlatmandligidan kerilib, shayxga debdi:
Sizga qancha pulu oltin kerak bo‘lsa, mana mendan so‘rang!
Yo‘q, - debdi shayx.
Men qulimning qulidan narsa so‘ramayman!
Ie, qanaqasiga sizga qul bo‘lay?
SHayx javob beribdi:
Nafs mening qulim, sen esa nafsning qulisan!..
G‘iybat
Bir olim g‘iybatchiga debdi:
Aytaylik, sen yomonlayotgan odamning obro‘si kamaydi, ammo bu to‘kilgan obro‘ senikiga kelib qo‘shilmaydi-ku!
CHaqimchilik
Bir kishi Hasan Basriy (q.s) hazratlarining oldilarga kelib: “Falonchi sening haqingda falonday, pistonday noma’qul gaplarni gapirdi”, - dedi.
Qachon?
Bugun.
Qaerda?
Uyida.
Uning uyida nima qilayotgan eding?
Ziyofatga boruvdim.
Ziyofatda nima eding?
Haligi kishi sakkiz xil taomning nomini sanabdi. SHunda Hasan Basriy (q.s) :
O‘sha odamning sakkiz xil taomi qorningga sig‘diyu, bir og‘iz so‘zi sig‘madimi? Tur, ket bu erdan! – dedilar va chaqimchini dargohlaridan quvib chiqardilar.
Isrof
Mol-mulkni behuda isrof qilish, o‘ylamasdan boyligini sarflash to‘liq tanazzulga olib keladi. (az-Zamaxshariy)
Nonni isrof qilmaslikka o‘rgatishadi, ammo isrofning eng yomoni vaqtni behuda ketkazish ekanini uqtirishmaydi. YOshlikda yo‘qotilgan, isrof qilingan vaqtni qarilikda topib bo‘lmaydi. “Vaqtni “essiz”, “qaniydi”, “koshkiydi”lar bilan o‘tkazgan kishining umri eng qisqa umr ekan”. (Najmiddin Kubro)
Ziyonkorlik
Isrofga yaqin tushunchadir. Zararkunanda ham deyiladi. Ammo ko‘p ziyonkorlar o‘zlarini qiziquvchilar deb o‘ylashadi. Aslida ishga yaraydigan buyumlarni kovlab buzish, kir qilish, jahl ustida otish, yirtish, beparvolik qilib qo‘ldan tushirib yuborish, axlatga tashlash ziyonkorlikdir. Boshqalarning mehnati evaziga kelgan har qanday buyumni buzishga, sindirishga hech kimning haqqi yo‘q. Sizning mulkingizga nisbatan shunday muomala qilishsa, birinchi navbatda mehnatingizga achinasiz, demak, xulosa o‘zingizga havola.
Hasad
Olijanob va himmatli odamning go‘shtini hasad ahli eydi, go‘yo qurt- qumursqalar arslon bolasini egani misoli.
Hasad Imom G‘azzoliyning aytishicha, uch turli bo‘ladi:
Boshqaga berilgan ne’matning undan ketishini va o‘zida bo‘lishini istash.
O‘zidagi molning yoki unga bo‘lgan sevgisining yo‘qolishi hisobiga bo‘lsa ham, boshqaga berilgan ne’matning ketishini istash. Bu birinchisidan ham yomondir.
Boshqaga berilgan ne’matning ketishini istamasa-da, uning ko‘payishini istagan holda uning o‘zidan yuqori darajaga ko‘tarilishini yoqtirmaslik, o‘ziga teng bo‘lishiga rozi bo‘lsa ham, oshib ketishini istamaslik.
Amir Temur: Menga hasad qilib, o‘ldirishga qasd qilgan kishilarga shunchalik sovg‘a-in’omlar berib, muruvvatu ehson ko‘rsatdimki, bu yaxshiliklarni ko‘rib, xijolat teriga g‘arq bo‘ldilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |