HUSAYN VOIZ KOSHIFIY - o‘zining “Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati” asarida aytishicha, inson axloqini poklashni, mehr- shafqatli bo‘lish, himmat va mardlik ko‘rsatishni, bor narsasini hech kimdan qizg‘anmaslikni, qalbni kibru havo, gina-kudurat, hasad-g‘azabdan pokiza tutishni, hamma vaqt xalq xizmatida bo‘lishni, barchaga muruvvat ko‘rsatish va evaziga hech narsa talab qilmaslikni targ‘ib etadi.
ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR - asarlarida insoniy munosabatlarni rivojlantirishga, odamlar orasida mehr-oqibat urug‘ini sochishga, iymonli-diyonatli bo‘lishga, barchani hayotni qadrlash, halol, sof ko‘ngilli bo‘lishga, muhtojlarni oyoq-osti qilmaslikka da’vat etadi. Bobur uchun o‘zga yurtdagi boyligi qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ularning hech biri, duru gavharlari-yu, ko‘hinurlari ona yurtning bir qism tuprog‘iga, bir qultum suviga, bir qarich qovuni-yu, bir shingil uzumiga teng kelmasligini e’tirof etadi.
MIRZO ABDULQODIR BEDIL fikricha, iymonning nuri aqldadir. Axloqiy fazilatlarga erishishda ilm va axloq yagona negizning egizak jihatlari bo‘lib, ular bir-birini taqozo qiladi. Nodon beadab bo‘lgani kabi, beadab ilmning qadriga etmaydi. Axloq – insonning ma’rifiy gavhari. Turli xil illatlar, ayniqsa, hirs shu gavharning zavolidir. Ular tufayli kishida xotirjamlik yo‘qoladi, uning tinchligi buziladi. Xayoli beqaror holatga keladi. Kimningki “hirs-havasga ko‘zi to‘ymaydi, uning gado kosasini to‘ldirmoq mahol”. “Jahon talab etgan” – mansab, amal, molu mulkka tuzoq qo‘ygan bandalar aql-zakovatdan judo, fahm-farosatdan yiroqdadirlar, haqiqat, adolatning mazmun-mohiyatini anglamaydilar. Bundaylarga fazlu kamol zabun, topilmaydigan matohdir. Ularning dili o‘rtanmaydi, qalbi bezovtalanmaydi, chunki vijdon g‘aflatda, kibru havo, manmanlik osmonida. Bedil o‘zining axloqiy o‘gitlarida do‘stlikni, karamni, muruvvat va saxovatni rahm-shafqatni, adolatni ardoqlaydi.
BOBORAHIM MASHRAB - hayotga teranroq kirib borar ekan, unda ildiz otgan axloqiy tubanlik, noxushliklarning shohidi bo‘ladi. U bu tushkunlikdan qutulish yo‘llari va najot tadbirlarini izlaydi. Mashrab bu najotni zamindan emas, ilohiy ishqdan axtarish lozim, degan yagona xulosaga keladi. Uning fikricha, afsuski, jamiyat ahlining bir qismi o‘z-o‘zi bilan ovora: bu dorul-fano dunyo (o‘tkinchi dunyo) huzur-halovatlarining tashvishida “g‘arq” bo‘lgan, molu mulkka ortiqcha ixlos qo‘ygan. Uning bor kuch-g‘ayrati, mehr ishqi boylik orttirish, eyish va ichishdan lazzatlanishdan iborat bo‘lib qolgan, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlar hayotdan quvg‘in qilingan. Hasrat- nadomatda kun kechirayotgan etim-esirlar, qashshoqlarning holidan xabar
olish, og‘irini engil qilish hech kimning xayoliga kelmaydi. Muruvvat va saxovat anqoning urug‘iga aylangan. Insonning durdonaga aylanishi avvalambor uning o‘ziga bog‘liq. Buning uchun u “eski robot” deb atalmish bu dunyo mashmashalarining asiri bo‘lib qolmasligi kerak. Inson o‘zining boridan begona, uning jamoliga parvona bo‘lib, qiyinchiliklar ummoniga cho‘msa, azob-uqubatlarni pesh qilmasa, zahar-zaqqum yutsa, kishilar o‘rtasidagi nizolardan, kundalik hayot ikir-chikirlaridan yuqoriroq ko‘tarila olsagina sadafga durdona bo‘lib joylashishi mumkin. Inson tabiatini nafs balosidan, noxushliklardan xalos qilishi, ma’naviyatidan bahramand bo‘lishi uni o‘z maqsadi sari etaklaydi,- deydi shoir.
Do'stlaringiz bilan baham: |