masala – muammo – gipoteza – nazariya – konsepsiya gnoseologik zanjiri rivojlanuvchi ilmiy bilimni
mustahkamlaydi. Muammo to‘g‘risida bu bilmaslik haqidagi bilim, deydilar.
Muammo ob’ektning hali anglab yetilmagan mazmuni haqida ilgari aniqlangan
faktlar va mulohazalarni o‘z ichiga oluvchi fikrlar majmui sifatida tushuniladi.
Muammo tushunchada ifodalangan kuzatish tili va nazariya tili, empirik fakt va
nazariy tavsif o‘rtasidagi ob’ektiv ziddiyat sifatida namoyon bo‘ladi. Muammoni
qo‘yish va yechish yangi bilim olish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Biroq
muammoning o‘zi ham dam jamg‘arilgan bilimda mavjud bo‘lmagan mazmun
sifatida, dam mavjud asosiy nazariya, bilimlar majmuidan keltirib chiqarilgan
mazmun sifatida talqin qilinadi.
Gipoteza nazariyani yaratishning dastlabki bosqichi sifatida tushuniladi. Gipoteza
(lotincha «taxmin») shaklan shunday bir xulosaki, uning yordamida muayyan
hodisaning ehtimol tutilgan asoslari va sabablari haqidagi farazlar, taxminlar, fikrlar
ilgari suriladi. Engels gipoteza – tabiatshunoslikning rivojlanish shakli, deb aytgan
edi. «Gipotezalar to‘qish bilan shug‘ullanmayman», degan so‘zlar Nyuton ismi bilan
bog‘lanadi va gipotezaning ilmiy bilishdagi o‘rni va ahamiyatini ma’lum darajada
rad etadi. Gipoteza o‘zi tahlil qilish uchun taklif etilgan hodisalarning barchasini
tushuntirishga qodir bo‘lsa, u nazariyaga aylanadi. Leybnits, agar gipoteza quyidagi
uch shartni qanoatlantirsa, u asosli bo‘ladi, deydi: birinchi – u sodda bo‘lsa; ikkinchi
– ko‘p sonli hodisalarni tushuntirsa; uchinchi – yangi hodisalarni bashorat qilishga
yordam bersa.
Bilish jarayonining taxminiyligi fanning boshqa bir muhim maqsadi – prognoz
qilish xususida mulohaza yuritishga da’vat etadi va prognozning kamida ikki turi:
trivial va notrivial prognozni qayd etishga majbur qiladi. Trivial prognoz ancha inert
tizim barqarorligining namoyon bo‘lish shaklidir. Uning o‘ziga xos xususiyati –
ilgari sababiy bog‘lanishlar tizimida berilgan noaniqlik. Notrivial prognoz «ilgari
kam ahamiyatli bo‘lgani uchun modelga kiritilmagan» omillar amalda mavjud
bo‘lishi mumkinligini hisobga olishga majbur qiladi. Notrivial prognozga quyidagi
belgilar xos. Birinchi – tizimning o‘zgaruvchanligi va harakatchanligi. Ikkinchi –
mutlaqo boshqacha turdagi aloqa.
Fan falsafasiga doir tadqiqotlar kontekstida prognoz qilishning qidiruv prognozi va
normativ prognoz kabi turlari farqlanadi. Qidiruv prognozining mohiyati narsalar va
voqealarning ko‘rsatkichlarini hozirda aniqlangan tendensiyalarni ekstrapolyatsiya
qilish asosida aniqlashdan iborat. Normativ prognoz berilgan normalar va
maqsadlarga muvofiq predmetning ehtimol tutilgan holati haqida so‘z yuritish
imkonini beradi. Rivojlanishning hozirgi darajasi «prognoz grafi» va «maqsadlar
daraxti» deb nomlanadigan prognostik metodlar yaratilishiga olib keldi.