Islom dini. O‘rta Osiyoga arab bosqinining
dastlabki davri. Qutayba yurishlari
Jahon tarixida ulkan iz qoldirgan davlatlardan biri-bu Arab
xalifaligidir. Arab xalifaligi davri O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Yaqin
va O‘rta Sharq, shimoliy Hindiston, Pireneya yarim oroli va shimoliy
Afrika xalqlarining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotida o‘ziga xos
yuksalish davrini belgilab berdi. Arab istilochilari xususida shubhasiz eng
asosiy ma’lumotlarni arab, musulmon mualliflari berib o‘tganlar. Shu
xususda, jumladan, al-Balazuriyning “Futuh al buldon” (Mamlakatlarning
fath etilishi), at-Tabariyning “Tarixi rasuli va muluk” (Payg‘ambarlar va
podsholar tarixi) asarlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Islom dinining vatani Arabiston yarim orolidir. Arablar semit
qabilalari guruhiga mansub bo‘lib, asosan ko‘chmanchi, chorvachilik
bilan hayot kechirgan. Ko‘chmanchilar
badaviylar
deb yuritilgan.
Vohalardagi aholi dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Dengiz bo‘ylari,
vohalarda, shaharlar qad rostlagan bo‘lib, ularda asosan savdo-sotiq va
hunarmandchilik bilan kun ko‘radigan aholi yashar edi.
VI asrning ikkinchi yarmi, VII asrning birinchi yarmidagi arab
ijtimoiy hayoti juda murakkab va rang-barang edi. Unda urug‘-
aymoqchilik munosabatlari endigina kurtak ochib kelayotgan feodal
munosabatlar bilan chatishib ketgan edi. Asosiy savdo yo‘llarining bu
hududdan o‘tishidan arab zodagon-savdo ahli juda manfaatdor edi. Lekin
mamlakatda bu paytda siyosiy parokandalik hukm surar edi. O‘zaro
qabilaviy urushlar natijasida dehqonchilik va savdo-sotiq ishlariga katta
zarar yetkazilar, xonavayronlik avj olgan edi. Bu holat arab aslzoda
guruhlari, zodagonlari manfaatiga zid bo‘lib, mamlakat iqtisodiy
yo‘nalishida yuqoridagi salbiy holatlar katta zarar yetkazar edi.
Yuqoridagi vaziyat ham turli tabaqa, toifa kishilarining o‘zaro
hamjihatlikka yagona, kuchli davlat atrofiga birlashishga chaqirar edi.
Aholi ichida ko‘p xudolik-butparastlik urf edi (xususan Ka’bada 360 ta
but bo‘lib, ularning eng yiriklari Hubal va Lut bo‘lgan).
Shunday vaziyatda Islom to‘g‘ri va haq yo‘lni ko‘rsatuvchi din
sifatida yuzaga keldi. Islom-bu Alloh yagona deb e’tirof etib, unga
bo‘ysunmoqlik va butun qalbi bilan unga ixlos qilmoqlik va Alloh
buyurgan diniy e’tiqodga iymon keltirmoqlik demakdir. Islom “itoat”,
“bo‘ysunish” ma’nolarini bildiradi. Bu dinning asoschisi Muhammad
payg‘ambar (s.a.v.) (570-632) makkalik Abdullohning o‘g‘li bo‘lgan.
Uning bobosi Abumutallib quraysh qabilasining boshlig‘i bo‘lgan.
120
Muhammad payg‘ambarning ta’limotiga ergashganlarni “muslim”,
ya’ni “itoatkorlar” deb yuritganlar. O‘z payg‘ambarlik faoliyatini
Muhammad Makkada boshlagan. Makka Arabiston yarim orolining
g‘arbiy qismidagi Hijoz viloyatida joylashgan shahar bo‘lib, bu yerda
Ka’ba joylashgan edi. Diniy ta’limotga ko‘ra Ka’bani Odam Ato barpo
qilgan bo‘lib, uni Ibrohim payg‘ambar o‘z o‘g‘li Ismoil bilan birga qayta
qurgan va birinchi Haj safarini uyushtirgan. Ka’baning ichida muqaddas
tosh “Hajar-ul-asvod” o‘rnatilgan. Har yili bu muqaddas joyga millionlab
musulmonlar ziyoratga keladilar.
Muhammad payg‘ambar muslim (musulmon)larning yagona Alloh
oldida teng ekanliklarini, Yaratganning o‘zi rizq-ro‘z ulashishini,
jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi jazo muqarrar va har bir kishi bu
dunyodagi ishlariga ko‘ra taqdirlanishi, inson Yaratgan, yolg‘iz
Allohgagina e’tiqod qilishini targ‘ib qiladi. Bu ta’limot aholining barcha
qatlamlari manfaatlariga mos bo‘lib, tez orada birinchi navbatda shahar
ahli ichida tarqala boshlaydi. Lekin yangi din tarafdorlarining ahvoli
ularning e’tiqodlariga ko‘ra og‘irlashib borgandan so‘ng bir qism
musulmon aholi Habashistonga, ba’zilari shimolga qarab ketishga majbur
bo‘ldilar. Muhammad ham o‘ziga qarshi turgan quraysh qabilasi
a’zolarining ta’qibi kuchayib ketgan 622 yil 16 iyulda (ba’zi adabiyotlarda
15 iyul deyiladi) o‘zining eng yaqin do‘sti va safdoshi Abu Bakr bilan
Makkadan Madinaga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Bu arab tilida “hijrat”
deb atalib, shu kundan boshlab musulmon olamida qabul qilingan hijriy
yil boshlanadi. (Hijriy yil hisobi 2 xil bo‘ladi: hijriy-qamariy, ya’ni oy
hisobi bo‘yicha va hijriy-shamsiy, quyosh hisobi bo‘yicha).
Madinada Muhammad o‘z ta’limotini davom ettiradi. Madinada
shuhrat qozongan makkaliklar butparastlik g‘oyalariga qarshi ham harbiy,
ham siyosiy zarba bera boshlaydilar. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar
vafot etgach (632 y), ketma-ket “Xulofoiy rashoddin” (haq yo‘ldan
borgan sahih xalifalar) nomlarini olgan Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar
(661 yilgacha) payg‘ambar siyosatini davom ettirib, Arabiston yarim
orolida markazlashgan-Arab xalifaligi davlatiga asos soladilar. O‘zaro
qabilalar birlashuvi, dini islomning yoyilishida ilohiy muqaddas kitob
Qur’onning o‘rni nihoyatda katta bo‘ldi.
VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Xalifalik kengaya borib o‘z
chegaralarini g‘arb va sharq tomon kengaytirishga harakat qildi. Yaqin va
O‘rta Sharqning boy viloyatlari qo‘lga olinib, nihoyatda uyushgan va
jangovar arab qo‘shini shiddat bilan harakatlarini boshlab yuborgan edi.
Bir vaqtning o‘zida arablar o‘z yurishlarini Vizantiya va Eronga qarshi
121
olib bordilar. Sosoniylarning so‘nggi vakili Eron shohi Yozdigard III
(632-651) arablarga qarshi turishga harakat qildi. Lekin Kadisiya (636 y.)
va Nahavand (642 y.)dagi janglarda arablar qo‘shini forslarga qaqshatqich
zarba berib Sosoniylar sulolasiga barham berdilar. Vizantiyaga qarshi
qilingan harbiy harakatlar natijasida Falastin, Misr, Suriya, Iroq egallandi.
Xalifa Umar ibn al-Xattob (634-644) davrida ilk bora arab istilochilari
Xuroson chegaralarida paydo bo‘lgan edi. 643-644 yillarda arab
sarkardasi Abdulloh ibn Varqa Kirmonni egallab Xurosonning janubdagi
darvozalari hisoblangan Tabas va Qureynga yurish qiladi. Bu yerning
aholisi o‘z zimmasiga yiliga 60000 dirham soliq to‘lash majburiyatini
oladilar.
Arablarning keyingi harbiy harakatlari 650-651 yillarga to‘g‘ri
keladi. Shu yillarda Basra noibi ibn Kurayza Xuroson bilan chegaradosh
yerlarga yurish qiladi. 651 yilda Marv shahri egallandi. Marv marzaboni
(hokimi) Abraz (Baraz) sarkarda ibn Amirga 2 mln. 200 ming kumush
dirham evaziga tinchlik bilan shaharni topshiradi
Arablar Amudaryodan (Jayxun) shimolda joylashgan yerlarga
“Movarounnahr”, ya’ni, “daryoning narigi tomonidagi yerlar” deb nom
berishadi. Hozirgi Afg‘onistonning shimoli, Eronning shimoli-sharqiy
qismi hamda Janubiy Turkmanistondan to Amudaryogacha bo‘lgan
hududlar esa Xuroson deb yuritilgan. Avval boshda Xurosonning
markaziy shahri Marv, keyinchalik Hirot shahri bo‘lgan.
Arablarning Movarounnahrga qarshi harbiy yurishlari o‘z maqsad va
rejalari bilan 2 davrga bo‘linadi. Birinchi davrda xalifalik istilo etishni
emas, balki harbiy jihatdan tayyorgarlik ko‘rish, mahalliy hukmdorlar
kuch-qudratini sinab ko‘rish, mavjud geografik, harbiy, iqtisodiy, siyosiy
joylashuvini o‘rganish, kichik yurishlar orqali katta o‘ljalar orttirish
rejasini amalga oshiradi.
651-yili noib Abdulloh ibn Amir hukmronligi davrida arablar
Xurosondagi Nishopur, Obinahr, Tus, Jom, Obivard va boshqa katta-
kichik qo‘rg‘on shaharlarni egalladilar. Faqatgina 651-yilning o‘zida
Xuroson noibi ibn Amir yangi egallangan yerlardan xalifa xazinasiga 6
mln. 200 ming dirham to‘plagan soliqlarni yuboradi. Balx yaqinidagi hal
qiluvchi jangda (652-y.) arablar Balx shahrini egallashadi. O‘sha yili
Amudaryodan o‘tib Movarounnahrga hujum qilish rejasi arablar uchun
muvaffaqiyatsiz tugaydi. Lekin shu bilan birga, har holda Xuroson noibi
Abdulloh ibn Amir 652-yil boshida Chag‘oniyonni egallashga muvaffaq
bo‘ladi. Bu esa ilk bor Movarounnahr yerlarini egallash edi. 654-yili
Sug‘ddagi Maymurg‘ qal’asiga arablarning birinchi hujumi bo‘ladi.
122
657-yili Chag‘oniyonga arablar qayta yurish qilib eftalitlarga qarshi
qat’iy zarba berdilar. Arablar keng miqyosdagi hujumlarga tayyorgarlik
ko‘ra boshlagan edilar. Xalifalik ichidagi o‘zaro hokimiyat uchun ichki
nizolarning kuchayishi natijasida arablarning Movarounnahr yerlariga
hujumlari bir oz to‘xtab qoladi. Hatto 658-659 yillarda noib Xulayd
Nishopur va Marv aholisidan arzimas soliqlar olish xususida shartnoma
imzolab, bosib olingan Xuroson yerlaridagi nazoratni ancha susaytiradi.
661 yili hokimiyat boshiga yangi Ummaviylar (661-750) sulolasining
kelishi harbiy harakatlarning faollashuviga sabab bo‘ladi. 665-yili xalifa
Muoviya (661-680) Ziyod ibn Abu Sufyonni Basra, Seyiston va Xuroson
noibi etib tayinlaydi. Xalifa unga jadal harbiy harakatlar qilish
topshirig‘ini bergan edi.
Narshaxiyning yozishicha, 673-yilning kuzida xalifa Muoviyaning
farmoni bilan Xuroson noibi Ubaydulloh ibn Ziyod Amudaryodan kechib
o‘tib Buxoro viloyatiga bosib kiradi, Poykand va Romitonni egallab,
Buxoro shahrini qamal qiladi. Yordamga kelgan turkiylar buxoroliklar
bilan bir qator turib arablarga qarshi jangda qatnashadilar. Bu jangda
arablar g‘olib keladilar. O‘sha yili arablarning ar-Rabiy boshchiligidagi
harbiy otryadi Amul, Zemm va Xo‘jand atroflarigacha bo‘lgan yerlarga
hujum qilib, katta o‘lja bilan orqaga qaytishgan edi. 676-yili Xurosonning
yangi noibi Sayid ibn Usmonning Buxoro va Samarqandga yurishida
Muhammad payg‘ambarning jiyani Qusam ibn Abbos ibn Abdul-Mutallib
ishtirok etadi. Samarqand yonidagi janglardan birida halok bo‘lib, so‘ng
keyinchalik Shohi Zinda (tirik shoh) nomini olgan qabristonga dafn
etiladi.
Sayid ibn Usmonga qarshi Buxoro malikasi Xo‘takxotun So‘g‘d,
Kesh, Nasafdan yordamga kelgan 120000 kishilik harbiy qo‘shin bilan
peshvoz chiqadi. Lekin so‘g‘dliklar jang maydonini tashlab chiqib
ketganlaridan so‘ng malika kattagina boj (300000 dirham) to‘laydi.
Sayid ibn Usmon Buxorodan Samarqandga yo‘l oladi. Samarqand 1
oy davomida qamal qilinadi. So‘g‘dliklar jasorat bilan qarshilik
ko‘rsatadilar. Sayid ibn Usmon so‘g‘dliklar bilan sulh tuzishga majbur
bo‘ladi. U Samarqanddan 30000 kishini asirga olib, orqaga qaytadi va
yo‘l-yo‘lakay Termiz shahrini ham istilo etadi.
Xalifa Yazidning vafotidan (683 y.) so‘ng toju-taxt uchun kurash
boshlanib ketadi. Bunday vaziyatda arablar yana Movarounnahrga hujum
qilishdan deyarli to‘xtab, o‘z ichki nizolari bilan band bo‘lib qoladilar.
Xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida ichki nizolarga
chek qo‘yilgandan so‘nggina arab siyosiy arboblari va zodagonlari
123
Movarounnahrga haqiqiy yurish qilish vaqti keldi deb topdilar. Yangi
tayin etilgan Xuroson noibi Qutayba ibn Muslimga Iroq noibi al-Hajjoj
Movarounnahrni butkul egallashni va qat’iyat bilan harakat qilishni
topshiradi. Arab bosqinchiligining ikkinchi davri, ya’ni, Movarounnahr
yerlarini xalifalikka butunlay qo‘shib olish boshlanadi.
O‘rta Osiyodagi siyosiy parokandalik va kichik davlatlarning bir-
birlari bilan tez-tez nizolarga borib turishi Qutaybaga qo‘l keldi. O‘z
harbiy yurishlarini Qutayba 705 yil Balx viloyatini bosib olish bilan
boshladi. Balxdan tashqari Qutaybaga Chag‘oniyon, Shuman va O‘rta
Osiyoning janubidagi kichik viloyatlar bo‘ysunadi. Chag‘oniyon hokimi
Tish arablar tomoniga o‘tib ketadi.
706-yil Qutayba katta qo‘shin bilan Movarounnahrga kirib keldi.
Tabariyning ma’lumotlariga ko‘ra, Qutayba eng obod va boy shaharlardan
biri Poykand tomon harakat qildi. Uning qo‘shini tarkibida arablar
xizmatiga o‘tgan Balx va Chag‘oniyon hokimlarining ham qo‘shinlari bor
edi. Poykandning ko‘pchilik aholisi savdogarlar edi. Shaharda qoldirilgan
harbiy qo‘shinga turk sarkardasi bosh edi. So‘g‘d va boshqa viloyatlardan
kelgan kuchlar bilan poykandliklar arablarga qattiq turib qarshilik
ko‘rsatdilar. Arablar sug‘dlar tomonidan o‘rab olinib Qutaybaning barcha
yo‘llari kesib qo‘yildi.
Lekin ichki ittifoqning yo‘qligi, o‘zaro nizolar natijasida Poykand
himoyachilarining kuchi zaiflasha bordi. Qutayba qal’aga birinchi safda
borgan va shahid bo‘lgan kishilarning oilalariga katta mukofot va’da qildi.
Ketma-ket 15 kun davom etgan janglardan so‘ng arablar qal’a devorini
teshishga muvaffaq bo‘ldilar. Shahardagi og‘ir janglardan so‘ng Poykand
arablar qo‘liga o‘tdi.
Poykand fojeasidan so‘ng Qutayba boshliq kuchli raqibga zarba berib
uni mag‘lub etish maqsadida Sug‘d podshosi Tarxun, Buxoro hukmdori
Xunukxudod, Shopurkom hokimi Vardanxudod boshliq katta qo‘shin
yig‘ildi. Ularga turklar yordamga kelib, jami qo‘shinning miqdori 40000
kishi atrofida edi.
Ittifoqchilar qo‘shini Buxoro yaqinida Torob, Xunbun, Romiton
oralig‘ida to‘plandi. Qutayba qurshovda qoldi. Arablarning ahvoli
nihoyatda og‘irlasha bordi. Shunda bu ahvoldan qutulish uchun Qutayba
makkorlik yo‘lini tutib, nayrang ishlatadi. Narshaxiyning yozishiga ko‘ra,
Qutayba Xayon-an-Nabatiy ismli o‘z kishisini ittifoqchilar ichida qudratli
bo‘lgan So‘g‘d podshosi Tarxunga maxfiy suratda vakil qilib yuboradi.
Nabatiy Tarxunga arablar havo sovushi bilan shundoq ham Marvga qaytib
ketajaklarini, holbuki turkiylar So‘g‘dni arablar ketganidan so‘ng butkul
124
egallab olajaklari xususida soxta xabar yetkazadi. Bu xabar ittifoqchilar
ichida bo‘linishga sabab bo‘ladi. Tunda sarosimaga tushgan Tarxun
Qutayba lageriga sovg‘a-salomlar bilan 2 mln. dirham yuborib, evaziga
sulh shartnomasi matnini oladi.
Arablar ittifoqchilarni zaiflashtirib, ketma-ket ular yerlarini egallay
boshlaydilar. 708-709 yillar mobaynida Qutayba Buxoro va uning atrofiga
bir necha bor hujum qilib, Buxorxudod Tug‘shod qo‘shinlarini tor-mor
etadi va unga amir etib o‘z yaqinlaridan birini tayinlaydi. Amir
Buxorxudod ustidan nazorat qilib turish, Buxoroda qoldirilgan harbiy
qismga askarboshilik qilish, aholidan soliq undirishi va uni o‘z vaqtida
xalifalikka yetkazib berish vazifasini ado etar edi.
Xorazmda boshlangan ichki ziddiyatlar Qutayba fikrini o‘zgartirdi.
Xorazmda xalq g‘alayoni boshlangan bo‘lib, unga Xorazmshoh
Chag‘onning ukasi Xurzod boshchilik qilar edi. Qutayba Xurzod
boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarni tor-mor keltiradi. 710-712 yillarda
Xorazmshoh Qutayba bilan tinchlik sulhini tuzib, unga 10000 qoramol
miqdorida boj to‘laydi. Xorazm shu bilan o‘z mustaqilligini yo‘qotib
arablar hokimiyatini tan oladi. Qutayba esa o‘z qo‘shini hamda
Xorazmshoh va Buxorxudod qo‘shinlari bilan birgalikda Samarqandga
yo‘l oladi.
Shu paytda norozilik va qo‘zg‘olon natijasida shahar podshosi
Tarxun taxtdan ag‘darilgan edi. Sug‘d podshosi va Samarqand afshini
sifatida Tarxunning ukasi G‘urak (710-737) taxtga o‘tiradi. Tarxun esa
hibsda o‘zini-o‘zi halok etadi.
G‘urak Qutaybaga qarshi chiqadi. Kattaqo‘rg‘on yaqinidagi Arbinjon
mavzesida shiddatli jang bo‘lib o‘tadi. Ammo G‘urakning kuchlari ozlik
qilib Samarqandga chekinishga majbur bo‘ladi. Arablar tomonidan
Xorazm va Buxoro hokimlari qo‘shinining qatnashuvi, sug‘diylarning
yakkalanib qolishlari va atrofdan yordam ololmasliklariga sabab bo‘ladi.
Undan tashqari Samarqand zodagonlari ichida birlik ham yo‘qoladi.
Tarxunning o‘limidan so‘ng uning tarafdorlari ko‘proq arablarga yon bosa
boshlashadi. Panjikent hokimi Devashtich shu guruhga rahbarlik qila
boshlaydi. Qutayba esa “Tarxun o‘limi uchun qasd olaman” deb e’lon
qiladi.
Qamalda qolgan G‘urak Shosh podshosi, Turkiy hoqon va Farg‘ona
ixshidiga murojaat qilib ulardan yordam so‘raydi. Turkiylar qo‘shini bu
paytda Sug‘d chegarasi yaqinida bo‘lib Farg‘ona va Shosh qo‘shinlari
bilan birgalikda ittifoqchilar lashkarini vujudga keltiradi. Ittifoqchilar
qo‘shinining tepasiga lashkarboshi etib Turkiy hoqonning kichik o‘g‘li
125
Inal hoqon tayinlanadi. Qutayba darhol o‘z ukasi boshchiligida saralangan
qo‘shin tuzib, ittifoqchilar yo‘liga tuzoq qo‘yadi. Arablar ittifoqchilarni
tor-mor etib, ularning mol-mulklarini talaydilar.
Qutayba shundan so‘ng Samarqandga hujumni kuchaytiradi. Shahar
ra’danroz (tosh otg‘ich)lardan o‘qqa tutiladi. Bu janglarda ayniqsa
buxoroliklar, xorazmliklar katta jonbozlik ko‘rsata boshlaydilar. Bir oy
davomida shahar mudofaachilari Samarqandni qahramonona mudofaa
qildilar. Arablar oxir oqibatda shahar devorlarini buzib shahristonga
bostirib kirdilar. Samarqand arablarga taslim bo‘ldi. G‘urak va Qutayba
o‘rtasida sulh tuzildi.
Qutayba jo‘nab ketishi oldidan shaharda o‘z ukasi Abdurahmon ibn
Muslim boshliq yaxshi saralangan qo‘shinni qoldirib ketadi. Lekin
matonatli Sug‘d aholisining qarshiligi bu bilan tugamaydi. Al-
Yaqubiyning yozishicha, 712-yil kuzida Samarqandda arab noibiga qarshi
qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Ularga turklar yordam beradi. Faqatgina 713 yil
bahorida Qutaybaning yetib kelishi bilan shahardagi qo‘zg‘olon
bostiriladi.
Mug‘ tog‘idan topilgan hujjatga ko‘ra Qutayba o‘zining keyingi
yurishlarida Shosh, Farg‘ona va Turkiy hoqonlik qo‘shinlaridan iborat
yana bir harbiy ittifoqning qarshiligiga duch keladi. Sug‘d, Choch,
Farg‘ona ittifoqiga Panjikent hokimi Devashtich ham qo‘shiladi. U Choch
va boshqa yerlarga o‘z elchisi Fatufarnni yuboradi. Fatufarn nomani
Choch hukmdori Moxedu tudun (Bahodir tudun)ga topshiradi. Qolgan
ikki maktubni Farg‘ona elchisi orqali turkiylar hokimi va Farg‘ona
ixshidiga berib yuborgan.
Qutayba bu o‘lkalarni tezda o‘ziga bo‘ysundirish harakatiga tushadi.
Tabariyning ma’lumotlariga ko‘ra, Qutayba 713-yil Buxoro, Kesh, Nasaf
va Xorazm aholisidan 20000 askar to‘plab berishni talab qildi. O‘z
qo‘shini bilan uni qo‘shib, qo‘shinni 2 ga bo‘lib ajratadi. Kesh, Nasaf,
Xorazmdan kelgan qo‘shin Choch viloyatiga, o‘zi esa asosiy kuch bilan
Ustrishona orqali Farg‘ona vodiysiga yo‘l oladi. Birinchi qo‘shin Choch
qo‘shinini tor-mor etib, Choch viloyatini egallaydi. Qutayba esa
Ustrishonda hal qiluvchi jang olib borib Xo‘jand va Kosonni zabt etadi.
714-yil Qutayba Turkiy hoqonlikdan harbiy yordam kelish yo‘lini
to‘sish maqsadida Choch vohasiga qayta bostirib kiradi. O‘sha yili asosiy
yo‘ldagi Isfijob (Sayram)ni ishg‘ol etadi. 715-yil boshida esa Farg‘ona
podshosi qochib ketishga majbur bo‘ladi. Qutayba o‘sha yili
Qashqargacha bo‘lgan yerlarni istilo etadi. Hamma viloyatlarga
arablardan bo‘lgan amirlarni noib etib tayinlaydi. O‘sha yili arab xalifasi
126
Volid vafot etadi. Xalifalik taxtiga Sulaymon ibn Abdulmalik o‘tiradi.
Qutayba Sulaymonga nisbatan g‘animlik munosabatida bo‘lib, uni
qo‘llamas edi. Qutayba uni taxtga chiqishidan norozi bo‘lib isyon
ko‘taradi. Natijada bu isyon muvaffaqiyatsiz tugab Qutaybaning o‘zi
Farg‘onada o‘ldiriladi (715-y).
Shunday qilib, 10-yil davomida olib borilgan doimiy kurashlar
natijasida Movarounnahr xalifalik ixtiyoriga kirsa-da, ammo uning
mag‘rur aholisi o‘zini butkul tobe etilgan deb hisoblamaydi. Shuning
uchun ham Qutayba har yili qishlash uchun Marvga jo‘nab ketar, bahorda
esa yangi kuchlar bilan Movarounnahrga hujum qilar edi. Shuning uchun
ham arablar Movarounnahrni egallashda muvaffaqiyat qozondilar. Buning
asosiy sabablari quyidagicha edi. Avvalo mamlakatda hukm surayotgan
siyosiy tarqoqlik va kichik hukmdorlarning o‘zaro kurashlari arablarga
juda qo‘l kelgan edi.
Bu vaziyatdan ular ustalik bilan foydalanishar edi. Ular kichik
davlatlarning o‘zaro birlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildilar va
buning uddasidan chiqdilar. Arablar o‘zaro kurashayotgan hokimlarning
biriga ikkinchisini yengishi uchun yordam ko‘rsatib, keyin ularning har
ikkisini ham birin-ketin bo‘ysundirdilar. So‘g‘dni zabt etishda Qutayba
arab qo‘shini bilan bir qatorda Xorazm, Buxoro va Nasafning kuchlaridan
foydalangan edi.
Ayniqsa arablar ko‘chmanchi jangovar turkiylar bilan o‘troq
dehqonchilik viloyatlari aholisi o‘rtasida ba’zan yuzaga kelgan
kelishmovchiliklardan foydalanib, ularni birini ikkinchisiga qarshi
qo‘ydilar va ittifoqchilarni ajratib yuborishga muvaffaq bo‘ldilar. Shu
bilan birga, xalifalik Movarounnahrdan harbiy qurol-aslahalar jihatidan
unchalik ustun bo‘lmasa ham, biroq qo‘shin saflarini to‘ldirib turish
imkoniga ega edilar.
Arablar qo‘shiniga muntazam ravishda yangi harbiy kuchlar ichki
viloyatlardan safarbar qilib turilar edi. Undan tashqari keskin qarshilik
kurashini olib borgan xalq, mahalliy hukmdorlarning xoinona harakatlari,
arablar bilan maxfiy til biriktirishlari tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |