O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 22-noyabr,
937-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘lash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida (keyingi o‘rinda OAK deb ataladi) ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘lash tartibini belgilaydi.
2. OAK ekspert kengashlarining shakllantirilishi va faoliyati tartibi qonunchilik tomonidan belgilanadi.
3. OAK ekspert kengashlari raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga haq to‘lash OAK tomonidan, har yili “Fan” sohasi bo‘yicha joriy xarajatlar uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.
4. OAK ekspert kengashlari raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga haq to‘lash qonunchilikka muvofiq, ular tomonidan OAK bilan belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
2-bob. OAK ekspert kengashlari raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga haq to‘lash tartibi va miqdorlari
5. OAK ekspert kengashlari a’zolarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga haq to‘lash soatbay shartlarda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
ekspert kengashi raisi va ilmiy kotibiga — ekspert kengashining har bir o‘tkazilgan majlisi uchun, amalda uni o‘tkazish uchun sarflangan vaqtdan kelib chiqqan holda, biroq har bir majlis uchun 5 soatdan ko‘p emas;
ekspertlarga — fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish uchun 8 soat hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish uchun 5 soat hisobidan.
6. OAK ekspert kengashlari majlislarini o‘tkazish jadvali OAK bosh ilmiy kotibi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Ilmiy daraja olish yuzasidan bir dissertatsiya ekspertizasi ekspert kengashi raisi tayinlaydigan bir ekspert tomonidan o‘tkaziladi.
Ilmiy daraja olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha bahsli vaziyatlar vujudga kelganda, ekspert kengashi raisi tomonidan OAK raisi bilan kelishilgan holda mazkur dissertatsiyani boshqa ekspert tomonidan takroran ekspertizadan o‘tkazish tayinlanib, uning mehnati uchun haq to‘lash ushbu Nizomning 5-bandi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
8. OAK ekspert kengashi raisi, ilmiy kotibi va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga soatbay haq to‘lash miqdori rahbar kadrlar va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ta’lim muassasalari (kurslari) tinglovchilariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadigan shaxslar uchun to‘lanishi nazarda tutilgan soatbay ish haqi miqdoriga tenglashtiriladi.
9. OAK ekspert kengashlari raisi, ilmiy kotibi va ekspertlari mehnatiga to‘lanadigan ish haqi miqdorini belgilash maqsadida ularning ekspert kengashi majlislarida hamda ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazishdagi ish vaqtini hisobga olish OAK mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Chet el fuqarolari tomonidan ilmiy darajalar olish yuzasidan xorijda bajarilgan dissertatsiyalar ekspertizasi to‘lov asosida OAK ekspert kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Chet el fuqarolari tomonidan ilmiy darajalar olish yuzasidan xorijda bajarilgan dissertatsiyalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori OAK tomonidan amaldagi sarf-xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
To‘lov chet el fuqarosi tomonidan OAKning budjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamiga belgilangan tartibda kiritiladi.
Chet el fuqarolari tomonidan ilmiy darajalar olish yuzasidan xorijda bajarilgan dissertatsiyalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun OAK ekspert kengashi raisi, ilmiy kotibi va ekspertlari mehnatiga haq to‘lash kirim qilingan to‘lov hisobidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |