Yan Diderik Van der Vaals
Yan Diderik Van der Vaals (gollandcha Johannes Diderik van der Waals) – golland fizigi, gaz va suyuqliklarning agregat holatlarining yagona fizik tamoyilga asoslanishini tasdiqlovchi holat tenglamasini keltirib chiqarganligi bilan mashhur bo‘lgan olim. Uning asosiy ilmiy ishlari, nazariy va molekulyar fizika sohalariga taaluqlidir. Fizika bo‘yicha 1910-yilgi Nobel mukofoti laureati.
Yan Diderik Van der Vaals 1837 yilning 23-sentyabrida Gollandiyaning Leyden shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Leydendagi boshlang‘ich maktablarning birida dars berish bilan ish boshlagan. Bir vaqtning o‘zida, Leyden universitetiga, haqiqiy talabalik huquqlaridan farq qiluvchi - «erkin tinglovchi» maqomi bilan, ma’ruzalar tinglash uchun doimiy qatnagan. Chunki, o‘sha vaqtdagi Gollandiya davlatining ayrim qonunlariga ko‘ra, Van der Vaals oliy ta’lim muassasasida o‘qish huquqiga ega bo‘lmagan. Shunga qaramay u, 1862-1865 yillar davomida, Leyden universitetining asosiy ma’ruza va seminarlarining barchasiga muntazam qatnagan. Shu tarzda, u o‘zining o‘rta maktablarda fizika va matematikadan dars berish huquqini bruvchi sertifikatining tadbiq doirasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lgan. 1864 yildan boshlab u Deventer shahar o‘rta maktabida o‘qituvchilik qila boshlaydi. Ikki yildan so‘ng, ya'ni 1866 yilda u Gaagadagi o‘rta maktablarning biriga ishga o‘tadi va keyinchalik o‘sha muassasada direktor lavozimiga tayinlanadi. 1869-yilda, molekulalar orasidagi o‘zaro ta’sir kuchlarini kashf qildi va keyinchalik ushbu kuchlar, olimning nomi bilan vandervaals kuchlari deb yuritila boshladi. 1870-yillarga kelib, uning oliy ma’lumotga ega bo‘lishiga to‘g‘anoq bo‘layotgan qonunlarga jiddiy o‘zgartirishlar kiritiladi va Van der Vaals Leyden universitetiga o‘qishga kiradi. 1873 yilda mazkur universitetning Fan Doktori ilmiy darajasini qo‘lga kiritadi. Uning ushbu unvonga erishishiga sabab bo‘lgan ilmiy ishi – «Suyuqlik va gaz holatining uzluksizligi haqida» nomli dissertatsiyasi bo‘lib, ushbu ish, o‘z davrining ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Ushbu dissertatsiyada u moddalarning suyuqlik va gaz holatlarining yagona fizik tamoyilga asoslanishini ifodalovchi fizik modelini bayon qilib bergan bo‘lib, ushbu modelga asoslanib u, muvozanat holatidagi suyuqlik va uning bug‘larining harorati ma’lum darajaga yetgandagi holat tenglamasini keltirib chiqargan. Ushbu ish uchun Van der Vaals, «suyuqlik va gazlarning holat tenglamasi borasidagi ishlari uchun» izohi bilan, 1910-yildagi fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan.
1877 yilda Amsterdam universitetining ochilishi munosabati bilan, Van der Vaals, ushbu universitetga fizika professori lavozimiga ishga taklif etiladi va olim u yerda 1877 yilda to 1908 yilgacha ish olib boradi. Ilmiy faoliyati davomida olim, ko‘plab darslik va risolalar nashr ettiradi. Xususan uning muallifligidagi «Suyuqlik va gaz holatining uzluksizligi» (1873) hamda, «Termodinamika darsligi» kitoblari, hozirgi kunda, termodinamika faniga oid mumtoz-namunaviy asarlar sirasiga kiradi.
Yan Diderik Van der Vaals 1923 yilning 8-mart sanasida Amsterdamda vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |