O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT ChEGARASI TO‘G‘RISIDA
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi (bundan buyon matnda Davlat chegarasi deb yuritiladi) — O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasini (quruqlikda, suvda, yer ostida, havo bo‘shlig‘ida) belgilovchi chiziqdan va bu chiziq bo‘ylab o‘tuvchi vertikal sathdan iborat.
4-modda. Davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish prinsiplari
Davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish paytida O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizlikni ta’minlash zaruratidan kelib chiqadi hamda quyidagi prinsiplarga amal qiladi:
davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, davlat chegaralari daxlsizligi va buzilmasligini o‘zaro hurmatlash;
chegara masalalarini tinch yo‘l bilan hal etish;
chet el davlatlari bilan har tomonlama, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilish;
qo‘shni davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik.
5-modda. Davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish
Davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat chegarasi dyelimitatsiya va demarkatsiya (redemarkatsiya) qilinadi.
Davlat chegarasi quyidagicha belgilanadi:
quruqlikda — o‘ziga xos nuqtalar, relyefning chiziqlari yoki aniq ko‘rinib turadigan joylar bo‘yicha;
kema qatnaydigan daryolarda — daryoning asosiy farvateri yoki talvegi o‘rtasi bo‘ylab; kema qatnamaydigan daryolarda, jilg‘alarda — ularning o‘rtasi yoki daryoning asosiy o‘zanining o‘rtasi bo‘ylab; ko‘llar yoki boshqa suv havzalarida — Davlat chegarasi ko‘l yoki boshqa suv havzasi qirg‘oqlariga chiqqan joylarni tutashtiruvchi to‘g‘ri yoki boshqacha chiziq bo‘yicha. Daryo, jilg‘a, ko‘l yoki boshqa suv havzasi orqali o‘tadigan Davlat chegarasi ular qirg‘oqlarining ko‘rinishi yoki suv sathi o‘zgarganda ham, daryo, jilg‘a oqimi u yoki bu tomonga burilganda ham o‘zgarmay qolaveradi;
suv omborlarida va boshqa sun’iy suv havzalarida — ular suv bilan to‘ldirilgunga qadar Davlat chegarasining mazkur joydan o‘tgan chizig‘iga muvofiq ravishda;
daryolar, jilg‘alar, ko‘llar va boshqa suv havzalari orqali o‘tuvchi ko‘priklarda, to‘g‘onlar va boshqa inshootlarda — Davlat chegarasi suvdan o‘tish-o‘tmasligidan qat’i nazar, shu inshootlarning o‘rtasi yoki ularning texnologik o‘qi bo‘ylab.
6-modda. Davlat chegarasiga belgi qo‘yish
Davlat chegarasi joylarda aniq ko‘rinib turadigan chegara belgilari bilan ko‘rsatib qo‘yiladi.
Chegara belgilarining shakllari, o‘lchamlari va ularni o‘rnatish tartibi qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
Qo‘shni davlatlar o‘rtasida Davlat chegarasi chizig‘ini ko‘rsatib qo‘yish uchun joylarda chegaraning butun uzunligi bo‘ylab, shuningdek chegara bo‘yi daryolari va suv havzalari bo‘ylab chegaraning tozalash mintaqalari belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-noyabrdagi 530-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni davlatlar bilan davlat chegarasi chizig‘ini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi qarori.
7-modda. Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, himoya qilish va qo‘riqlash tadbirlarining moliyaviy hamda moddiy-texnikaviy ta’minoti
Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, himoya qilish va qo‘riqlash tadbirlarini moliyaviy ta’minlash davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, himoya qilish va qo‘riqlash tadbirlarini moddiy-texnikaviy ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan normalarda va tartibda amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.01.00 Chegara rejimi (shuningdek, 01.04.02.00 va 16.02.04.00 larga qarang);
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.02.00 Davlat chegaralarini qo‘riqlash]
Davlat chegarasining shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib o‘tilishi;
Davlat chegarasi orqali tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni olib o‘tish;
Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni o‘tkazish;
Davlat chegarasida yoki uning yaqinida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish tartibini belgilovchi qoidalar majmuidan iborat.
Davlat chegarasi rejimi ushbu Qonun bilan, boshqa qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
9-modda. Davlat chegarasini jihozlash va uni asrash ustidan nazorat qilish
Davlat chegarasini jihozlash chegara belgilarini, tozalash mintaqalarini bunyod etish, saqlash va soz holda bo‘lishini ta’minlashdan, ularni nazorat tarzida ko‘zdan kechirib turishdan, shuningdek qo‘shni davlatlar bilan birgalikda Davlat chegarasi chizig‘ining o‘tishini tekshirib turishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat chegarasini jihozlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlariga (bundan buyon matnda chegara qo‘shinlari deb yuritiladi) Davlat chegarasi chiziqlariga bevosita tutash yer uchastkalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda doimiy foydalanish uchun ajratiladi.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
10-modda. Davlat chegarasining shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib o‘tilishi
Davlat chegarasining shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib o‘tilishi xalqaro avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo qatnovi yo‘llarida yoki qonun hujjatlarida hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilab qo‘yiladigan boshqa joylarda amalga oshiriladi.
11-modda. Davlat chegarasi orqali tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni olib o‘tish
Davlat chegarasi orqali tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni olib o‘tish qonun hujjatlarida hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan joylarda va tartibda amalga oshiriladi.
12-modda. Davlat chegarasi orqali o‘tkazish
Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni o‘tkazish belgilangan o‘tkazish punktlari orqali amalga oshiriladi.
O‘tkazish punktlari soni, joylashgan yer, shuningdek Davlat chegarasi orqali o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-martdagi 89-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risida”gi nizom.
13-modda. Davlat chegarasidagi vaqtinchalik rejim cheklovlari
O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligini ta’minlash maqsadida Davlat chegarasini kesib o‘tish, shu jumladan uning ayrim uchastkalarini kesib o‘tish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda vaqtincha cheklab yoki to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi yoki chet el davlat hududida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi bo‘lgan taqdirda Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Davlat chegarasini kesib o‘tuvchi shaxslar, tovarlar, boshqa mol-mulk, hayvonlar, urug‘liklar, ko‘chatlar hamda kelib chiqishi hayvonotga va o‘simlikka mansub bo‘lgan boshqa mahsulotlar uchun karantin o‘rnatilishi mumkin.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
14-modda. Davlat chegarasida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismida kemalar qatnovi, suv obyektlaridan foydalanish va boshqacha tarzda suvdan foydalanish, suvni iste’mol qilish, suv inshootlari qurish, Davlat chegarasida yerlardan, o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish, konchilik ishlari, geologiya-qidiruv faoliyati va boshqa faoliyat yuritish qonun hujjatlariga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(14-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
15-modda. Davlat chegarasini buzuvchilar
Quyidagilar Davlat chegarasini buzuvchilar deb hisoblanadi:
Davlat chegarasini Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridan boshqa joydan yoki o‘tkazish punktlari orqali bo‘lsa-da, lekin chegarani kesib o‘tish qoidalarini buzgan holda har qanday usul bilan kesib o‘tgan yoki kesib o‘tishga harakat qilayotgan shaxslar;
chet elga ketayotgan transport vositalariga O‘zbekiston Respublikasidan noqonuniy ravishda chiqib ketish maqsadida chiqib olgan yoki chiqib olishga urinayotgan shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasi ichki suvlariga, shuningdek chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismiga ularga kirish yuzasidan belgilangan qoidalarni buzgan holda kirgan chet el noharbiy kemalari va harbiy kemalari;
Davlat chegarasini tegishli davlat organlarining ruxsatisiz kesib o‘tgan yoki Davlat chegarasi orqali uchib o‘tish qoidalarini boshqa tarzda buzgan havo kemalari va boshqa xil uchish apparatlari.
Davlat chegarasini tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki belgilangan tartibni buzgan holda har qanday texnikaviy yoki boshqa xil vositalar bilan kesib o‘tish ham Davlat chegarasini buzish hisoblanadi.
16-modda. Chegara nizolari va mojarolarini hal etish
Chegara nizolari va mojarolarini hal etish qonun hujjatlarida hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17-modda. Chegara vakillari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat chegarasi rejimiga rioya etilishiga doir masalalarni hal qilish, chegara nizolarini tartibga solish maqsadida Davlat chegarasining muayyan uchastkalariga O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chegara vakillari tayinlanadi.
(17-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Chegara vakillarining vakolatlari va faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi va chet el davlatlari harbiy havo kemalarining, boshqa harbiy obyektlar yoki harbiy xizmatchilarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan chegara nizolari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari ishtirokida hal etiladi.
Chegara vakillari yoki O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari hal eta olmagan masalalar va nizolar diplomatik tartibda hal qilinadi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.01.00 Chegara rejimi (shuningdek, 01.04.02.00 va 16.02.04.00 larga qarang);
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.02.00 Davlat chegaralarini qo‘riqlash]
III. ChEGARA OLDI REJIMI
18-modda. Chegara oldi rejimini belgilash
Chegara oldi rejimi chegara oldi zonasiga kirish (undan o‘tish), u yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish hamda ishlar bajarish tartibini belgilovchi qoidalar majmuini o‘z ichiga oladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Chegara oldi zonasida chegara oldi rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlari zimmasiga ularning vakolat doirasida yuklanadi.
19-modda. Chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasi
Chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasi Davlat chegarasi rejimini ta’minlash uchun belgilanadi.
Chegara oldi zonasi — Davlat chegarasiga tutash hududning bir qismi bo‘lib, uning doirasida chegara oldi rejimi joriy etiladi.
Chegara oldi zonasi Davlat chegarasiga tutash tuman, shahar, shaharcha, qishloq, ovul hududi doirasida belgilanadi. Chegara oldi zonasi tarkibiga bunday mintaqa belgilangan joydagi O‘zbekiston Respublikasining ichki suvlari, chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismi hamda shu suvlarda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi orollari ham kiritiladi.
Chegara oldi mintaqasi — chegara oldi zonasining Davlat chegarasi chizig‘iga bevosita tutash qismidir.
Chegara oldi mintaqasi bevosita Davlat chegarasi bo‘ylab, uning quruqlik uchastkalarida yoki chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari qirg‘og‘i bo‘ylab o‘tkaziladi.
Chegara oldi mintaqasida chegara qo‘shinlari tomonidan kirish va chiqish (o‘tish), bo‘lish (yashash), shaxslar va transport vositalari harakatlanishiga oid qo‘shimcha rejim qoidalari belgilanadi.
Chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasini belgilash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi hududida chegara zonasi belgilangan tumanlar, shaharlar, posyolkalar, qishloqlar, ovullarning vaqtinchalik ro‘yxatini e’lon qilish to‘g‘risida” buyruq (ro‘yxat raqami 972, 25.09.2000-y.) va “O‘zbekiston Respublikasi hududida chegara zonasi belgilangan tumanlar, shaharlar, qishloqlar va ovullarning qo‘shimcha ro‘yxatini e’lon qilish to‘g‘risidagi” buyruq (ro‘yxat raqami 1072, 02.10.2001-y.).
20-modda. Shaxslarning chegara oldi zonasiga va chegara oldi mintaqasiga kirishi va chiqishi (o‘tishi), u yerda bo‘lishi (yashashi) va harakatlanishi
Shaxslarning chegara oldi zonasiga kirishi, undan chiqishi (o‘tishi), u yerda bo‘lishi (yashashi), agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Chegara oldi mintaqasiga kirish va undan chiqish (o‘tish), u yerda vaqtincha bo‘lish (yashash), harakatlanish va ishlar bajarish chegara qo‘shinlarining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
21-modda. Davlat chegarasi oldidagi profilaktik mintaqa
Xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdididan O‘zbekiston Respublikasi hududini muhofaza qilish maqsadida chegara oldi mintaqasi doirasida profilaktik mintaqa belgilanib, u yerda chorva mollarni boqish va saqlash man etiladi.
Profilaktika mintaqasining kengligi, uni to‘sib qo‘yish tartibi va u yerdagi rejim qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
22-modda. Chegara oldi mintaqasida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish, ommaviy va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Chegara oldi mintaqasida yer, o‘simlik va hayvonot dunyosi, yer osti, suvlardan foydalangan holda xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni yuritish, shuningdek ommaviy va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
(22-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Chegara oldi mintaqasida chegara qo‘shinlari tomonidan xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish, ommaviy va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha rejim qoidalari belgilanishi mumkin.
23-modda. O‘zbekiston Respublikasi kichik hajmli kemalarini hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish
O‘zbekiston Respublikasining ichki suvlarida, chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismlarida foydalaniladigan kichik hajmli kemalar albatta hisobga olinishi hamda pristanlarda, prichallarda, boshqa turish punktlarida saqlanishi shart. Ushbu kemalarning turish punktlaridan chiqishi va qaytib kelishi tartibi chegara qo‘shinlari tomonidan belgilanadi.
24-modda. O‘zbekiston Respublikasining ichki suvlarida, chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalarining suv qismlarida ovchilik, tadqiqot, qidiruv faoliyati va boshqa faoliyat yuritish
O‘zbekiston Respublikasining ichki suvlarida, chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalarining suv qismlarida ovchilik, tadqiqot, qidiruv faoliyati va boshqa faoliyat yuritish chegara qo‘shinlari ruxsatiga binoan qonun hujjatlariga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.01.00 Chegara rejimi (shuningdek, 01.04.02.00 va 16.02.04.00 larga qarang);
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.02.00 Davlat chegaralarini qo‘riqlash]
IV. DAVLAT ChEGARASI ORQALI O‘TKAZISh PUNKTLARIDAGI REJIM
25-modda. Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni belgilash
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejim chegara, bojxona nazorati va nazoratning boshqa turlarini amalga oshirish uchun belgilanuvchi hamda shaxslarning, transport vositalarining shu punktlarga kirishi, u yerda bo‘lishi va u yerdan chiqishi, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlar olib kirilishi, turishi va olib chiqilishi, o‘tkazish punktlari hududida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilovchi qoidalar majmuini o‘z ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejim O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan Davlat chegarasida nazoratni amalga oshiruvchi barcha organlar xizmat faoliyatining zarur sharoitlarini saqlab turish maqsadida belgilanadi.
(25-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
26-modda. Chet el noharbiy kemalari va harbiy kemalarining O‘zbekiston Respublikasi ichki suvlariga, portlariga (reydlarga) kirishi hamda u yerda bo‘lishi
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el noharbiy kemalari va harbiy kemalarining O‘zbekiston Respublikasi ichki suvlariga, portlariga (reydlarga) kirishi hamda u yerda bo‘lishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
(26-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
27-modda. Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi qo‘shimcha rejim qoidalari
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bevosita chegara, bojxona nazorati va nazoratning boshqa turlari amalga oshiriladigan hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qo‘shimcha rejim qoidalari joriy etiladigan hududlar, binolar belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan avtomobil, temir yo‘l, aviatsiya va daryo o‘tkazish punktlarida chegara va bojxona nazorati tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 765, 06.07.1999-y.) va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida meditsina (sanitariya) nazorati to‘g‘risidagi” Nizom (ro‘yxat raqami 927, 22.05.2000-y.).
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.01.00 Umumiy masalalar]
V. DAVLAT BOShQARUV ORGANLARI, MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARINING DAVLAT ChEGARASINI HIMOYa QILISh VA QO‘RIQLASh SOHASIDAGI VAKOLATLARI. FUQAROLARNING O‘ZINI O‘ZI BOShQARISh ORGANLARI, KORXONALAR, MUASSASALAR, TAShKILOT LAR VA FUQAROLARNING DAVLAT ChEGARASINI HIMOYa QILISh VA QO‘RIQLAShDAGI IShTIROKI
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang)]
28-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi kuchlar va vositalarni, o‘tkaziladigan tadbirlarni moliyalash va resurslar bilan ta’minlashni amalga oshiradi;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasida normativ hujjatlar chiqaradi;
Oldingi tahrirga qarang.
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, ijro hokimiyati mahalliy organlarining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(28-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
29-modda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
Davlat chegarasi himoya qilinishi va qo‘riqlanishini ta’minlaydi;
chegara qo‘shinlarini boshqarishni amalga oshiradi;
davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib turadi;
Davlat chegarasi xavfsizligiga tahdidlar to‘g‘risida belgilangan tartibda axborot taqdim etadi;
razvedka, kontrrazvedka va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiradi;
belgilangan tartibda kontrabandaga qarshi kurash choralarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasida boshqa davlatlarning tegishli chegara idoralari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
Davlat chegarasi chizig‘ining o‘tishini belgilashda ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashga doir qismini shakllantirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga kiritadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(29-modda O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
30-modda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashni tashqi siyosiy va xalqaro-huquqiy jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi;
Davlat chegarasini va uning rejimini belgilash bo‘yicha muzokaralar olib boradi, zarur hujjatlar va materiallar tayyorlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi va O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
Davlat chegarasi rejimiga rioya etish masalalarini, chegara nizolarini belgilangan tartibda hal etadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(31-modda O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
32-modda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasi himoya qilinishi va qo‘riqlanishini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat chegarasini himoya qilishda ishtirok etishini ta’minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida havo bo‘shlig‘ida yuzaga kelgan chegara nizolarini hal etadi;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash tadbirlari resurs va boshqa jihatdan ta’minlanishida chegara qo‘shinlariga belgilangan tartibda ko‘maklashadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda chegara qo‘shinlariga ko‘maklashadi;
chegara oldi zonasida chegara oldi rejimiga rioya etilishi ustidan hamda Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlariga tutash hududlarda huquq-tartibotga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining ishtirokini ta’minlaydi;
chegara oldi hududlarida huquq-tartibotning holati to‘g‘risida chegara qo‘shinlariga axborot beradi;
Davlat chegarasini himoya qilishda ichki qo‘shinlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etishini ta’minlaydi;
chegara qo‘shinlarining taqdimnomasiga binoan chegara oldi qidiruv ishlari va operatsiyalari o‘tkazilayotgan paytda, shuningdek harbiy xurujni qaytarish yoki Davlat chegarasi orqali noqonuniy ommaviy o‘tishlarning oldini olish chog‘ida Davlat chegarasiga yaqin ayrim uchastkalar yoki obyektlarga fuqarolarning o‘tishini vaqtincha cheklash yoki man etishni ta’minlaydi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
34-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda chegara qo‘shinlariga ko‘maklashadi;
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda bojxona organlari ishtirokini ta’minlaydi;
shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarning Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bojxona nazoratidan o‘tishi va rasmiylashtirilishini tashkil etadi;
kontrabandaga va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari boshqa tarzda buzilishiga qarshi kurashga doir choralar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari tashkil etishga doir takliflarni kiritadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
35-modda. Davlat chegarasida nazoratni amalga oshiruvchi boshqa davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat chegarasida sanitariya-karantin tekshiruvi, veterinariya, fitosanitariya nazoratini hamda nazoratning boshqa turlarini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari:
(35-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlar Davlat chegarasi orqali o‘tkazilishida o‘z vakolatlari doirasida ishtirok etadilar;
zarur hollarda Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida o‘z xizmatlarini tuzadilar va ular ishini tashkil qiladilar;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda chegara qo‘shinlariga o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashadilar;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.01.00 Mahalliy davlat vakillik organlari (Xalq deputatlari kengashlari) / 01.15.01.02 Mahalliy vakillik organlarining vakolatlari;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.04.00.00 Mahalliy ijroiya organlari (Hokimliklar) (shuningdek, 01.15.03.00ga qarang) / 02.04.03.00 Mahalliy ijroiya organlarining tuzilmasi va shtatlari]
36-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
Davlat chegarasi ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari beradilar, ulardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda fuqarolar ixtiyoriy asosda ishtirok etishlariga ko‘maklashadilar;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
37-modda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashdagi ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar:
chegara qo‘shinlariga, Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlariga, shuningdek Davlat chegarasida nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organlariga ko‘maklashadilar, ularga zarur axborot taqdim etadilar;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda fuqarolar ixtiyoriy asosda ishtirok etishlari uchun sharoit yaratadilar.
38-modda. Fuqarolarning Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashdagi ishtiroki
Fuqarolar chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi otryadlar tarkibida va boshqa shakllarda chegara oldi hududi doirasida Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda ixtiyoriy asosda ishtirok etadilar.
Fuqarolarning Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda ishtirok etishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-sentabrdagi 273-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati “Chegara posbonlari” chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi otryadlar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
VI. ChEGARA QO‘ShINLARI VA HAVO HUJUMIGA QARShI MUDOFAA QO‘ShINLARINING DAVLAT ChEGARASINI HIMOYa QILISh VA QO‘RIQLAShGA OID VAKOLATLARI
[OKOZ:
1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.04.00.00 Mudofaa sohasidagi vazifalarni bajarishga jalb qilinadigan boshqa qismlar, qo‘shinlar / 15.04.01.00 Chegara qo‘shinlari]
39-modda. Chegara qo‘shinlarining huquqlari
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash chog‘ida chegara qo‘shinlari quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda o‘zlariga berilgan yer uchastkalarida zarur muhandislik-texnika inshootlari qurish, aloqa liniyalari va kommunikatsiyalar qurilishini amalga oshirish, texnika va qurol-yarog‘larni joylashtirish hamda ulardan foydalanish;
joylarning har qanday uchastkalarida chegara naryadlarini joylashtirish hamda harakat qilish, transport vositalarini chegara naryadlari bilan kuzatib borish, transport vositalarini belgilangan tartibda ko‘zdan kechirish;
qo‘shinga oid, razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatni hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa faoliyatni amalga oshirish;
Davlat chegarasi rejimini, chegara oldi rejimini yoki Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzgan shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy tartibda ushlash;
ma’muriy tartibda ushlangan, shuningdek jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxslarni maxsus jihozlangan joylarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlash;
chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga shaxslarni taklif etish va ularga ma’lum bo‘lgan Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki Davlat chegarasi rejimini, chegara oldi rejimini yoki Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni boshqa tarzda buzish holatlari to‘g‘risida ulardan tushuntirishlar olish. Zarur hollarda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarlik holatlari to‘g‘risidagi tushuntirishlar boshqa joylarda ham olinishi mumkin;
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat chegarasi orqali o‘tayotgan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoki undan chiqish huquqi to‘g‘risidagi hujjatlarini tekshirish, ularga tegishli belgilar qo‘yish, zarurat bo‘lganda bu hujjatlarni belgilangan tartibda olib qo‘yish, O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoki undan chiqish huquqini beruvchi haqiqiy hujjatlari bo‘lmagan shaxslarni ular hujjatlarini lozim darajada rasmiylashtirgunga yoki chet elda bo‘lgan chog‘ida hujjatlarini yo‘qotganlik holatlari aniqlangunga yoki ularning shaxsi aniqlangunga qadar Davlat chegarasi orqali o‘tkazmaslik, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi uchun vaqtinchalik cheklash belgilangan shaxslarni Davlat chegarasi orqali o‘tkazmaslik;
(39-moddaning birinchi qismi sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 14-yanvardagi O‘RQ-199-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 3-son, 9-modda)
manfaatdor organlar va transport tashkilotlari bilan hamkorlikda Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida transport vositalari to‘xtash (to‘xtab turish) joylari va muddatlarini belgilash;
chegara oldi qidiruvlari va operatsiyalari o‘tkazilayotgan vaqtda odamlarning sog‘lig‘i va hayotini himoya qilish maqsadida joylarning ayrim uchastkalarida shaxslar va transport vositalari harakatini cheklash yoki man etish, zarur hollarda fuqarolarni bunday yerlarga kiritmaslik, ulardan o‘sha joyda turishni yoki bu uchastkalardan chiqib ketishni talab qilish;
Davlat chegarasi uchun tahdid tug‘ilgan paytda uning ayrim uchastkalarida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, manfaatdor korxona, muassasa, tashkilotlarni ogohlantirgan holda har xil ishlar olib borishni vaqtincha cheklab qo‘yish, mudofaa ahamiyatiga molik ishlar yoki tabiiy ofat yoxud o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish va oqibatlarini tugatish bilan bog‘liq ishlar bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi hududiga bostirib kirishni daf etish, chegara oldi qidiruvlarini o‘tkazish, huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab kelish chog‘ida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining va, alohida hollarda, fuqarolarning aloqa, transport vositalaridan foydalanib qilingan xarajatlar va yetkazilgan zararni egalariga belgilangan tartibda qoplash. Ushbu huquq diplomatik, konsullik, chet el davlatlarining boshqa vakolatxonalariga va xalqaro tashkilotlarga tegishli aloqa va transport vositalariga tatbiq etilmaydi.
Chegara qo‘shinlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadirlar.
[OKOZ:
1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.04.00.00 Mudofaa sohasidagi vazifalarni bajarishga jalb qilinadigan boshqa qismlar, qo‘shinlar / 15.04.01.00 Chegara qo‘shinlari]
40-modda. Chegara qo‘shinlarining majburiyatlari
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash chog‘ida chegara qo‘shinlari quyidagilarga majbur:
Davlat chegarasi chizig‘ining joylarda huquqqa xilof tarzda o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
Davlat chegarasida harbiy va boshqa fitnalarning oldini olishga;
Davlat chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik, Davlat chegarasini buzuvchilarni aniqlash va ushlashga;
Davlat chegarasi rejimiga, chegara oldi rejimiga va Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishga;
shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarning Davlat chegarasi orqali belgilangan tartibda o‘tkazilishini amalga oshirishga;
Davlat chegarasi orqali olib o‘tilayotgan kontrabanda narsalarini hamda boshqa noqonuniy ravishda olib o‘tilayotgan tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni, shuningdek transport vositalarini aniqlash va belgilangan tartibda ushlab qolishga;
Davlat chegarasi rejimini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga.
Chegara qo‘shinlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega.
41-modda. Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlarining havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash bo‘yicha huquqlari
Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash paytida quyidagi huquqlarga ega:
Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish tahdidi paydo bo‘lgan yoki noqonuniy kesib o‘tilgan paytda O‘zbekiston Respublikasi havo bo‘shlig‘idagi havo kemalari va boshqa uchish apparatlarini aniqlash uchun o‘zlarida mavjud vositalardan foydalanish;
vaziyatni aniqlash hamda havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasi noqonuniy kesib o‘tilishining oldini olish yoki bartaraf etish chorasini ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari boshqa turlari, davlat organlari kuchlari va vositalarini belgilangan tartibda jalb etish;
Davlat chegarasini havo bo‘shlig‘ida noqonuniy kesib o‘tish tahdidi paydo bo‘lgan yoki noqonuniy kesib o‘tilganda yoxud parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi havo bo‘shlig‘ining ayrim rayonlarida havo kemalari va boshqa uchish apparatlari parvozini man etish yoki cheklash;
O‘zbekiston Respublikasi havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasi noqonuniy kesib o‘tilishi holatlarini aniqlashda ishtirok etish.
42-modda. Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlarining havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash bo‘yicha majburiyatlari
Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash paytida quyidagilarga majburdirlar:
havo kemalari va boshqa uchish apparatlari Davlat chegarasini kesib o‘tish qoidalariga rioya etishi ustidan nazorat qilishga;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan yoki havo bo‘shlig‘idan foydalanish tartibini buzgan havo kemalari va boshqa uchish apparatlarining O‘zbekiston Respublikasi hududida parvozini belgilangan tartibda to‘xtatishga;
fors-major vaziyati hollarida havo kemalari va boshqa uchish apparatlariga yordam ko‘rsatishga.
43-modda. Qurol va harbiy texnikani qo‘llash
Chegara qo‘shinlari, Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash paytida quyidagi maqsadlarda qurol va harbiy texnikani qo‘llaydilar:
O‘zbekiston Respublikasi hududiga qurolli bostirib kirishni daf etish;
Davlat chegarasidagi harbiy fitnalarning oldini olish;
transport vositalarini yo‘lovchilarsiz chet elga olib qochishga urinish hollarining oldini olish.
Qurol va harbiy texnika Davlat chegarasini buzuvchilar kuch ishlatgan hollarda ularga qarshi javob sifatida yoki qoidabuzarlikning oldini olish yoxud qoidabuzarlarni boshqa vositalar bilan ushlashning iloji bo‘lmagan hollarda ham qo‘llaniladi.
Zarur hollarda Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari boshqa qo‘shinlarining qurol va harbiy texnikasi qo‘llanilishi mumkin.
Qurol va harbiy texnikani qo‘llash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
44-modda. Maxsus vositalarni qo‘llash
Davlat chegarasida huquqqa xilof xatti-harakatlarni bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus vositalar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
VII. YAKUNLOVChI QOIDALAR
45-modda. Davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 224-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 223-moddasiga qarang.
46-modda. Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda ishtirok etuvchi davlat organlari va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilish
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda ishtirok etayotgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan bevosita sudga yoki tobelik bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organi yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-avgust,
820-I-son (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 217-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2009-y., 3-son, 9-modda, 52-son, 555-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)