Dunyo okeanidagi hayot
Okean biosferasining asosiy tarkibi. Dunyo okeani suvlari turli xil organizmlarning yashashi va rivojlanishi uchun benuqson qulaylikka ega bo‘lgan muhit hisoblanadi. Ko‘pchilik olimlarning fikriga ko‘ra hayot avvalo okeanda paydo bo‘lgan, keyinchalik chuchuk suvlarga va quruqliklar yuzasiga tarqalgan.
Dunyo okeanida tirik organizmlarning rang-barang turlari yaxshi rivojlangan bo‘lib, ular okean yuzasidan tortib eng tagigacha keng tarqalgan. Okeanda o‘simliklarning 15 mingdan ortiq turi, hayvonlarning 150 mingga yaqn turi yashaydi. Flora tarkibining 5000 turi diatom o‘simliklardan, 2500 turi qizil o‘simliklardan, 1000 turi qo‘ng‘ir o‘simliklardan va 500 turi yuqori o‘simliklardan tashkil topgan. Fauna kompleksining 80 ming turi mollyuskalardan, 20 ming turdan ortiqrog‘i qisqichbaqasimonlardan, 15 ming turi eng oddiy jonivorlardan (radiolyariyalar, foraminiferlar, infuzoriyalar), 9 ming turi kovakichlilardan, 7 turi turli xil chuvalchanglardan, 5 ming turi bulutlardan, 16 ming turi baliqlardan va boshqalardan iborat. Dunyo okeanidagi o‘simliklar asosan bir hujayrali suv o‘tlaridan tashkil topgan. Ular okean fitomassasining 80 % ini tashkil etadi.
Dunyo okeanining barcha tirik organizmlari yashash sharoitiga ko‘ra uchta asosiy guruhga – plankton, nekton va bentosga bo‘linadi.
Plankton tarkibiga bir hujayrali suv o‘tlari (fitoplanktonlar) vam ayda hayvonlar (zooplanktonlar) – meduzalar, chuvalchanglar, mayda qisqichbaqasimonlar, oddiy hayvanlar va mollyuskalar kiradi. Fitoplanktonlar quyosh nuri yaxshi tushadigan suv qatlamining 50-100 m chuqurlikkacha bo‘lgan qismida, zooplanktonlar suv havzasining barcha chuqurliklarida keng tarqalgan. Ular erkin suzib yurish qobiliyatiga ega emas, ammo bir joydan ikkinchi joyga siljib borishi suv to‘lqinlari va dengiz oqimlari tufayli amalga oshadi.
Nekton dengiz va okean suvlarida faol harakat qilib uzoq masofalarga suzib yuruvchi barcha tirik organizmlarni o‘z ichiga oladi. Bu guruhga birinchi navbatda baliqlar, dengiz sut emizuvchilari – kitsimonlar, kurakoyoqlilar, mollyuskalarning ayrim vakillari – kalmarlar, yolg‘on oyoqlilar, reptiliylar – dengiz ilonlari, dengiz toshbaqalari va hayoti doimo okean bilan bog‘liq bo‘lgan ba’zi qushlar – pingvinlar, chaykalar, albatroslar kiradi. Nekton yirik hayvonlardan tarkib topgan bo‘lishiga qaramasdan uning biomassasi plankton biomassasidan 23 marta kam.
Bentos dengiz va okean tagida yashaydigan o‘simliklar va hayvonlar majmuasidir. Bentos organizmlari plankton va nektondan farq qilib, ular suv tagida gruntga yopishgan holda hayot kechiradi. Bentos turli xil mollyuskalar, bulutlar, marjonlar, ko‘plab qisqichbaqasimonlar, ignatanlilar, chuvalchanglar va eng oddiy foraminiferlardan tashkil topgan. O‘simliklardan bu guruhga yashil, ko‘kyashil, qizil va qo‘ng‘ir sutsv o‘tlari, baland o‘simliklardan dengiz o‘ti kiradi. Okean tagidagi balchiqlarda yashaydigan bakteriyalar ham bentosga mansub.
Do'stlaringiz bilan baham: |