Muammoning o’rganilganlik darajasi. Mustaqillik yillarida demokratik va fuqarolik jamiyatini barpo qilish maqsadlari bilan bog’liq ravishda milliy pedagogika asoslari ham qayta qurildi. Mazkur jarayonda tolerantlik va jamiyat rivoji, fuqarolik jamiyatida tolerantlikning tutgan o’rni, tolerantlikning ijtimoiy-falsafiy mazmuni, tolerant shaxs va zamonaviy jamiyatlardagi multimilliy muammolar, ijtimoiy ziddiyatlarning oldini olishda tolerantlikning tutgan o’rni kabi masalalar so’nggi 20-30 yil ichida ijtimoiy fanlardan falsafa, siyosiy fanlar, tarix, sosiologiya kabilar tarkibida keng o’rganildi. Mustaqillik yillarida tolerantlik tushunchasi bag’rikenglik, madaniy rang-baranglik, ijtimoiy tenglik, inson huquqlari, diniy bag’rikenglik, mafkuraviy ogohlik, o’zlikni anglash kabi tushunchalar mazmunining qayta anglanishi bilan bevosita bog’liq tarzda qayta qurildi, shakllantirildi va rivojlantirildi.
Bu davrda O’zbekistonda yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida “komil inson” qilib tarbiyalash muammosi keng rivojlantirildi. Pedagog olimlardan A.Munavvarov, M.Inomova, M.Ochilov, J.G’.Yo’ldoshev, R.H.Jo’rayev, O.Musurmonova, S.Nishonova, M.Quronov, Sh.E.Kurbonov, E. Yusupov, X.Shayxova, Q.Nazarov, U.Mahkamov, S.Fayzulina, S.Annamuratova, Safo Ochil, N.Ortiqov, M.Imomnazarov, V.Karimova, G.R.Akramova, G.N.Navro’zova kabilar tomonidan “komil inson” tarbiyasi, yoshlarni ma’naviy barkamol qilib shakllantirish masalalari milliy negizda ilk bor chuqur tahlil qilindi.Aynan mustaqillik yillarida oila hamda uning pedagogik funksiyasi, oilada bolalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, axloq-odob saboqlari, inson ma’naviyatini shakllantirishning pedagogik asoslari, sog’lom turmush tarzi asoslari, yoshlarni oilaga tayyorlash masalalari A.Munavvarov, M.O.Inomova, O. Musurmonova, G’.B.Shoumarov, Sh.B.Shoumarov, D.D.Sharipova, N.Ortiqov, T.A.Egamberdiyeva, J.Tulenov, M.Quronov, Sh.E.Kurbonov, U.Mahkamov, S.Ochil, Sh.X.Tog’ayev, Z.X.Kasimova, F.R.Norboyeva va S.Hasanov kabi olimlarning ilmiy ishlarida tadqiq etildi.Tolerantlikning ijtimoiy-siyosiy kategoriya sifatidagi zamonaviy mazmunining ba’zi qirralari o’zbek olimlardan M.Sharifxo’jayev, Z.Islomov, M.Radjabova, Z.Qodirova, D.Alimova, O.Otamirzayev, V.Gentshke, R.Murtazayeva, H.Boboyev, Z.G’ofurov, R.B.Beneman, M.Smirnov, N.Jo’rayev, E.Karimova, A.Tiksanov, T.Toshlonov, N.Eshonqulov tomonidan tahlil qilindi.O’zbekistonda pedagogik ta’lim tizimida tolerantlik mavzusini ilmiy o’rganish yangi rivoj topayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Respublikamizda tolerantlikni shakllantirishning pedagogik jihatlari hamda o’ziga xos bo’lgan boshqa muammolari xususida qator ilmiy izlanishlar olib borilgan, ulardan Z.R.Qodirova, A.J.Sharipov, G.R.Akromova, va boshqalarning tadqiqotlari shular jumlasidandir.Mavjud ilmiy tadqiqot ishlarida oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning pedagogik shart-sharoitlari yaxlit tizim sifatida tadqiq etilmadi.
Shuni qayd etish zarurki, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda tolerantlik va oila mavzuiga bag’ishlab yozilgan qariyib barcha tadqiqotlarni bizning milliy mentalitetimizga tatbiq etib bo’lmaydi. Chunki, xorijiy davlatlar, xususan Rossiyadagi oilaning ijtimoiy-ma’naviy mazmuni va amaliy o’rni bizning milliy tafakkurimizdagi oila mazmuni va mavqyeidan butunlay farq qiladi. O’zbek millati kundalik turmushida oila inson hayotining asosi sifatida ulug’lanadi, muqaddas qadriyat sifatida e’zozlanadi, oilali bo’lish va nikohga kirishga chuqur hurmat bilan qaraladi hamda mana shu qonuniyatlarga hayotda amal qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |