Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi – nikohlanuvchi shaxslarning o‘zga shaxslar tomonidan majbur etilmasdan oila qurish uchun erkin, tenglik va o‘zaro ixtiyoriylik asosida nikohni rasmiylashtirishlari.
Nikoh shartnomasi – nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi.
Nikohdan ajralish – er-xotin o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarning kelajak vaqt uchun tugatilishi.
Nikohning tugatilishi – ma’lum yuridik faktlar tufayli er-xotin o‘rtasida vujudga kelgan nikoh huquqiy munosabatlarining tugallanishi.
Oila - bu nikoh, er-xotinlik, farzandlar, ota-onalar hamda o‘zaro qarindosh, qondosh, qarindosh bo‘lgan shaxslarning umumiy ro‘zg‘or, umumiy xo‘jalik yuritish hamda oiladagi maishiy-madaniy ishlarni g‘amxo‘rlik, o‘zaro hurmat, hamjihatlik asoslarida yurituvchi shaxslar guruhi, ittifoq, xonadon hisoblanadi.
Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning tengligi – O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 3-moddasiga asosan, barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga ega ekanliklari normalangan bo‘lib, nikoh tuzish chog‘ida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi – jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogironlar, jismoniy nuqsoni bo‘lgan hamda asab va ruhiyati buzilgan bolalar, surunkali og‘ir kasalliklardan azob chekuvchi bolalar), ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalarni (yetimlar, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar qarovisiz qolgan bolalar, notinch oilalar bolalari), shuningdek ijtimoiy moslashuvda qiyinchilikka ega bo‘lgan, biroq xatarli guruhlarga kirmaydigan alohida iqtidorli bolalarni (umumiy maxsus qobiliyatli bolalarni, xususan: sportga, badiiy, ilmiy va boshqa qobiliyatlarga ega bo‘lgan bolalarni) (keyingi o‘rinlarda bolalar deb ataladi) ijtimoiy moslashtirish muammolarini o‘rganuvchi mustaqil tashkilot hisoblanadi.
Soxta nikoh – oilaviy hayotda yashashni maqsad qilmay, biron-bir mol-mulkka, boylikka, uy-joyga hamda uy-joyga doimiy ro‘yxatdan o‘tishni maqsad qilib tuzilgan nikoh.
Farzandlikka olish – ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalarni oilaga joylashtirish shakli. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Homiylik – o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga ko‘ra homiylik belgilanishi mumkin.
Er va xotinning xususiy mulki – nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki.
Er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki – er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari.
Do'stlaringiz bilan baham: |