Nazorat uchun savollar.
FHDYO organlarining vazifasi nimadan iborat?
Tug’ilishni qayd etishning qanday huquqiy asoslari mavjud?
Nikohni qayd etishda nimalarga etibor berish kerak?
O’limni qayd etishning huquqiy asoslari?
Mavzu: Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ishtirokidagi oilaviy munosabatlarni tartibga solish.
Reja:
Chet el fuqarorosi va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar tushunchasi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar bilan oilaviy huquqiy munsabatlarga kirishish tartibi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar bilan nikoh tuzish va bekor qilish asoslari.
Tayanch so’z va iboralar: Oilaviy kollizion qonunchilik manbalariga umumiy tavsif. Chet el elementi ishtirokidagi nikoh va ajralishning huquqiy tartibga solinishi. Chet el elementi ishtirokidagi farzandlikka olishning huquqiy tartibga solinishi
Turli davlatlar qonunchiligi o‘rtasidagi kolliziyalarni (kolliziya – bir turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalarning o‘zaro nomuvofiqligi) hal etadigan normalar yig‘indisi – kollizion huquq hisoblanadi.
Kollizion norma – xalqaro tusdagi fuqarolik, oila, mehnat va boshqa huquqiy munosabatga nisbatan qaysi davlat qonunchiligi qo‘llanilishini ko‘rsatadi. Bunday turdagi huquqiy munosabat mavjud bo‘lgandaб sud yoki boshqa davlat organi oldida qaysi huquqni, ya’ni mazkur davlatning milliy huquqini yoki xorijiy davlat huquqini, qo‘llash masalasi yuzaga keladi. Bu masala esa ichki, milliy qonunchilikda yoki xalqaro shartnomada belgilangan kollizion norma ko‘rsatmasi asosida hal etiladi.
Xalqaro xususiy huquqda chet el elementi ishtirokidagi munosabat deganda, xorijiy mamlakat fuqarosi qatnashgan munosabatlar nazarda tutiladi.
Masalan, xorijiy mamlakat fuqarosi bilan O‘zbekiston fuqarosi o‘rtasida nikoh tuzilganda, oilaviy-huquqiy munosabat chet el elementi bilan murakkablashadi va bunda qaysi davlat qonunchiligi qo‘llanilishi masalasi yuzaga keladi.
Bundan tashqari, chet el elementi huquqiy munosabatni vujudga keltiradigan, o‘zgartiradigan va bekor qiladigan yuridik fakt chet elda yuzaga kelganda ham mavjud bo‘ladi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasidagi nikoh chet el hududida tuzilganda, huquqiy munosabatda chet el elementi mavjud hisoblanadi.
Oilaviy munosabatlarda chet el elementi mavjud bo‘lganda, ularni tartibga solishda qaysi davlat huquqi qo‘llaniladi va bunday tartibga solish jarayonida qaysi mamlakat organi qaror qabul qilish vakolatiga egaligi masalasi yuzaga keladi. Bu holatdagi barcha muammolar xalqaro xususiy huquq sohasiga oiddir. Mazkur masalalar chet el elementi bilan murakkablashgan munosabatga nisbatan qaysi huquq qo‘llanilishini aniqlash imkonini beradigan maxsus kollizion normalar asosida hal etiladi. Chet el elementi ishtirokidagi munosabatlarga nisbatan oila qonunchiligi qo‘llanilishini tartibga soluvchi kollizion normalar turli manbalarda ifodalangan. Eng avvalo, bunda normalar O‘zbekiston Respublikasining ichki qonunchiligida nazarda tutilgan. Xalqaro xususiy huquq normalari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining VI bo‘limida o‘z ifodasini topgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining VIII bo‘limi bevosita chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid normalarni belgilaydi.
Oila kodeksida belgilangan qoidalarning muhim jihati shundaki, ular oilaviy-huquqiy munosabatlarga nisbatan chet el huquqi qo‘llanilishini nazarda tutadi. Xalqaro huquq qo‘llanilishiga ruxsat etilishi esa xalqaro xususiy huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillar asosida amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Xalqaro xususiy huquq nazariyasida chet el huquqini qo‘llashning tabiatiga nisbatan ikkita bir-biridan sezilarli farq qiluvchi yondashuv mavjud. Ayrim mamlakatlarda chet el huquqining mavjudligi ishning faktik holati sifatida ko‘riladi va uning mazmuni taraflar tomonidan isbotlanishi lozim; boshqa mamlakatlarda (O‘zbekiston Respublikasida ham) esa chet el huquqi fakt emas, balki huquq maqomiga ega hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida, chet el huquqining mazmuni taraflar tomonidan isbotlanmasligi, aksincha huquqini qo‘llovchi organlar tomonidan o‘rnatilishini anglatadi. Chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash majburiyati uni qo‘llovchi davlat organining vakolatiga kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 238-moddasi 1-qismiga ko‘ra, sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi va boshqa organlar chet el oila huquqining normalarini qo‘llashda mazkur normalarning mazmunini ularning tegishli chet el davlatida rasmiy sharhlanishi va amaliyotda qo‘llanilishiga muvofiq tarzda aniqlaydi. Bunda sud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va boshqa organlar chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirish olish uchun belgilangan tartibga rioya qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va O‘zbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlarlariga murojaat qilishlari yoxud ekspertlarni jalb etishlari mumkin. Manfaatdor shaxslar talab yoki e’tirozlarini tasdiqlash uchun o‘zlari asoslanayotgan chet el oila huquqi normalarining mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilishga va chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida sudga va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga, shuningdek, o‘zga organlarga boshqa tarzda yordam berishga haqlidir.
Biroq ko‘rilgan barcha choralarga qaramasdan chet el oila huquqining mazmunini aniqlash imkoni mavjud bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari qo‘llaniladi. Binobarin, tegishli vakolatli organga murojaat qilgan shaxs huquqlari himoyasiz qolib ketishini oldini olish uchun bunday hollarda milliy qonunchilik qo‘llanilishi zarur. Ayrim holatlarda chet el huquqining mazmuni aniqlangan bo‘lishiga qaramasdan, chet el huquqi O‘zbekiston Respublikasidagi ommaviy tartibga zid kelgan hollarda, u qo‘llanilmaydi va uning o‘rniga milliy huquq tatbiq etiladi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining ommaviy tartib to‘g‘risidagi qoidalari asosida, ayollar yoki muayyan millatdagi shaxslarning huquqlarini kamsitadigan chet el huquqini qo‘llash taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi a’zo hisoblanadigan xalqaro Konvensiyadagi kollizion normalar ham chet el elementi ishtirokidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda qo‘llaniladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘rtasida 1993-yil 22-yanvarda Minskda qabul qilingan O‘zbekiston tomonidan 1993-yil 6-mayda ratifikatsiya qilingan, “Fuqarolik, oilaviy, jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Konvensiyada hamda mazkur Konvensiya yuzasidan 1997-yil 28-martda qabul qilingan, oila huquqlarining alohida normalari nazarda tutilgan Protokolda oilaviy munosabatlarga oid kollizion normalar belgilangan. Ushbu Konvensiyaning II-bo‘limi 3-qismi “Oila ishlari”deb nomlanib, o‘zida 26-37-moddalarini qamrab olgani holda, nikoh tuzish, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar, nikohdan ajralish, vasiylik va homiylik kabi oilaviy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladigan huquqqa oid qoidalar nazarda tutilgan.
Masalan, mazkur Konvensiyaning 26-moddasiga ko‘ra, nikoh tuzish shartlari bo‘lajak er yoki xotin qaysi kelishayotgan tomonning fuqarosi bo‘lsa, shu tomonning qonunchiligi bo‘yicha belgilanadi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan esa, shu shaxsning doimiy yashash joyi bo‘lgan tomon qonunchiligi qo‘llaniladi. Bundan tashqari, nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarga nisbatan kelishayotgan tomonlardan qaysi birining hududida nikoh tuzilayotgan bo‘lsa, shu tomonning qonunchilik talablariga rioya etilishi lozim.
Minsk Konvensiyasida oilaviy munosabatlarga nisbatan kollizion normalar bilan birga, sud qarorlari va boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan oila ishlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etishni tartibga soluvchi qoidalar ham nazarda tutilgan. Chet el elementi ishtirokidagi oilaviy munosabatlar xalqaro Konvensiyalar bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzgan o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida”gi ikki tomonlama shartnomalari bilan ham tartibga solinadi. Oila kodeksi, Minsk Konvensiyasi va ikki tomonlama shartnomalardagi kollizion normalar har doim ham o‘zaro mos va bir-biriga muvofiq kelmaydi. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. Chet el elementi ishtirokidagi nikoh tuzishga nisbatan qo‘llaniladigan qonunchilikni aniqlashda, avvalo, quyidagi ikki savolga javob berish lozim bo‘ladi: nikoh tuzish shakli va tartibini qaysi mamlakat qonunchiligi tartibga soladi va nikohga kirishuvchi shaxslarning nikoh huquqiy layoqatini aniqlashda qaysi huquq qo‘llaniladi?
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uning hududida oilaviy munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va teng majburiyatlarga ega bo‘ladilar (Oila kodeksining 234-moddasi). Mazkur qoidadan kelib chiqib aytish mumkinki, ushbu shaxslar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida nikoh tuzish shartlariga nisbatan O‘zbekiston oila qonunchiligi normalari qo‘llaniladi. Biroq O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nikoh munosabatlari boshqa davlatning konsulxonasi yoki diplomatik vakilligida kirishsa, bunday munosabatlarga nisbatan o‘sha davlatning oila qonunchiligi qo‘llaniladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida nikohga kirishmoqchi bo‘lishsa, Oila kodeksining 234-moddasi talablaridan kelib chiqib, nikoh tuzish shartlari va tartibiga, nikoh tuzishga monelik qiluvchi holatlarga rioya etishlari talab etiladi. Oila qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan nikohlarni tan olish farqlanadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokida tuzilgan nikoh va chet el fuqarolar o‘rtasida tuzilgan nikohlarni e’tirof etish turlicha shartlarda amalga oshiriladi. Agar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonun hujjatlariga rioya qilingan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida tuzilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikohlarni haqiqiy deb e’tirof etish uchun mazkur nikoh milliy qonunchilikda belgilangan talablarga va shartlarga rioya etib tuzilishi talab etilsa, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida chet el fuqarolari o‘rtasida boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonun hujjatlariga rioya qilingan holda tuzilgan nikohlar O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etish uchun hech qanday shart va talablar belgilanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi, shuningdek, chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish har doim O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Nikohdan ajralish bilan bog‘liq barcha masalalar: ajralishning sud yoki ma’muriy tartibi, nikohdan ajralish tamoyili, nikohdan ajralish asoslari O‘zbekiston qonunchiligi bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan eri (xotini) bilan tuzilgan nikohdan, mazkur shaxs qaysi davlat fuqarosi ekanligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi sudida ajralishga haqlidir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga binoan, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohdan ajralish mumkin bo‘lgan hollarda bunday nikohdan ajralish O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarida yoki konsullik muassasalarida amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda er-xotinning shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari ularga birgalikda yashab turgan davlat qonunchiligi agar bunday holat mavjud bo‘lmasa, oxirgi marta birgalikda yashagan davlat qonunchiligi qo‘llaniladi. Umumiy fuqarolik bo‘lmagan yoki birgalikda yashash joyi mavjud bo‘lmagan er-xotin o‘rtasida nikoh shartnomasi yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv tuzilgan hollarda, ular tuzilgan shartnomaga nisbatan qaysi qonunchilik qo‘llanilishini tanlashlari mumkin. Natijada ular er-xotindan hech qaysisining aloqasi bo‘lmagan davlat qonunchiligini tanlashga haqlidirlar.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tegishli chet el davlatining qonun hujjatlariga rioya etilgan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish tegishli chet el davlatining qonun hujjatlariga rioya etilgan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi. Chet el elementi ishtirokidagi farzandlikka olish masalalari O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida nazarda tutilgan. Bunda chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini farzandlikka olishlarida Oila kodeksining farzandlikka olishga nisbatan qoidalari qo‘llaniladi. Bunday farzandlikka olish O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi talab etiladi. Bu qoida farzandlikka olinayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan – bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilangan bo‘lib, mazkur holatda farzandlikka olish Oila kodeksining 151-167-moddalarining talablariga rioya qilinishi lozim. Bunda farzandlikka olinishi lozim bo‘lgan bolalarni aniqlash va ularning hisobini yuritish, farzandlikka olish tartibi, farzandlikka olishda bolaning ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar va bolaning roziligini olish majburiy bo‘lgan holatlar hamda farzandlikka oluvchiga nisbatan talablar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olishda bolaning qonuniy vakili va bola fuqarolikka ega bo‘lgan davlat vakolatli organining roziligi, shuningdek, agar o‘sha davlatning qonun hujjatlariga muvofiq talab qilinsa, farzandlikka olish haqida bolaning ham roziligi olinishi lozim.
Agar farzandlikka olish natijasida farzandlikka olingan bolaning O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan belgilangan huquqlari buziladigan bo‘lsa, farzandlikka oluvchining qaysi fuqarolikka mansubligidan qat’i nazar, farzandlikka olish mumkin emas, farzandlikka olingan taqdirda esa, u sud tartibida bekor qilinishi lozim.
Ta’kidlash lozimki, farzandlikka olish O‘zbekiston Respublikasi hududida tan olinishi lozim. Shu boisdan, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat xududida doimiy yashayotgan bolani O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet davlatning vakolatli organi amalga oshirgan farzandlikka olish, basharti Oila kodeksining 152, 157 va 1611-moddalari talablariga rioya etilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi1.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olish farzandlikka oluvchi qaysi chet davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshirilganligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining farzandlikka olish to‘g‘risidagi ruxsati oldindan olingan bo‘lsagina, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |