2-§.
Huquqiy odat – huquqning tarixiy manbayi
Ilmiy manbalarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, huquqiy odat davlatchilik shakl- lanishining ibtidosida ijtimoiy munosabatlarni
tartibga soluvchi huquqiy qoidalarning tarixan birinchi ko‘rinishi bo‘lgan. Odat normalari asosida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish alohida ahamiyat kasb etadi. Odat – doimiy takrorlanishi natijasida kishilar ongida shakllangan xulq-atvor qoidasi. Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi man- balar tizimida odat va huquqiy odatni farqlash lozim. Kundalik turmushdagi barcha odatiy qoidalar ham huquqiy odat sifatida shakllanavermaydi.
Ma’lumki, ibtidoiy jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda odat normalaridan keng foydalanilgan va davrlar o‘tishi bilan odat o‘z o‘rnini huquqqa bo‘shatib bera boshladi. Bu davrni shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin:
Birinchi bosqich – odatning mutlaq hukmronlik davri. Bu davrda jami-
yatdagi barcha ijtimoiy munosabatlar odat orqali tartibga solingan, ya’ni bu davrda huquq umuman bo‘lmagan, chunki bunda huquqni yuzaga keltiruvchi davlat ham bo‘lmagan.
Ikkinchi bosqich – odat va huquqning birgalikda amal qilgan davri. Bu
davrda davlat paydo bo‘lib, asta-sekinlik bilan huquq normalari vujudga kela boshlagan, ya’ni huquq o‘z-o‘zidan, paydo bo‘lib, zudlik bilan odat asosida tartibga solinayotgan ijtimoiy munosabatlarni qamrab olgan emas, aksincha bosqichma- bosqich, asta-sekinlik bilan odat o‘rniga, davlat tomonidan yaratilgan huquq normalari kela boshlagan.
Uchinchi bosqich – huquqning mutlaq hukmronlik davri. Bu davrda odat
o‘z o‘rnini davlat tomonidan yaratilgan huquqqa bo‘shatib bergan va hozirga qadar huquq to‘la ustuvorlik qilmoqda.
Bugungi kunda odat faqat huquq yetarli tarzda tartibga sola olmayot- gan bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida qo‘llanilmoqda. Har qanday odat ham huquqiy odatga aylana olmaydi, balki u ma’lum bir guruh, sinf yoki butun jamiyatning manfaatlariga mos kelgan taqdirdagina, ijtimoiy foydali va dav- lat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan (ma’qullangan) holdagina huquqiy odat bo‘lishi mumkin. Huquqiy odat, boshqa ijtimoiy normalardan o‘zining davlat
tomonidan tasdiqlangani, bajarilishining majburiyligi va davlatning majburlov kuchi bilan ta’minlanishi bilan ajralib turadi. Odat o‘tmish bilan bugungi kunni bog‘lab turadi. Jamiyatda shunday odatlar borki, davlat ularni qo‘llab-quvvat- laydi va rag‘batlantiradi. Masalan, ommaviy hashar tadbirlari, Navro‘z bayrami va boshqalar. Odat insonlar o‘rtasida bir xil holatning ketma-ket takrorlanishi natijasida shakllanadi. Odatning davlat tomonidan ma’qullanishigina unga ras- miy, yuridik ahamiyat baxsh etadi, shunda u umummajburiy talabga aylanadi va u davlatning kuchiga tayanadi.
Yuqoridagi tahlillar asosida quyidagi ta’rifni ifoda etish mumkin. Huquqiy
odat – uzoq davr mobaynida amalda bo‘lishi natijasida shakllangan va davlat tomonidan umummajburiy qoida sifatida tan olingan yurish-turish qoidasidir.
Mamlakatimiz misolida oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning mustaqillikka- cha bo‘lgan davrida Navro‘z, Qurbon hayiti, Ro‘za hayiti kabi diniy bayramlar odat tarzida, ayrim hollarda yashirin ravishda o‘tkazilar edi. O‘zbekiston mus- taqillikni qo‘lga kiritgach, yo‘qotilgan milliy va ma’naviy qadriyatlarni tiklash maqsadida Navro‘z, Qurbon hayiti va Ro‘za hayiti kabi milliy qadriyatlarimizni rasmiy ravishda bayram sifatida e’tirof etib, shu kunlar dam olish kunlari, deb e’lon qilindi va mehnat qonunchiligida dam olish kunlari sifatida belgilab qo‘yildi. Mamlakatimizdagi ayrim odat qoidalari, nafaqat huquqiy odatga, balki umummajburiy bo‘lgan xulq-atvor qoidasiga aylantirildi.
Turli davlatlarda huquq manbalari tizimida huquqiy odatning roli va o‘rni turlicha bo‘lgan. Masalan, Angliyada huquqiy odat o‘z kuchi bilan harakatlana olmasligi, balki davlatning kuchi bilan qo‘llab-quvvatlab turilganligi haqida shubha yo‘q. Huquqshunos olimlarning fikricha, huquqiy odat davlat paydo bo‘lmasdan oldin ham bo‘lgan, chunki ibtidoiy jamiyat davrida ham odamlar va jamoalar o‘rtasidagi ayrim ijtimoiy munosabatlar huquqiy odatga asoslangan holda tartibga solingan. Masalan, bir shaxsning qabilada o‘rnatilgan tartib-qoi- dani buzishi, uni qabila oldida izza qilishga sabab bo‘lgan. U og‘ir qilmish sodir etgan taqdirda esa, qabiladan haydab yuborilgan. Umuman, ko‘rinib turibdiki, odat hukmron bo‘lgan vaqtlarda davlatning majburlov kuchisiz ham ijtimoiy munosabatlar tartibga solingan.
Huquqiy odat quyidagi xususiyatlarga ega: birinchidan, mahalliy ahami-
yatga molik, chunki huquqiy odat uncha ko‘p bo‘lmagan bir guruh odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi, ya’ni ma’lum bir urug‘ yoki qabila irodasini o‘zida ifoda etadi; ikkinchidan, huquqiy odat, qisman din bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pgina munosabatlarni tartibga solishda dinga asoslanadi va tayanadi. Jumladan, o‘z otasini urgan farzand nafaqat qonun bilan jazolanadi, balki uning qilmishi bir vaqtda og‘ir gunoh sanalib, xudoning qattiq qahriga uchrashiga sabab bo‘lishi e’tirof etiladi.
Shunday qilib, huquqiy odat huquq manbayi sifatida jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda hozirgi zamon davlatlarida unchalik katta o‘ringa ega emas va ayni vaqtda o‘zining ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotmoqda. Huquqiy odat hozirgi vaqtda, asosan yer, meros, nikoh va oilaviy munosabat- larni tartibga solishda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining ayrim davlatlarida qisman qo‘llanilmoqda.
3-§.Yuridik presedent
«Presedent» – lotincha praecedens so‘zidan olingan bo‘lib, «ilgarida bo‘luvchi»,
«oldin sodir bo‘lgan» degan ma’noni anglatadi.
Davlat organlari, jumladan, ma’muriy boshqaruv hamda sud organlari o‘zlarining ijtimoiy munosabatlarni boshqarish, tartibga solish jarayonida o‘ziga xos, ba’zan noyob (original) qarorlar qabul qiladilar. Ularning bir o‘rni kelganda qabul qilgan qarorlari tarixan keyingi davrlarda faoliyat yurituvchi davlat or- ganlari uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi hollari uchrab turadi. Shunga ko‘ra, presedent – muayyan ishni ma’muriy organ yoki sud organlari tomonidan ko‘rib chiqishda boshqa organ va sudlar tomonidan aynan shunga o‘xshash ish bo‘yicha ilgari chiqarilgan qarorning qo‘llanilishidir. Presedent huquqning manbayi sifatida ilgari qadimgi Rimda qo‘llanilgan. O‘tgan butun tarixiy davr nuqtayi nazaridan xulosa qilganda, yuridik presedent huquq shakli (manbayi) sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Hozirgi davrda dunyoning anglo-sakson huquqiy tizimiga asoslanuvchi davlatlarida yuridik presedentning huquq man- bayi sifatida o‘rni beqiyosdir. Ammo, Yevropa qonunchiligi va roman-german huquqiy tizimiga mansub davlatlar sud amaliyotini huquq shakli sifatida tan olmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |