§. Davlat va huquq nazariyasining zamonaviy holati tahlili 513
§. Davlat va huquq nazariyasining metodologik muammolari 518
§. Davlat va huquq nazariyasining umumnazariy muammolari 521
§. Davlat va huquq nazariyasining xususiy-nazariy muammolari 524
Mazkur ijod mahsulimni yosh- larga tibbiy bilim va tarbiya berishda umri davomida mehnat qilgan volidayi muhtaramam – Qosimova Nasibaxon Yunusjon qizining yorqin xotirasiga bag‘ishlayman.
KIRISH
Moziydan ma’lumki, davlat va huquq kishilik jamiyati taraqqiyotining ma’lum bosqichida vujudga kelgan va uning hayotida hozirga qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Davlat ham, huquq ham – o‘ta murakkab, ayni vaqtda, serjilo, sirli va ko‘p qirrali ijtimoiy hodisalardir. Ular insonlar ongu shuuri va aqlini ohangrabodek o‘ziga tortib keladi. Shu bois, insoniyat azal-azaldan ushbu sirli voqeliklarning ma’no-mazmunini anglashga intilib, ularga tinimsiz jiddiy qiziqish bildirib keladi. Tafakkur va aql daholarining sa’y- harakatlari tufayli qadim zamonlardan buyon davlat va huquq haqida teran nazariy ta’limot yaratildi. Ushbu ta’limot bugungi kunda «Davlat va huquq nazariyasi» deb nomlanadi. Bunday ta’limot dunyoning deyarli barcha mam- lakatlarida mavjud bo‘lib, fan sifatida o‘rganiladi. Davlat va huquq nazariyasi umumbashariy xususiyatga ega, uning universal qoidalari, xulosa va ta’riflari mintaqaviy joylashuvi, milliy mansubligidan qat’iy nazar, har qanday davlatga va huquqiy tizimga umumiy qonuniyatlar nuqtayi nazaridan birdek taalluqlidir. O‘zbekistonda mustaqillik tufayli qaror topayotgan davlatchilik hamda huquqiy tizim davlat va huquq nazariyasining umumiy qonuniyatlari, nazariy andozalari, tamoyil va mezonlariga bo‘ysunadi. Boshqacha aytganda, yangi demokratik huquqiy davlatchilik, fuqarolik jamiyati va adolatli huquqiy tizim davlat va huquq nazariyasining ilmiy nuqtayi nazardan asoslantirilgan xulosa,
tavsiya va bashoratlari asosida barpo etilishi mumkin va lozim.
Ayni vaqtda ta’kidlash joizki, mamlakatimizda shakllanayotgan davlat, huquqiy va qonunchilik tizimlarining mohiyati, ijtimoiy vazifasi fanimiz doira- sida keng mushohadaga, nazariy tahlilga muhtojdir. Zero, ularga hali «davlat va huquq nazariyasi» tomonidan munosib ilmiy-nazariy baho berilgani yo‘q. Qolaversa, davlat va jamiyat qurilishida ro‘y berayotgan islohotlar hamda modernizatsiyalash sharoitida davlat va huquqning namoyon bo‘lishi, o‘zgarishi, takomillashuvi o‘z xususiyatlariga ega bo‘lishi tabiiy. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, yangi qonunlari, xalqimizning tarixiy huquqiy
merosi, huquqiy qadriyatlari va an’analari, shuningdek, jamiyatimiz maqsadi sifatida ilgari surilgan huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, demokratiya va inson huquqlari tamoyillarini hayotga joriy qilishga yo‘naltirilgan g‘oyalar asosida davlat va huquq nazariyasiga oid zamonaviy darsliklar yozish o‘zbek huquqshunosligi oldida turgan dolzarb vazifadir.
Bugungi o‘zbek jamiyati o‘zi uchun «huquqiy davlat», «inson huquqlari» va «shaxs erkinligi», «demokratik fuqarolik jamiyati», «siyosiy hurfikrlilik» (plyuralizm), «hokimiyatlar taqsimlanishi», «qonun ustuvorligi», «mustaqil sud hokimiyati» kabi fundamental tushunchalarni qayta kashf etmoqda. Ayonki, jamiyat ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotini zamonaviy ma’rifiy tamoyillar asosida isloh etishda davlat va huquq benihoya katta rol o‘ynaydi. Shu bois, davlat tuzilishi, demokratik siyosiy tizimning mavjud bo‘lishi, huquqiy mu- nosabatlar oqilona tizimining tashkil etilishi ko‘p jihatdan mamlakatimizdagi davlat-huquqiy institutlarning faoliyatiga bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning saylovoldi Das- turida, shuningdek lavozimga kirishish chog‘idagi qasamyodida, Prezident sifatidagi faoliyatining dastlabki yuz kunida e’lon qilgan farmonlarida, ay- niqsa, «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da ilgari surilgan yangi g‘oyalari huquqshunoslik nazariya- sining tahlil doirasini yanada kengaytirishga ijodiy turtki berdi. Bular: – inson manfaatlari va qonun ustuvorligi, hokimiyatning xalq bilan bevosita mulo- qoti, «davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi», davlat boshqaruvi tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish, adolatli sud tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish, ta’sirchan jamoat nazorati mexanizmlarini vujudga keltirish va boshqalar.
Respublika Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strate- giyasida quyidagilar ta’kidlangan: «Mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, ... globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlanti- rish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda»1.
Davlat va jamiyatni jadal rivojlantirish, modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish maqsadida ushbu Strategiyada davlat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashti- rish va ijtimoiy sohani rivojlantirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mus- tahkamlash bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berildi.
1 Хalq so‘zi, 2017-yil 8-fevral.
Davlat va huquqni tavsiflashdagi asosiy mezon – ularning jamiyat ha- yotida o‘ynaydigan rolidir. Davlat – jamiyatni uyushtirish, boshqarish vosi- tasi bo‘lsa, huquq ijtimoiy munosabatlarni jamiyat va inson manfaatlaridan kelib chiqib tartibga solish vositasidir. Davlat va huquq o‘zaro uzviy hodisalar bo‘lganligi bois davlatning mohiyatida va faoliyatida qanday o‘zgarishlar ro‘y bersa, huquqning mohiyati va tabiatida ham shunday o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu jamiyat hayotining umumiy qonuniyatidir.
Davlat va huquq nazariyasi yuridik fanlar tizimida doimo yetakchi o‘rinni egallaydi. Uning nazariy umumlashmalari, ta’rif hamda xulosalari yurispruden- siyaning sohaviy fanlari uchun poydevor, metodologik asos vazifasini o‘taydi. Chunki, davlat va huquq nazariyasi davlat hamda huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi, tarixiy takomillashuv bosqichlari va amal qilishining eng umumiy qonuniyatlarini ochadi, ularni ilmiy-nazariy talqin etadi, ichki mantig‘i, mohi- yati va salohiyatiga oid ilmiy ta’rifi va tavsifini yaratadi.
Davlat va huquq to‘g‘risida nazariy bilimga ega bo‘lish ushbu ikki hodisaning mohiyati va mazmunini, rivojlanish qonuniyatlarini, ularga ta’sir etuvchi omil- larni to‘g‘ri talqin qila bilish yuqori malakali yurist mutaxassislarni tayyor- lashda muhim ahamiyatga ega. Chunki, fuqarolik, ma’muriy, jinoiy, moliya, mehnat huquqi kabi huquq sohalarining maqsadi, mazmunini anglash uchun davlat va huquq nazariyasi fani fundamental asos bo‘lib xizmat qiladi, u davlat va huquqning tushunchasi, rivojlanishi va faoliyat ko‘rsatish tamoyillariga oid nazariy bilimlarni hosil qiladi.
Davlat va huquq nazariyasi huquqshunoslikning nihoyatda boy, serqirra, shu bilan birga, murakkab, mislsiz olamiga kirishning kaliti bo‘lib xizmat qiladi. Huquqiy tafakkur, siyosiy va huquqiy dunyoqarash, huquqiy ong hamda yuridik madaniyatni shakllantirish, jamiyatdagi davlat – huquqiy voqeliklar xususida muntazam tizimli bilimlar hosil qilish – bu fanning asosiy vazifasidir. Bahs mavzusi va tadqiqot doirasiga «davlat», «huquq», «qonun», «demokratiya»,
«hokimiyat», «siyosat» kabi jozibali, murakkab hodisalarni qamrab oluvchi ushbu fan huquqshunoslikning o‘ziga xos qomusi sifatida maydonga chiqadi.
Davlat va huquq nazariyasi davlat va huquqqa tegishli hodisa va jarayon- larning muhim, zaruriy va eng umumiy tomonlarini o‘rganish orqali jamiyat taraqqiyotining obyektiv qonuniyatlarini ochish va tushuntirib berish, ijtimoiy hayot maqsadlarini aniqlash va ijtimoiy munosabatlarni davlat va huquq vosita- sida tartibga solish mexanizmlarini yaratish, ularning rivojlanish istiqbollarini ko‘rsatib berish bilan shug‘ullanadi.
Mazkur darslikni yozishda nafaqat mustaqillik yillarida to‘plangan davlat- huquqiy tajriba, konstitutsiyaviy tamoyillar va nazariy bilimlarga, balki xorijiy tajriba, umuminsoniy, milliy-ma’naviy hamda huquqiy qadriyatlarga, hozirgi
zamonda dunyodagi mavjud davlatchilik va huquqshunoslik konsepsiyalariga, shuningdek xalqimizning asrlar osha shakllanib kelayotgan boy huquqiy mero- siga qat’iy tayanildi.
Davlat va huquq nazariyasi milliy istiqlol mafkurasi mohiyatidan kelib chiqqan holda aholining huquqiy ongi va yuksak huquqiy madaniyatini shakl- lantirishga, ular faoliyatida qonun ustuvorligi, qonunga hurmat va unga itoatgo‘ylik ko‘nikmalarini hosil qilishga xizmat qiladi. Darslikni yozish jarayonida, ya’ni fanning turli mavzularini yoritishda huquqshunoslik va davlatshunoslikda an’anaviy bo‘lib qolgan mumtoz qarashlar, qoidalar bilan mustaqillik yillari- da paydo bo‘lgan yangi zamonaviy g‘oyalar (qarashlar) o‘rtasidagi afzallikni aniqlashga doir muhim bir masala ko‘ndalang edi. Bu boradagi yechim – an’anaviy va zamonaviy ta’limotlar o‘rtasida oqilona muvozanatni topishdan iborat bo‘ldi.
Mamlakatimizda davlat va huquq nazariyasi bo‘yicha oxirgi fundamental darsliklar chop etilganiga 8-10 yildan ko‘p vaqt o‘tdi. Shu davr mobaynida jamiyatimiz hayotida qator tub islohiy o‘zgarishlar, demokratik yangilanish- lar yuz berdi. Yangi darslikni tayyorlash va nashr etishni taqozo qilayotgan bir qancha obyektiv sabab va omillar mavjud. Birinchidan, hozir yuridik oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilayotgan Davlat va huquq nazariyasi darsliklarida parla- mentimiz palatalarining qo‘shma majlisida ma’qullangan «Mamlakatimizda de- mokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlanti- rish konsepsiyasi»da ifoda etilgan g‘oya va tamoyillar o‘z aksini topmagan. Ikkinchidan, Konstitutsiyamizga davlat hokimiyati va boshqaruvini demokrat- lashtirishga oid o‘ndan ziyod o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Uchinchi- dan, qonunchilik tizimi va qonun ijodkorlik faoliyati jo‘shqin rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda yuzdan ortiq yangi qonunlar qabul qilindi, amaldagi qonun- lar davr ruhiga mos tarzda takomillashtirildi. Ularning aksariyati hali dav- lat va huquq nazariyasi nuqtayi nazaridan talqin etilgani yo‘q. To‘rtinchidan, mamlakatda parlamentga va prezidentlikka bir necha saylovlar o‘tkazildi, say- lov jarayoni, amaliyoti va saylov qonunchiligi takomillashtirildi. Beshinchi- dan, huquqni qo‘llash amaliyoti, qonunlarni hayotga joriy etish mexanizmlari mukammallashib hamda rivojlanib bormoqda. Oltinchidan, inson huquqlari- ni muhofazalash sohasida yangi milliy institutlar, qonunchilik mexanizmlari va xalqaro tajriba rivoj topdi. Yettinchidan, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida muayyan tajriba to‘plandi. Fuqarolik jamiyati institutlari ko‘lami kengayib, ularning faolligi oshib, ahamiyati ortib bormoqda. Bu vaziyatda dav- lat va huquqning faoliyat yuritish prinsiplari hamda funksiyalari, hatto tabiati o‘zgarmoqda. Sakkizinchidan, davlat va huquqqa aksiologik yondashuv tenden- siyasi kuchaymoqda, ularga ijtimoiy qadriyat sifatida qaralib, ushbu institutlar-
ning boshqa xususiyatlari qatorida bunyodkorlik jihatlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. To‘qqizinchidan, huquqiy tafakkurda davlat va huquq borasidagi azaliy, an’anaviy qadriyatlarni, nazariy konstruksiyalarni zamonaviy huquqiy qadriyatlar va yangi konseptual xulosalar bilan uyg‘unlashtirish, qiyosiy tahlil etish vazifasi kun tartibiga chiqdi. Va nihoyat, o‘ninchidan, «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» qabul qilinishi bilan o‘zbek davlatchiligi taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi. Dav- lat qurilishida va jamiyatni boshqarishda yangi yo‘nalishlar belgilandi. Sud tizimi tubdan isloh etilib, yangi mazmundagi sud tuzilmalari (iqtisodiy va ma’muriy sudlar) joriy etildi.
Yuqorida sanab o‘tilgan masalalar davlat va huquq nazariyasining tahlil mavzusini jiddiy tarzda kengaytiradi, uning o‘rganish doirasiga ko‘plab yangi ilmiy kategoriyalar kiritilishini taqozo qiladi. Masalan, sotsial davlat, huquqiy makon, huquqiy siyosat, huquqiy tafakkur, yuridik jarayon, huquqiy prezump- siyalar, huquqiy nigilizm, ijobiy-huquqiy sanksiya, yuridik mas’uliyat, huquqiy rag‘bat va boshqalar.
Darslikda mavzular fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida, man- tiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgan bo‘lib, unda o‘rganiladigan masalalar ixti- soslikni hisobga olgan holda yoritilgan. Bu talabalar davlat va huquq nazariyasi fani bo‘yicha bayon etiladigan zarur bilimlarni o‘zlashtirishini osonlashtiradi. Darslikdan barcha yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv muassasalarida tahsil oluvchilar foydalanishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |