2-§.
Yuridik ixtiloflarning turlari
Yuridik ixtiloflar nafaqat ko‘p sonli, balki o‘z mazmuni, xususiyatlari, keskinligi, sohaviy mansubligi, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishi, shakli va hal etilish usuliga ko‘ra nihoyatda turli-tumandir.
Ilmiy tahlil yo‘nalishini belgilash ma’nosida, avvalo, yuridik ixtiloflarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: 1) normativ-huquqiy hujjatlar yoki alo- hida yuridik normalar o‘rtasidagi ixtiloflar; 2) huquq ijodkorligidagi ixtiloflar (tizimning yo‘qligi yoki sustligi, muvoziylik, o‘zaro bir-birini inkor qiluvchi huj- jatlarning chiqarilishi); 3) huquqni qo‘llash jarayonidagi ixtiloflar (ayni bir toifa munosabatlarni tartibga solishga yo‘naltirilgan bir necha hujjatlar yoki norma- larni qo‘llash); 4) davlat organlari, mansabdor shaxslar, boshqa hokimiyat
tuzilmalari vakolatlari va maqomidagi ixtiloflar; 5) maqsadlar o‘rtasidagi ixtiloflar (turli darajadagi yoki turli idoralar qabul qilgan normativ hujjatlarda mustahkam- langan maqsadlarning bir-biriga qarama-qarshiligi, ba’zan esa o‘zaro istisno etishi); 6) milliy va xalqaro huquq normalari o‘rtasidagi ixtilof.
Yuridik ixtiloflarning tasnifini ikki yo‘nalishda tahlil etish mumkin: bi-
rinchisi – huquqiy normalar, prinsiplar, ko‘rsatma (qoida) lar o‘rtasida vujudga keladigan ixtiloflar; ikkinchisi – huquqiy faoliyat doirasida (huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash va shu kabi boshqa faoliyatda) vujudga keladigan ixtiloflar. Birinchi jihatni shartli ravishda institutsiyaviy, ya’ni qonunchilik tizimi elementlari o‘rtasidagi ixtiloflar, deb atash mumkin. Ikkinchi jihatga huquqiy tartibga solish jarayonida, huquq subyektlarining o‘zaro munosabatlarida namoyon bo‘luvchi, ya’ni protsessual-protseduraga oid ixtiloflarni kiritish mumkin. Protses- sual tartib-taomillar darajasidagi ixtiloflar huquq subyektlarining manfaat- lari o‘rtasidagi masalan, sud jarayoni ishtirokchilari, yo‘l harakati tasodiflari ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolar tarzida namoyon bo‘lishi mumkin.
Yuridik ixtiloflarning quyidagi turlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin:
Qonunlar va qonun osti hujjatlar o‘rtasidagi ixtiloflar. Basharti, maz- kur turdagi ixtiloflar yuzaga kelsa, masala qonun foydasiga hal etiladi. Chun- ki, qonun yuqori yuridik kuchga ega va uning ustunligi ta’minlanishi lozim (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15 va 16-moddalari). Kodeks bi- lan qonun o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan taqdirda, masala kodeks foydasiga hal etiladi. Bir mavzuga oid bir necha qonun (yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat) mavjud bo‘lsa hamda ular bir-biriga zid bo‘lib qolsa, muddati bo‘yicha keyinroq qabul qilingan qonun (hujjat) qoidalari amal qiladi1.
Konstitutsiya bilan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi
ixtiloflar. Bunday yuridik ixtiloflar Konstitutsiya foydasiga hal etiladi, chunki Konstitutsiya barcha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga nis- batan oliy yuridik kuchga ega. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-moddasi ikkinchi qismida mustahkamlanganidek, «birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid keli- shi mumkin emas».
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan Qoraqalpog‘ iston
Respublikasi qonunlari o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ixtiloflar. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid bo‘lishi mumkin emas (74-modda). O‘zbekiston Respub- likasi qonunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham majburiydir. Shunday qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston
1 Qаrаng: Оdilqоriyev Х.Х. O‘zbеkistоn Rеspublikаsining qоnunchilik tizimi. – T., 2008. – 111-bet.
Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlari esa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga to‘la mos bo‘lishi shart.
Mamlakatning milliy qonunchiligi normalari bilan xalqaro huquq
normalari o‘rtasidagi ixtiloflar. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida mustahkamlanganidek, O‘zbekistonda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olinadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 3-moddasida xalqaro huquqning ustuvorligi belgilangan. Mazkur normaning mazmuni quyidagicha: «Basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublika- sining fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunlaridagidan boshqa- cha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi». O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida esa, «Xalqaro xususiy huquq normalarini fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan tatbiq qilish» degan bo‘lim mavjud. Unda, xususan, quyidagi qoida mustahkamlangan:
chet el fuqarolari yoki chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi yoxud chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquq ushbu Kodeks, boshqa qonunlar, xalqaro shartnomalar va e’tirof etilgan xalqaro taomillar asosida, shuningdek, taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi;
taraflarning huquqni tanlashga doir kelishuvi ochiq ifodalangan bo‘lishi yoki bevosita shartnoma talablaridan va ishning ko‘rib chiqilayotgan barcha holatlaridan kelib chiqishi lozim;
agar ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, chet el elementi bilan mu- rakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar bilan eng uzviy bog‘langan huquq qo‘llanadi;
chet el huquq normasi ommaviy-huquqiy xususiyatga ega bo‘lganligiga asoslanibgina uni qo‘llashni cheklash mumkin emas.
Xalqaro huquq normalarini mamlakatimizda qo‘llashda yoki ularni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilishda, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlaridan kelib chiqib ish tutiladi.
Kundalik hayotda yuridik sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ixti- lof va ziddiyatlarning oldini olish uchun barcha davlat organlari bunday no- mutanosiblik hamda nizolarning kelib chiqishi sabablarini va mazmunini o‘z vaqtida aniqlab borishlari lozim. Buning uchun ular o‘z faoliyat yo‘nalishlari va vakolatlari doirasida tegishli axborotlarni to‘plab, tahlil etib borishlari zarur:
turli davlat organlari va mansabdor shaxslarning vakolatlari borasidagi kelishmovchiliklar haqida;
ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar va nodavlat jamoat birlashmalari manfaatlarining qarama-qarshiligi va ta’siri haqida;
davlat organlarining o‘zaro nomuvofiq faoliyati (harakatlari) to‘g‘risida;
davlat organlari o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda qaror qabul qilganligi, boshqa organning vakolati sohasiga aralashganligi haqida;
davlat organlari faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan holatlar haqida;
siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy keskinlik hamda nizolar haqida ma’lumotlarni aniqlab, kuzatib va tahlil etib borish talab etiladi.
Davlat organlari ixtilof va nizolarning oldini olish maqsadida qonuniy- likning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatlar yuzasidan tegishli idoralarga (sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari va boshqalarga) murojaat etish huquqiga egadirlar. Shu bilan birga o‘z imkoniyatlari doirasida ziddiyatli vaziyatni yum- shatish hamda murosai madoraga kelishning boshqa choralarini izlashlari lozim. Tegishli davlat organlari ixtilofli vaziyat avj olishiga chek qo‘yish maqsa-
dida bunday holatlarning sabablarini, ishtirokchilarini, ularning niyatlari va xat- ti-harakatlarini sinchiklab o‘rganishlari darkor. Manfaatdor davlat idoralarining rahbarlari nizoli masalalar yuzasidan muzokaralar olib borishi yoki o‘zlarining vakolatli vakillarini ajratib muhokama qilishi va kelishuvga erishish choralarini ko‘rishlari lozim. O‘zaro kelishuv asosida qabul qilingan qaror ularning keyingi faoliyatida dasturilamal bo‘lishi lozim. Shunday yo‘l tutilganda huquqiy muno- sabatlar sohasida ixtiloflarning oldi olinadi yoki ularning ancha kamayishiga erishiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |