Huquqqa «sotsiologik» yondashuv XIX asrning ikkinchi yarmida
«erkin huquq» maktabi doirasida shakllangan. Yevropada bunday yondashuvning namoyandalari Е. Erlix, F. Jeni, S.A. Muromsev va boshqalardir. Bu yo‘nalish huquq normalari ijtimoiy taraqqiyot talablariga javob bermay qolgan sharoitda vujudga keldi va rivojlandi. Huquqqa sotsiologik yondashuvda, asosiy urg‘u huquq nima, degan savolga javob topishga emas, balki huquq harakatiga qaratiladi. Unga ko‘ra, huquqni normalardan emas, balki hayotning o‘zidan izlash lozim. Yozilgan qonunlar bo‘sh tovush, to‘ldirilishi lozim bo‘lgan idishga o‘xshatiladi. Qonunni sudyalar, amaldorlar huquq bilan to‘ldiradilar.
Avstriya huquqshunosi Е. Erlix «erkin huquq» ta’limotini yaratib, sotsiologik yurisprudensiyaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Huquq asoslari- ni jamiyatdan, uni tashkil etgan oila, savdo uyushmalari, jamoa va davlat kabi uyushma va ittifoqlardan izlash lozim. Huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi va mohiyatini tushunish uchun, eng avvalo, ijtimoiy uyushmalarda mavjud bo‘lgan tartibotni o‘rganish kerak. Huquqni tushunishdagi boshqa yondashuv-
1 Qarang: Алексеев С.С. Право: азбука – теория – философия: Опыт комплексного исследования.
– М., 1999. – 447-bet.
larning kamchiligi shundaki, ular ushbu tartibotdan emas, balki huquqiy ko‘rsatmalardan kelib chiqqanlar. Qadimgi va hozirgi davr jamiyatlarida huquq, urug‘lar, oilalarda hamda uyushma va ittifoqlarning ichki tuzilishini belgilab beruvchi va ularning bitimi, shartnomasi va nizomlari bilan o‘rnatilgan norma va ko‘rsatmalarida mavjud bo‘lgan tartibdir. Agarda qonunlarda muayyan holat bo‘yicha nizoni hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatma bo‘lmasa, mazkur uyushma yoki ittifoqning nizomiga, ya’ni ittifoqning huquqiy faktga to‘g‘ridan-to‘g‘ri alo- qasi bo‘lgan huquqiy normalariga murojaat etish lozim. Mana shu normalar va faktlar «tirik» huquqdir1.
Mazkur yondashuv quyidagi g‘oyalarga asoslanadi:
Huquq tabiiy huquqlarda ham emas, qonunlarda ham emas, balki qo- nunlarni hayotga tatbiq etishda namoyon bo‘ladi, ro‘yobga chiqadi.
Huquq – yuridik xatti-harakatlar, yuridik amaliyot, huquqiy tartibot, qonunlarning qo‘llanishidir. Huquq bu huquqning subyektlari – jismoniy va yuridik shaxslarning amaliy xulq-atvorlaridir.
«Jonli huquq»ni dastavval sudyalar o‘zining yurisdiksiyasi doirasidagi faoliyatida yaratadi. Ular «qonunlar mazmunini» huquq bilan to‘ldiradi va sudyalar real hayotida huquq ijodkorligini amalga oshiradi.
Huquqni «sotsiologik» tushunish ham o‘ziga xos ijobiy va salbiy jihat- larga ega.
Ijobiy jihati shundan iboratki, birinchidan, huquqni bunday tushunish
huquqning hayotga tatbiq etilishiga asoslanadi. Ikkinchidan, huquq shakllariga nisbatan ijtimoiy munosabatlar ustuvorligi tan olinadi. Uchinchidan, davlat- ning iqtisodiyotga aralashuvini cheklashni tan oladi, boshqaruvni nomarkaz- lashtirish (desentralizatsiya qilish) tarafdori.
Huquqni sotsiologik tushunishning salbiy jihatlari: 1) agar huquqni, qonunlarni hayotga tatbiq etish, real huquqiy tartibot deb tushunsak, huquqiy va huquqqa xilof xatti-harakatlarni belgilash mezonlari yo‘qoladi, chunki huquqni hayotga tatbiq etish qonuniy va g‘ayriqonuniy usullar bilan ba- jarilishi mumkin; 2) huquq ijodkorligining faqat sudyalar va ma’muriyatchilarga yuklab qo‘yilishi ayrim mansabdor shaxslar tomonidan oshkora zo‘ravonlik va o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqish, ishonchni suiiste’mol qilish xavfini kuchaytiradi.
Jamiyat hayotida ba’zan mansabdor shaxslarning qonunni chetlab o‘tishi, qonun talablarining aksini qilib o‘z manfaatlarini qondirish hollari uchrab tura- di. Mansabdor shaxslarga, «faqat qonun yo‘l qo‘ygan barcha xatti-harakatlarga ijozat beriladi» degan tamoyil qo‘llansa, ishonchliroq samara beradi.
1 Qarang: Тихонравов Ю.В. Основы философии права. Учебное пособие. – М.: Вестник, 1997.
– 534-bet.
Amalda sotsiologik yondashuv tadqiqotchilar va qonun chiqaruvchi idora uchun yaxshi samara berishi mumkin. Huquqni bilish, foydali va samarali qonunni ishlab chiqish uchun amaldagi qonunchilikni mukammal o‘rganish zarur. Hayotga tatbiq etilgan yozma huquq normalarini o‘rganish ularni ta- komillashtirishning eng ma’qul yo‘lidir. Hayotga tatbiq etilgan huquq-ijtimoiy munosabatlarni qonun bilan tartibga solishdagi nuqson va kamchiliklarni aniqlash manbayidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |