birinchidan, qonunni uni qabul qilgan oliy vakillik organidan boshqa
hech kim o‘zgartira olmaydi, bekor qila olmaydi yoki yangasini o‘rnata olmaydi; ikkinchidan, boshqa barcha normativ-huquqiy hujjatlar qonunga qat’iy
muvofiq holda qabul qilinadi va amalga oshiriladi; uchinchidan, biron-bir qonunosti normativ-huquqiy hujjat qonunga zid
bo‘lsa, u qonunga muvofiq holga keltiriladi yoki bekor qilinadi; to‘rtinchidan, qonun oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat bo‘lganligi sababli uni qabul qilgan organdan boshqa hech kim qo‘shimcha tasdiqlashi va bekor qilishi mumkin emas.
Qonun davlat nuqtayi nazaridan eng muhim deb hisoblangan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasidir. Unda mazkur munosabatlardagi qonuniyatlarning normativ majburiy xarakteri va siyosiy-huquqiy me’yori o‘z ifodasini topadi. Qonunlar faqat siyosatning ifodasi, siyosiy chora bo‘lib qolmasdan, beqiyos ijodiy va tarbiyaviy vazifani bajaruvchi katta ma’naviy boylik hamdir.
Respublika qonunlarida yangilanayotgan ijtimoiy tuzumimizning, huquqiy davlat barpo etishning eng muhim prinsiplari, rivojlanishimizning yo‘nalishlari va dasturiy vazifalari o‘z aksini topadi. Bunday muhim prinsiplar, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi: davlat suvereniteti prinsipi; xalq hokimiyatchiligi prinsipi; inson huquqlarining ustunligi prinsipi; qonuniylik prinsipi; demokratiya prinsipi; davlat bilan shaxsning o‘zaro burchdorligi prinsipi; konstitutsiya va qonunning oliyligi prinsipi; hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipi; ijtimoiy adolat prinsipi; qonun va sud oldida barchaning tengligi prinsipi; aybsizlik prezumpsiyasi; fuqarolarning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish prinsipi va boshqalar1.
Shuningdek mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashning yuridik, ijtimoiy, g‘oyaviy va ruhiy mexanizmini atroflicha tahlil etish lozim.
Yuqoridagi tahlillar asosida shuni ta’kidlash mumkinki, qonuniylik – davlatning qonunlarida, qonun ijodkorligi hamda qonunosti huquq ijodkorligida huquqni aniq ifodalanishi g‘oyasi, talabi va tizimi (rejimi)ni anglatadi2. Qonunlarda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda adolatni, huquqni ifodalash va uni huquqni qo‘llash jarayoniga singdirish, bunda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash qonuniylikning mazmunini tashkil etadi. Z.M. Islomovning fikricha, «qonuniylik – ijtimoiy hayotda huquq va qonun hukmronligidan, ijtimoiy munosabatlarning barcha ishtirokchilari tomonidan huquqiy normalar ko‘rsatmalarini og‘ishmay amalga oshirish, jamiyatda tartib va uyushqoqlikni ta’minlashdan iborat ijtimoiy-siyosiy rejimdir»3.
Qonuniylik – murakkab, serqirra hodisa bo‘lib, u turli-tuman shakllarda namoyon bo‘ladi. Uning tabiatini quyidagi talablar yig‘indisi ifodalaydi: a) qonunlarning ular yo‘naltirilgan subyektlar tomonidan aniq va bekamu-ko‘st bajarilishi; b) qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning iyerarxiyasiga rioya etilishi; d) qonuniylik o‘zida qonunning qat’iyligini, ya’ni qonunni qabul qilgan organdan tashqari, uni hech kim bekor qila olmasligi talabini mujassam etadi4.
Jamiyatda qonuniylik turli shakllarda namoyon bo‘ladi: avvalo, Konstitutsiya va qonunlarni o‘tmish va hozirgi davrning ilg‘or g‘oyalari bilan sug‘orilganligi, inson huquq va erkinliklari ustuvorligining ta’minlanganligi, qonunlarning adolatliligi va xalq manfaatiga xizmat qilishga asoslanganligida; ikkinchidan, qonunning ustuvorligi, ya’ni qonunlarning konstitutsiyaga, qonun osti normativ hujjatlarning qonunlarga mos kelishida; uchinchidan, davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning konstitutsiya, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga og‘ishmay, so‘zsiz rioya qilishida.
Adabiyotlarda qonuniylikni tor va keng ma’noda tushunish mavjud. Tor ma’noda qonuniylik – barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, mansabdor va yuridik shaxslar hamda fuqarolar tomonidan amaldagi qonunlarga aniq va og‘ishmay rioya qilish. Keng ma’noda qonuniylik davlatning qonun yaratuvchilik va uni hayotga tatbiq etish faoliyatini ham qamrab oladi. Qonun normalarining yuqori saviyada ijod etish ishini tashkil etmay, qonunlarni jamiyat taraqqiyoti darajasiga moslashtirib borishga yo‘naltirilgan faoliyatni yo‘lga qo‘ymay turib ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun hayot talablariga javob beradigan yangi qonunlar qabul qilish, yangi shart-sharoit va talablarga javob berolmaydigan eski qonunlarni bekor qilish zaruriyati tug‘iladi. Qonun ijodkorligini takomillashtirish qonuniylikni mustahkamlashdagi eng muhim shartdir.
Qonuniylik huquqning mavjudligi, jamiyatda chinakam adolatli va demokratik muhit va huquqiy tartibning o‘rnatilganligidan dalolat beradi. Demokratik davlatda qonuniylik barchaning qonun oldida tengligini anglatadi. Barcha teng majburiyat oladi va qonuniylik buzilganda teng javobgarlikka tortiladi. Jamiyatda qonuniylikning buzilishi quyidagicha namoyon bo‘lishi mumkin:
davlat hokimiyati organlari konstitutsiya va qonunlarga to‘la rioya qilmaganda;
davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunlar, qonun osti hujjatlari hamda inson huquq va erkinliklariga rioya etmaganida;
davlat organlarining konstitutsiya va qonunlarga zid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilib, ular asosida faoliyat yuritganida;
vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning amaldagi huquq normalarini noto‘g‘ri qo‘llaganida va hokazo.
Qonuniylikning oliy ko‘rinishi konstitutsiyaviy qonuniylikdir. Mazkur hodisa (rejim) konstitutsiyaviy qonunchilikka qat’iy va og‘ishmay amal qilinishining natijasidir. Mamlakatda vujudga keltirilgan konstitutsiyaviy qonunchilik tizimi konstitutsiyaviy qonuniylikning yuridik asosini tashkil etadi. Konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solishning normativlik darajasi hamda siyosiy-yuridik ahamiyati konstitutsiyaviy qonunchilikni o‘rnatish xarakteri va tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning muhimligi bilan belgilanadi. Konstitutsiyada mustahkamlangan prinsiplarning hammasi normativ tabiatga ega bo‘lib, ular mavjud huquqiy tizim uchun, davlat idoralarining huquq ijodkorlik va huquqni qo‘llash faoliyati uchun, fuqarolar, mansabdor shaxslar va jamoat birlashmalari faoliyati uchun ustuvor, rahbariy ahamiyatga egadir. Konstitutsiyaviy tartibga solishning umumiy-majburiy tabiatiga kelganda shuni aytish kerakki, u eng oliy darajadagi majburiylikka ega va ijtimoiyhuquqiy munosabatlarning barcha subyektlari uchun bajarilishi shart bo‘lgan qat’iy talabdir.
Mamlakatimizda Konstitutsiyaga amal qilish majburiyati konstitutsiyaviy qonunchilik darajasida mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasida
Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning or ganlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |