Aniq-sotsiologik metod – davlat va huquq masalalarini davlat idoralari faoliyati, davlat va jamiyat boshqaruvini huquqiy tartibga solish yo‘llarini real hayot bilan bog‘lab o‘rganish usulidir. Aniq – sotsiologik metodda quyidagi ilmiy-amaliy usullardan foydalaniladi: yozma yoki og‘zaki so‘rov (anketa) o‘tkazish, jamoatchilik fikrini aniqlash va tahlil qilish, statistik ma’lumotlar va hujjatlarni (arxiv materiallarini) tahlil etish, kuzatuv olib borish, suhbat, tajriba o‘tkazish va boshqalar.
Aniq-sotsiologik metodning ma’nosi shundaki, ilmiy tahlilning bu usulida yuridik amaliyot, huquqiy hayotning muhim jihatlari, davlat va huquq institutlarining amal qilishi haqida haqqoniy ma’lumotlar (axborot) to‘plash, tahlil etish va qayta ishlash amalga oshiriladi. Olingan natijalar asosida davlat-huquqiy voqelik xususida nazariy umumlashmalar, xulosalar chiqariladi va tegishli amaliyotni takomillashtirishga oid qarorlar qabul qilinadi. Masalan, sud-huquqiy tizimda o‘tkazilayotgan islohotlarning samarasini aniqlash uchun aniq-sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish mumkin. Bunda sud amaliyoti, prokuror nazorati hamda tergov amaliyoti bo‘yicha statistik ma’lumotlar va arxiv materiallari o‘rganiladi, anketa so‘rovlari o‘tkaziladi, jamoatchilik fikri o‘rganiladi hamda ular matematik va kompyuter ishlovidan o‘tkazilib, hosil bo‘lgan axborot asosida ilmiy asoslantirilgan xulosalar chiqariladi, zarur tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Statistik-matematik metod – yuqoridagi aniq-sotsiologik metod bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, sud amaliyoti, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga oid amaliyot, boshqa davlat idoralari faoliyatidan kelib chiqadigan statistik ma’lumotlarni umumlashtirish orqali ijtimoiy taraqqiyotning hayotiy jarayonlarini xolis aniqlash va baholash usuli hisoblanadi. Huquqiy hodisalarni, muayyan tarixiy davrdagi matematik va geometrik holatlarni o‘rganish, tahlil etish ham ushbu metod doirasiga kiradi.
Statistika – bu raqamli hisob-kitob yuritish asosida ma’lumotlar to‘plash, ularni tahlil etish, baholash va mantiqiy-ilmiy xulosa chiqarish ilmidir. Bunda miqdoriy ko‘rsatkichlar ilmiy tahlilning obyekti hisoblanadi. Miqdoriy ma’lumotlar davlat va huquq hodisalari taraqqiyotining nisbiy barqaror tendensiyalarini o‘zida ifoda qilgani holda, ularning taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilash va baholashga, strategik va taktik ahamiyatga molik jihatlarini aniqlashga yordam beradi. Raqamli ma’lumotlar davlat va huquqning holati, dinamikasi hamda rivojlanish tendensiyalarini obyektiv ifodalaydi. Qator holatlarda statistik –matematik tadqiqotlar natijalari so‘z bilan anglashiladigan har qanday matn –ifodalardan ishonchliroq chiqadi. Bunday tadqiqotlar statistik kuzatuv, statistik ma’lumotlarni matematik usullar yordamida erkin ishlovdan o‘tkazish va ularni tahlil etish bosqichlari orqali amalga oshadi.
Statistik – matematik metod o‘zining ommaviyligi va takroriyligi bilan tavsiflanadigan davlat-huquqiy voqeliklarni, masalan, vakillik va bevosita demokratiya shakllari: saylov hamda referendumlar natijasini hisoblash; huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash jarayonlarini, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning boshqa turlarini aniqlash hamda baholashda nihoyatda keng qo‘llaniladi. Davlat va huquq institutlarining holati va rivojlanishi haqidagi miqdoriy ko‘rsatkichlar tegishli sotsiologik tahlillar o‘tkazishda qo‘l keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |