Xorazm Xalq Sovet Respublikasining siyosiy tuzumi. 1920-yilning fevral oyida Xiva xonligi, sentabr oyida Buxoroda xoni va amir hokimiyati ag‘darib tashlangan. U o‘rniga yangi davlat tuzumi Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalari e’lon qilingan.
Xiva va Buxoroda ham «xalq inqilobi» deb atalgan inqilob tashqaridan kiritilgan. Xonlik va amirlikdagi davlat to‘ntarishlari yosh xivaliklar, yosh buxoroliklar va buxoro komunistlari ishtirokida Qizil
armiya kuchi bilan amalga oshirilgan. Buxoro va Xivada davlat to‘ntarishlari Butunrossiya MIQ komissiyasi va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo‘yicha komissiyasi tomonidan tuzilgan reja orqali qilingan.
1920-yil 13-sentabrda RSFSR va XXSR o‘rtasida 24 ta moddadan iborat ittifoq shartnomasi va 15 ta moddadan iborat harbiy-siyosiy bitim tuziladi. Ittifoq shartnomasiga binoan XXSRning mustaqil va daxlsiz suveren davlat ekanligi tan olinadi. Biroq amalda boshqaruv RSFSRning Xivadagi muxtor vakillari qo‘lida bo‘lib, o‘lkani mustamlaka holatda qoldirishga harakat qilingan.
Yangi vujudga kelgan davlatlar o‘z Asosiy qonunlarini qabul qila boshlaydilar. Birinchi Umumxorazm qurultoyi 1920-yilning 26-aprelida yig‘ildi. 30 aprelda I ta’sis qurultoyida birinchi konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiyada Xiva xalqi tashqi tutqinlikdan ozod bo‘lib, mustaqillikka erishganligi, bundan buyon ozod hayot kechirishga intilishi, Xivada sanoat taraqqiy etmaganligi uchun xalq orasida sinfiy kurash ham rivojlanmaganligi, yangi davlat kambag‘al ko‘pchilikning, hamda musulmon va nomusulmon aholiniing manfaatini himoya qilishi
ko‘rsatilgan.
Davlat oliy hokimiyati va boshqaruv organlari, mahalliy organlarni tashkil qilish tartibi, ularning tuzilishi va vakolatlari belgilangan.
Oliy hokimiyat organi Umumxorazm xalq vakillari qurultoyi etib belgilanadi. Respublikani boshqarishni qurultoy tomonidan saylab qo‘yiladigan va uning oldida javob beradigan 15 nafar a’zodan iborat Xalq Nozirlar Kengashi amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Xalq nozirlar kengashi rais va uning o‘rinbosari, ikki kotib hamda harbiy ishlar, adliya, iqtisodiy ishlar, nazorat, dehqonchilik, moliya, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, maorif va tashqi ishlar nozirlari tuzilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliy boshqaruv aholi tomonidan saylab qo‘yiladigan rayon sovetlari (sho‘ro)ga tegishli bo‘lgan.
Konstitutsiyada Xorazm respublikasining mudofaasini tashkil qilish, vaqf ishlari, xorijiy fuqarolarning huquqiy holati, aktiv va passiv saylov huquqlari, saylov huquqidan mahrum qilingan shaxslar, saylov tartibi, iqtisodiy siyosat to‘g‘risidagi, xon va xon avlodlarining mulki to‘g‘risi- dagi, respublikaning bayrog‘i va gerbi masalalari mustahkamlangan.
II Umumxorazm xalq vakillari qurultoyi 1921-yilning may oyida Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritdi. Saylov tartibi konkretlashtirilib, Umumxorazm qurultoyiga vakillar saylashda, 400 mahalliy aholidan bir deputat va 100 nafar qizil askarlardan bir deputat hisobida belgilandi.
Yangi konstitutsiyada qurultoylar orasidagi davrda Xorazm MIQ oliy hokimiyat organi deb e’lon qilindi. Xorazm MIQning doimiy ish organi, rais boshqaradigan va yetti kishidan iborat bo‘lgan Rayosat hisoblangan. MIQ raisi o‘z navbatida Respublika Prezidenti deb atalgan. Oliy ijroiya- farmoyish beruvchi idora qilib XXSR Nozirlar kengashi belgilangan.
Umumxorazm (Butunxorazm sovetlari) III qurultoyi 1922-yilning iyul oyida konstitutsiyaga to‘ldirishlar va o‘zgarishlar kiritdi. Unda inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar aniqlashtirildi. Oldingi Xorazm konstitutsiyalaridan farqli ravishda bunda qurultoy va Xorazm MIQning vakolatlari mustahkamlangan.
Umumxorazm qurultoyi va MIQ vakolatlariga barcha ichki va tashqi masalalar kirishi belgilab qo‘yilgan. Umumxorazm qurultoyining mutloq vakolatiga Xorazm konstitutsiyasini qabul qilish, unga to‘ldirish va o‘zgartirish kiritish, tinchlik shartnomalarini ratifikatsiya qilish masalalari kiritilgan.
1923-yilning 20-oktabrida Butunxorazm Sovetlarining IV qurultoyi yangi konstitutsiya qabul qildi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi nomini o‘zgartirib, Xorazm Xalq Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi. Yangi Konstitutsiyada fuqarolar huquq va erkinliklari kengaytirilgan, xususiy mulk huquqi bekor qilingan. Mulkdorlar, ruhoniylar va aksinqilobiy kuchlar saylov huquqidan mahrum etilgan. Davlat organlari tizimiga hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmay, ularning vakolatlari kengaytirilgan va aniqlashtirilgan.
Shunday qilib, Xorazm XSR Konstitutsiyalarida Rossiya hukumatining qarshiliklariga qaramay, bugungi kunda ham dolzarb bo‘lgan mamlakat mustaqilligini saqlash, xalqning haq-huquqlarini himoya qilish, tinch-totuv yashash, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan normalar mustahkamlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |