mamlakat va raiyat vazirligi, unga Bosh vazir rahbarlik qilgan. Bu vazirlik mamlakatning muhim ishlari, kundalik muammolar, xalqning ahvoli, aholi farovonligi, dehqonchilik holatini yaxshilash, viloyatlardan olinadigan soliqlar va ularni taqsimlash, kirim-chiqimlar va xazinaning ahvoli, obodonchilik ishlari va boshqa xo‘jalik ishlariga javobgar bo‘lgan;
sipohiylar ishi bo‘yicha vazirlik, unga harbiy vazir boshchilik qilgan. U harbiylarning maoshi, alohida xizmatlari uchun harbiylarga tuhfa qilingan yer-suvlar boshqaruvining nazorati va qayd etib borilishi, qurol-aslaha ta’minoti, harbiy ko‘riklarni tayyorlash, janglarda yarador bo‘lib xizmatga yaroqsiz bo‘lganlarga nafaqa tayinlash, iste’foga chiqqan harbiylar to‘g‘risida qayg‘urish kabi masalalar bilan shug‘ullangan;
omonat ishlari bo‘yicha yoki mulkchilik va soliq ishlari vazirligi. U vafot etgan, halok bo‘lgan, yo‘qolganlar va davlatdan yashirinib yurganlarning mol-mulkini qo‘riqlash, savdogarlardan zakot va boj olish, mamlakat chorvalari, yaylovlarni boshqarish hamda yer soliqlari, chorva mollaridan olinadigan soliq, zakot olish hamda ularning o‘z vaqtida xazinaga kelib tushishi ustidan nazorat olib borish bilan shug‘ullangan;
butun saltanat idoralarining kirim-chiqimlari, xazinadan sarf qilinayotgan barcha xarajatlar hisobini olib boruvchi vazirlik, unga moliya vaziri boshchilik qilgan;
davlat korxonalari bo‘yicha vazirlik;
adliya vazirligi (devoni mazolim – doruladolat). Adliya vazirligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaroviy yoki dunyoviy ishlar bilan shug‘ullangan. Ushbu devon bevosita A.T. nazorati va rahbarligi ostida bo‘lgan. U asosan davlat tuzumiga, boshqaruv tartibiga qarshi va mansabdorlik jinoyatlarini ko‘rgan. Muhokama o‘tkazib, jazo tayinlashi yoki avf etishi mumkin bo‘lgan. Masalan, qonun oldida javobgarlik barchaga barobarligi bois amir Temurning nabirasi Pir Muhammad ibn Umarshayx (1379– 1410) o‘z qilmishi uchun Devoni mazolimda qattiq so‘roq qilinib, aybi aniqlangach, shunga yarasha jazo berilgani va bu haqda shaxsan Amir Temurning o‘zi farmon bergani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan.
vaqf ishlari vazirligi, unga Sadr us-sudur boshchilik qilgan.
harbiy sud – qozi askar. U sud tizimida alohida faoliyat ko‘rsatgan;
xabar va aloqa vazirligi (devoni rasoil, devoni insha). Uning faoliyati asosan butun mamlakat hududiga taalluqli xabarlarni davlat
boshlig‘iga yetkazish, davlat ish yuritish hujjatlarini tegishli manzillarga yetkazish, tashqi aloqalarni amalga oshirishda iborat.
Xabar va pochta xizmati bo‘yicha butun saltanat uzra bir kunlik yo‘l oralig‘idagi har bir maskanda to‘xtash joylari bino etilgan bo‘lib, ularda 10 tadan 200 tagacha ot-ulov saqlangan, maxsus xizmatchilar faoliyat ko‘rsatgan.
Tashqi aloqalar shug‘ullanuvchi xizmat alohida ijroiya organlari tizimida emas, dargoh tarkibida faoliyat ko‘rsatgan. U chegara ishlari, chet mamlakat elchilarini qabul qilish va kuzatish, davlatlar bilan savdo va boshqa madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan.
Bulardan tashqari dargohda xolisa deb ataluvchi mansab ham ta’sis etilgan va u muhimligi jihatidan vazirlar qatorida turgan. U asosan askarlar maoshi va oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, u sarhad vazirligi deb ham yuritilgan.
Shuningdek, xolisa o‘z vakolati doirasida tortiq, ya’ni suyurg‘ol qilingan viloyat yoki mamlakatga (masalan, Amir Temur Andxud viloyati boshqaruviga o‘z piri Sayyid Barakani tayinlaydi) tayinlangan hamda shu o‘lka va mamlakatga oid moliyaviy muomalalar va keladigan daromadlarni boshqaradigan ikkita vazir (ayrim manbalarga ko‘ra uchta) faoliyati ustidan nazorat yuritib, ular bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatgan. Bulardan birinchisi, yig‘iladigan soliqlarni qayd etib, aholi ahvolidan boxabar bo‘lib turish, ikkinchisi, yig‘iladigan daromadlar qay tarzda xarj qilinayotganini hisobga olish, shu yerda mavjud harbiy qismlarga beriladigan maosh taqsimoti bilan shug‘ullangan.
Xoh dargoh, xoh devonlar tizimi bo‘lsin davlat xizmatlari puxta va aniq ishlagan. Yuqori mansabdor shaxslar o‘z bitikchisi va qayd daftariga ega bo‘lgan. Yorliqlarga tegishli belgi (raqam) qo‘yganlar. Hujjatlar muhr bosilgandan keyin rasmiy kuchga ega bo‘lgan.
Davlatda sudlov ishlari ixtisoslashtirilgan tarzda tashkil etilgan. O‘troq aholi hududlarida fuqarolarga oid ishlar Qozi kalon (doruladolat)ga bo‘ysunuvchi qozilar tomonidan shariat asosida amalga oshirilgan. Ko‘chmanchi aholi hududlarida esa Qoziyi ahdos tomonidan odat huquqiga asosan yuritilgan. Harbiylar va ruhoniylarga taalluqli ishlar yuqorida ta’kidlanganidek, alohida tarzda ko‘rib chiqilgan. Asilzodalar ishlari Ixdom sudi tomonidan olib borilgan. Agarda tomonlar qaror yoki hukmdan norozi bo‘lishsa, davlat boshlig‘iga shikoyat qilishga haqli bo‘lgan.
Diniy hokimiyat tizimining boshqaruvi quyidagi tartibda amalga oshirilgan: shayxulislom – A’lam – Qozikalon – Sadri a’zam – Muhtasib
Qoziyi ahdos – Qozi askar – Mudarris – Mutavalli.
Saltanat odatda hukmron sulola vakillari va shu xonadon tayanchi bo‘lmish harbiy-siyosiy kuchlar yordamida idora etilgan. Tabiiy ravishda Amir Temur saltanatni boshqarishda, avvalo, o‘z o‘g‘illari va avlodlariga suyandi. Chunonchi, u saltanatni bir qancha uluslarga taqsimlab, mamlakat yaxlitligini saqlagan holda boshqardi. Har bir ulusning ham o‘z dargohi va keng tarmoqli bo‘lmagan vazirlari bo‘lgan.
Viloyatlarda hokimiyatni voliy (vali)lar, bekliklarda beklar, shaharlarni hokimlar boshqargan (hokim saroyi – dorulamorat). Shahar, tuman miqyosidagi boshliqlar dorug‘a, qal’a boshlig‘i qutvol, deb yuritilgan. Ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi yashaydigan hududlarda hokimiyat tuman va ulus boshliqlari qo‘lida bo‘lgan. Qishloqlarda hokimiyat arboblar tomonidan amalga oshirilgan. Ular lavozimga mahalliy zodagonlar tomonidan tavsiya etilgan va voliylar tomonidan tasdiqlangan hamda vazifasidan ozod etilgan.
Mahalliy hukmdorlar zimmasiga asosan soliqlarning o‘z vaqtida yig‘ilishi va davlat xazinasiga jo‘natilishi vazifasi yuklatilgan. Shu bilan birga, ular xiroj va zakotlarning vaqtida to‘lab turilishi, yuqori turuvchi organlar va mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan majburiyatlarning o‘z vaqtida va aniq bajarilishiga, qal’alar, ko‘priklar, yo‘llar, suv yo‘llari va boshqalarning hamisha shay holatda turishi uch ham mas’ul bo‘lganlar.
Mamlakatda asosiy e’tibor jinoyatchilikka qarshi kurashga emas, balki jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan. Jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: Asaslar – fuqarolar tinchiligini ta’minlash va jinoyatlarni ochishda muhim o‘rin tutuvchi kecha qorovullari, ya’ni posbonlarning boshlig‘i; Yasag‘lar
mirshablarning mansabdor shaxslari bo‘lib, jamoat tinchligi va osoyishtaligini saqlashgan; Shihnalar – harbiy ma’murlar bo‘lib, shahar tinchligini saqlashga mas’ul bo‘lganlar.
Mamlakatda mirshablik alohida o‘rin tutgan. Ularga qo‘rboshilar boshchilik qilgan. Ular shahar tartiboti, karvon yo‘llarida osoyishtalikni qo‘riqlash faoliyatini amalga oshirganlar. Ular o‘z tarkibiy tuzilmalariga ega bo‘lib, ularning rahbarlarini mahalliy hokimlar tayinlagan.
Davlatda maxsus jinoyat qidiruv mirshabligi tashkil etilgan. U savdo karvonlari harakati xavfsizligini ta’minlash, bosqinchilar va o‘g‘rilar to‘dalarini topish va qo‘lga olish, shariat qoidalarini buzganlar, darbadarlar va tilamchilarga qarshi chora ko‘rish bilan shug‘ullangan.
Barcha o‘lkalarda mavqei katta bo‘lgan qorachi (josus) va voqeanavis lavozimlari ta’sis etilgan. Voqeanavislar har bir mamlakat, viloyat, shahar
va qishloqlarda bo‘lib, u yerda sodir bo‘layotgan voqealar haqida davlat boshlig‘ini xabardor qilib turishgan.
Amir Temur kuchli va markazlashgan qo‘shin tuzishga ham muvaffaq bo‘lgan. Qo‘shin bevosita Amir Temur, ya’ni davlat boshlig‘iga bo‘ysungan. Harbiy ishlar bo‘yicha amirning birinchi o‘rinbosari amirlar amiri – Amir ul-umaro hisoblangan. Amirlar amiriga qo‘shin amirlari bo‘ysungan. Qo‘shin amirlari lavozimiga qarab qo‘l ostida 1000–12000 nafargacha askarlar bo‘lgan. 1-darajali amir ming kishiga qo‘mondonlik qilgan bo‘lsa, 12-darajali amir o‘n ikki ming qo‘shinga qo‘mondonlik qilgan.
Qo‘shin o‘nlik tizimi asosida tashkil etilgan. Ular o‘nlik, yuzlik, minglik va tumanga bo‘lingan. Har biriga o‘z nomi bilan ataladigan – o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi va amir (tumanboshi) rahbarlik qilgan.
Yurish paytida qo‘shin yetti qismga bo‘lingan holda harakatlangan: xirovul (ilg‘or, avangard), chopovul (hujumchi), g‘o‘l (qo‘l, markaz), shig‘ovul (zahira), chindovul (ichki ta’minot qismi), barong‘ir ( o‘ng qanot), jarong‘ir (chap qanot).
Armiya ichida xabarchilar qo‘yilgan bo‘lib, ular qo‘shin ichidagi holatdan amirni xabardor qilib turgan.
Xulosa sifatida aytish joizki, yirik saltanatni boshqarish uchun kuchli markazlashgan davlat mahkamasi tashkil qilingan. Har bir mansabdor shaxsning huquq va burchlari qat’iy va aniq belgilangan. Fuqarolarning huquqlari kafolatlangan. Natijada esa qattiq tartib intizom o‘rnatilib, mamlakatda tinchlik-osoyishtalik qaror topishiga, iqtisodiyot va mada- niyat, shuningdek savdo-sotiqning rivojlanishiga imkon yaratilgan.
Temur vafotidan keyin (1405-yil 18-fevral) vorislar o‘rtasidagi taxt uchun o‘zaro kurashlar saltanatning parchalanishiga sabab bo‘ladi. Ayrim o‘lka va davlatlar mustaqil bo‘lib ajralib chiqadi. Uzoq kurashdan so‘ng Temurning o‘g‘li Shohruh hokimiyatni egallaydi (1409–1447-y.) va bosh rahnamo sifatida tan olinadi. Biroq, temuriylar kuchli, yaxlit davlat tashkil etishga muvaffaq bo‘la olmaydilar. Mamlakatda tarqoqlik, zulm- ning kuchayishi va iqtisodiy tanazzul yuzaga keladi.
Keyingi davrlarda Movarounnahr va Xuroson temuriylar tomonidan alohida boshqariladi. 1414-yilda Mirzo Ulug‘bek (1394-yilda tug‘ilgan, 15 yoshida taxtga o‘tiradi va 1409–1449-yillarda hokimiyatni boshqaradi) tomonidan Sharqiy Turkiston o‘z hududiga qo‘shib olinadi. 1425-yilda mamlakatning Sharqiy chegaralari mustahkamlanadi. 1428-yilda pul islohoti o‘tkaziladi. Shuningdek, Xurosonning gullab-yashnashi ham aynan temuriylar davriga to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |