Mirzo Ulug’bekning "Ziji jadidi Kuragoniy" asari Ulugʻbek “Zij”i oʻz tarkibiga koʻra VIII – IX asrlarda boshlangan astronomik
anʼanani davom ettirsa ham ilmiy darajasi ularga nisbatan beqiyos balanddir. Bu asar
ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 sobita yulduzning oʻrni va holati aniqlab
berilgan jadvallardan iborat boʻlib, muqaddimaning oʻzi mustaqil toʻrt qismni
tashkil qiladi. Muqaddimaning boshida Qurʼondan yulduzlar va sayyoralarga
taalluqli oyatlar keltiriladi. Ulugʻbek bu bilan astronomik kuzatishlarning zarurligini
gʻoyaviy asoslamoqchi boʻladi. Muqaddimaning keyingi qismida Ulugʻbek ushbu
soʻzlarni bitgan: “Soʻng, parvardigor bandalarining faqiru haqiri, ulardan Allohga
eng intiluvchisi Ulugʻbek ibni Shohrux ibni Temur Koʻragon bunday deydi…” Bu
soʻzlardan koʻrinadiki, “Zij”ning muallifi Ulugʻbekning oʻzi boʻlgan. Biroq bu ishda
unga yordam berganlarni Ulugʻbek quyidagi soʻzlar bilan odilona taqdirlaydi:
“Ishning boshlanishi olimlar allomasi, kamolot vahikmat bayrogʻini oʻrnatgan, tahlil
va tahqiq maslakida boʻlgan Qozizoda Rumiy deb shuhrat qozonmish janobi hazrat
Mavlono Saloh al-milla vaddin musoning, unga rahmat va gʻafronlar boʻlsun, va
hazrat Mavlonoi Aʼzam, olamdagi hukamolarning iftixori, qadimga bilimlarda
mukammal, masalalar mushkilotlarini hal etuvchi Mavlono Gʻiyos al-milla vaddin
Jamshid, Alloh taolo uning qabrini salqin qilsun, ikkisining qoʻllashi va yordamida
boʻldi…
Ahvol boshida hazrat Mavlono marhum Gʻiyosiddin Jamshid: “Ajibu doʼi
Alloh” chaqirigʻini eshitib, toat bilan ijobat etdi va bu jahon dorulgʻururdan u jahon
dorulsururga rixlat etdi. Ish asnosida, hali bu muhim asar bajarilib tugatilmasidan,
hazrat ustoz Qozizoda, Alloh taolo uni rahmat qilsin, parvardigor rahmatiga boʻldi.
Biroq farzandi arjumand Ali ibni Muhammad Qushchi bolalik yillaridan
fanlar sohasida ilgʻorlab boradi va uning tarmoqlari bilan mashgʻul. Umid va
ishonch komilki, uning shuhrati inshoolloh, yaqin zamon va tez onlarda jahon
atroflari va mamlakatlarga tarqaladi. Va bu muhim kitob tamomila yozilib boʻldi.
Yulduzlarning sifatlaridan kuzatilgan barcha narsalar imtihon qilinib,
kiritilib sobit etildi”.
Bu keltirilgan katta parchadan koʻrinadiki, Qozizoda Ulugʻbekning ustozi
boʻlgan va “Zij”ning ancha qismi uning ishtirokida yozilgan. Bundan yana shu narsa
koʻrinadiki, Ulugʻbek Samarqanddagi yana bir yirik olim Jamshid Koshiyni ustoz
demaydi, balki uning yoshi Rumiydan katta boʻlgani uchun Mavlonoyi Azam deyish
bilan cheklanadi. Haqiqatan ham, u kishi Samarqandga 1416 yili, yaʼni Ulugʻbek 22
yashar navqiron yigit va olim sifatida tanilganda keladi va u rasadxonadagi
kuzatishlar boshlanishi bilanoq vafot etadi. Biroq fan tarixidan shu narsa maʼlumki,
Koshiy “Zij”ning nazariy qismini arab tiliga tarjima etgan va hozir bu tarjimaning
nusxalari mavjud. Demak, bundan koʻrinadiki, Ulugʻbek avval “Zij”ning nazariy
qismini yozgan, soʻng jadval qismi uzoq kuzatishlar natijasida tuzilgan. Koshiy esa
nazariy qism yozilishi bilan uni arabchaga agʻdargan va jadvallar ustida vafot etgan.
Yana bir diqqatga sazovor narsa, bu Ulugʻbek Ali Qushchini “farzandi
arjumand” deyishidir. Aslida Ali Qushchi uning farzandi zmas, shogirdi boʻlib, ilm
sohasida ustoziga Abdullatif va Abdulazizlardan, yaʼni oʻz farzandlaridan ham sodiq
va vafodor edi. Shuning uchun ham Ulugʻbek unga oʻz oʻgʻlidek qarar edi va uning
yordami bilan “Zij”ni “farzandi arjumand Ali ibn Muhammad Qushchi…
ittifoqligida”keng izlanishlar va tinimsiz urunishlar poyoniga yetadi.
Endi “Zij”ning mazmuni haqida toʻxtalaylik. Asarning birinchi – “Taʼrix,
yaʼni xronologiyaning maʼrifati” deb nomlangan maqolasi (kitobi) yetgi bobdan
iborat boʻlib, u eralar va kalendar masalalariga bagʻishlangan. Bu boblarda islomda
qoʻllaniladigan asosiy era – hijriy erasi, surʼyoniy-yunoniy erasi, “jaloliy” erasi,
xitoy va uygʻur erasi, forsiy-qadimiy erasi va bu eralarda keltirilgan sanalarni
biridan biriga moslashtirib koʻchirish hamda bu eralardagi mashhur kunlar haqida
bahs yuritiladi. Bundan tashqari ushbu maqolada turkiy muchal yillari haqida ham
ko’p izlanishlar olib borilgan va mufassal bayon etiladi.
Ikkinchi – “Vaqtlar va unga taalluqlik nimarsalar” deb nomlangan maqola 22
bobdan iborat. U asosan matematika va sferik astronomiya masalalariga
bagʻishlangan. Ikkinchi va uchinchi boblarda oʻrta asrlar uchun eng aniq boʻlgan
sinuslar va tangenslar jadvallari keltiriladi. Maqolaning toʻrtinchi bobida Ulugʻbek
ekliptikaning (falak ul-burj) osmon ekvatoriga (muʼaddal un-nahor) ogʻish
burchagining miqdorini keltiradi. Bu haqda u bunday deydi: “Bizning
kuzatishimizcha, eng katta ogʻish (yaʼni ekliptikaning osmon ekvatoriga ogʻishi)
burchagini yigirma uch daraja oʻttiz daqiqa oʻn yetti soniya topdik”. Ulugʻbek
topgan bu miqdor oʻrta asrlar davri uchun ancha aniq edi. Shuni ham aytish kerakki,
bu burchakning miqdori barcha davr astronomlari uchun katta ahamiyatga ega edi,
chunki yoritgichlar va yashash joylarining aniq koordinatlarini topish shu burchak
miqdoriga son jihatdan teng bo’lgan miqdorga bogʻliq edi.
“Zij”ning uchinchi maqolasi 13 bobdan iborat boʻlib, faqat astronomiya
masalalariga bagʻishlangan. Bunda Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari
haqida bahs yuritiladi. Asarda keltirilgan jadvallarning aksariyati shu maqolaga
taalluqlidir. Bu jadvallar orasida eng ahamiyatga ega boʻlgani 13-bobda keltirilgan
va “Turgʻun yulduzlarning uzunlama va kenglama boʻyicha holatlarini aniqlash”
deb atalgan yulduzlar jadvalidir. Ulugʻbek “Zij”ining boshqa “zij”lardan farqini
koʻrsatish uchun shu yerda mazkur jadval boshidagi uning soʻzlarini keltiramiz. U
aytadi: “Ptolemeygacha boʻlgan astronomlar bir ming yigirma ikki yulduzning
holatini aniqladilar. Ptolemey esa ularni oltita kattalik boʻyicha tartiblab, oʻz
“Almajistiy”sida keltirdi. Ularning eng kattasi – birinchi kattalikda, eng kichigi esa
oltinchi kattalikdadir. Har bir kattalikni u uch qismga ajratdi. Ularni bir-biridan farq
qilish uchun qirq sakkiz yulduz turkumiga joylashtirdi. Ularning yigirma bittasi
falak ul-burjdan (zkliptika) shimolda, oʻn ikkitasi falak ul-burjda va oʻn beshtasi
falak ul-burjdan janubda joylashadi. Bu yulduzlardan ayrimlari shu yulduz
turkumlarining oʻzida, ayrimlari esa turkumdan tashqarida joylashadi. Bu
keyingilarni yulduz turkumlarining tashqi yulduzlari deb hisoblanadi.
Abdurahmon Soʻfiy turgʻun yulduzlarni aniqlash toʻgʻrisida maxsus kitob yozgan,
barcha kishilar unga murojaat qiladilar va uni qabul etadilar.
Biz esa yulduzlarning osmon kurrasidagi holatini kuzatishimizga qadar ular
haqida Abdurahmonning kitobidagiga asoslanardik. Biroq oʻzimizda
kuzatganimizdan keyin baʼzi yulduzlarning holati uning kitobidagiga mos
kelmasligini koʻrdik. Alloh bizning kuzatishlarimizga taovun berganidan soʻng, bu
yulduzlar va boshqa yulduzlarning holatlari Abdurahmonning aytganiga zid
ekanligining shohidi boʻldik. Biz bu yulduzlarni oʻz kuzatishimizga mos kelgan
holda kurraga joylashtirganimizda esa kuzatganimizga hech zid kelmaganligini
koʻrdik. Biz bunga imonmiz. Biz barcha yulduz turkumlaridagi yulduzlarni
kuzatdik. Lekin bundan yigirma yetti yulduz mustasno, chunki ularning janubiy
masofalarining kattaligi tufayli ular Samarqandda koʻrinmasdi. Bu Samarqandda
koʻrinmaydigan yulduzlardan yettitasi Mijmara (“Kurbongoh”) yulduz turkumidan,
sakkiztasi Safina (“Kema”) turkumidan – bular 36 nchi yulduzdan 41 nchigacha va
44, 45-yulduzlar; oʻn bittasi Kentavrus (“Kentavr”) turkumidan – bular 27 nchidan
oxirigacha va yana bitta Sabʼ (“Hayvon”) yulduz turkumidan – bu 10 nchi yulduz.
Shu yigirma yetti yulduzni biz kitobimizga Abdurahmon Soʻfiy sanasi bilan
keltiramiz. Qolgan sakkiz yulduz haqida Abdurahmon Soʻfiy oʻz kitobida ularni
Ptolemey koʻrgan yerda hech qanday yulduz topmaganligini aytgan. Biz ham har
qancha harakat qilsak-da, oʻsha joylarda hech qanday yulduzni topmadik. Shuning
uchun biz ham u sakkiz yulduzni bu kitobimizda keltirmaymiz. Bu yulduzlar
Mumolik al-ainna (“Jilov ushlovchi”)ning 14-nchi, Subʼning 11-nchi yulduzi va
Hutdan tashqarida, janubdagi oltita yulduzdir”.
Keltirilgan parchadan koʻrinadiki, Ulugʻbekning yulduzlar jadvali oʻrta asrlar
davridagi eng nodir va mukammal jadval boʻlgan. Bu parcha Ulugʻbek
rasadxonasida yulduzlar globusi yasalgan, degan xulosaga ham olib keladi.
“Zij”ning oxirgi – “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlangan toʻrtinchi
maqolasi ikki bobdan iborat va u asosan ilmi nujumga bagʻishlangan.
Ulugʻbek “Zij”i oʻrta asrlardagi eng mukammal astronomik asar boʻlib, tezda
zamondoshlarining diqqatini oʻziga jalb etdi. Eng avval bu asar Samarqandda
Ulugʻbek atrofida toʻplangan olimlar ijodiga taʼsir koʻrsatdi. “Zij”ni oʻrganish shuni
koʻrsatadiki, u asosan amaliy qoʻllanishga moʻljallangan boʻlib, nazariy masalalarni
bayon etishni Ulugʻbek oldiga maqsad qilib qoʻymagan. Shuning uchun boʻlsa
kerak, “Zij”ni birinchi boʻlib Samarqand olimlarining oʻzi, xususan Ali Qushchi
sharhlaydi. Undan keyingi sharhlarni Miram Chalabiy va Husayn Birjandiylar
yozadi.
1449 yili Ulugʻbekning fojiali halokatidan soʻng Samarqand olimlari astasekin Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari boʻylab tarqalib ketadilar. Ular oʻzlari
borgan yerlarga Samarqand olimlarining yutuqlarini va “Zij”ning nusxalarini ham
yetkazadilar. Xususan Ali Qushchi 1473 yili Istanbulga borib, u yerda rasadxona
quradi. Shu tariqa Ulugʻbek “Zij”i Turkiyada tarqaladi va Turkiya orqali Ovroʻpo
mamlakatlariga ham yetib borishini ta’minlab beribgina qolmay ularni boyitadi.
Hozirgi kundagi maʼlumotlarga koʻra “Zij”ning YUOga yaqin forsiy nusxasi
va 15 dan ortiq arabiy nusxasi mavjud. Oʻrta asrlarda yozilgan hech bir astronomik
yoki matematik asar bunchalik ommaviy va keng maʼlum boʻlmagan. “Zij”
musulmon mamlakatlarining deyarli barchasida oʻrganilgan va sharhlangan. Uni
sharhlagan olimlardan quyidagilarning nomlarini eslatish mumkin: Shamsiddin
Muhammad ibni Abul Fath as-Soʻfiy al-Misriy (vaf. tax. 1495), Abulqodir ibni
Roʻyoniy Lahijiy (vaf. 1519), Miram Chalabiy (vaf. 1525), Abdulali Birjandiy (vaf.
1525), qolaversa va albatta Gʻiyosiddin Sheroziy (vaf. 1542).
Ulugʻbek “Zij”i ayniqsa Hindiston olimlariga kuchli taʼsir koʻrsatdi.
Samarqand olimlarining ilmiy anʼanalarini Hindistonga Boburning oʻzi yetkazgan
degan maʼlumot bor. Boburning vorislari oʻtmishdagi shohlarga oʻxshab atroflariga
olimlarni toʻplaydilar va ularning ilmiy izlanishlariga sharoit yaratadilar. Hind
olimlari koʻp tarafdan Samarqand olimlariga taqlid qiladilar. Masalan, Shoh Jahon
avval zamonida Lahor va Dehlida ishlagan Farididdin Masʼud al-Dehlaviy (vaf.
1629) “Ziji ShohJahoniy” nomli asar yozadi: undagi maqola va boblarning soni
xuddi Ulugʻbek “Zij”idagidek va jadvallarning ham koʻp qismi Ulugʻbeqdan
olingan. Yirik hind olimi Savoy Jay Sing (1686–1743) ham oʻzining “Ziji
Muhammadshohiy” asarini Ulugʻbek “Zij”ining katta taʼsiri ostida yozgan.
“Zij”ning Gʻarbiy Ovroʻpo faniga ham taʼsiri katta boʻldi. Umuman olganda Gʻarbiy
Ovroʻpo Temur va uning farzandlarini, ayniqsa Ulugʻbekni XV asrdanoq bilardi. Ali
Qushchining Istanbuldagi faoliyati tufayli Ulugʻbekning olimligi haqidagi xabar
kop’ vaqt kutmay yashin tezligida Ovroʻpoga ham tarqaladi.
1638 yili Istanbulga ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford universitetining
professori Jon Grivs (1602–1652) keladi. Qaytishida u oʻzi bilan Ulugʻbek
“Zij”ining bir nusxasini Angliyaga olib ketadi. 1648 yili avval “Zij”dagi 98
yulduzning jadvalini chop etadi. Oʻsha yilning oʻzida Grivs “Zij”dagi geografik
jadvalni ham nashr etadi. 1650 yili esa u “Zij”ning birinchi maqolasining lotincha
tarjimasini nashr etadi. Grivs 1652 yili mazkur oxirgi ikki ishni qayta nashr etadi.
Yana bir ingliz olimi va sharqshunosi Tomas Hayd (1636–1703) “Zij”dagi turgʻun
yulduzlar jadvalini 1665 yili forscha va lotinchada nashr etadi. Shunisi diqqatga
skzovorki, Hayd Grivsning ishlaridan butunlay bexabar edi. Demaq, “Zij”ning
nusxalari qandaydir yoʻllar bilan unga ham yetib kelgan.
Haydning nashridan 15 yil keyin polyak olimi Yan Geveliy (1611–1687) Dansigda
“Zij”nyng ayrim jadvallarini nashr etadi. Bundan keyin XVIII va XIX asrlarda qator
Ovroʻpo olimlari “Zij”ning ayrim qismlarini nashr etadilar. Fransuz sharqshunosi L.
A. Sediyo (1808–1876) “Zij”ning toʻrttala maqolasi oldidagi soʻzboshilari va
muqaddimasining fransuzcha tarjimasini 1847–1853 yillarda) nashr etadi. Va
nihoyat, XX asr boshlarida amerikalik olim E, B. Nobl “Zij”ning Angliya
kutubxonalarida saqlanadigan 28 qoʻlyozmasi asosida yulduzlar jadvalining
inglizcha tarjimasini nashr etydi (Vashington, 1987).
Shunday boʻlishiga qaramay Ulugʻbek “Zij”i umuman olganda toʻliq ravishda
oʻrganilmagan, biror zamonaviy tilga toʻla tarjima etilmagan.