III bob bo’yicha xulosa
So’ngi uchinchi bobni xulosa qilib aytadigan bo’lsam, tarjimada pragmatik xususiyatlar quyidagilarni e’tiborga olgan holda qayta yaratiladi. Birinchidan, asarda tasvirlanayotgan shart-sharoit va muhit, ikkinchidan, asar yozilgan davr va davr ruhi, uchinchidan, asar qahramonlari xarakteri, to’rtinchidan, asliyatda qo’llanilgan leksik birliklarning o'ziga xos sususiyatlari, beshinchidan, matnning siyosiy, ma’rifiy, madaniy, iqtisodiy xususiyatlari va shu kabilar.
Asliyatning pragmatik xususiyatlarini tarjimada qayta yaratishda tarjimonning asliyat matniga neytral bo’lishi talab etiladi. Aks holda tarjimonning shaxsiy munosabati tarjimada asliyat mazmuniga putur yetkazishi va istalgan natijaga erishilmasligi mumkin. Ba’zan asliyatdagi pragmatik ma’noni saqlab qolish uchun, tilni mukammal bilishning o’zi kamlik qiladi, chunki ba’zi so’zlar matnda lug’atlarda ko’rsatilmagan ma’nolarda qo’llangan bo’ladi va bunday so’zli jumlalarni kontekstdan kelib chiqqan holda tarjima qilishga to’g’ri keladi. Ya’ni bu kabi so’zlarning ma’nosini kontekstni o’rganib chiqib bilib olish mumkin.
Tarjimachilik sohasiga endigina qo’l urgan tarjimonlar ayrim vaziyatlarda matnda qo’llangan bazi so’zlarning tarjimasini bilmasalarda, ularni kontekstdan kelib chiqqan holda qanday ma’no kasb etayotganini tushunishadi. Bunday tushunish kontekstual pragmatik tushunish hisoblanadi.
Tarjima jarayonida pragmatik xususiyatlarni berishda shoshma-shosharlikka yo’l qo’yib bo’lmaydi. Ehtiyotkorsizlik va shoshilinch qilingan tarjima xato va kamchiliklarni yuzaga kelishiga, bu bilan asarning pragmatik potensialining kamayishiga sabab bo’ladi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Hozirgi davrda jahon miqyosida kechayotgan globallashuv jarayonlari XX asrning oxiri va XXI asr boshlarida butun insoniyat, yer yuzidagi barcha xalqlar va millatlar taraqqiyoti uchun, ayniqsa, hayotga kirib kelayotgan yosh avlod uchun misli ko’rilmagan imkoniyatlar yaratib berganini hech kim inkor etolmaydi. Avvalambor, fan va texnikaning ilg’or yutuqlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet tizimi turli davlatlar va mintaqalar o’rtasidagi chegaralarni ochib berib, o’zaro hamkorlik va integratsiya rivojiga so’zsiz katta hissa qo’shayotganiga bugun barchamiz guvoh bo’lmoqdamiz. Turli davlatlar bilan aloqalarning rivojlanishi shubhasiz o’sha davlatlarning tillarini mukammal bilishni taqazo etmoqda. Bu esa tillarni o’rganishga bo’lga e’tiborni kuchaytirib tarjimachilikning rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Tarjima insoniyat faoliyatining eng qadimiy turlaridan biridir. Tarjima tufayli biz insoniyat taraqqiyoti tarixini barcha tafsilotlari bilan ochiq-oydin tasavvur etamiz.
Tarjima pragmatikasining vazifasi - asliyat va tarjima tillari leksik, grammatik va stilistik hodisalari o‘rtasidagi uyg‘un hamda tafovutli jihatlarni puxta o‘zlashtirib olgan holda, asliyatning shakl va mazmun birligini ona tili vositalari yordamida qayta yaratishdan iboratdir.
Asl nusxa muallifidan voqelikni to‘g‘ri aks ettirish talab etilsa, tarjimondan
asl nusxani bekami-ko‘st talqin etish talab qilinadi va bu bekami-ko’stlik pragmatika orqali amalga oshiriladi.
Tillararo muloqotning alohida turi bo‘lmish tarjima turli tillar matnlarining
mazmunan teng qiymatliligini taqazo etadi. Asliyat va tarjima matnlari mazmunining o‘zaro mos kelishi, ekvivalentlikni tarjimaning asosiy sharti ekanligini ko‘rsatadi. Tarjima amaliyoti sirlarini mukammal egallagan va uning nazaryasi bilan puxta qurollangan tarjimongina asliyatga ekvivalent tarjimalar yarata oladi. Asliyatga ekvivalent hisoblangan tarjima o’zida asliyatning pragmatik xususiyatlarini ham mujassam eadi.
J. Layonz pragmatikaga ta’rif berib shunday deydi: «Pragmatika tinglovchini uzatilayotgan axbarotni xuddi so‘zlovchi istaganidek qabul qilishga undash maqsadi uchun mos keladigan lisoniy birliklarning kommunikatsiyada qo‘llanishini tavsiflaydi. Bu pragmatika lisoniy vositalarning shaxslararo muloqotdagi rolini aniqlash bilan shug‘ullanadi deyish demakdir».
Tarjima - xorijiy tildagi matnni ona tili materiallari asosida qayta yaratish bo‘lsa, pragmatika esa - o‘sha qayta yaratilgan matnning asl ma’no-mazmunini yetkazib berishdir. Pragmatik xususiyatlar orqali «haqiqiy» ma’noni yuzaga chiqarish uchun kontekstda ifodalangan ma’no qo‘llaniladi va tahlil qilinadi. Tarjimon tarjimada pragmatik xususiyatlarni ifoda etishda asliyat matniga nisbatan pragmatik jihatdan neytral bo‘lishi kerak.
Matnning pragmatik salohiyati axborotning mazmuni va shakli bilan ifodalanadi. Mazmun va shakl avvaldan tilda mavjud bo‘lgan ifoda vositalaridir va muallif ulardan faqat o‘rinli foydalanadi xolos.
Ba’zida tarjimaning o’ziga xos pragmatik xususiyatlarini ifodalsh uchun ba’zi bir izohlovchi so’zlardan foydalaniladi. Bunday izohlar asliyat tilida mavjud biroq, o‘zbek kitobxoni uchun notanish bo‘lgan asliyat tili xalqiga, ularning turmush sharoitiga oid realiyalarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |