O’rta miyaning tuzilishi va funktsiyasi.
O’rta miyada to’rt tepalik yadrolari (ular Silviy suv yo’lining ustida qopqoq-testum sohasida joylashadi), qizil yadro (nucleus ruber), ko’zni harakatlantiruvchi va g’altak nervlarning yadrolari (ular Silviy suv yo’lining ostida, o’rta miyaning markaziy qismida) va qora substantsiya- substantia nigra (o’rta miya asosida) bor. Talamusga, katta yarim sharlarga va miyachaga impuls olib boradigan barcha ko’tariluvchi yo’llar va uzunchoq miya bilan orqa miyaga impuls yetkazib beradigan tushuvchi yo’llar o’rta miya orqali o’tadi. Uzunchoq miyadagi kabi, o’rta miyada ham retikulyar formatsiya neyronlari bor.
O’rta miya yadrolarining funktsiyalari. O’rta miya yadrolari bir qancha muhim reflektor funktsiyalarni bajaradi.
To’rt tepalikning oldingi do’mboqlari birlamchi ko’ruv markazlari bo’lib, yorug’lik ta’siriga javoban ba’zi reflekslarning yuzaga chiqishida qatnashadi. Bu reflekslarga ko’rib chamalash (orientirovka) reflekslari kiradi. Bu reflekslar shundan iboratki, hatto yarim sharlardan mahrum bo’lgan, ammo o’rta miyasi butun qolgan hayvon yorug’lik ta’siriga javoban ko’z va tana harakatlari bilan reaktsiya ko’rsatadi. Ko’z muskullariga ko’zni harakatlantiruvchi va g’altaksimon nervlarning yirik hujayrali yadrolaridan impulslar kelib turishi tufayli ko’z refleks yo’li bilan harakatlanadi. To’rt tepalikning oldingi do’mboqlari qorachiq refleksining yuzaga chiqishida qatnashadi. O’rta miyaning birlamchi ko’ruv markazlari bilan aloqador reflekslarga ko’z akkomodatsiyasi va ko’ruv o’qlarining bir nuqtaga kelishi-konvergentsiya kiradi.
To’rt tepalikning orqa do’mboqlari birlamchi eshituv markazlari bo’lib, tovush kelayotgan tomonni chamalab bilash reflekslarining yuzaga chiqishida: hayvonlarning qulog’ini ding qilishida, boshi va gavdasini yangi tovush kelayotgan tomonga burishida qatnashadi.
O’rta miyasi butun qolgan hayvondagi chamalash refleksida harakat reaktsiyalari bilan bir qatorda bazi vegetativ reflekslar ham kuzatiladi; yurak faoliyatini ritmining o’zgarishi, arterial bosimning o’zgarishi va hokazolar shu jumladandir.
To’rt tepalik yadrolari «soqchillik» refleksining yuzaga chiqishida qatnashadi. Bu refleksning organizm uchun ahamiyati shuki u organizmni to’satdan yangi ta’siotga reaktsiya ko’rsatishga tayorlaydi. Bu murakkab refleksning muhim komponenti shuki, muskul tonusi qayta taqsimlanadi-bu bukuvchi muskullar tonusi oshib, hayvonning qochib ketishiga yoki xujum qilishiga yordam beradi. To’rt tepalik sohasi zararlangan kishi bexos ta’sirotga javoban tez reaktsiya ko’rsata olmaydi.
Qora substantsiya (substantia nigra) ovqat yutish va chaynash reflekslari kabi murakkab aktlarning koordinatsiyalanishiga bevosita daxldor. Qora substantsiyaga elektr toki bilan ta’sir etilganda ovqat yutish harakatlari yuzaga chiqib, nafas olish tegishlicha o’zgaradi. Qora substantsiya plastik tonusni boshqarishda qatnashadi va qo’l barmoqlarining juda aniq bajariladigan mayda harakatlarini yuzaga chiqarishda va binobarin, tonusning nozik boshqarilishda ahamiyat kasb etadi, degan ko’rsatmalar ham bor.
Boshqa hayvonlarga nisbatan odamda qora substantsiya ko’proq rivojlanganligini, aftidan, shu bilan tushuntirsa bo’lar. O’rta miyaning shu qismi (qora substantsiya) zararlanganda muskullar tonusi oshib ketadi, ya’ni gipertonus ro’y beradi. Ammo, bu gipertonusni faqat qora substantsiyaning ahamiyati bilan izoxlab bo’lmaydi, chunki u shikastlangan taqdirda muskullar tonusining boshqarilishiga bevosita daxldor bo’lgan qizil yadro va retikulyar formatsiya bilan aloqasi uziladi.
O’rta miyasi butun turgan mezentsefal hayvon bulbar hayvondan farq qilib, muskullar tonusi normal taqsimlangan bo’ladi, bunday (mezentsefal) hayvon normal fazasini (vaziyatini) tiklay va saqlay oladi. Bu, asosan, o’rta miyadagi qizil yadro va retikulyar formatsiyaning funktsiyalaridan kelib chiqadi.
Detserebratsion rigidlik. Mushuk yoki quyonning miya o’zani uzunchoq miya yuqorisidan qirqilib, qizil yadrolar shu chiziqdan yuqorida qoldarilsa (bunday operatsiya detserebratsiya deb ataladi), gavda muskullarining detserebratsion rigidlik degan maxsus holati vujudga keladi. (CH. SHerrington). Bu holat yozuvchi muskullar tonusining keskin darajada ortishi bilan ta’riflanadi. Hayvon - qo’l oyoqlarini rosa uzatib, boshini orqasiga qayiradi, dumi ko’tarilib turadi. Hayvonning oyoqlarini bo’g’imlaridan bukmoq uchun anchagina kuch sarflash kerak bo’ladi. Oyoqlarni zo’rlik bilan bukish to’xtatilgach, ular yana yoziladi. Detserebratsion rigidlik holatidagi hayvonni tikka turg’azib qo’yish mumkin. Gavda og’irlik markazi o’qi tayanch tekisligining o’rta nuqtasidan o’tsa, hayvon oyoqlarini cho’zib, qimirlamay tikka turaveradi.
Yaqin vaqtlargacha detsebratsion rigidlikning kelib chiqishini faqat qizil yadroning zararlanishiga va undan muskullar tonusini idora etadigan orqa miyaning segmentar apparatlariga boshqaruvchi ta’sirot bormay qo’yishiga bog’lashardi.
Detsebratsion rigidlikning kelib chiqishida qizil yadrodan tashqari uzunchoq miya bilan o’rta miyaning retikulyar formatsiyasi ham muhim ahamiyat o’ynashi endilikda ko’rsatib berildi. Qizil yadrolar katta yarim sharlar po’stlog’idan, po’stloq ostidagi yadrolardan va miyachadan impulslar olib turadi. Ular ekstrakortikospinal yo’lning oraliq o’choqlaridan biri bo’lib, orqa miyaning neyronlariga rubrospinal trakt orqali tuzatuvchi impulslar yuborib turadi. Qizil yadrolar miya o’zanining retikulyar formatsiyasiga ko’p tomonlama bog’langan bo’lib, shu formatsiya bilan birgalikda muskullar tonusini idora etadi. Uzunchoq miyaning yuqori qismidagi retikulyar formatsiya bilan qizil yadro o’rtasidagi bog’lanishning buzilishi, aftidan detserebratsion regidlikning kelib chiqishiga asosiy sababdir. Uzunchoq miya rombsimon chuqurchaning pastki chegarasi qirqib qo’yilgach detserebratsion regidlik yo’qoladi, bu esa detserebratsion regidlikda miya o’zanining shu qismidagi retikulyar formatsiya ahamiyat kasb etishini ko’rsatadi.
Detserebratsiyadan keyin muskullar tonusi refleks yo’li bilan ortadi. Buni shundan bilish mumkinki, keyingi oyoqlardan birini innervatsiyalovchi orqa ildizlar qirqib qo’yilgach, shu oyoq muskullarini rigidligi yo’qoladi.
Keyingi oyoq muskullarida rigidlik kelib chiqishida shu muskul proprioretseptorlaridan keluvchi impulslar katta ahamiyatga egadir. Bo’yin muskullarining proprioretseptorlaridan va vestibuloretseptorlardan markaziy nerv sistemasiga impulslar kelishi natijasida oldingi oyoqlar rigidligi kelib chiqadi. SHu retseptorlardan keluvchi impulslar tonik reflekslarda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etishi quyida ko’rsatib beriladi.
Odamning o’rta miyasi shikastlanmasdan miya o’zanining yuqoriroqdagi qismlari va po’stloq ostidagi yadrolar zararlanganda ko’pincha rigidlik paydo bo’ladi. Odam qo’lining rigidligi mushuk yoki itdagi kabi yozuvchi muskullar emas, balki bukuvchi muskullar tonusining oshganligidan namoyon bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |