Metgemoglobin – kuchli oksidlovchilar (ferrotsionid, bartolet tuzi, vodorod perekisi va b.) ta’sirida gemoglobin tarkibidagi Fe2+ zaryadini Fe3+ gacha o’zgartirib yuboradi, natijada temir uch oksidi hosil bo’ladi. Bu birikma mustahkam bo’lib tarkibidagi kislorodni to’qimaga bera olmaydi, natijada odam halok bo’lishi mumkin.
Rang ko’rsatkich. Eritrotsitlarda gemoglobin miqdori hakida rang ko’rsatkich yoki farb indeks (Fi, farb-rang, intex- kursatkich)ga qarab fikr yuritiladi. Rang kursatkich eritrotsitni gemoglobin bilan to’yinganlik darajasini bildiradi. Fi – gemoglobin va eritrotsitlarning foizlardagi nisbati, bunda gemoglobin miqdori 166,7 g/l, eritrotsitlar esa 5·1012/l shartli 100% deb qabul qilingan. Agar har ikkalalari 100% ga teng bo’lsa, Fi 1ga teng deyiladi. Normada Fi 0,75-1,1 o’rtasidagi kattalikka ega, buni normoxrom holati deyiladi. Agar Fi 0,7 dan kam bo’lsa gipoxrom, 1,1 dan katta bo’lsa giperxrom holat deyiladi. Rang kursatkichni aniqlash klinikada anemiyaning kelib chikish sababini o’rganishda katta axamiyatga ega.
Gemoliz. Eritrotsitlar qobig’i yorilib gemoglobinning plazmaga chiqishi gemoliz deyiladi. Bunda plazma tiniq qizil rangga bo’yaladi. Gemolizning bir necha turlari mavjud.
Osmotik gemoliz eritrotsitlarning gipotonik eritmaga solinganida kelib chiqadi. Sog’lom odamlar eritrotsitlarining osmotik chidamliligini minimal chegarasi NaCl ning 0,42-0,48% eritmasiga tug’ri keladi, to’la gemoliz (maksimal chidamlilik) NaCl ning 0,30-0,34% eritmasida sodir bo’ladi.
Kimyoviy gemoliz – ximiyaviy moddalar (xloroform, efir, saponin va b.) ta’sirida eritrotsitlar oqsil - lipid pardasining parchalanishi natijasida kelib chiqadi.
Biologik gemoliz - ilon, xasharotlar, mikroorganizmlar zaharlari ta’sirida sodir bo’ladi.
Termik gemoliz – eritrotsitlar muzlatilib so’ng isitilganda kelib chiqadi.
Immun gemoliz – mos kelmagan qon quyish natijasida immun gemolizinlar ta’sirida kelib chiqadi.
Mexanik gemoliz - qonga mexanik ta’sir qilganda, masalan qon saqlanayotgan idish qattiq silkitilganda eritrotsitlar kobig’ining yorilishi.
Eritrotsitlarning vazifasi. Eritrotsitlar uch xil vazifani bajaradilar: tashuvchi, himoyalovchi va boshqaruvchi.
Tashuvchi vazifasiga O2 va CO2, aminokislotalar, polipeptidlar, oqsil, karbonsuvlar, fermentlar, gormonlar, yog’lar, xolisterin, har xil biologik faol moddalar (prostoglandinlar, leykotrientlar va b.), mikroelementlar va boshqalarni tashish kiradi.
Ximoyalovchi vazifasiga eritrotsitlarning xususiy va umumiy immun reaktsiyada ishtiroki, qon-tomir trombotsitar gemostazda, qon ivishida va fibrinolizda qatnashishi kiradi.
Boshqaruv vazifasi – eritrotsitlar tarkibida gemoglobin borligi tufayli qonning rN, plazma tarkibidagi ion va suv doimiyligini saqlashda ishtirok etadi. Kapillyarning arterial qismida eritrotsitlar tarkibidagi suv va O2 to’qimaga beriladi va uning hajmi kichrayadi, kapillyarning venoz kismida esa to’qimadan suv, CO2 va modda almashinuv mahsulotlarini biriktirib oladi va eritrotsitlar hajmi ortadi.
Eritrotsitlar glyukoza va qon ivishiga qarshi bo’lgan modda geparinni ham tashib yuradi. Agar bu moddalarning qondagi miqdori ko’payib ketsa, ular eritrotsitlar ichiga kirib oladi, kamayib ketganda yana plazmaga qaytib chiqadi.
Eritrotsitlar tarkibida eritropoezni boshqarishda ishtirok etadigan eritropoetik omil saqlanadi. Eritrotsitlar parchalanganda bu omil suyak ko’migiga tushadi va eritrotsitlar hosil bo’lishini kuchaytiradi. Eritrotsitlar parchalanganda ajrab chikkan gemoglobindan o’t tarkibiy qismiga kiruvchi bilirubin hosil bo’ladi.
Eritron. Eritropoezning boshqarilishi. Ingliz terapevti Kasl xarakatdagi, depodagi va suyak ko’migidagi qonlar miqdorini ifodalash uchun «Eritron» tushunchasini fanga kiritgan. Eritron yopik tizim bo’lib, unda emirilgan va yangi hosil bo’lgan eritrotsitlar miqdori tengdir.
Eritrotsitlar suyak ko’migining yopiq kapillyarlarida etiladi va ular retikulotsit davriga etgandan so’ng kapillyarlar devorini cho’zadi, natijada tomir ochiladi va retikulotsitlar qon bilan yuvib ketiladi. Qonda retikulotsitlar 35-45 soatdan so’ng eritrotsitga aylanadi. Qondagi retikulotsitlar miqdori meyorda 1-2% ni tashkil qiladi. Eritrotsitlar 80-120 kun yashaydi.
Eritropoez me’yorda bo’lish uchun temir zarur. Eritrotsitlar parchalanganda hosil bo’lgan, depodan va ovqatlar tarkibidan tushgan temir suyak ko’migiga tushadi. Katta yoshdagi odamlarda eritropoez meyorda ketishi uchun sutkalik ovqat ratsionida 12-15 mg temir bo’lishi zarur.
Ichakning shilliq qavatida temirning enterotsitga o’tishini osonlashtiruvchi retseptor mavjud. Ichak shilliq qavatida temirni tashuvchi oqsil mavjud. U temirni transferrin retseptori bor to’qimalarga olib boradi. To’qimada transferrin va temir kompleksi parchalanadi va temir boshqa tashuvchi oksil-ferritin bilan birikadi. Ortiqcha temir oqsil-ferritin yoki oqsil va lipoid-gemosiderin bilan birikkan holda jigar va taloqda to’planadi, keyinchalik temir gemoglobin hosil bo’lishida ishlatiladi.
Eritrotsitlarning hosil bo’lishida B12 vitamini (tsiankobalamin) va foliy kislotalari zarurdir. B12 Vitamini organizmga ovqat tarkibida tushadi va qon hosil qiluvchi Kaslning tashqi omili deb ataladi. Uning ichakda so’rilishi uchun me’daning pilorik sohasi shilliq qavatida ishlab chiqariluvchi va Kasalning ichki omili deb ataluvchi modda (gastromukoproteid) zarur. B12 Vitamini etishmasa anemiya kelib chiqadi. B12 Vitamini globin sinteziga yordam beradi. B12 Vitamini va foliy kislotalar eritrotsitlar DNKsi sintezida ishtirok etadilar. B2 Vitamini (rivoflavin) eritrotsitlarning lipid tarkibi hosil bo’lishida qatnashadi. B6 Vitamini (piridoksin) gem hosil bo’lishida qatnashadi. C Vitamini temirni ichakda so’rilishini osonlashtiradi, foliy kislota ta’sirini kuchaytiradi. E Vitamini (α - tokeferol) va PP vitamini (pantoten kislota) eritrotsitlar lipid pardasini kuchaytiradi va gemolizga chidamliligini orttiradi.
Eritropoezning meyorda bo’lishi uchun mikroelementlar ham zarur. Mis temirni ichakda so’rilishiga yordam beradi va uni gem tarkibiga kirishini osonlashtiradi. Nikel va kobaltlar gemoglobin va gem ushlovchi molekulalar sintezini kuchaytiradi. Organizmdagi tsinkning 75% eritrotsitlarda karboangidaza fermenti tarkibida bo’ladi, tsinkning etishmasligi leykopeniyani keltirib chiqaradi.
Eritropoetinlar eritropoezning fiziologik boshqaruvchisi hisoblanadi. Eritropoetinlar asosan buyrakda, qisman taloqda hosil bo’ladi va sog’lom odam qonida doimo oz miqdorda bo’ladi. Eritropoetinlar eritrotsitlar o’tmishdoshlarining proliferatsiyasini kuchaytiradi va gemoglobin sintezini tezlashtiradi. Ular gem va gemoglobinlar sintezida katnashuvchi enzimlar hosil bo’lishida ishtirok etadigan informatsion RNK sintezini kuchaytiradi. Eritropoetinlar hosil bo’lishi gipoksiyada kuchayadi. Eritropoezni erkaklar jinsiy gormonlari kuchaytiradi. Qonda eritrotsitlar ko’payib ketganda hosil bo’luvchi modda eritropoez ingibitori eritropoezni tormozlaydi. Shuningdek, ayollar jinsiy garmonlari (estrogenlar) va keylonlar ham eritropoezni tormozlaydilar. Simpatik nerv tizimi eritropoezni kuchaytiradi, parasimpatik esa tormozlaydi. Nerv va endokrin tizimlar eritropoezga eritropoetin orqali ta’sir ko’rsatadi.
Eritrotsitlarning parchalanishi jigarda, taloqda va suyak ko’migida mononukleor fagotsitar sistema ta’sirida amalga oshadi. Eritrotsitlar emirilishidan hosil bo’lgan moddalar eritropoezni kuchaytiradi.
Leykotsitlar. Leykotsitlar, yoki oq kon tanachalari yadrosi bor, kattaligi 8 dan 20 mkm gacha bo’ladi.
Katta yoshdagi odamlar periferik qonida leykotsitlar miqdori 4,0-9,0x109l, yoki 1 mkl konda 4000-9000 ni tashkil qiladi. Miqdorining ortib ketishi leykotsitoz va kamayib ketishi leykopeniya deyiladi. Fiziologik va patologik (reaktiv) leykotsitoz bo’lishi mumkin. Fiziologik leykotsitozda qonning qayta taksimlanishi kuzatiladi va leykotsitlar miqdori ko’pga ortmaydi. Fiziologik leykotsitoz ovqatlangandan sung, jismoniy ish paytida, emotsional qo’zg’alganda, homiladorlik paytida kuzatiladi. Patologik leykotsitozda periferik qonga etilmagan leykotsitlar chiqarib yuboriladi va bu leykotsitlar to’la shakllanib bo’lmaganligi tufayli o’z funktsiyalarini bajara olmaydilar, ya’ni organizmni patogen bakteriylardan ximoya qila olmaydi. Leykopeniya radioaktiv fon ortganda va ayrim farmokologik dorilar ta’sirida kelib chiqadi. Leykopeniya ayrim yuqumli kasalliklarda (sepsis, miliar tuberkulez) ham kuzatiladi. Leykopeniyada organizmning bakteriyalardan himoyalanish xossasi susayadi.
Leykotsitlar tuzilishiga karab ikkita katta guruhga bo’linadi: donachali yoki granulotsitlar va donachasiz yoki agranulotsitlar. Donachali leykotsitlar neytrofillar, eozinofillar va bazofillar, donachasiz leykotsitlar– limfotsitlar va monotsitlardan iborat. Qanday bo’yoq bilan bo’yalishiga qarab granulotsitlarga nom berilgan: eozinofillar kislotali bo’yoq (eozin), bazofillar ishqoriy bo’yoq (gematoksilin) bilan bo’yaladilar, neytrofillar esa har ikala bo’yoq bilan ham bo’yalaveradi. Etilganlik darajasiga qarab metamielotsit (yosh), tayoqcha yadroli va segment yadroli neytrofillarga bo’linadi.
Sog’lom odam leykotsitar formulasi (% da)
Do'stlaringiz bilan baham: |