Miyachaning tuzilishi va funktsiyasi.
Miya o’zani va markaziy nerv sistemasining oliy bo’limlari-po’stloq ostidagi yadrolar va bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’ining reflektor reaktsiyalarini yuzaga chiqarishda miyacha muhim ahamiyat kasb etadi. U organizmdagi hamma murakkab harakat aktlarini, shu jumladan ixtiyoriy harakatlarni uyg’unlashtirish (koordinatsiya)da qatnashadi.
Miyachaning elektr faolligi. Miyacha yuzasidan elektr potentsiallari ajratib olinganda har xil: sekundiga 150-200 va 8-12 chastotali elektr tebranishlari qayd qilinadi. Miyacha to’la ajritib qo’yilgandan keyin ham tez-tez tebranishlar davom etadi; Miyachani katta yarim sharlar po’stlog’iga bog’laydigan yo’llar qirqib qo’yilganda sust tebranishlar yo’qoladi. SHu sababli miyachada elektr tebranishlarning sust ritmlari katta yarim sharlar po’stlog’ining ta’sirida kelib chiqadi, deb hisoblashadi.
Muskullar, paylar va boylamlarning proprioretseptorlari, shuningdek, teri, ko’z va quloq eksteroretseptorlari ta’sirlanganda miyacha po’stlog’iningturli qismlarida yuzaga chiqqan potentsiallar qayd qilinadi. Ba’zi ichki a’zolarning interoretseptorlari ta’sirlanganda ham miyacha po’stlog’ida yuzaga chiqqan potentsiallar paydo bo’lishi yaqinda ko’rsatib berildi.
Tadqiqotchilar terining ayrim qismlariga yoki ayrim afferent o’tkazgichlarga ta’sir etib va miyacha po’stlog’ida yuzaga chiqarilgan potentsiallarni qayd qilib, miyachaning birinchi galda elektr faolligi paydo bo’ladigan qismlarini, ya’ni ta’sirlanuvchi retseporlardan impulslar birinchi marta keladigan qismlarini aniqlashdi. Miyacha po’stlog’ining yuzasida retseptor apparatlar proektsiyasining taqsimlanishini ko’rsatadigan topografik kartalar shu tariqa tuzildi, miyacha po’stlog’ining yuzasiga ko’ruv, eshituv, taktil, muskul-bo’g’im va vestibulyar apparat retseptorlaridan, shuningdek interoretseptorlardan signallar kelib turadi.
E.Edrian va R.Snayder bilan A. Stouelning ma’lumotlariga qaraganda, taktil, muskul-bo’g’im, yorug’lik va tovush retseptor sistemalarining proektsiyalari miyacha yarim sharlari yuzasida quyidagicha taqsimlanadi: oldingi tomonda-keyingi oyoqlarning, undan orqada-tananing, uning orqasida-oldingi oyoqlarning, so’ngra-boshning vakilik zonasi bor, miyacha po’stlog’idagi shu zonalarning orqasida eshituv zonasi, bu zonadan medial tomonda esa ko’ruv zonasi bor. Snayder bilan Stouel tajribalarida maymun oyoqlari va yuzining taktil retseptorlari ta’sirlanganda teri va muskul sezuvchanligining yana bir vakillik zonasi aniqlangan, u miyachaning orqadagi bo’lagida joylashgan.
Miyachaning turli qismlariga ta’sir etish effektlari. Miyachaning turli qismlariga elektr toki bilan ta’sir etilganda katta yarim sharlar po’stlog’ining muayyan qismlaridagi neyronlar, oraliq miya, o’rta va uzunchoq miya hamda retikulyar formatsiya yadrolarining elektr faolligi o’zgaradi. Miyacha yuzasiga yoki undagi ayrim yadrolarga kuchli elektr toki bilan ta’sir etilganda ko’z, bosh, qo’l-oyoq harakatga keladi. Miyacha ta’sirlanganda ro’y beruvchi harakatlar katta yarim sharlar po’stlog’i ta’sirlangandan kelib chiquvchi harakatlardan farq qilib, sust va tonik xarakterda bo’ladi. Ta’sir etish effekti uzoq vaqt saqlanadi.
Miyachaning turli qismlari har xil muskul guruxlarining qisqarishini boshqarishda qatnashdi. SHu sababli detserebratsion rigidlik mavjud bo’lganda miyachaning oldingi bo’lagiga ta’sir etilsa yozuvchi muskullar tonusi pasayadi, orqa miyaning kesishma yozish reflekslari kamayadi va katta yarim sharlar po’stlog’idagi motor zona bo’laklariga elektr toki bilan ta’sir etish tufayli kelib chiqadigan muskul qisqarishlari susayadi. Miyachaning orqadagi bo’lagiga ta’sir etilganda ko’z harakatlari qayd qilinadi va katta yarim sharlar po’stlog’idagi motor zonaning qo’zg’aluvchanligi o’zgaradi. Miyachaning sharsimon yadrosi ta’sirlanda o’sha tomondagi oyoqlar bukiladi, chodir yadrolari ta’sirlanganda esa ikkala oldingi oyoq bukiladi.
Miya katta yarim sharlari po’stlog’ining muayyan qismlari ta’sirlanganda miyacha po’stlog’ida yuzaga chiqqan elektr potentsiallarini qayd qilish yoki, aksincha, miyacha po’stlog’ining turli qismlari ta’sirlanganda miya katta yarim sharlari po’stlog’ida yuzaga chiqqan potentsiallarni qayd qilish ularning muayyan qismlari o’zaro ikki tomonlama bog’langanligi ko’rsatdi. Masalan, oldingi oyoqlarning miyacha po’stlog’idagi vakillik zonasi oldingi oyoqlarning katta yarim sharlar po’stlog’idagi vakillik zonasiga bog’liq. Miyachaning ko’ruv zonasi katta yarim sharlar po’stlog’ining ko’ruv zonasiga, miyachaning eshituv zonasi esa katta yarim sharlar po’stlog’ining eshituv zonasiga bog’liq. Miyacha bilan katta yarim sharlar o’rtasida retsiprok xarakterdagi shunday bog’lanishlar borligidan, organizmdagi harakat sistemalarini boshqaruvchi mexanizmlar juda nozik korrelyatsiya qilinadi (uyg’unlashtiriladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |