Qonning shaklli elementlari.
Qonning barcha shaklli elementlari – eritrotsitlar, leykotsitlar va trombotsitlar suyak ko’migida umumiy polipotent yoki plyuripotent, stvol (o’zak) hujayradan hosil bo’ladi.
Suyak ko’migida qon hosil qiluvchi hujayralar fibroblast va endotelial hujayralar bilan o’ralgan holda g’uj bo’lib joylashgan. Etilgan qon hujayralari fibroblast va endoteliylar orasidan yo’l topib sinuslarga, u erdan esa venoz qon tomirlarga tushadi.
Qon shaklli elementlarining barchasi umumiy bir hujayradan hosil bo’lganligiga qaramasdan, har xil hususiy vazifalarni o’taydi, lekin o’tmishdoshi yagona bo’lganligi sababli ularning barchasi uchun umumiy bo’lgan vazifalarni ham bajaradi. Bu vazifalarga xammalarining har xil moddalarni tashishi, himoya va boshqaruvchi vazifalarni bajarishi kiritiladi.
Eritrotsitlar. Eritrotsitlar – qizil qon tanachalari, ikki tomoni botiq disk shaklida bo’ladi. Shaklining shunday bo’lishi eritrotsitlar yuzasining katta bo’lishini ta’minlaydi, natijada u har xil moddalarni ko’p miqdorda tashiy oladi. Bundan tashqari, eritrotsitlarning bunday shaklda bo’lishi uning osmotik chidamliligini orttiradi, qon ivishida eritrotsitlarga fibrin ipchalari yopishib tromb hosil qilishi osonlashadi. Eritrotsitlar shakli mayda kapillyarlardan o’tishga imkon beradi, shuningdek gemoglobin eritrotsitlarning barcha qismlarida yuzaga yaqin bir xil holda yotadi.
Eritrotsitning plazmatik pardasi Na+, K+ ionlari, ayniqsa O2, CO2, Cl2- va NCO3- lar uchun yuqori o’tkazuvchanlikka ega.
Eritrotsitlar o’lchami o’zgaruvchan bo’lib, uning diametri 7,5-8,3 mkm, qalinligi - qabariq sohasida 2,1 mkm, botiq joyida esa 1,1-1,2 mkm, yuzasining kattaligi – 145 mkm2, hajmi 86 mkm3 ni tashkil qiladi.
Eritrotsitlarning miqdori erkaklarda 4,5-5·1012/l, yoki 1 mkl qonda 4,5-5 millionni tashkil qiladi. Ayollarda eritrotsitlar miqdori 4,5·1012/l dan ortmaydi.
Og’irligi 60 kg ga teng bo’lgan odam eritrotsitlarining umumiy miqdori 25 trillionga tengdir.
Eritrotsitlar miqdorining kamayishi eritropeniya, ortishi esa eritrotsitoz deb ataladi.
Gemoglobin va uning birikmalari. Tarkibida xromotoproteid – gemoglobinni saqlash eritrotsitning asosiy vazifasidir. Odam gemoglobinining molekulyar massasi 68800 ga teng. Gemoglobin oqsil (globin) va temir saqlovchi (gem) qismlardan iborat. 1 molekula globinga 4 molekula gem to’g’ri keladi.
Sog’lom odam qonida gemoglobin miqdori – erkaklarda 130-160 g/l va ayollarda 120-165 g/l ni tashkil qiladi.
Gemoglobinning asosiy vazifasi O2 va CO2 larni tashishdir. Bundan tashqari gemoglobin bufer xossaga ega, shuningdek u ayrim zaharli moddalarni biriktira oladi.
Odam va hayvonlar gemoglobini tarkiban farq qiladi. Bu farq uning oqsil qismi globinga bog’liq. Gem esa barcha hayvonlarda bir xil tuzilishga ega. Gem markazida O2 biriktira oladigan Fe2+ ushlovchi porfirin molekulasidan iborat. Odam gemoglobinining oqsil qismi har xil tuzilishga ega bo’lib, bir necha fraktsiyalardan iborat. Katta yoshli odamlar gemoglobinining ko’p qismi (95-98%) A (lotincha adultus-katta yoshli); 2-3% gemoglobin A2; 1-2% fetal (lotincha fetus – homila), yoki F gemoglobin fraktsiyalaridan iborat. A va A2 gemoglobinlar deyarli barcha eritrotsitlarda uchraydi, F gemoglobin esa har doim uchrayvermaydi.
F gemoglobin asosan homila qonida uchraydi. Bola tug’ilish davriga kelib uning qondagi mikdori 70-90% ga etadi. F gemoglobin A gemoglobinga nisbatan yuqoriroq O2 bilan ximiyaviy yaqinlikka ega bo’lganligi tufayli homila to’qimasida gipoksiya holati kelib chiqmaydi.
Gemoglobin birikmalari. Oksigemoglobin (HHbO2) – gemoglobinning O2 bilan birikmasi; qayta tiklangan (dezoksi-) gemoglobin (NNb) – to’qimaga kislorodni bergan gemoglobin, venoz qonning tarkibida 35% gacha NNb bo’lishi mumkin; karbogemoglobin (HHbCO2 ) – gemoglobinni SO2 bilan birikmasi, qonda SO2 10-20% HHbCO2 holatida tashiladi, karboksigemoglobin (HHbCO) – gemoglobinning is(SO) gazi bilan birikmasi, CO gazining gemoglobin bilan ximiyaviy yaqinligi O2 nikidan yuqori, shuning uchun xam HHbCO hosil bo’lib qolganda gemoglobin O2 bilan birika olmaydi. Lekin sof O2 bilan nafas oldirilganda karboksigemoglobin parchalanishi tezlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |