Nusxa olishga berilgan buyurtmalarni bajarish tartibi, shu jumladan arxiv nusxalari olinadigan hajm, yig‘majildlar (hujjatlar)ning e’lon qilinmagan ro‘yxatlari, boshqa arxiv ma’lumot-qidiruv vositalari va ma’lumotlar bazalari, nusxalarni tayyorlash narxi va ularni tayyorlash uchun hisob-kitob qilish tartibi arxiv rahbariyati tomonidan belgilanadi. Arxiv hujjatlarining nusxalari foydalanuvchilarga, ularning ishonchli vakillariga beriladi yoki ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yuborilishi mumkin. Nusxa olishga berilgan buyurtmalarning hisobini olib borish qog‘ozli manbalarda yoki avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Arxiv ko‘chirmasida arxiv hujjatining nomi, raqami va sanasi to‘liq ko‘rsatiladi. So‘rov bo‘yicha ma’lumotlarning hammasi arxiv hujjatlaridan ko‘chirilishi lozim. Har bir ko‘chirmaning boshi va oxiri hamda matnda tushirib qoldiriladigan ayrim so‘zlar ko‘pnuqtalar bilan belgilanadi. Arxiv ko‘chirmasi matni izohlariga matn aslining tushunarsiz yozilgan, muallif tomonidan tuzatishlar kiritilgan, matnning buzilishi oqibatida o‘qib bo‘lmaydigan qismlari va boshqalar to‘g‘risida ma’lumot kiritiladi. Asl nusxadagi aniqligiga shubha bo‘lgan alohida so‘zlar va ifodalar “Matnning aslida shunday”, “Hujjatda shunday” deb izohlanadi. Arxiv ko‘chirmasi matnidan so‘ng arxiv hujjati saqlov birligining arxiv shifri va varaqlar raqami ko‘rsatiladi. So‘rovlar bo‘yicha berilgan arxiv ko‘chirmalarining aynanligi arxiv rahbari yoki vakolatli shaxsning imzosi va arxiv muhri (yuridik shaxs bo‘lmagan idoraviy arxivlar uchun – tegishli tashkilot muhri) bilan tasdiqlanadi. Arxiv nusxasining har bir varag‘i orqasiga arxiv hujjati saqlov birliklarining arxiv shifri va varaqlarning raqamlari qo‘yiladi. Arxiv nusxasining hamma varaqlari tikiladi va tikish joyida arxiv rahbari yoki vakolatli shaxs imzosi bilan tasdiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga yuborishga mo‘ljallangan arxiv nusxasi muhr va arxiv rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi. Arxiv ma’lumotnomasi, arxiv ko‘chirmasi, arxiv nusxasi va so‘rovlarga javoblar oddiy xat sifatida pochta yoki elektron pochta orqali yuboriladi. MDHga qatnashchi davlatlarga yuborilishi mo‘ljallangan arxiv ma’lumotnomasi, arxiv ko‘chirmasi, arxiv nusxasi, so‘ralgan ma’lumotlarning mavjud emasligi to‘g‘risidagi javoblar bevosita ariza beruvchilarning manzillariga yoki elektron manzillariga arxiv tomonidan yuboriladi. MDHga qatnashchi bo‘lmagan davlatlarga yuborilishi mo‘ljallangan arxiv ma’lumotnomasi, arxiv ko‘chirmasi, arxiv nusxasi, so‘ralgan ma’lumotlarning mavjud emasligi to‘g‘risidagi javoblar rasmiylashtiriladi va so‘rovlar (anketalar, shaxsiy arizalar va shu kabilar) bilan birga belgilangan tartibda “O‘zarxiv” agentligiga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |