44-modda. Normativ-huquqiy hujjatning shaxslar doirasi bo‘yicha amal qilishi
Normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslariga, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirganda chet el yuridik shaxslariga, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.
45-modda. Normativ-huquqiy hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish
Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning bir qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi quyidagi hollarda o‘zining amal qilishini tugatadi:
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi qaysi muddat yoki hodisa yuz berishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘sha muddat tugaganida yoki hodisa yuz berganida;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas yoxud haqiqiy emas deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi bekor qilinganda.
46-modda. Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan qayta ko‘rib chiqish
Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining ro‘yxati normativ-huquqiy hujjatning o‘zida ko‘rsatilishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritilishi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan, teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining soni ancha ko‘p bo‘lgan taqdirda, mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati alohida hujjat sifatida rasmiylashtiriladi. Bunday hujjat loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlanadi va normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |