I.2. “Oltin beshik” voqeasining Nodira lirikasida talqini
Nodira lirikasida asosan islom dini tarixi va shoiraning o‘zi yashagan davr bilan bog‘liq tarixiy shaxslar obrazlari o‘ziga xos poetik talqin etilgani kuzatiladi. Adabiyotshunos M.Qodirova Nodira devonining 1963 yilgi nashrida shoira asarlarida uchraydigan qirqdan ortiq tarixiy va mifik obrazlar ko‘rsatkichini ilova qilgan. Bundan tashqari, olima shoira lirikasidagi tarixiy shaxslar obrazlariga yangicha qarashlar asosida baho bergani ma’lum.
N.Jumaxo‘ja esa “Nodira devonida islom dini arkonlari, payg‘ambaru sahobalar va hadisi sharif to‘g‘risida talay she’ru timsollar mavjudki, ularni o‘rni bilan, imkon darajasida tadqiq etmoq zarur”,-degan xulosani bildiradi.
Darhaqiqat, shoira dunyoqarashining takomilida o‘zi mansub bo‘lgan islom dunyosining ma’naviy ta’siri katta. Nodira devonida Alloh taolo, payg‘ambar alayhissalom betakror badiiyat bilan vasf etiladi. Tarixiy obrazlar teran mazmun mutanosibligida talqin qilinadi. Bu shoiraning kalom ilmini, islom dini va millatimiz tarixini chuqur bilganidan dalolat beradi.
Nazmni qur’oniy mavzu va poetik talqin bilan boyitish Sharq adabiyotiga xos anana bo‘lib, Nodira she’riyati ham bundan mustasno emas. Shoiraning hamd, na’t mavzusidagi g‘azallari teran ma’no va go‘zal badiiy shakl uyg‘unligi jihatidan alohida ajralib turadi. Devon tartib berar ekan, u mavjud an’anaga muvofiq debochani hamd va na’t bilan boshlaydi. O‘zbek va forsiy tildagi g‘azallari ham hamd va na’tlar bilan boshlanadi. Ma’lumki, na’t g‘azal deb Muhammad payg‘ambar maqtoviga bag‘ishlangan g‘azallarga aytiladi. Z.G‘afforova musulmon sharq xalqlari adabiyotida an’anaviylashgan na’t she’rlarni vasf, me’rojnoma va shafoatga bo‘lb o‘rganadi. Nodira ijodiyotidagi na’t she’rlar ham asosan, vasf, me’rojnoma va shafoat-faxriya mazmunida. Ularda Muhammad payg‘ambarning so‘nggi payg‘ambar ekanligi, olam u tufayli yaratilganligi, qiyomat kunida payg‘ambar shafoati bois ummatlarining barcha gunohlari kechirilishi ohorli mazmun va betakror tashbihlar vositasida ifodalanadi..
Jumladan, debochada Tangri hamdidan keyin quyidagi forsiy baytlar keltirilgan:
Ahmadki, habibi Haq taolost,
Kavnayn zi nuri o‘ huvaydost.
Az zulmati ma’siyat chi bok ast,
Xurshidi jamoli o‘ mujallost.
Mazmuni: Ahmad (Muhammad) Haq taoloning do‘stidir,
Ikki olam uning nuridan namoyondir.
Gunohlar zulmatidan ne qo‘rqinch bo‘lsin,
Axir (Muhammad payg‘ambar)
jamolining quyoshi porlagan-ku!
Mana bu o‘zbekcha misralar ham koinot sarvari na’tida Nodiraning o‘ziga xos nazm namunalarini yaratgani isbotidir:
Muhammadkim, nabilar xotamidur,
Bisoti lam’i Alloh mahramidur,
Agar har kimsakim tab’iyat aylar,
Saodatning savobi a’zamidur.
Ikkala she’r mohiyatan bir-birini to‘ldiradi. Birinchisida Nodira Muhammad alayhissalom Haq taoloning habibi, ikki olam uning nuridan paydo bo‘lgan, uning jamoli quyoshdek hamma yerni yoritib turganda, ma’siyat qorong‘iligidan qo‘rqinchga o‘rin qolmaydi, deb rasuli akramni ulug‘laydi. Shoira bu o‘rinda dastlab islom dini aqidasiga ko‘ra, olam Muhammad payg‘ambar tufayli yaratilgani, unga ummat bo‘lish nechog‘lik sharafli ekani, Rasuli akramning qiyomat kunida o‘z ummatlariga shafe’ligi, jumladan Nodira ham o‘sha ummatlar qatorida shafoatdan umidvorligi ifodalanadi. Keyingi she’rda esa, Muhammad alayhissalomning “nabiylar xotami” – oxirgi payg‘ambar ekani, insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, saodatga yetaklovchi ekanligi, unga tab’iyat aylagan, ya’ni unga ergashganlar savobi a’zamga noil bo‘lishi badiiy talqin etilgan.
Munojot g‘azaldan olingan mana bu baytda Muhammad payg‘ambarning qiyomat kunida o‘z ummatlarining gunohini Tangridan so‘rovchi shafe’ligi bilan bog‘liq qarashlar o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, Nodira o‘zining gunohkor ekanligini aytib, Yaratgandan Muhammad payg‘ambarning haqqi hurmati bandalari, jumladan, o‘z gunohlarini kechirishni so‘raydi:
Yo rab, ba haqqi Ahmadi Muxtoru oli o‘,
Baxshoy churmi banda ba altofi Kibriyo.
Mazmuni:
Ey Xudo, Ahmadi Muxtorning urug‘-aymog‘lari haqqi,
Kibriyolik lutfing bilan bandalaring gunohini kechir.
\
Mohlaroyim ijodida xulafoi roshidin vasfiga bag‘ishlangan she’rlar ko‘p bo‘lmasa-da, ularning fazilati, islom dini rivojidagi xizmatlari vasf etilgan misralarni uchratish mumkin. Masalan, mana bu ruboiyda dastlabki to‘rt xalifa – islomning ilk davrlarida Abu Bakrning Muhammad alayhissalomga hamrohlik qilib, mushriklardan qochib g‘orga yashirinish voqeasi, hazrati Umarning odilligi, Usmon va Alilarning dinni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari tasvirlangan:
Erdi Bubakr yori g‘or anga,
Umar adl etti ustuvor anga,
Qildi Usmon charog‘idin ravshan,
Murtazo erdi do‘stvor anga.
Umuman, Nodiraning na’t va manqabat she’rlarida umummusulmon adabiyotiga xos tarzda Muhammad payg‘ambarning fazilatlari, yaqinlarining islom tamadduni yuksalishidagi xizmatlari o‘ziga xos pafos hamda ohorli tashbihlar vositasida ifodalangan.
Nodirabegim she’riyatida eng ko‘p uchraydigan tarixiy shaxs obrazi, shubhasiz, uning turmush o‘rtog‘i, Qo‘qon xoni Amir Umarxon obrazidir. Jumladan, she’rlar devoni debochasida: “Ammo ba’d, bu qoilai mahjuba va tolibai mahjura ishqu muhabbat zumrasig‘a shomila va shariat ahkomida omila al-mulaqqab bil Komila andog‘ bayoni hol va izhori mofilbol etarkim, muddati madid va ahdi ba’iddurkim, firoq oshubidin oshuftaxotir va hijron alamidan ko‘ngulda xavotirdur, andog‘ki, asolat gulistonining shajarasi va najobat bo‘stonining samarasi, murabbiy ul-masokin va umdatus-salotin Sayyid Muhammad Umar Bahodirxon (navvarollohu marqadahu) visol masnadida ko‘makdoshim va ittihod saririda hamfiroshim erdi va ul hazrat musohibatidin muddati muraffahul-hol va havodis ishtig‘olidin forig‘ ul-bol erdim. Visol qasrida shodkom va musohabat masnadida ayshu nashot birla mutamakkin erdim va ul sultonning davlati diydorig‘a masrur va liqosig‘a mag‘rur erdim.
Bayt:
Ey xush ul xurram davlati diydorig‘a mug‘rur edim.
Na ko‘nglumda kunlarki vasl bazmida masrur edim,
Shodu firoq anduhidin g‘am va na jonimda hijron dardlaridan alam edi va jamoli sham’idin ko‘zlarim ravshan va ko‘nglum bahramandu xursand erdi. Qadru manzalatim oftobi rif’at va makramat mashriqidin tolei iqbol va davlatim xurshidi saltanat ayvonida lomi’, amorat va siyodatim elga ravshan, asolat va najobatim ulusg‘a mubarhan, balki siyodatimiz amorat xonadonig‘a ittisol va payvand topib, balki ul jihatdin bu xonadong‘a siyodat saodati intiqol qilib, amoratlari siyodat tashrifig‘a musharraf bo‘lmish erdi”,-deb Umarxon bilan bog‘liq kechinmalarini yozadi.
Z.Qobilova yuqorida keltirilgan iqtibosga asosan Amiriy “oilaparvar, oqil, samimiy inson sifatida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi” , deb xulosa bildiradi. M.Qodirova ikki ijodkorning oilaviy muhiti xususida: “Nodira bilan Umarxonning oilasini muhabbat munavvar qilgan xonadon deyish mumkin...
Umarxon Amiriy lirik shoir va davlat arbobi sifatida ko‘pchilikka ma’lum. Nodiraning ijodkorligi, shaxsiy hayotdagi oilaparvarligini hamma kitobxonlar yaxshi biladilar. Biroq Umarxon va Nodiraning mehr-muhabbat asosidagi oilaviy hayotining tarkib topishi, farzandlar tarbiyasi bilan masrurlik damlari, Umarxonning vafotidan keyingi iztirobli kechinmalari bir butun holda o‘quvchilarga havola etilmagan edi. Chunki yaqin o‘tmishda Umarxonning shaxsiy fazilatlari va oiladagi o‘rnini gapirish u yoqda tursin, Nodiraning marhum umr yo‘ldoshiga bag‘ishlab yozgan marsiyalari haqida kengroq so‘zlash ham ancha dushvor edi”,-deydi.
Manbalarda shoiraning Amir Umarxonga muhabbati haqida qimmatli ma’lumotlar uchraydi: “Sof qalblik, vafodor, sohib diyonat, karam daryosining duri, ziyrak va donish, davlat bargohining jonkuyari bo‘lgan bu ulug‘ xonim falakning jabru jafosi haddan ziyoda, vafo degan muborak nom anqoga shafi’, odamgarchilik va muruvvatning ismi o‘zi yo‘q bo‘lgan mazkur xonlik va amirliklar davrida, o‘z umr yo‘ldoshi Amiriyga umrining oxirigacha vafodor va chin sadokatli bo‘lib qoldi”.
Uvaysiy o‘z vaqtida Nodira va Umarxon o‘rtasidagi bir-biriga bo‘lgan munosabatni quyidagicha ta’riflagan:
Ul Yusuf edi, budur Zulayxo,
Ul Vomiq edi, bu erdi Uzro.
Birisi Layli, birisi Majnun,
Bir-birining muhabbatiga mamnun.
M.Qodirovaning yozishicha, ikki ijodkor o‘rtasidagi mehr-muhabbat tuyg‘ulari Amiriyning quyidagi satrlarida ham o‘z aksini topgan:
Agarchi xush diyorda g‘olib o‘ldi ko‘ngul,
Jununi ishqu muhabbatg‘a rog‘ib o‘ldi ko‘ngul,
Shuhud bazmida paymonai muhabbat ichib,
Mudom sog‘ari sahbog‘a tolib o‘ldi ko‘ngul.
Yana M.Qodirova Nodiraning “Bihamdillah, guli mehru muhabbat oshkor o‘ldi” misralari Umarxon ruboiysiga javob tarzida yozilgan,- deydi.
A.Abdug‘afurovning qaydlariga ko‘ra: “Nodira va Amiriy ijodiy munosabatlari haqida so‘z borganda shuni ham aytish o‘rinliki, bu mashhur shaxslarning pok sevgi-sadoqati, o‘zaro hurmat-ehtiromlari va shirin-totuv hayotlari, shuningdek, she’riy aytishuvlari haqida ancha-muncha naql-rivoyatlar mavjud. Ularning yaratilishi va keng tarqalishi bejiz emas. Masalan, shunday rivoyatlarning birida Amiriyning:
Qoshinga tekizmagil qalamni
Bir harf bila buzmag‘il raqamni- kabi o‘ynoqi va ravon misralar bilan boshlanuvchi mashhur g‘azalining yaratilishiga turtki bo‘lgan hayotiy voqea romantik bo‘yoqlarda bayon qilinadi. Naql etiladiki, keltirilgan misralar bevosita Nodirabegimga xitoban bitilgandir...”.
Olim yana: “Nodira asarlarida Umarxon asosan, uch qiyofada:
1) suyukli yor, farzandlarining sevimli otasi, salobatli, ruhan komil, jismonan go‘zal inson;
2) yetuk ijodkor, sohibi devon shoir, mehribon ustoz, va saxovatli homiy;
3) odil, shafqatli, elparvar hukmron, shoira iborasi bilan aytganda “sohibqiron” shoh sifatida gavdalanadi...”,-deydi.
Keltirilgan iqtiboslardan shoiraning xon bilan hayoti doimo ko‘ngildagidek bo‘lgan, degan xulosani chiqarib bo‘lmaydi. Xususan, Mohlaroyimning she’rlari orasida hijron azobi, yorning bevafoligi, shafqatsizligi, jafokorligi kabi motivlarni ham uchratamiz. Albatta, bular bilan Nodiraning barcha she’rlaridagi lirik qahramon uning o‘zi va ayriliq, bevafolik, yoriga malomat mavzuida yozilgan she’rlari Umarxonga bag‘ishlangan, deya xulosa qilib bo‘lmaydi. Ularning ko‘pi ishqiy lirikaning an’anaviy talqinlari hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur mavzudagi she’rlarning aksaridan muallifning ichki tug‘yonlari, his-tuyg‘ulari, voqelikka munosabati sezilib turadi.
Shoiraning Umarxonga bag‘ishlangan she’rlarini shartli ravishda quyidagicha tasnif etish mumkin:
1. Xonni vasf etuvchi.
2. Hijron, ayriliq va bevafolikda ayblov.
3. Davlatni boshqarishga oid pand-nasihat.
4. Firoqnoma.
Mohlaroyim lirikasida Umarxon obrazi yetakchi mavqega ega. Bu obraz eng ko‘p qalamga olinganidan tashqari, shoiraning adabiy-estetik ideali, muhabbatining ramzi sifatida ham o‘zgacha pafos bilan tasvirlanadi. Shoira lirikasida Umarxon hukmdor sifatida vasf etiladi. U odil, doimo raiyat g‘amini yeyuvchi, el osoyishini ko‘zlovchi hukmdor sifatida tasvirlanadi. Jumladan, debochadagi “Adolat sipehrida erdi quyosh” deb boshlanadigan masnaviyda xonga odillik, kuch va qudratda hatto Iskandar va Jamshid ham teng kela olmasligi aytiladi. “Amiri jahonkim, menga yor edi” misralari orqali esa, ana shunday xonning yori ekanligidan faxrlanish tuyg‘ulari betakror poetik ifodasini topgan. Shoiraning “Kelur” radifli g‘azali ham Umarxonga munosabati, uning davlatchilik faoliyatiga bergan muhim baholaridan biri sifatida e’tiborlidir:
Har kun aning adolatidin olg‘ali sabaq,
Mulki Adamdin olig‘a No‘shiravon kelur,
Karam qilsa lashkaridin bir qabilag‘a
Xoqon xazinasini olib roygon kelur.
Bu misralar bevosita Umarxonning hukumat chegaralarini kengaytirish, atrof mamlakatlarga ta’sir doirasini oshirish, yetakchilik kuchini namoyon qilishga qaratilgan harakatlariga berilgan baho ekanini ta’kidlash kerak. Uch xonlik davrida Xiva, Buxoro va Qo‘qon o‘zaro turli sohada musobaqaga kirishganligi yaxshi ma’lum. Bu borada ayniqsa, Umarxon o‘zining boshqalarga nisbatan yuqoriroq ekanligini isbotlash maqsadida 1230 (1814-15) yili o‘sha davrda musulmon dunyosida xalifalikni qo‘lga kiritgan Usmonli turk sultonlaridan “amir ul-muslimin” degan yorliqni olgan edi. Nodirabegim g‘azalidagi “Qaysar janobidin anga zarrin nishon kelur” misrasida o‘sha yorliqqa ishora qilingan. “Badxohlar na qilg‘ay anga e’tiroz etib” misrasi bilan Umarxonning ustunligi Usmonli turk xalifasi tarafidan tan olganligini olqishlab, endi bunga u bilan musobaqalashayotganlar qanday e’tiroz bildira oladi, deya murojaat qiladi.
Mohlaroyimning yuqoridagi g‘azalda aks etgan qarashlari “Hazrati Xon davlatini fildin qildim qiyos” misrasi bilan boshlangan g‘azalida poetik tasdig‘ini topgan. Xususan, mazkur g‘azalda mana bunday baytlar bitilgan:
Kasb etar shohi Buxoro hazrati Xondin kamol,
Bu masaldur: “oy etar xurshiddin nur iqtibos”.
Buylakim mavjud emas iqbol beimdodi Xon,
Inqiyod ettiyu hazrat xotirini tutti xos.
Ma’lumki, Qo‘qon va Buxoro o‘rtasida Amir Shohmurod va Amir Haydar davrida ham mamlakatlararo do‘stona aloqalar o‘rnatish, zarur o‘rinda bir-biriga yordam berishga bo‘lgan intilish mavjud bo‘lgan. Chunonchi, Amir Haydarning Umarxonga yozgan maktublari bizgacha yetib kelgan. Bu maktublardan Umarxon ham o‘z qo‘shnilari bilan tinch munosabatni saqlab qolishga intilganligi ko‘rinadi. Xususan, Amir Haydar Umarxonni Qo‘qon hukmdori bo‘lganligi munosabati bilan qutlab yozgan maktubida ana shunday istakni bildiradi. Yana maktubda Amir Haydar Umarxonga Buxoro bilan munosabatni yaxshilash maqsadida bir paytlar asir olingan fuqarolarni ozod qilganligi uchun minnatdorlik izhor etadi.
Shuni ham aytib o‘tish o‘rinliki, Umarxon bilan Amir Haydarning hukmronlik davri bir paytga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Buxoro markazlashgan davlat sifatida ancha mustahkam va iqtisodiy salohiyati barqarorlashgan edi.
Shoira tahlilga tortilgan ehtirosli baytlarida nafaqat hukmdor Umarxonga, sevikli yoriga bo‘lgan tuyg‘ularini betakror badiiy shaklda ifodalaydi. Zero, shoira Umarxon va uning hukmronligi yana ham yuksalishi, kuch va qudratga to‘lishini istagan. Ana shunday niyat uning “Bandalig‘” radifli g‘azalida, ayniqsa, yorqin ifodalangan.
Nodiraning muhabbat mavzusidagi she’rlarida muhabbat eng pok ilohiy bir tuyg‘u sifatida ta’riflanadi. Qalbida muhabbat jo‘sh urgan kishigina haqiqiy inson, degan teran falsafa poetik talqin etiladi. Shoiraning o‘zi ham Umarxonni birinchi navbatda umr yo‘ldoshi, oila sarvari sifatida hurmat qilsa, ikkinchi tomondan, farzandlarining otasi ekanligi uchun qadrlaydi, ustozi sifatida ulug‘laydi. Shu sababli ko‘p hollarda g‘azallarida Umarxon nomi ko‘rsatilmasa ham “Xisravi Turonim”, “Jamshidi davronim”, “Sohibqironim” kabi sifatlar bilan madh etadi. Hech qanday nom qayd etilmagan ayrim g‘azallarida ham muallifning ichki kechinmalari bilan bog‘liq qarama-qarshiliklar, ko‘ngil iztiroblari qog‘ozga ko‘chgani, aytilayotganlar lirik qahramon tilidan bilvosita yoriga qaratilganligi seziladi. Ularda shoiraning sevgilisi vasliga yetishish orzusi, masrur damlar xotiralari o‘z aksini topgan. Bizningcha, shoiraning hasratlarga to‘la bunday baytlarida mahbubi nomini ochiqchasiga ko‘rsatmasligining boisini debochadagi mana bu so‘zlar bilan izohlash mumkin: “Iltimos mudaqqiq risolalardin va muhaqqiq fuzalolardin uldurki, har sahvu xato va xalalekim zohir bo‘lsa va har nuqsoneki voqe’ bo‘lg‘on ersa, insof va muruvvat kazlaki birla mahv qilib, lutf va marhamat qalami birla isloh berib, barcha nuqsonlarin kamol kisvatida ko‘rguzsalar, ayni shafqat va marhamat bo‘lg‘usidur. Va bu amaldin ajri azim va savobi jazil topg‘aylar. Va bu parishon so‘zlardin irod olmog‘i va nuqsonin elg‘a zohir qilib ta’n etmog‘i insof diyoridin tashqari va muruvvat shahridin naridur.
Bayt:
Elni aybini zohir etmog‘lig‘,
Yo‘qtur insof ila muruvvatdin.
Ulki, el aybini qilur pinhon,
Tangri saqlar ani har ofatdin.
Sahvu xatolarin ma’zur bilib, insof kelturgaylarkim, ko‘prog‘i shavq g‘alabasi va junun tug‘yonida aytilg‘on va ba’zi bexudluq va ba’zisi behushluq ifrotida yozilg‘ondur”.
Garchi shoira o‘z asarlarida hissiyotlarga berilmaslikka harakat qilganligi, birovning xato va kamchiligini zohir qilmaslikka intilganini debochada qayd qilgan bo‘lsa ham, o‘sha o‘rinda uning “Alvon g‘azal yig‘ildi devon o‘ldi”, degan so‘zlariga e’tibor berilsa, ko‘pgina hissiyotga to‘la g‘azallari devon tartib berilmasdan oldin, yuqorida keltirilgan fikrlari qog‘ozga tushmasdan ilgari yaratilganligi, ularda qaysidir ma’noda shoiraning qalb iztiroblari o‘z aksini topganligi ma’lum bo‘ladi. Xususan, uning “Fido” radifli g‘azali ana shunday tuyg‘ular ta’sirida yaratilgan. G‘azal:
Kel, senga, ey shahi jahon, mamlakati jahon fido,
Diydalarimga qo‘y qadam, har qadamingga jon fido.
matla’si bilan boshlanib, boshdan-oyoq lirik qahramonning yor diydorini ko‘rish ishtiyoqi bilan yonayotganligi, uni ko‘rish, bir dam suhbatiga yetishish uchun boru yo‘g‘ini fido qilishga tayyor ekanligini izoh qilishga qaratilgan.
Vasl ishtiyoqi, yor jamoliga yetishish, buning uchun o‘ziga hamdard, dardkash, uning ohu nolalarini sevgilisiga yetkazuvchi vositachini istash tuyg‘ulari shoiraning yetti baytdan iborat “Arz” radifli g‘azalida o‘ziga xos tarzda tasvirlangan. Ramali musammani solim (ruknlari: foilotun, foilotun, foilotun, foilun) vaznida yozilib, chuqur mazmun va go‘zal badiiy shakl uyg‘unlashgan mazkur g‘azal:
Chun hadim yo‘q aylasam dardimni sultonimga arz,
Aylagil bu qul niyozin, ey begim, xonimg‘a arz.
matla’si bilan boshlanib, unda lirik qahramonning o‘z yoriga arzini yetkazish uchun hech qanday sirdoshi, ko‘makchisi yo‘qligi bayon etiladi. Qul va xon so‘zlari hosil qilgan tazod, “ey begim” so‘zi ifodalagan nido baytdagi fikrning san’atkorona ifodalanishini ta’minlagan.
Ikkinchi misradan:
Ey sabo, chun gulshani ko‘yidan o‘tsang zinhor,
Ayla xam qaddim g‘amin sarvi xiromonimg‘a arz.
deydi va o‘zining hijron azoblaridan xam bo‘lgan qaddi, tortayotgan sitamlari borasidagi xabarni yorga yetkazishni sabodan so‘raydi. Shundan keyin g‘azalning har bir baytida hijron azobida qiynalayotgan ma’shuqa o‘z ahvolining qay darajaga yetib borganligini aytib, arzi holini mahbubiga yetkazishni iltijo qilib, yangi-yangi obrazlarga murojaat eta boradi. Ular visol tunlari kutib, uzun kechalarni bedor o‘tkazadigan damlarda dardkashi, dil izhorini yoriga yetkazuvchilar – “sabo”, “rafiq”, “sham’”, “nasim”. Visolni va’da qilib kelmayotgan oshiqning kechikishidan xasta ma’shuqaning ruhiy holati g‘azalning oltinchi baytida uning shamga murojaati orqali kulminatsion tarzda ifodalangan:
Va’dasidin kuyganimni rostlig‘ haqqi uchun,
O‘rtanib, ey sham’, qil ul ahdi yolg‘onimg‘a arz.
Sham hijronning uzun tunlari xoh oshiq bo‘lsin, xoh ma’shuq bo‘lsin, eng sodiq sirdoshi, uning dardlarini unsiz tinglab, u bilan birga kuyadigan sadoqatli do‘st. Shoira bu baytda ana shunday holatni o‘quvchining yodiga solib, lirik qahramonning kechinmalarini jonli va ishonarli tarzda tasvirlab beradi. Bu bilan hijron tunlarini ma’shuqa dardlarini tinglab, u bilan birga uning dardlariga kuygan sham o‘z holining qandayligini ko‘rsatib, unga intizor kishining holi ham shunday degan ishorani qilsa, zora bu hol “ahdi yolg‘on”ga ta’sir qilsa, degan ohorli fikr betakror poetik shaklda ifodalangan.
Hijron motivlari, yor sog‘inchi, visol orzusi Mohlaroyimning tojikcha she’rlarida ham o‘ziga xos badiiy talqin etilgan. Shoira bu an’anaviy mavzuni yangi rakurslarda tasvirlash orqali visolga mushtoq ruhiy olami ziddiyatlarini, ichki tug‘yoni murakkabliklarini mahorat bilan tasvirlaydi. Shoiraning “Yor az man chehra pinhon kard boz” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida bunday poetik talqin, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi. G‘azalda lirik qahramon yor uni hijron girdobiga duchor etgani, shu sababli bag‘ri qon, firoq sahrolarida sargardon ekani singari iztirobga yo‘g‘rilgan tuyg‘ular betakror badiiyat bilan ifodalangan.
Nodira g‘azallari kirgan qo‘lyozmalarda ularning yozilish sanasi borasida biror bir ma’lumot uchramaydi. Chunonchi, mazkur g‘azalning yozilish sanasi borasida biror ma’lumotga ega emasmiz. Lekin qayd qilganimizdek, shoira bu mavzuda bir necha bor yozganligi, shu bois ham maqta’ yuqoridagi singari umidsizlikka to‘la misralar bilan yakun topganligining sababini “eshit” radifli g‘azalidan ham bilishimiz mumkin. Chunonchi, g‘azal boshdan-oyoq lirik qahramonning visol umidida sevgilisiga qarata qilgan murojaatidan iborat. Unda ma’shuqa oshig‘idan uzoq vaqtlardan beri intizor etishi, barchani yodidan chiqarishi, visol onlarini ketga surishi sabablarini bilishni istaydi.
Shoiraning tojik tilidagi “Boz o, ki meso‘zad dilam chun sham’i bazm az raftanat” misrasi bilan boshlanadigan g‘azali xonning aytib o‘tilgan singari beboshliklaridan norozilik tariqasida bitilgandek, bunday ishlardan uni qaytarishga urinish kabi yangraydi:
Boz o, ki meso‘zad dilam chun sham’i bazm az raftanat,
Mushkil buvad chun bo‘yi gul az xona boz ovardanat.
Dar ishq sar to poi xud chun sham’ boyad so‘xtan,
To andake soqit shavad haqqi vafo az gardanat.
Mazmuni:
Ey yorim, yana qaytib kelki, ketishingdan yuragim
bazm sham’idek yonmoqda, gul hidini qaytarib bo‘lmaganidek,
seni uyingdan qaytarib kelish mushkuldir.
Bir oz bo‘lsa-da, gardaningdan vafo haqi soqit bo‘lsin uchun
ishqda boshdan-oyoq sham’dek kuyishing kerak.
Tasnifda aytilganidek, Nodiraning Umarxonga bag‘ishlangan she’rlarining yana bir guruhini podshohga davlatni boshqarishga oid pand-nasihat mavzusi tashkil qiladi. Bunday turdagi g‘azallarda ham shoira Umarxon nomini ochiqcha keltirmay, murojaat qilayotgan kishisi kimligiga ishoralar qilib ketadi. Shu bilan birga mazkur turdagi she’rlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukmdor qanday bo‘lishi kerakligini uqdiruvchi ohangdagi misralar ham uchraydi.
Nodira she’riyatida Umarxon vafotidan keyin judolik alamlari, yor sog‘inchi motivlari eng katta o‘rinni tashkil qiladi. Shoira turmushda xondan o‘ziga nisbatan turli xil qiyinchiliklar, nohaqliklar, adolatsizliklar yetkazilgan bo‘lishiga qaramay uni qadrlaydi, eng qimmatli kishisi sifatida xotirasidan o‘chirmaydi. Shu bois uning bu mavzuda aytmoqchi bo‘lganlarini bitta she’r yoki bir janr doirasiga sig‘dira olmagan. U o‘z kechinmalarini goh o‘zbek, goh tojik tillarida bitilgan g‘azal, muxammas, musaddas, tarjiband va tarkibbandlarida bayon qilib, turli janrlarda bitilgan turkum she’rlar tizimini bunyodga keltirgan. Nodira she’riyati bo‘yicha uzoq yillar davomida tadqiqot olib borgan M.Qodirova bunday turkum she’rlarni “Firoqnoma” deb atagan. Olima ularning xususiyati, o‘ziga xos jihatlari haqida: “Nodiraning bizgacha yetib kelgan katta hajmdagi poetik merosi shoira yashab ijod etgan davr adabiyotining yutuqlari bilan hamohang rang-barang talqinlarni o‘z ichiga oladi. Nodira lirikasida ravshan ko‘zga tashlanib turuvchi mavzulardan biri marsiyaga yaqin bo‘lgan “Firoqnoma”dir.
Ma’lumki, Sharq adabiyoti tarixida marsiya namunalari talaygina bo‘lib, ularda biror shaxsning vafoti munosabati bilan yozilgan va g‘am-alam hamda ayriliq dardlari ifodalangan. Muhimi shundaki, marsiyalarda shaxsiy iztiroblargina aks etib qolmay, xalqimizning qadimiy urf-odatlari va rasm-rusumlari ham ko‘rsatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |