– oila ‒ mahalla ‒ taʼlim muassasasi ‒ tashkilot ‒ jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va
uzviy tashkil etiladi.
4. Quyidagilar:
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda ‒
Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2019 yilda samarali amalga
oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda ‒ “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq
tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, vazirlik va idoralar rahbarlari Konsepsiyada nazarda tutilgan
tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar
boʻladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy
madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
ijrochilar va aholini qonunchilikning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor
qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishda prinsipial yangi
yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy axborotdan keng koʻlamda foydalanishini
taʼminlash, ularning ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot
vositalari bilan samarali hamkorlik qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat organlari va tashkilotlar tomonidan huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha olib
borilgan ishlarni oʻrganish, shuningdek, ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini
takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
aholining turli qatlamlari, shu jumladan, tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan
ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targʻibotni amalga oshirishning zamonaviy
mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning
sifatini tubdan yaxshilash maqsadida keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, tahlil qilish,
ushbu sohada ishlarni yanada takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining:
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hamda
qoʻshimcha huquqiy maʼlumotlar (yuridik lugʻat, huquqiy adabiyotlar elektron
maydonchasi, qonun hujjatlari loyihalari muhokamasi boʻyicha onlayn forum va
boshqalar) yetkazish tizimini oʻz ichiga oladigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy
huquqiy internet portalini yaratish;
aholiga bepul maslahat berish portalini oʻz ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot
tizimini yaratish;
umumtaʼlim maktablari va akademik litseylarda huquqiy bilimlarga doir oʻquv
mashgʻulotlari koʻlamini yanada kengaytirish;
aholining kundalik hayotida koʻp uchraydigan huquqiy masalalar yuzasidan savol-javob
tarzidagi qoʻllanmalarni tayyorlash va xonadonlarga bepul tarqatish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan
davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga aholining huquqiy savodxonligini oshirishda
koʻrsatgan xizmatlari uchun topshiriladigan “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak
nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Huquqiy targʻibot
ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarorini
qabul qilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat organlari va tashkilotlarining
huquqiy targʻibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining
mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini
oshirish boʻyicha olib borayotgan faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga
qoʻyish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda
ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim muassasalarida “Bola huquqlari va majburiyatlari”
mavzusidagi mashgʻulotlarni malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda koʻrgazmali tarzda
tizimli joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar
Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim
vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda:
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarning huquqiy
bilimlari uzluksiz va tizimli oshirib borilishini taʼminlash mexanizmini joriy etsin,
shuningdek, oʻquvchi va talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan oʻquv
dasturlarini tubdan qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
2019 yil 1 martga qadar yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish,
ayniqsa, ularning ongida korrupsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun oʻta salbiy
illat ekanligini targʻib qilishga qaratilgan oʻquv materiallari tayyorlanishini tashkil qilsin;
yosh avlodning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha taʼlim
muassasalarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishining samarali
mexanizmlarini kengaytirish choralarini koʻrsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi
Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda taʼlim muassasalarida turli huquqbuzarliklar,
qoidabuzarliklar, giyohvandlik va boshqa salbiy hodisalarning oldini olish boʻyicha
maxsus dasturlar ishlab chiqilishini va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda:
2019 yil 1 iyulga qadar Advice.uz huquqiy axborot tizimining ishlab chiqilishini va ishga
tushirilishini taʼminlasin;
2020 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy internet portali
yaratilishini toʻliq yakunlasin;
uch oy muddatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik
yordam koʻrsatish (pro bono) tizimini rivojlantirishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-
huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin;
doimiy ravishda eng dolzarb, aholini qiziqtiradigan masalalarni belgilab, aniq dasturlar
asosida ular boʻyicha manzilli va predmetli huquqiy targʻibotni amalga oshirsin, huquqiy
targʻibotni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasida aholi turli
qatlamlarining fikrlarini oʻrganib, tahlil qilib borsin;
ikki oy muddatda yoshidan kelib chiqib huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasi
boʻyicha aholining huquqiy savodxonligi darajasiga qoʻyiladigan minimal talablarni ishlab
chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda mahallalarda fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish maqsadida tizimli
ravishda amalga oshiriladigan “Huquqiy axborot kuni” loyihasini joriy etsin;
bir oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarda xodimlarning huquqiy bilimlarini
oshirishga qaratilgan bepul huquqiy maslahat kurslarini tashkil etish dasturlarini ishlab
chiqsin;
jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish holati hamda bu sohadagi davlat siyosatini
amalga oshirish samaradorligini oʻrganish uchun tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazib borsin;
zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlarni
Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni samarali amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek,
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bilan bogʻliq dolzarb
masalalarni muhokama qilishga va natijasi boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilashga
keng jalb qilsin;
Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi doirasida ishlab chiqiladigan
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida hamda sifatli tayyorlanishi,
kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlasin;
Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi
va monitoringi, shuningdek, ularning ijrosi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga doimiy
ravishda axborot berib borsin;
ikki oy muddatda Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha tadbirlarni
monitoring qilish va baholashning koʻrsatkichlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori
loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Adliya vazirligi bir oy muddatda huquqiy
mavzularni tizimli va tahliliy yoritib borish hamda aholini qonunga hurmat ruhida
tarbiyalashga doir telekoʻrsatuvlar koʻlamini kengaytirish choralarini koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi davlat ilmiy-texnik
dasturlari doirasida amaliy ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlanmalar tanlovida
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning tashkiliy-huquqiy,
pedagogik-psixologik jihatlarini ilmiy-amaliy tadqiq etishga oid mavzularni muntazam
eʼlon qilib borsin.
15. Belgilansinki, davlat boshqaruvi organlari jamiyatda huquqiy ong va huquqiy
madaniyatni targʻib qilish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish uchun belgilangan
tartibda nodavlat notijorat tashkilotlariga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan davlat
ijtimoiy buyurtmasini berishi mumkin.
16. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur
Farmondan kelib chiqadigan huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan
mablagʻlarni oʻzlarining xarajatlar smetasida nazarda tutib borsin.
17. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi,
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi:
ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini taʼminlash borasidagi rolini
oshirish, bu borada ularning davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik
jamiyatining boshqa institutlari bilan aloqasini kuchaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar
amalga oshirilishini taʼminlasin;
Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur
Farmonning mazmuni va mohiyatini hamda uning amalga oshirilishi boʻyicha keng
tushuntirish ishlarini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali yoritilishini
taʼminlasin.
Do'stlaringiz bilan baham: |