Xullas, tilning tovushlar tizimi, lug`at tarkibi, grammatik qurilishi til tizimini tashkil etadi.
Til taraqqiy qilib, o`zgarib boruvchi hodisa
Tarixdan ma’lumki, yuqori va quyi paleolit davrida odamlar urug`-urug` bo`lib yashashgan. Buning sababi shuki, birgalashib ov qilish yolg`iz faoliyat ko`rsatishdan afzalroq hisoblangan. Demak, bu davrda urug` tili mavjud bo`lgan va bu til urug` a’zolari uchun umumiy til hisoblangan. Ibtidoiy jamoa tuzumi davriga kelib odamlar qabilalarga birlasha boshlaganlar va natijada qabila tili shakllangan. Qabila tili shu qabila tarkibiga kiruvchi barcha urug` a’zolari uchun umumiy til hisoblangan. Odamlar o`rtasidagi tenglik yo`qola borishi natijasida, ya’ni ibtidoiy jamoa tuzumining yemirish davrida qabila ittifoqlari paydo bo`lgan, natijada endi qabila ittifoqi tili paydo bo`lgan. Keyinchalik ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi, qabilalar o`rtasidagi aloqalarning yo`qolib, hududiy aloqalarning yuzaga kelishi natijasida xalqlar paydo bo`lgan. Natijada endi xalq tili shakllanadi, qabila tillari xalq tili tarkibida shevalar ko`rinishida saqlanib qoladi. Xalqlar yagona hudud, yagona til, yagona madaniyat va yagona ma’naviy birlikka erishgandan keyin millat sifatida shakllanadilar va buning natijasida millat tili paydo bo`ladi. Bu jarayonni quyidagi chizmada aks ettirish mumkin:
Milliy til
Xalq tili
Qabila ittifoqi tili
Qabila tili
Urug` tili
Ko`rinyaptiki, til to`xtovsiz ravishda o`zgarib, rivojlanib boruvchi ijtimoiy hodisa ekan. Til taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan chambarchas bog`liq. Tildagi o`zgarishlar birinchi navbatda uning lug`at tarkibida aks etadi. Kishilar hayotidagi o`zgarishlar, ilm-fan, madaniyat hamda iqtisodning rivojlanishi tilning lug`at tarkibini boyitib boradi. Tilning tovushlar tizimi va grammatik qurilishi esa juda sekinlik bilan o`zgaradi. Buni til tarixini o`rganish orqaligina sezish mumkin. Tilning muntazam tarzda taraqqiy qilib borishini ona tilimiz bo`lgan o`zbek tili misolida ko`rib chiqamiz.
O`zbek tili ijtimoiy vazifasining kengayishi natijasida uning lug`at tarkibida katta o`zgarishlar yuz berdi. Tilimiz lug`at tarkibining ichki imkoniyatlar vositasida yangi yasalgan so`zlar va boshqa tillardan qabul qilingan so`zlar hisobiga boyib borishi ko`zga tashlanmoqda. Masalan, aqldosh, telemahmadana, muzlatgich, purkagich kabi yangidan yasalgan so`zlar, broker, diler, makler, komputer, menejer, fermer, biznes kabi boshqa tillardan olingan so`zlar bunga misol bo`la oladi. Ayrim o`zbekcha so`zlarning ma’nosida o`zgarishlar yuz berib, ular boshqa ma’nolarda qo`llana boshladi. Masalan, ishbilarmon va tadbirkor so`zlari ilgari sifat turkumiga mansub bo`lib, belgi ifodalagan bo`lsa, hozirgi paytda bu so`zlar ot turkumiga ko`chib o`tdi va shaxs ma’nosini ifodalaydigan bo`lib qoldi.
O`zbek tilining fonetik tizimida, nisbatan kam bo`lsa ham, ayrim o`zgarishlar sodir bo`ldi. Jumladan, o`zlashma so`zlarda bo`g`inning o`zbek tiliga xos bo`lmagan yangi turlari (so`z boshida va so`z oxirida ikki yoki undan ortiq undoshning qator kelishi) paydo bo`ldi: sport, stol, traktor, shkaf, magistr, kongress kabi. Shuningdek, o`zlashma so`zlarda ikkita har xil unlining o`zbek tili uchun xos bo`lmagan ketma-ket kelish holatlari kuzatiladi: aeroport, poema, geologiya, teatr, bionika kabi (arabcha doim, inshoot, maorif, taassurot, shuur, tabiiy kabi so`zlar ilgaridan mavjud edi).
Ona tilimizning grammatik qurilishida ham juz’iy o`zgarishlar ro`y berdi. Masalan, morfologik o`zgarishlarga -lar ko`plik qo`shimchasi ma’nolari kengayishini (hurmat, kinoya, jamlash, ayirish, noaniqlik, kuchaytirish), egalik qo`shimchasi ma’nosidagi umumdan ajralganlik (Bobur bog`i, Navoiy ko`chasi) kabi ma’noning paydo bo`lishi kiriritilsa, sintaktik o`zgarishlarga boshqa tillarning ta’sirida yangicha tarkibdagi to`liqsiz gaplarning (Tug`ilgan kuningiz bilan, Bayramlar bilan va h.) yuzaga kelganligini, qo`shma gaplar tasnifidagi o`zgarishlarni misol qilib keltirish mumkin.
Ona tilimizning bundan keyingi taraqqiyoti leksikaning yana ham boyishi, grammatik qurilishning ichki qonuniyatlar asosida takomillasha borishi bilan bog`liq ravishda davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |