Tilning tuzilishi va tizim sifatidagi xususiyatlari
Tilning tuzilishi. Yer yuzidagi har qanday til tuzilish jihatidan quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo`ladi:
1. Tovushlar tizimi.
2. Lug`at tarkibi.
3. Grammatik qurilishi.
Dastlab til og`zaki shaklda paydo bo`lgan va bu tilning asosini nutq tovushlari tashkil etgan. Har qanday tilda muayyan miqdordagi nutq tovushlari mavjud bo`lib, bu shu tilning tovush tizimini tashkil etadi. Shu tovushlarning turlicha birikishi orqali so`zlar hosil bo`ladi. Masalan, hozirgi o`zbek tilida 30 ta nutq tovushi bor. Shulardan a, d, m, o tovushlarining turlicha joylashtirilishi natijasida odam, omad, moda kabi so`zlarni hosil qilish mumkin.
Har qanday tilda mavjud bo`lgan so`zlar yig`indisi shu tilning lug`at tarkibi (ayrim darsliklarda leksika) deb yuritiliadi. Lug`at tarkibi bir tilni boshqa tildan farqlantiradi. Leksika muayyan til paydo bo`lgan paytdan boshlab shu tilning egasi bo`lmish xalq tomonidan boyitib borilishi lozim, aks holda bu til iste’moldan chiqib, o`lik tilga aylanadi.
Lug`at tarkibidagi so`zlar tarixiy jihatdan aynan shu tilga tegishli bo`lmasligi mumkin, lekin bu so`zlar shu tilda so`zlashuvchi odamlar uchun o`zaro muloqot vositasi bo`lib kela olsa, ular mazkur tilning lug`at tarkibiga mansub bo`ladi. Masalan, kitob, maktab, a’lo so`zlari aslan arabcha bo`lib, o`zbek tiliga taxminan VII-VIII asrlarda kirib kelgan. Hozirgi paytda bu so`zlar o`zbek millatiga mansub barcha odamlar uchun tushunarli va ular shu insonlar tomonidan o`zbekcha so`zlar sifatida qabul qilinadi. Hatto bu so`zlar asosida kitobxon, maktabdosh, a’lochi kabi yangi so`zlar ham yasalgan.
Tovushlar tizimi va leksikaning mavjudligi tilning muloqot vositasi darajasiga ko`tarilishi uchun yetarli emas. Buning uchun so`zlar o`zaro birikib so`z birikmasi va gaplar hosil qilinishi lozim. Buni esa tilning grammatik qurilishi belgilaydi. Demak, muayyan tilga mansub bo`lgan so`z, so`z birikmasi va gaplarning qurilishi shu tilning grammatik qurilishi deb yuritiladi. ”Bizning fakultetimizda talabalar ko`p to`garaklarga qatnashadilar” gapini olib ko`raylik. Avvalo, so`zlarning qurilishini tekshiramiz: Biz-ning fakultet-imiz-da talaba-lar ko`p to`garak-lar-ga qatnash-a-di-lar”. Ko`rinyaptiki, ko`p so`zidan boshqa barcha so`zlar turli ma’noli qismlarga ajraladi. Endi so`z birikmalarining qurilishini tekshiramiz: Bizning fakultetimizda, fakultetimizda qatnashadilar, ko`p to`garaklarga, to`garaklarga qatnashadilar. Va, nihoyat, gap qurilishini tekshiramiz: ”Bizning (aniqlovchi) fakultetimizda (hol) talabalar (ega) ko`p (aniqlovchi) to`garaklarga (hol) qatnashadilar (kesim)”. Demak, tildagi har bir birlik o`zining ichki qurilish qonuniyatlariga asosan tarkib topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |