Bo`lishli va bo`lishsiz fe’llar
Ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiq yoki inkor tushunchasi fe’ldagi bo`lishli va bo`lishsizlik ma’nosini anglatadi.
Ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiqni anglatuvchi fe’llar bo`lishli fe’l deyiladi. Fe’ldagi bo`lishlilik ma’nosini ifodalovchi maxsus grammatik ko`rsatkich yo`q: o`qi, eslat, qolgan, borsa, aytib bergan, o`qib chiqdi, hurmat qil kabi. Masalan: Ona so`zining o`zi har yurakka jarangli sado beradi (Hikmatlar guldastasi). O`z burchini bajarishdan mamnun odamligina erkin yashaydi (Tafakkur gulshani).
Ish-harakatning bajarilishi haqidagi inkorni anglatuvchi fe’llar bo`lishsiz fe’l deyiladi. Bo`lishli fe’l bo`lishsiz fe’lni hosil qilish uchun asos bo`ladi. Fe’lning bo`lishsiz shakli quyidagicha yasaladi:
1. Fe’l negiziga –ma (bu affiks urg`u olmaydi), -may, -mas, -masdan, -maslik affikslarini qo`shish: ko`rmadi, kelmagach, bajarmadi, yoqmas, avaylamasdan, o`smaslik kabi.
Ko`rinadiki –ma elementi –may, -mas, -masdan, maslik affikslarining tarkibida uchraydi. Bu affikslar sof fe’lga va fe’l shakllariga (sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi) qo`shilib inkor ma’nosini ifodalashda asosiy morfologik ko`rsatkich sanaladi. Masalan: G`ulomjon darpardasi yonidan qalin qorni g`irchillatib o`tgan dupurni ham eshitmadi. (M.Ismoiliy). Tog` arqon bilan eshilmaydi (M.Qoshg`ariy). Mehnat qilmagan rohat ko`rmas (O`zbek xalq maqoli). Uydagilarga aytmasdan do`sti bilan Qudratnikiga ketibdi. Kasal tabib kasalni davolay olmas (Abu Ali ibn Sino). Bu voqeani ko`rmaslik uchun bolalar ko`zlarini chirt yumdilar.
-ma, -may affikslari qo`shma fe’llarga quyidagicha qo`shiladi:
a) asosiy qismga yetakchi fe’lga qo`shiladi: eshitmay qoldi, uxlamay chiqdi, ko`rmay qoldi kabi;
b) ko`makchi fe’lga qo`shiladi: sotib olmadi, javob bermadi, o`qib chiqmadi kabi;
d) qo`shma fe’lning har ikala qismiga qo`shiladi: aytmay qo`ymaydi, bormay qolmaydi. Bunday holda bo`lishsiz shakl orqali bo`lishlilik ma’nosi anglashiladi, ya’ni aytadi, boradi kabi.
Masalan: Buvijonimning aytishicha, astoydil yaxshi niyat qilgan odam murodi maqsadiga etmasdan qolmas ekan (X.To`xtaboev).
Eslatma: ravishdoshning –gani (-kani, -qani) affikslari bilan yasalgan shakliga bo`lishsizlik ifodalovchi affikslar qo`shilmaydi.
2. Fe’lning ayrim sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi shakllaridan so`ng emas, yo`q so`zlarini kiritish bilan bo`lishsiz fe’l hosil qilinadi: hayratlangan emas, boradigan emas, egib emas, tinchigani yo`q, ishonish emas kabi. Masalan: Lekin ularning nima o`qiganini ko`rgan ham, qanday o`qiganini eshitgan ham emas (P.Tursun).
3. Na inkor yuklamasini uyushiq bo`lak sifatida qo`llangan bo`lishi fe’ldan oldin keltirish bilan bo`lishsiz fe’l hosil qilinadi. Masalan: Keksa cholning kesatiq gapidan u dong qotib qoldi: na o`tirdi, na ketdi (A.Qodiriy).
4. Ba’zan ohang va fe’lga yuklamani (-mi, -a, -ya) qo`shish hamda fe’lni takrorlash orqali bo`lishsizlik ma’nosi ifodalanadi: oladi-ya oladi (olmaydi); aytasan-a, aytasan (aytmaysan).
Masalan: Bolasi tushmagur-ey, chumchuqning uyasini buzib rohat toparmidi? (G`ayratiy). «Katta bo`lsam, akamga o`xshab, albatta komandir bo`laman», - dedi Sobir. Bo`lasan-a, bo`lasan. Komandir bo`lishga yurak kerak... (H.Nazir).
Do'stlaringiz bilan baham: |