I BOB. Matlab dasturi va uning imkoniyatlari bilan tanishish
1.1 Matlab dasturi va uning imkoniyatlari haqida
Ma`lumki, har qanday amaliy masala o‘zining qandaydir ko‘rinishdagi matematik modeliga ega. Uni yechish masalasi esa mutaxassis tomonidan hal etiladi va quyidagi vazifalar ketma-ketligida amalga oshiriladi:
Masalaning berilgan va qiymatlari qidirilayotgan miqdorlari, tekshirilayotgan ob`ekt, jarayonning kechishini harakterlaydigan parametrlar majmuasi aniqlanadi.
Fizik, mexanik, kimyoviy va boshqa qonuniyatlardan foydalanib parametrlar orasida munosabatlar o‘rnatiladi, ya`ni matematik model tuziladi.
Matematik modelni yechish uchun biror hisoblash usuli tanlanadi va ishchi algoritm ishlab chiqiladi.
Biror algoritmik tilda masalani yechish uchun dastur ta`minoti loyihalanadi yoki biror matematik dasturda hisoblash jarayoni tashkil etiladi.
Yaratilgan dasturni kompyuter xotirasiga kiritib, xatolar tuzatiladi, tajriba eksperimentini o‘tkaziladi va shulardan so‘ng, masalaning asosiy boshlang’ich ma`lumotlari kiritilib, natijalar olinadi. Natijalar tahlil qilinib, zarur bo‘lsa, dasturga, algoritmga tuzatishlar kiritiladi.
Bu ko‘rsatilgan vazifalar masalani yechish bosqichlari yoki hisoblash tajribasi deb ataladi. Sanab o‘tilgan bosqichlarning har birini hal qilishda mutaxassis oldida o‘ziga xos qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Mutaxassis nafaqat masalaning modelini tuzishni, uni yechish usulini tanlashni va algoritm ishlab chiqishni bilishi, balki biror zamonaviy dasturlash tilida mukammal dasturlar yarata olishi yoki biror matematik dasturiy vositalar yordamida qo‘yilgan masalani yecha olishi ham kerak. Oxirgi yillarda sanab o‘tilgan murakkab vazifalarni hal qilishga mo‘ljallangan izlanishlar tobora izchil olib borilmoqda. Ma`lum bir sinf masalalarini yechishga bag’ishlangan dasturiy vositalar, amaliy dasturlar paketlari yaratila boshlandi. Eng yaxshi dasturlar paketi odatda o‘z muhitidan «chiqmas»dan barcha zaruriy ishlarni, yoki ishlarning salmoqli qismini bajarish imkoniyatini beradi. Dasturlar paketi e‘tiborni masalaning asosiy tomoniga qaratib, klassik matematika texnikasi, hisoblash usullari injiqliklariga, dasturlash, operasion tizimlar buyruqlarining sirlariga e‘tibor bermaslik imkoniyatlarini beradi.
«Dasturlar paketi» tushunchasi foydalanuvchi nuqtai-nazaridan qaraganda bir maqsadga yo‘naltirilgan bir nechta dasturlar to‘plamini anglatadi. Paketga asosan qo‘yilgan masalaning alohida xususiyatlarini o‘zida saqlovchi va samarali yechimni olishga mo‘ljallangan dasturlar kiritiladi. Amaliy dasturlar paketini ishlab chiqish va undan foydalanishning bir nechta tomonlari mavjud. Asosan quyidagi ko‘rsatkichlar paketdan foydalanishda muhim ro’l o‘ynaydi:
-ma`lumotlarni kiritish va paketni ishlatishning qulayligi, masalani qo‘yishning tabiiyligi va soddaligi, matematika tiliga yaqinligi;
-agar zarur bo‘lsa dasturga yoki algoritmga to‘ldirishlar va o‘zgarishlar kiritish imkoniyatining mavjudligi;
-ma`lumotlarning tushunarliligi va mazmunliligi.
Har bir dasturni yoki dasturlar paketini yaratish qandaydir imkoniyatlarning mavjudligi, qandaydir imkoniyatlarning esa mavjud emasligidan kelib chiqqan holda qat`iy aniqlangan texnologiyaga asoslanadi. Biz ham o‘zimizning dasturiy mahsulotlarimizni yaratishni o‘zimizga xos texnologiya asosida amalga oshirishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |