Eslatma: talabalar jadvallarda keltirilgan variant nomeri bo‘yicha o‘z variantlarini tanlab oladilar va nazariy savollar nomerlari bo‘yicha savollarga javob tayyorlaydilar.
Topshiriq: Tabiiy resurslar. Ishlab chiqariladigan tashlanmalar hisobi uchun berilgan.
I. Amaliy topshiriqni bajaring.
2.1-topshiriq. Atmosferaga zararli moddalar chiqindilarining darajasini baholash
O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit davlat monitoringi to‘g‘risidagi nizomni amalga oshirish maqsadida keyingi 15 yilda respublikada monitoringning yagona tizimi yaratildi, atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi asosiy tabiiy va texnogen manbalarning ro‘yxati shakllantirildi, o‘lchashlarni bajarishning zamonaviy metodikalari ishlab chiqildi, ekoanalitik laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasi modernizatsiya qilindi, monitoring natijalarini umumlashtirish va tahlil qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida davlat axborot-tahlil markazi tashkil etildi.
Hozirgi vaqtda atrof tabiiy muhit monitoringi 390 ta sanoat korxonalarida, 68 ta yer usti suv oqimlari punktlarida, 87 ta suv tashlama kollektorlarida, 1694 ta yer osti suvi quduqlarida, 74 ta buloqlarda va 61 ta atmosfera havosini kuzatish postlarida olib borilmoqda.
Atrof muhitni muhofaza qilishga maqsadli yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalarning umumiy massasi ko‘rsatib o‘tilgan davrda 1,5 baravarga qisqardi, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Sirdaryo viloyatlarining o‘rganilgan tumanlarida sug‘oriladigan yerlar boniteti 0,9 dan 4,7 ballgacha oshdi.
Shu bilan birga, suv resurslari va atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalar monitoringi shuni ko‘rsatdiki, ba’zi tozalash inshootlarida oqova va tashlamalarni tozalash ishlarini amalga oshirish samarasi yetarli darajada emas, yirik sanoat korxonalari atrofidagi ba’zi tuproqlar ifloslangan. Ekoanalitik laboratoriyalarning metodik va moddiy-texnika bazasi yanada takomillashtirishni talab qiladi.
Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash;
- atmosfera havosiga zararli kimyoviy, fizikaviy, biologik va boshqa xil ta’sir ko‘rsatilishining oldini olish hamda kamaytirish;
- davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish.
Atmosfera havosining holatini baholashda O‘zbekiston Respublikasi hududi uchun atmosfera havosi sifatining quyidagi yagona normativlari belgilanadi:
- atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlarning inson va atrof tabiiy muhit obyektlari uchun yo‘l qo‘yiladigan darajada to‘planishi;
- fizikaviy omillar atmosfera havosiga akustik, elektromagnit, ionlashtiruvchi va boshqa xil zararli ta’sir ko‘rsatishining inson va atrof tabiiy muhit obyektlari uchun yo‘l qo‘yiladigan darajalari.
Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar chiqarishning hamda unga fizikaviy omillar zararli ta’sir ko‘rsatishining yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlari atmosfera havosiga chiqindilar chiqaruvchi yoki zararli fizikaviy ta’sir ko‘rsatuvchi har bir doimiy manba uchun ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar va fizikaviy ta’sir ko‘rsatish omillarining har biri bo‘yicha belgilanadi.
Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlarini va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar:
- atmosfera havosiga chiqariladigan chiqindilarni tozalash va unga zararli fizikaviy ta’sirni kamaytirish uchun inshootlar, qurilmalar va asbob-uskunalardan, shuningdek ularning ustidan nazorat qilish vositalaridan foydalanish hamda ularning ishlash qoidalariga rioya etishi;
- ozonni buzuvchi moddalarning hisobini yuritishi, ularning atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymasligi, retsirkulatsiyani (ularni qayta ishlatish maqsadida birlamchi tozalashni) amalga oshirishi;
- xo‘jalik obyektlari tevaragida sanitariya-muhofaza zonalarini barpo etishi;
- atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlarini belgilashi;
- atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishni hamda unga zararli fizikaviy ta’sirni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishi;
- atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillar zararli ta’sirining yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi, ularning hisobini yuritishi va statistika hisobotini taqdim etishi;
- atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining sifat va miqdoriy tarkibini aniqlash uchun namunalar olinishini ta’minlashi hamda o‘lchovlarni amalga oshirishi;
- yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ining, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarning yoki moddalar aralashmasining yoqilishiga, shuningdek yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallar va chiqindilarning yoqilishiga yo‘l qo‘ymasligi, bundan yoqish maxsus uskunalardan foydalanib hamda atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi va chiqindilar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda amalga oshirilgan hollar mustasno;
- energiyani tejovchi va (yoki) resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik jihatdan toza energiya manbalaridan foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rishi;
- meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotganligi munosabati bilan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishini kamaytirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan tadbirlarni bajarishi;
- korxonalar va transport kommunikatsiyalarining ta’sir doirasida atrof-muhitga hamda aholi sog‘lig‘iga zararli ta’sir ko‘rsatilishini baholashdan o‘tkazishi;
- kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalarni hamda bug‘lanuvchi birikmalarni saqlash, tashish shartlariga, ulardan foydalanish va ulardan bo‘shagan idishlarni zararsizlantirish qoidalariga rioya etishi;
- atmosfera havosiga biryo‘la va avariya tufayli ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining, yashirin xavfli vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishini kamaytirish yuzasidan choralar ko‘rishi;
- chiqindilarning utilizatsiya qilinishini ta’minlashi hamda ular to‘planib qolganida va qayta ishlanayotganida atmosfera havosini ifloslantirishning oldini olish choralarini ko‘rishi shart.
Atmosfera havosini muhofaza qilish tadbirlarining bajarilishi tuproq, suv va atrof-muhitning boshqa obyektlari ifloslanishiga olib kelmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |