Neftni eng yuqori molekulyar geteroorganik moddalari tarkibiga bir vaqtda kirgan uglerod, vodorod, kislorod, oltingugurt va ko`pincha azot, metallar smolasimon - asfaltenli moddalar deyiladi.
Ularning uchuvchanligi yuqori emas. Shu bois neft haydalganda ular asosan qoldiq neft mahsulotlarida yig`ilib qoladi. Benzin distillati tarkibida bo`lmaydi. Fraksiyaning qaynash chegarasi yuqori bo`lgani sari ular bilan shuncha ko`p smolalar haydalib o`tadi. Biroq ularning ulushi neftning umumiy miqdoriga nisbatan 15 % dan oshmaydi. Smolasimon moddalar termik va kimyoviy beqaror bo`lib, ular nisbatan oson oksidlanadi, kondensirlanadi. Qizdirilganda esa parchalanadi. Olimlarning fikricha smolalar - neftning oltingugurtli va azotli birikmalari parchalanganda hosil bo`ladigan bo`lakchalardir. Ularni individual komponentlarga ajratish hozircha butunlay bajarib bo`lmaydigan vazifadir. Kimyoviy belgilari (xususiyatlari) bo`yicha smolalar massasidan faqat bir oz asfaltogen kislotalar deb nomlanuvchi normal xususiyatga ega bo`lgan moddalarni ajratib olish mumkin. Tabiiy asfaltlarda ularning miqdori 6-7% ga yetadi. Tashqi ko`rinishi bo`yicha ushbu smolalar qovushqoq va qoramtir rangga ega. Ular spirt, benzol va xloroformda eriydi. Asfaltogen kislotalar juda kam o`rganilgan. Ular ishqor bilan reaksiyaga kirishadi. Biroq ko`pchilik xossalari bo`yicha naften kislotalardan farqlanadilar. Ularning zichligi birdan yuqori. Karboksil guruhi bilan bir qatorda ularning molekulasida gidroksil guruhlari ham borligi ehtimoldan holi emas. 1200C gacha qizdirilganda ular angidridga o`tib, so`ngra esa ishqorlar bilan reaksiyaga kirisha olmaydigan smolasimon moddalarga aylanadi.
Neytral smolalar Neytral smolasimon moddalar klassifikatsiyasi asosiga ularning turli erituvchilarga nisbatan munosabati olingan. Bunday xususiyat bo`yicha ushbu moddalar quyidagi guruhlarga ajratilgan:
1-guruh: Neytral smolalar - yengil benzin (petrolein efiri), pentan, geksanda eriydi.
2-guruh: Asfaltenlar - petrolein efirida erimaydi, biroq, qaynoq benzolda eriydi.
3-guruh: Karbenlar - faqat piridin va CS2 da qisman eriydi.
4-guruh: Karboidlar - amalda hech narsada erimaydigan moddalar.
Hamma geteroorganik yuqori molekulyar moddalarning asosiy qismi neytral smolalarga mansubdir. Neytral smolalarga nisbatan asfaltenlar neftda anchagina kamroqdir. Karbenlar va karboidlar ham neftda deyarli yo`q. Ular neft fraksiyalarini termokatalitik qayta ishlashda hosil bo`ladigan qoldiq mahsulotlarni xarakterlaydi. Turli neftlardagi smolasimon - asfaltenli moddalarning umumiy miqdori keng oraliqda, 1-2 dan 40-45% gacha o`zgarib turadi. Dunyo bo`yicha neftni qazib chiqarishda yuqori smolasimon neftlarning ulushi keskin o`sdi.